2.2.Pandemiya sharoitida iqtisodiyotni barqarorlashtirish
O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiy rivojlanish va kambag'allikni qisqartirish vazirligining Makroiqtisodiy siyosat, tahlil va prognozlashtirish departamentining direktori Ilhomjon Umrzoqov iqtisodiyotni barqarorlashtirish uchun ko'rilayotgan chora-tadbirlar haqida so'zlab berdi.
Birinchidan, sanitariya-gigiyena tadbirlarini o'tkazish, bemorlarni davolash, iqtisodiyotning ko'proq zarar ko'rgan tarmoqlarining faoliyatini qo'llab-quvvatlash va yangi ish o'rinlarini yaratish uchun inqirozga qarshi jamg'arma tashkil etildi.
Ikkinchidan, korxonalar bankrot bo'lishining oldini olish bo'yicha chora-tadbirlar qabul qilindi, muhtoj xo'jalik sub'ektlariga, birinchi navbatda, zarar ko'rgan tarmoqlarga subsidiyalar, kreditlar yoki prolongatsiyalar shaklidagi qo'shimcha moliyaviy resurslar ajratildi.
Uchinchidan, Inqirozga qarshi kurashish jamg'armasi mablag'laridan aholini, ayniqsa, kam ta'minlangan oilalarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, shuningdek, ishsizlarni jamoat ishlariga jalb etish uchun mablag'lar ajratildi hamda ijtimoiy nafaqalar oluvchi oilalar soni oshirildi.
To'rtinchidan, iqtisodiyot tarmoqlari barqarorligi uchun muhim bo'lgan sektorlar maqsadli qo'llab-quvvatlandi (energetika, kimyo, to'qimachilik, elektrotexnika, qurilish, bank ishi, turizm, sog'liqni saqlash). Xususan, turizm bilan shug'ullanuvchi 3,1 mingdan ortiq yakka tartibdagi tadbirkor uchun jismoniy shaxslar daromadlariga solinadigan daromad solig'ini hisoblash to'xtatildi. Joriy yilning oxiriga qadar 3,7 mingdan ortiq sayyohlik, mehmonxona xizmati va aviatsiya sohasi subektlari yer solig'i va mulk solig'idan ozod qilindi, shuningdek, ular uchun ijtimoiy soliq xajmi 12%dan 1%ga pasaytirildi.
Beshinchidan, sog'liqni saqlash muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash, irrigatsiya va meliorativ ob'ektlar, ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya tizimlari uchun qo'shimcha 2424 infratuzilma loyihalari ro'yxati shakllantirildi va mazkur loyihalar uchun Inqirozga qarshi kurashish jamg'armasidan kerakli mablag'lar ajratildi.
Oltinchidan, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini karantin choralaridan holi hudud sifatida saqlash, barcha qishloq xo'jalik tadbirlarini o'z vaqtida moliyalashtirish va amalga oshirish choralari ko'rildi.
Yettinchidan, mamlakatga qaytgan mehnat muhojirlari orasida pandemiya tufayli aholining ishsiz qolgan qismi muammolariga alohida e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, jamoat ishlari fondidan 165,7 mlrd. so'm miqdorida mablag'lar ajratildi, shu jumladan, jamoat ishlariga 231,9 ming kishi jalb qilindi.
Joriy yilning yanvar-iyun oylarida ajratilgan kreditlar hajmi 58,6 trln. so'mni tashkil qildi (o'tgan yilning mos davrida 65,4 trln. so'm). Banklar tomonidan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga kredit to'lovlari bo'yicha 24,5 trln. so'mga kechiktirish berildi.
Ushbu choralar natijasida Davlat statistika qo'mitasining dastlabki hisob-kitoblariga ko'ra, 2020 yilning II yarim yilligida nominal YAIM hajmi 255,3 trln. so'mni tashkil etib, o'tgan yilning mos davriga nisbatan real hisobda 0,2 foiz o'sdi.
Bunda qurilish ishlari - 7,3 foizga, qishloq, o'rmon va baliq xo'jaligi - 2,8 foizga, xizmatlar - 2,6 foizga, iste'mol tovarlari - 1,2 foizga va chakana savdo aylanmasi - 0,7 foizga oshgan bo'lsa, eksport hajmi - 22,6 foizga, import - 18,2 foizga, investitsiyalar - 12,8 foizga va sanoat mahsulotlari - 1,9 foizga pasaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |