Zarafshon turistik rayoni. O‘zbekistonning eng muhim turistik markazidan biridir. Bu turistik rayon tarixiy rivojlanishi davrida Movaraunnaxr markazi hamda jahon tsivilizatsiya o‘choqlari qatori mashhurdir. Turistik rayon dunyoning eng qadimiy shaharlari qatoriga kiruvchi Samarqand, Buxoro shaharlaridagi tarixiy obidalar, arxitektura, arxeologik, shaharsozlik, shuningdek, milliy hunarmandchilik hamda o‘ziga xos madaniyati va san‘ati bilan ajralib turadi. Zarafshon turistik rayoni xalqaro turizmning Markaziy Osiyodagi muhim bug‘ini sifatida o‘z salohiyatiga egadir. SHu jihatdan bejizga «Samarqand sayqali ruyi zamin ast, Buxoro qubbati dini islom ast» deb aytishmagan.
Samarqand dunyoning eng go‘zal shaharlaridan biri bo‘lib, ochiq muzey hisoblanadi. Uning asrlar davomida saqlanib kelayotgan tarixiy turistik ob‘ektlari dunyo sayyohlarini o‘ziga chorlab kelmoqda. SHaharning eramizdan oldingi davrlardan boshlab, 14-15 asr va undan keyingi tarixiy, madaniy yodgorliklari diqqatga sazovordir. Qadimiy Afrosiyob, SHohi-Zinda,
Bibixonim madrasasi, Registon maydoni, Go‘ri Amir maqbarasi, Imom Buxoriy, Al Motrudiy, Xo‘ja Axrori Vali va temuriylar tomonidan qurilgan ko‘plab maqbaralar muhim turistik ob‘ekt sifatida qaraladi.
Biroq ta‘kidlash joizki, turistik ahamiyatga ega bo‘lgan nodir go‘shalari va xilma-xil tabiiy turistik ob‘ektlaridan hozirgi kunda imkoniyat darajasida foydalanilmayapti. Binobarin, bu salohiyatlardan turizm soxasida to‘laligicha foydalanilsa nihoyatda katta iqtisodiy samaraga erishishga shubha yo‘q.
Buxoro viloyati, xususan, Buxoroyi SHarif boy tarixiy turistik ob‘ektlarga ega. U islom olamining muqaddas shaharlaridan biridir. Buxoro viloyati va shaharning o‘zida 140 dan ortiq tarixiy obidalar saqlangan. Ayniqsa, Ismoil Somoniy maqbarasi (9-10 asr), Sayfuddin Buxoriy (13 asr), Poyi-Kalon ansambli, Qush madrasasi, Labi-hovuz (12-13 asrlar), G‘ijduvoniy, Naqshbandiy ziyoratgohlari eng noyob tarixiy va diniy turistik ob‘ektlar hisoblanadi.
O‘zbekistonda Buxoro o‘ziga xos milliy hunarmandchilik (zardo‘zlik, kashtacilik, kulolChilik va h.k.) maktabiga egadir. Buxoro viloyatidagi Sitorai-Moxi-Xosa va Abu Ali Ibn Sino nomli shifoxonalari respublika ahamiyatidagi sog‘lomlashtirish va dam oladigan joylardan biridir. Bundan tashqari, mintaqa cho‘l ekoturistik salohiyati jihatidan ham respublikada o‘ziga xos mavqega ega.
Navoiy respublika viloyatlari ichida hududiy jihatdan eng katta bo‘lib, unda yuzlab madaniy, tarixiy va tabiiy turistik ob‘ektlar mavjud. Xususan, mintaqadagi Nurota, Malikrabod, QosimShayx tarixiy ziyoratgohlari diniy sayyohlikda ahamiyatlidir. SHuningdek, viloyat hududidan «Buyuk Ipak yo‘li»ning kesib o‘tganligi natijasida o‘nlab qadimiy sardobalarning ham turizmda muhimdir.
Bundan tashqari, viloyatda «seliteb» landshaftlar, jumladan, qadimiy shahar va qal‘a harobalari, arxeologik obidalar, tabiiy ekoturistik joylar hozirgi kunga qadar turizm maqsadida foydalanilmagan. Ayniqsa, Qizilqumning go‘zal tabiati, Nurotaning tarixiy ziyoratgohlari va buloqlari hamda zamonaviy Navoiy shaharsozligi mintaqada mahalliy va xalqaro sayyohlikni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |