502
"Umumiy o'rta ta'lim sifatini oshirish: mazmun, metodologiya, baholash va ta'lim muhiti"
xalqaro onlayn ilmiy-amaliy konferensiya materiallari
O‘QUVCHILAR FAOLLIGI HAMKORLIKKA BOG‘LIQ BAHOLASH
ME’ZONI
Akbarova Hurriyat Nurmirzayevna,
Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani 32-umumiy o‘rta ta’lim maktabi tarix fani
o‘qituvchisi
O‘quvchiga qo‘yilgan baho shunday asosli bo‘lishi lozimki, bunda o‘qituvchining
bilim saviyasi, mahorati, motivatsion faoliyati yaqqol ko‘zga tashlansin. Baho shunday
adolatli bo‘lishi lozimki, toki boshqalarning ham noroziligi aks etmasin. U shunday
vazifani bajarsinki, egasiga manfaat yoki o‘ksinish emas, rag‘bat va shijoat bayrog‘i
bo‘lsin! O‘qituvchining nafaqat bilim berishi, hatto baholash jarayoni ham ta’limiy,
tarbiyaviy, rivojlantiruvchi kompetensiyaviy maqsadlarga erishuvchi omil bo‘la oladi.
Ish hujjatlarimizda baholash mezoni huquqiy-me’yoriy asosda o‘z tasdig‘ini topgan.
Rag‘batlantirishning eng samarali usullaridan biri sifatida keng qo‘llanilayotgan bu usul
o‘quvchining ruhiyatiga keskin ta’sir ko‘rsatadi. Eshitgan bo‘lsangiz, bir o‘quvchi
“Kelajakda kim bo‘lmoqchiman?” mavzusidagi insho bayoniga ustozi uch marta 2 baho
qo‘yganda ham, uch marotaba bir xil mazmunga boy bo‘lib, billur hovuzli saroylarda
yashamoqchi ekanligini yozadi. Vaqt kelib, kam daromadli oilaning farzandi bo‘lgan shu
yigit orzusiga yetib, shogirdlarini sayohatga olib chiqqan ustoziga o‘zini tanishtiradi,
saroyni, billur hovuzni, davlatini ko‘rsatadi.
O‘qituvchi bir necha yil oldin qilgan xatosidan afsuslanadi, lekin vaziyatdan
chiqish uchun ham, “Seni orlantirgandim, qat’iyat bilan kurashmaganingda edi, shu
darajada bunday natijaga erishmas eding”, deya o‘zini oqlaydi. Bugungi baho
o‘quvchining kelajagi uchun ham ta’sir ko‘rsatar ekan, bu jarayon alohida mas’uliyat
bilan yondashmoqni talab qiladi. Ma’lumki, o‘quvchilarni bilim saviyasi jihatdan asosan
2 guruhga: iqtidorli va past o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarga bo‘lamiz.
Lekin ahamiyatli tomoni shundaki, iqtidorli o‘quvchilar safini kengaytirish boshqa
omillar bilan birga o‘qituvchilarga rag‘bat (ustama va mukofot pullarini olish) uchun asos
bo‘la oladi. Tinglovchilarni darsga jalb etib, fanga qiziqtirib, kasbga yo‘naltirish uchun
baholash jarayonini puxta amalga oshirish darkor. Berilgan vazifalar osonligi bilan
a’lochilarni zeriktirmasligi, murakkabligi bilan bilim saviyasi yuqori bo‘lmagan
o‘quvchi-talabalarni qiynamasligi juda muhim.
Buning yechimi sifatida yaxshi samara berayotgan 3 darajali testlarni keltirish
mumkin. 3 darajali testlar ham baholashning adolatli bo‘lishiga, hamda bosqichma-
bosqich bilimlarni shakllantirish, o‘zlashtirish, malaka-ko‘nikmalarni kengaytirishga
zamin yaratadi. Oxirgi testlar o‘quvchilarni ijodkorlikka, yangilik yaratishga va
shijoatkorlikka undashi bilan ahamiyatlidir.