Bog'liq 345-son 03.06.2021 Milliy reytingni aniqlash
5-bob. Reyting natijalarini hisoblash va e’lon qilish 20. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnomalar va nazorat ishlari natijalari Ta’lim inspeksiyasi tomonidan reytingni aniqlashda asos bo‘ladi.
Reytingni aniqlash ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari reytingini aniqlash mezonlari va hisoblash metodikasi asosida amalga oshiriladi.
21. Reytingni aniqlashga oid ma’lumotlar bazasini shakllantirish uchun bitiruvchilarning umumta’lim fanlari bo‘yicha tayyorgarligi va ta’lim sifati darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, xususan:
davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul imtihonlarida qatnashgan bitiruvchilar soni va ularning to‘plagan ballari bo‘yicha ma’lumotlar — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan;
O‘zbekiston Respublikasida faoliyat olib borayotgan nodavlat hamda xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallariga qabul imtihonlarida qatnashgan bitiruvchilar soni va ularning to‘plagan ballari, xalqaro e’tirof etilgan nufuzli reyting agentliklarining (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) top 1000 talik ro‘yxatiga kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirgan bitiruvchilar soni va ularning to‘plagan ballari bo‘yicha ma’lumotlar — mazkur oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan Ta’lim inspeksiyasi so‘roviga ko‘ra taqdim etiladi.
22. Reyting quyidagi hisoblash tamoyillari asosida aniqlanadi:
reytingda ishtirok etayotgan barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ballari har bir mezon bo‘yicha alohida hisoblanadi;
tegishli mezon bo‘yicha eng yuqori natijaga ega bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasasiga mazkur mezon uchun belgilangan eng ko‘p ball beriladi;
qolgan barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ballari eng yuqori ballga ega bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasasining ballari yig‘indisiga nisbatan hisoblab chiqariladi;
har bir mezon bo‘yicha hisoblangan ballar yig‘indisi asosida umumiy o‘rta ta’lim muassasasining reytingi belgilanadi. Bunda, ballari yig‘indisi teng bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining reytingi tasdiqlangan mezonlar kesimida eng yuqori ball ko‘rsatkichlari nazarda tutilgan mezon bo‘yicha to‘plangan balldan kelib chiqqan holda ustuvorlik berib aniqlanadi. Ustuvorlik berilgan mezon bo‘yicha teng ballik umumiy o‘rta ta’lim muassasalari mavjud bo‘lganda, ularning har biriga tegishli o‘rin beriladi.
23. Reyting natijalari har yili yangi o‘quv yili boshlanishidan kechikmay Ta’lim inspeksiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi va ommaviy axborot vositalarida yoritiladi.