[OKOZ: 1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.71.00 O‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limi (litseylar, kolledjlar)]
[TSZ: 1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari reytingini aniqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 6-noyabrdagi PF-6108-son Farmoni hamda “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 3-dekabrdagi PQ-4910-son qaroriga muvofiq ta’lim muassasalari reytingini aniqlash tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ta’lim muassasalari reytingini aniqlashning maqsad va vazifalarini, uni aniqlashga oid ma’lumotlar bazasini shakllantirish, ijtimoiy so‘rovnomalar va nazorat ishlarini o‘tkazish, natijalarini hisoblash va e’lon qilish, mas’ul xodimlar faoliyatini baholashni amalga oshirishning tashkiliy tartibotlarini nazarda tutuvchi:
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari reytingini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Akademik litseylar reytingini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
umumiy o‘rta ta’lim muassasasi direktori, uning o‘rinbosarlari, pedagog xodimlari faoliyatiga baho berish belgilangan tartibda tasdiqlangan ta’lim muassasalari reytingini aniqlash mezonlari asosida hisoblangan natijalarga muvofiq amalga oshiriladi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari hamda ularning ta’lim va tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari faoliyatiga baho berishda reyting natijalari bilan birga inobatga olinadi;
akademik litseylar faoliyatining samaradorligi bo‘yicha monitoring yuritiladi, reyting ko‘rsatkichlari past bo‘lganlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tegishli chora-tadbirlar belgilanadi va amalga oshiriladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi har yili 1-sentabrga qadar:
Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda tumanlar (shaharlar) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari reytingini;
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda akademik litseylar reytingini e’lon qilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
5. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.A. Musayev hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i U.N. Tashkenbayev zimmasiga yuklansin.