Maorif va pedagogika tarixi fan va o`quv predmeti sifatida. Pedagogika tarixining maqsadi va vazifalari. «Maorif va pedagogika tarixi»ni davrlashtirish muammolari. VII-XII asrlar davomida Markaziy Osiyoda madaniyat, ilm-fan beqiyos rivojlana bordi. Ayniqsa, aniq fanlarga qiziqish kеskin orta boshladi. O`sha tarixiy davrda al – Xorazmiy, Forobiy, al – Farg`oniy, al – Beuniy, ibn Sino, az – Zamaxshariy singari qomusiy olimlar dunyoga keldi. Ular bilan yonma-yon dunyoviy ilmlar tug`ildi. O`sha ulug` mutafakkirlar inson ma'naviy va tafakkur dunyosini boyitishda, insoniyat ongini, madaniy – ma'rifiy qarashlarni o`stirishda o`z davrida va keyinchalik ham asosiy rol o`ynadilar, inson kamolotiga doir beqiyos ta'limotni yaratdilar. XV – XVI asrlarga kelib qadimiy Turkiston jahonga Qozizoda Rumiy, Ulug`bek, Ali Qushchi, Haydar Xorazmiy, Hofiz Xorazmiy, Lutfiy, A.Navoiy, Bobur, Abulg`oziy Bahodirxon singari allomalarni voyaga etkazdi. Bu davrda Markaziy Osiyo shaharlarida qator madaniy va ilmiy markazlar vujudga keldi. Demak, Markaziy Osiyo xalqlari, xususan o`zbek xalqi va uning madaniy – ma'rifiy taraqqiyoti asrlar davomida misli ko`rilmagan darajada rivojlangan. Qolaversa, uning axloq-odobga oid qarashlari pedagogika fanlari bo`yicha ta'limoti butun jahonga o`rnak bo`larli ma'no va mazmun kasb etgan.
Oktyabr to`ntarishidan keyin, ya'ni 1917 yildan boshlab Turkiston mintaqasida «yashin tezligida» Sho`ro hokimiyati o`rnatila boshladi. Bu tuzum kommunistik firqa mafkurasini targ`ib va tashviq qildi.
Sho`ro hokimiyatining dastlabki yillarida Turkistonda yangi maktablar ochish va ularni mustahkamlash vazifalari ko`ndalang qilib qo`yildi. Unda yoshlar ongiga yangi jamiyat g`oyalarini singdirish, shu ishlarni amalga oshiradigan pedagog xodimlar tayyorlashga e'tibor berildi. Shu ishlarni amalga oshirishda Russiya Xalq ta'limi yo`nalishi va tizimi rahbarlik qilgan. Tarixdan ma'lumki, qaysi davlt yoki mamlakat hukumron bo`lsa, u tobemamlakat va xalqga o`z mafkurasini, ma'naviyatini, axloq-odob aqidalarini singdirishga harakat qilgan.
1924 yil oktyabrda Turkiston parchalanishi oqibatida milliy madaniyat yo`li asta-sekin to`sila boshlandi. Asrlar osha amalda qo`llanib kelingan, qomusiy ilmlar bitilgan yozuv man etildi. Avval lotin grafikasi, keyin rus grafikasi asosiga qurilgan yozuvga o`tildi. Bu tadbir Markaziy Osiyo xalqlarini o`z madaniyat tarixini o`rganish imkoniyatidan mahrum etdi.
Maktablarda dunyo fanini rivojlantirishga munosib hissa qushgan o`zbek fani va madaniyatining asoschilari, musulmon olamining ulug` zotlari emas, balki o`zbek xalqi kamolotiga aloqasi bo`lmagan shaxslar faoliyati o`rgatildi. Ahmad Yassaviy, Bedil singari so`z ustalari va tafakkur gulshani bog`bonlari xalq ta'limi tizimidan chiqarildi.
Musulmon dunyosining muqaddas kitobi Qur'oni Karim, Muhammad alayhissalom hadislari taq'ib ostiga olindi, yo`qotildi. Natijada o`zbek xalqi milliy ahloq-odobi va tarbiya an'analaridan mahrum bo`la boshladi. Bu yo`qotish o`zbek fani, madaniyati va pedagogika fanlari rivojlanishiga salbiy ta'sirini ko`rsatdi.
1991 yilga kelib O`zbekiston xalqi mustaqillikka erishgach, o`zining yangi milliy Qomusi asosida hamma sohada bo`lganidek, o`zbek milliy fani va madaniyati, «Pedagogika tarixi»ga ham yangicha yondoshish imkoniyati tug`ildi.
O`tmishda progressiv pedagoglar va atoqli mutafakkirlar pedagogikaga doir muhim fikrlarni aytib qoldirganlar, bularni o`rganish pedagogika tafakkurining o`sishiga, pedagoglik madaniyatining ortishiga imkon beradi.
Pedagogika tarixi qadim zamonlardan tortib to hozirgi kungacha bo`lgan urli tarixiy davrlarda tarbiya, maktab va pedagogika nazariyalarining taraqqiyotini davrlar talabi asosida o`rganib keladi.
Pedagogika tarixi ijtimoiy fan bo`lib, uning metodologik asosi yosh avlodni tarbiyalash an’analarini, jamiyatning taraqqiyot bosqichlaridagi o`qitish va kamol toptirish tizimlarini, ularning qonun- qoidalarini, qomusiy mutafakkirlar, ma’rifatparvar adiblar va pedagoglarning ta’lim - tarbiya, ma’rifatga doir g`oyalarini va ularning rivojlanishini mukammal o`rganadigan fandir.
Pedagogika tarixini o`quv kursi sifatida Oliy pedagogika o`quv yurtlarida o`rganish bo`lajak o`qituvchilarni tayyorlashda alohida ahamiyatga ega. Pedagogika tarixi fanini o`rganish - kishilik jamiyati taraqqiyoti yo`lidagi tarbiya pillapoyalarining tajribalariga suyangan holda har bir o`qituvchida pedagogik madaniyat va ularga munosabat bildirish kabi malakalarni shakllantiradi.
Pedagogika tarixi kursi talabaning umumpedagogik bilim darajasini kengaytiradi, pedagogik merosimizga to`g`ri munosabatda bo`lishga imkon beradi, ta’lim va tarbiya nazariyasi va amaliyoti, tarbiya va ta’lim, uning rivojlanish jarayoni, jamiyatning sotsial iqtisodiy rivojlanishi va har bir tarixiy bosqichda ilmiy bilimlar darajasi bilan bog`liqligi to`g`risida aniq tasavvur hosil qiladi. Bo`lajak o`qituvchi pedagogika tarixi kursini o`rgana borib, boshqa psixologiya - pedagogika turkumidagi o`quv fanlari kabi pedagogik tushunchalar yuzasidan fikr yuritishga hamda ularning mohiyatini tushunishga ham o`rgana boradi.
Pedagogika tarixi bo`lajak o`qituvchilarga bilim beribgina qolmay, ularda milliy iftixor va g`urur hissini ham tarbiyalaydi.
Umuman pedagogikamiz tarixini o`rganish millatimiz tarixini o`rganish bilan uzviy bog`liqdir. Yosh avlodni tarbiyalash va ularni o`qitish nazariyasi bilan amaliyotning qanday taraqqiy qilib kelganligini bilmay turib, yoshlarni har tomonlama komil inson qilib tarbiyalash masalalarini ilmiy ravishda hal etib bo`lmaydi.
Eng qadimgi madaniy boyliklarni o`rganishda pedagogika tarixi uch asosiy manbaga tayanadi:
49- chizma
Pedagogika tarixi uchun hukumatimizning ta’lim - tarbiyaga oid Qonun va qarorlari, prezidentizning asarlari, ilg`or olimlarimizning pedagogik ijodlari, ta’lim - tarbiyaga oid kundalik matbuot materiallari ham muhim manba bo`lib hisoblanadi.
Atoqli mutafakirlarimizning ta’lim - tarbiya sohasida qoldirgan muhim fikrlarini o`rganish, pedagogik tafakkurning o`sishiga, pedagogik madaniyatning ortishiga imkon beradi. Pedagogika tarixi jamiyat taraqqiyoti qonunlariga suyangan holda turli pedagogik nazariyalarni, ta’lim - tarbiya mazmuni va metodlarini o`rgatadi. O`tmishning pedagogik tizimlarida bo`lgan ilg`or fikrlardan ijodiy foydalanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |