Mamlakat obodonchiligi yo`lida
Ko`hna Samarqand Temur va Temuriylar zamonida, ayniqsa Ulug`bek hukmronlik qilgan yillarda (1409-1449) yanada gullab yashnadi; hunarmandchilik, me'morchilik va adabiyot ravnaq topdi, ilm-fan yuksaldi, savdo rivojlandi. Ulug`bek farmoyishi bilan Buxoroda (1417), Samarqandda (1420), G`ijduvonda (1432-33) madrasalar va Marvda xayriya muassasalari qurildi. Bibixonim masjidi, Amir Temur maqbarasi, Shohi Zinda ansambli qurilishlari poyoniga yetkazildi.
Ulug`bek bulardan tashqari, talaygina jamoat binolari, ya'ni karvonsaroy, timlar,chorsu, hammom va hokazolarni ham qurdirgan.Karvonsaroylardan eng kattasi Registon, hozirgi Tillakori madrasasi o`rnida bo`lgan va Mirzoyi Karvon saroyi nomi bilan shuxrat topgan.
Bunday karvon saroylar Ulug`bek zamonida, shaxar ichkarisidagina emas, balki Samarqand bilan tutash hamma savdo yo`llarida qurilgan edi.
Ulug`bek Mirzo bobosi davrida qurila boshlagan, lekin ayrim sabablarga ko`ra bitmay qolgan talaygina binolarni ham bitkazdi. Go`ri Amir maqbarasi, Shohi zinda mozori va Shaxrisabzdagi Ko`k gumbaz masjidi shular jumlasidandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |