Badiiy matnning assotsiativ maydoni
|
Umuman, matnning assotsiativ maydoni tahlili asosida unda qo‘llangan leksik birliklarning denotativ va konnotativ ma’nolari chegarasini belgilash, bu ikki ma’noning o‘zaro munosabatini aniqlash, matnda aks etgan muallif bahosi, bahoning modallik kategoriyasi bilan chegarasi, matnning assotsiativ maydoni qismlari kabi masalalarga oydinlik kiritish mumkin bo‘ladi.
Badiiy matnda assotsiativ tarzda bir-biri bilan bog‘langan til birliklari assotsiativ maydonni hosil qiladi. Bunday birliklar ijodkor ifoda etmoqchi bo‘lgan asosiy g‘oya atrofida birlashadi. Badiiy matndagi assotsiativ maydon birliklarining ko‘pchilik qismini adibning voqelikka sub’ektiv munosabatini aks ettiruvchi birliklar tashkil qiladi.
Manbalarda badiiy matn assotsiativ maydon sifatida qaralib, uning sarlavhasi maydon yadrosi deb beriladi. Agar matn, jumladan, she’r sarlavhasiz bo‘lsa, assotsiativ maydon yadrosi she’rning ifoda obyekti yoki lirik qahramonini anglatgan birlik bo‘lishi mumkin, chunki she’rdagi barcha leksik birliklar ular bilan ham semantik jihatdan, ham assotsiativ bog‘lanadi, bu esa assotsiativ maydon yadrosi mavjudligining asosiy shartidir, deb ko‘rsatiladi
|
Badiiy matnni mantiqiy-semantik jihatdan shakllantiruvchi assotsiativ birliklar
|
Assotsiativ maydonning chegara qismida assotsiatlar qo‘llanish chastotasining kamayishiga qarab joylashadi. Chegaradan o‘rin oluvchi assotsiatlarning stimul so‘z bilan mantiqiy-semantik aloqasi kuchsizlanib boradi.
Demak, matn tuzuvchining voqelik bo‘yicha yuzaga kelgan verbal assotsiatsiyalari, uning ko‘lami matnning mantiqiy-semantik strukturasini belgilab beradi.
|
Badiiy matnga xos paradigmatik assotsiatsiyalar
|
Paradigmatik assotsiatsiyalar. Bunday assotsiatsiyalar stimul so‘zning paradigmatik qatorlari asosida aniqlanadi. Paradigma a’zolari ko‘pincha sinonimik, antonimik, gipo-giperonimik munosabat asosida belgilanadi. Ma’lumki, ko‘z leksemasi o‘zbek tilida so‘zlashuvchi til egalari xotirasida yosh, yig‘i, qosh, surma, ko‘z nuri kabi assotsiatsiyalarni yodga keltiradi. Oshiq leksemasi esa xotirada yigit, ma’shuqa, muhabbat, dard, ayriliq, hijron kabi paradigmatik assotsiatsiyalarni jonlantiradi; shoh leksemasi saroy, saroy ahli, podshoh, vazir, xalq kabi assotsiativ birliklarni xotiraga keltiradi. Alisher Navoiy she’riy matn yaratishda bu kabi assotsiatsiyalardan unumli foydalangan. Uning g‘azallarida qo‘llangan oraz – ko‘z, ko‘z – qosh, ko‘z – yosh, oshiq – ma’shuqa, oshiq – ishq g‘avg‘osi, shoh – gado, yulduz – quyosh assotsiativ juftliklari she’riy matnni shakllantirishda qurilish materiali vazifasini bajarish bilan birga, tazod, tanosub she’riy san’atlarini hosil qilib, badiiylikni ta’minlashga xizmat qilgan. Bunday assotsiativ birliklar shoir tafakkuri va xotirasi mahsuli bo‘lib, she’riy matnning yaratilishida muhim o‘rin tutgan.
|
Matn egasining assotsiativ tafakkurini aks ettiruvchi individual assotsiatsiyalar
|
N.Hoshimovaning “Pragmaticheskie aspektы pri issledovanii assotsiatsiy” deb nomlangan maqolasida assotsiatsiyalarning individuallik xususiyatlari va ularni aniqlashga pragmatik yondashuv masalasi tahlil qilingan. Tadqiqotchi individual assotsiatsiyalarni yuzaga keltiruvchi tashqi va ichki omillar haqida fikr yuritgan. Uning qayd etishicha, tashqi omillarga til egalarining millati, yoshi, jinsi, ijtimoiy mavqei, kasbi kabi omillar kiradi. Shuningdek, voqelikning har bir inson tomonidan turlicha idrok etilishi, so‘z bilan bog‘liq holda orttirilgan bilim, insonning reprezentativ tizimi, so‘z ma’nosi va u haqida insonda shakllangan tushuncha kabi ichki omillar ham individual assotsiatsiyalarning hosil bo‘lishiga olib keladi.1 Albatta, assotsiativ maydonda o‘ziga xos individual assotsiatsiyalar ham uchraydi. Bunday assotsiatsiyalar nafaqat turli tillarda, balki bir til doirasida ham bir-biridan farq qiladi. Individual assotsiatsiyalarni o‘zbek tili materiallari asosida milliy-madaniy, gender, ijtimoiylik va boshqa omillar bilan bog‘liq tarzda tadqiq etish dolzarb muammolardan biridir.
|
Matn egasining voqelikka munosabatini aks ettiruvchi individual assotsiatsiyalar
|
E.Vohidov asarlarida qo‘llangan verbal assotsiatsiyalar ham shoirning assotsiativ tafakkuri, voqelikka munosabatini aks ettiruvchi individual xarakterdagi obrazli ifodalar bo‘lib, poetik matnni shakllantiruvchi asosiy tayanch birliklar hisoblanadi. O‘zbek tili egalarida ekskavator leksemasi orqali hosil bo‘luvchi doimiy (standart) assotsiatsiyalarni E.Vohidovning shu mavzudagi she’rida aks etgan assotsiativ birliklar bilan qiyoslab ko’rish mumkin. Ko‘pchilik til egalarida ekskavator leksemasi, asosan, yer, kavlash, traktor, buldozer, og‘ir mashina, texnika, dala, qo‘riq, dasht birliklarini yodga soladi. E.Vohidovning jonlantirish san’ati asosiga qurilgan mazkur she’rida esa ekskavator leksemasi bilan assotsiativ bog‘langan quyidagi birliklar uchraydi: na’ra soldi, na’ra tortdi, dasht qo‘yni, tashna yer bag‘ri, tuproq, tuproq oldi, siqimlab, ko‘tardi, po‘lat kafti, quyosh tafti, qo‘llari titrab ketdi.
E’tibor berilsa, she’rda tashna yer bag‘ri, po‘lat kaft, qo‘llari titrab ketdi, na’ra tortdi, na’ra soldi kabi obrazli ifodalar mavjud. Ular she’rning ta’sir kuchini yanada oshirgan, o‘ziga xos badiiy tasvirni hosil qilgan hamda she’riy matnning semantik yaxlitligini ta’minlagan. Anglashiladiki, shoir tomonidan hosil qilingan assotsiatsiyalar obrazli ifodalarga boyligi, pragmatik baho ifodalashi jihatidan ajralib turadi
|
Matn egasining xalq hikmatlariga asoslangan individual assotsiatsiyalar
|
Alisher Navoiyning quyidagi baytlari tahlili orqali asoslashga harakat qilamiz: Turmadi ko‘zumda yetkach ul sarvi baland, Bo‘lmas kishi farzandi kishiga farzand. («Badoyi’ ul-bidoya»)
Mazkur baytda “Bo‘lmas kishi farzandi kishiga farzand” jumlasi bugungi kunda xalqimizning “Birovning farzandi birovga farzand bo‘lmaydi” hikmatini yodga tushiradi. Bu hikmatning baytda qo‘llangan tarixiy variantini farzand leksemasining assotsiatsiyasi sifatida baholash mumkin.
Shunisi tahsinga loyiqki, Alisher Navoiy mazkur xalq hikmatidan mohirlik bilan ijodiy foydalanib, lirikasida rang-barang okkazional qo‘llanishlarni ham yaratgan.
|
Do'stlaringiz bilan baham: |