Aim.uz
“Turkistonda sovet hokimiyatiga qarshi harakatlar”
LOYIHA TOPSHIRIG’I
Kirish. Turkiston xalqlarining milliy-ozodlik uchun jangovar kurashi 1918 yil fevraldan-1934 yilning o’rtalariga qadar davom etgan. Adolatli kurash yo’lida jon berib jon olgan xalq qasoskorlarining lashkarboshilari-qo’rboshilar faoliyatining solnomachisi Shahobiddin Yassaviy 1984 yilda yozgan «Turkiston achchiq haqiqatlari» kitobida 114 qo’rboshi haqida ma'lumot beradi.
Turkistondagi milliy-ozodlik va istiqlolchilik harakatining yirik markazlaridan biri Farg’ona vodiysi bo’ldi. Bu erdagi xalq ozodlik va milliy mustaqillik harakati haq va adolat ishi uchun tolmas kurashchi va otashin sarkarda-qo’rboshilarning katta bir avlodini o’z orasidan tarbiyalab etishtirdi. Kichik va Katta Ergashlar, Muhammad Aminbek (Madaminbek), Shermuhammadbek, Xolxo’ja Eshon, Parpibek, Muhitdinbek, Omon Pahlavon, Nurmuhammadbek, Jonibek qozi va boshqalar ana shular jumlasidandir.
Yuqorida Turkiston xalqlari milliy-ozodlik va istiqlol uchun kurashining birinchi bosqichi 1918 yil fevral-1924 yilgacha bo’lganligi ta'kidlanadi. Bu davrda kurashning asosiy markazi Farg’ona vodiysi bo’ldi. Tarixchi Boymirza Hayit so’zlariga qaraganda qizil askar qo’shinlariga qarshi kurashning ilk o’chog’i Qo’qon shahri bo’lgan va bu kurashning boshida Kichik va Katta Ergash hamda Muhammad Aminbek (Madaminbek)lar turganlar. 1918 yil fevral oyida Qizil askarlar Turkiston Muxtoriyatini tor-mor qilib Qo’qonni dahshatli qonga botirgach shaharni himoya qilishni o’z zimmasiga olgan Kichik Ergash o’z qaramog’idagi kuchlar bilan Qo’qonni tashlab chiqishga majbur bo’ldi. U shaharga yaqin Bachqir qishlog’iga kelib o’rnashdi va shu erdan turib qizil kallakesarlarga qarshi kurashni davom ettirdi. Kichik Ergash 1918 yil 27 fevralda qizil askarlarga qarshi olib borilgan janglarning birida halok bo’ldi.
1918 yil mart oyida Bachqir qishlog’ida 40 ta qo’rboshi to’planib Katta Ergashni «Amir ul Musulmon»likka ko’tardilar. Asli Bachqirlik bo’lgan Mulla Ergash bosh qo’mondonga Madaminbek va Shermuhammadbek o’rinbosar etib tayinlandilar. 1918 yil yoziga kelib milliy-ozodlik harakati katta kuchga aylangan edi. Jumladan, Ergash qo’rboshi rahbarligidagi vatanparvar kuchlarning o’zi 1918 yil yozida 70 otryaddan iborat bo’lib, har bir otryadda 20 nafardan 1800 nafargacha jangchilar bor edi. 1918 yil 7 dekabr kunlarida Toshkentdan Turkiston ASSR XKS raisi V.D.Figelskiy (millati polyak) va harbiy komissari K.P.Osipov Farg’ona vodiysiga katta qo’shin bilan kelishadi. O’shanda V.D.Figelskiyning o’zi guvohlik berishicha Ergash qo’rboshining istehkomlaridan biri joylashgan Xonobod qishlog’i besh soatlik jangdan so’ng er yuzidan supurib tashlangan – Istehkomdagi 800 mujohiddan atigi 15 tasi tirik qolgan. Milliy istiqlolchilik harakati bolshovoylarni juda tahlikaga soldi va Turkistonda Sovetlar hukumatining yashashiga jiddiy xavf tug’dirdi. Buning ustiga Rossiya bilan Turkiston o’rtasidagi temir yo’l aloqalari Rossiyada davom etayotgan fuqarolar urushi tufayli uzilib qolgan edi. Sovetlar hukumati va Kompartiyaning vakili sifatida Turkistonda ishlagan G.Safarovning fikricha «Sovet Turkistoni 1919 yilda «Hayot va o’lim» qarshisida turardi». Buni quyidagi aniq dalillar isbotlaydi.
Xullas 1919 yilning bahorga kelib deyarlik butun Farg’ona vodiysi istiqlolchi kuchlar qo’liga o’tdi.Madaminbek va Monstrovning birlashgan kuchlari 1919 yil 7 sentyabrda. Jalolobodda, 8 sentyabrda O’shda Sovetlar hokimiyatini ag’darib, hokimiyatni o’z qo’llariga oldilar. O’sh istiqlolchilar qo’liga o’tishi bilan butun Pomir Sovetlar Turkistonidan uzilib Xitoy, Hindiston va qisman Afg’oniston bilan chegara istiqlolchilar qo’liga o’tib qolgan edi. Endilikdagi vazifa sovetlar hokimiyatining asosiy tayanch nuqtalari-Andijon, Sobelov (Farg’ona), Namanganga bir yo’la hujum boshlab avval butun vodiyda, so’ngra Turkistonda milliy mustaqillikni o’rnatishdan iborat edi.
1919 yil 22 oktyabrda istiqlol uchun kurash harakati kuchlarini tiklash va uni yanada mustahkamlash maqsadida Ergashtomda qo’rboshilar quriltoyi chaqirildi. Quriltoyda Muvaqqat Farg’ona hukumatini tuzishga qaror qilindi, hukumat boshlig’i va bosh qo’mondonlikka Madaminbek saylandi. Madaminbek shaxsida davlat va siyosiy arbobga hamda harbiy sarkardaga hos sifatlar mujassamlashgan edi. Madaminbek Farg’ona vodiysida Sovet hukumati organlariga muqobil bo’lgan siyosiy boshqarish tizimini joriy etdi. «U bizning rahbarlikdagi kamchilik va xatolarimizdan mohirona foydalandi, unda o’z «boshqarish apparati, o’z tribunali, o’z «genshtabi» bor edi, u qonunlar chiqardi», -deb ta'kidlangan edi uning dushmanlaridan biri bo’lgan Gromatovich. Faqat Ergash va Shermuhammadbekkina shunga o’xshash boshqarish tizimini joriy eta oladilar. Madaminbek istiqlolchilar qo’shiniga yagona, uyushgan harbiy qo’shilma tusini berdi, uning askarlari orasida kuchli harbiy intizom bor edi. Madaminbek askarlari tinch aholini talovchilar va bosqinchlarni o’zlari ushlab, qattiq jazoladilar. «O’z oldiga Sovet hukumatini ag’darib tashlashni va Farg’ona muxtoriyatini tiklashni vazifa qilib qo’ygan Madaminbek mohir siyosatchi va tadbirkor tashkilotchi sifatlariga ega edi»,-deb ta'kidlanadi hujjatlarning birida bu o’rinda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning «Madaminbek Sovet saltanati davrida adolat va haqiqat uchun tinmay kurash olib borgan yurtparvar o’g’lon, Farg’ona vodiysidagi istiqlolchilik harakatining etakchisi edi» degan haqqoniy bahosini eslab o’tish joizdir. Muvaqqat Farg’ona hukumati harbiy va moddiy yordam so’rab Buxoro amirligi va Afg’oniston hukumatiga o’z vakillarini yubordi. Ammo hech qanday amaliy yordam ola olmadi.
O’sha paytda Farg’ona vodiysida harakatda bo’lgan 150 ga yaqin istiqlolchi guruhlar (otryad)ni Madaminbek, Shermuhammadbek, Xolxo’ja va katta Ergash boshchiligida to’rtta yirik guruh qilib birlashtirishga qaror qilindi. Qo’rboshi otryadlarni qaytadan shakillantirish, markaziy rahbarlikni yo’lga qo’yish, harbiy komandir kadrlarni tarbiyalash va tayyorlash yuzasidan bir qator tadbirlar amalga oshirdi. Ammo bu tadbirlar kutilgan natijani bermadi, istiqlol uchun kurashuvchi barcha kuchlarni yagona markaz va jabhaga birlashtirib kurashni yo’lga qo’yish imkoniyati bo’lmadi. Bu ishning muvaffaqiyat qozonmaganligining sabablari ko’p bo’ldi, albatta. Eng asosiy sabab mustaqillik va milliy-ozodlik uchun kurash olib borayotgan turkistonlik vatanparvar kuchlar g’oyaviy-siyosiy va madaniy kurash saviyasining talab darajasida bo’lmaganligi edi. Bu hol milliy ozodlik kurashiga rahbarlik qilayotgan qo’rboshilarning faoliyatida o’z aks sadosini topdi.
1920 yil 3 mayda Shermuhammadbek tashabbusi bilan Oltiariq tumanidagi G`oyibota (G`arib ota) qishlog’ida qo’rboshilar quriltoyi chaqirildi. Unda Turkiston muvaqqat hukumati tuzildi. Istiqlolchi kuchlarga ketma-ket berilgan zarbalar Shermuhammadbekning mavqeini albatta ancha zaiflashtirdi. Shu boisdan u 1921 yil sentyabrda Zinovev bilan sulh muzokaralarini boshlashga rozilik berdi. Shermuhammadbekka barcha qurollarni topshirib so’zsiz taslim bo’lish sharti qo’yildi. Albatta u bu shartni qabul qilmadi. Shundan so’ng u o’z o’rniga bosh qo’mondon qilib qirg’iz qo’rboshisi Muhitdinbekni qoldirib sharqiy Buxoroga yo’l oladi. Uning bundan ko’zlagan maqsadi Sharqiy Buxoroga xududida Anvar posho boshchiligida harakat qilayotgan ozodlik harakati va istiqlolchi kuchlari bilan bog’lanish, ular bilan umumiy dastur birligi asosida kelishishga erishish va Afg’oniston bilan bog’lanib u erdan yordam olish imkoniyatini izlash edi.
Shermuhammadbek ketgach Muhitdinbek musulmon lashkarlari safida bir qator o’zgarishlar qildi, o’ziga yoqmagan qo’mondonlarni o’zgartirdi, ularning o’rniga o’z odamlarini qo’ydi. Natijada Shermuhammadbek katta mehnatlar evaziga tuzib shakillantirgan mujohidlar tizimida tashkiliy tarqoqlik tva bosh-boshdoqlik boshlandi. Oqibatda Muhitdinbekning o’zi ham yuqorida ta'kidlangani singari o’z yog’iga o’zi qovurildi. 1922 yil 22 oktyabrda Sovetlar Muhitdinbek qo’rboshini Oloy tog’ida bo’lgan jangda qo’lga oldilar va u o’shda otib tashlandi.
Xullas, 1920-1923 yillarda Farg’onada olib borilgan milliy ozodlik va mustaqillik uchun kurash Turkiston xalqlarining ozodlik harakati tarixining eng yorqin sahifalaridir. Bu muqaddas muhorabada erk deb, ozodlik deb va milliy mustaqillik deb ming-minglab Vatan va millat fidoyilari o’z aziz jonlarini qurbon qildilar va ayni paytda ming-minglab mustamlakachi va bosqinchi jallodlarni ham er tishlatdilar. Ingliz tarixchisi Glende Frezer ma'lumotlariga qaraganda 1918 yilda Turkistonda Rossiyaning 106 miing askari bo’lgan. Bu raqam Avstriya va Germaniya mahbuslari bilan birga qo’shib hisoblaganda 196 ming kishini tashkil etar edi. 75 ming rus ishchi-dehqonlari ham qurollangan edilar. 1921-1922 yillarda Orenburgdan yana 3-Armiya ham jo’natildi. Bu jangchilar 60 ming qurollangan va 225 ming qurollanmagan istiqlolchilarga qarshi jang qildilar. Ana shu janglar davomida Qizil askarlar 1920 yillarda 68 ming, 1920-1923 yillarda esa 327 ming jangchini yo’qotdilar.
1923 yildan so’ng Rossiya mustamlakachilariga qarshi kurash to’xtab qolgani yo’q. Farg’onadagi bosmachilikka qarshi kurash kengashi ma'lumotlariga ko’ra 1923 yil may oyining oxirlarida Qo’qon uezdida 66 ta qo’rboshi 1092 mujohid, Namangan uezdida 70 ta qo’rboshi 1166 ta mujohid, O’sh uezdi va Oloy vohasida 20 ta qo’rboshi va 640 ta mujohid istiqlol uchun kurashgan. 1923 yil yanvarda Shahrihon shahrida Farg’ona vodiysida harakatdagi qo’rboshilarning navbatdagi qurultoyi bo’ldi. Mazkur qurultoyda Islom Pahlavon Amir lashkarboshi etib saylandi. Qizil askarlarning istiqlolchi kuchlarga qarshi shafqatsiz kurashni kuchaytirishi oqibatida 1923 yilning o’zida 348 ta qo’rboshi va 4000 dan ortiq sara mujohid jangchilar o’ldirilgan va safdan chiqarilgan. Farg’ona vodiysida 1924-1934 yilning o’rtalariga qadar haq va adolat tantanasi uchun o’z jonlarini tikkan vatanparvar jangchi qo’rboshilar Yormat Maxsum, Hoji Pansot(Marg’ilon), Qo’qon va So’xda, Umar Ali (Quvada), TurdiBek (Isfarada), Jonibek qozi(Oloy tog’larida), Nosirxon To’ra Saidkamolxon o’g’li (Namanganda), Qorovul qo’rboshi (Oltiariqda) va boshqalar muqaddas mahorabaning ilhomchilari va tashkilotchilari bo’ladilar.
Xullas, 1918-1934 yillar davomida vatan musutaqilligi, xalq va millat erkinligi uchun ozodlik kurashiga otlangan milliy istiqlol fidoyilarining aziz va mo’'tabar joylari jannatda bo’lsin, ular ko’rsatgan jasorat va qahramonliklar hamisha mustaqil O’zbekiston fuqarolarining qalb to’rida yashaydi va ularni yangidan-yangi zafarlarga chorlaydi.
O’rta maxsus o’quv yurtlari tarix darslarida ushbu ma’lumotlarni o’qituvchi tomonidan ma’ruza yoki hikoya tarzida berib o’tilishi o’quvchilarda to’liq tasavvur hosil qilmaydi va yetarli darajada ko’nikma va malakaga ega bo’lishmaydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |