Ikkinchi bosqich – 1995 – 2000-yillar. Bu davr iqtisodiy mustaqillik asoslarini tashkil etuvchi sanoat tarmoqlarini ustun rivojlantirish, import o‘rnini bosuvchi sanoatlashtirish strategiyasini keng miqyosda amalga oshirish, qayta ishlash tarmoqlariga investitsiyalar oqimini kengaytirish bilan tavsiflanadi. Mashinasozlik, yengil sanoat, kimyo va oziq-ovqat sanoati tarmoqlariga kapital qo‘yilmalar ko‘paytirildi. Bu bosqichda sanoat sohalariga jalb etiladigan investitsiyalarning qonunchilik bazasi yaratildi, konkurs asosida loyihalarni moliyalashtirishga o‘tildi. Shu bilan birga, xorijiy investitsiyalarni jalb etish chora-tadbirlari ko‘rilib, iqtisodiyotning real sektoriga investitsiyalar kiritilishi kuchaytirildi. Sanoatdagi investitsion loyihalarni amalga oshirishda turli moliyalashtirish manbalari qo‘llanila boshlandi. Budjet mablag‘lari sanoat ishlab chiqarishini rivojlantirishda muhim manba bo‘lib xizmat qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |