21.3. O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning me’yoriy-huquqiy asoslari
Tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishida huquqiy muhitni vujudga keltirish muhim shartlardan hisoblanadi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatishi, eng avvalo, ushbu sektorga nisbatan davlat tomonidan olib borilayotgan siyosatning samaradorlik darajasiga bog‘liq. Davlat kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning shakllanishi va faoliyat ko‘rsatishi uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratish, ya’ni qonuniy asoslarni barpo etish, umuman, tadbirkorlik va uning alohida turlarini rag‘batlantirish bo‘yicha tegishli tashkiliy-iqtisodiy chora-tadbirlarni amalga oshirish, kichik va xususiy tadbirkorlikka xizmat ko‘rsatuvchi bozor infratuzilmasini tartibga solish, tadbirkorlik huquqlari va manfaatlarini himoya qilish va kafolatlash orqali ushbu sohaning rivojlanishiga yordam ko‘rsatadi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishning me’yoriy-huquqiy asoslari yaratilgan. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni tartibga soluvchi muhim me’yoriy-huquqiy hujjatlar jumlasiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Soliq va Xo‘jalik protsessual kodekslari, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda shu sohaga oid O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari kiradi.
Respublikamizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlar tizimida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosiy o‘rinni egallaydi. Uning 53-moddasida shunday ta’kidlanadi: «Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi». Mazkur me’yor barcha xo‘jalik yuritish subyektlarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishiga imkoniyat yaratadi. Shuningdek, Konstitutsiyada xususiy mulk boshqa mulk shakllari singari daxlsiz va davlat tomonidan himoya qilinishi, mulkdor o‘z xohishiga ko‘ra o‘ziga tegishli mol-mulkka egalik qilishi, undan foydalanishi va boshqarishi mumkinligi belgilab berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan mamlakatimizda tadbirkorlik yuritish uchun har tomonlama qulay bo‘lgan biznes va investitsiya muhitini yaratish, shu jumladan huquqiy-me’yoriy bazani takomillashtirish, kichik biznes subyektlari hamda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imtiyoz va yengilliklarning yaxlitligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini boshlash va yuritishda yuzaga kelayotgan byurokratik g‘ov va to‘siqlarga barham berish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2014-yil 12-dekabrda kuchga kirgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun asosida tadbirkorlarga yanada keng qulayliklar yaratishni nazarda tutuvchi qoidalar amaliyotga kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasining «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonuniga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra kichik tadbirkorlik subyektlari doirasi kengaytirildi. Endilikda yengil sanoat, oziq-ovqat va qurilish materiallari sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalarda xodimlar o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan ikki yuz kishi bo‘lsa, metallga ishlov berish, mebel sanoati kabi sohalarda xodimlarning o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan yuz kishi bo‘lsa, ana shunday maqomga ega bo‘ladi. Ular qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyozlardan bemalol foydalanadi.
Qonunning «Tadbirkorlik faoliyati subyektlari uchun noqulay bo‘lgan qonun hujjatlaridagi o‘zgartishlardan kafolatlar» degan yangi modda bilan to‘ldirilgani muhim yangilikdir. Unga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomilining murakkablashtirilishini va tadbirkorlik faoliyati subyektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan, ularning javobgarligiga oid yangi choralarni belgilaydigan qonun hujjatlari rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kamida uch oydan keyin kuchga kiradi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashda soliq imtiyozlarini taqdim etish, soddalashtirilgan soliqqa tortish tizimini qo‘llash, imtiyozli kreditlash, soliq va buxgalteriya hisobotlarini davlat soliq va statistika organlariga taqdim etish davriyligi va muddatlarini qisqartirish, soliq tekshiruvlari va boshqa tekshiruvlar davriyligini qisqartirish kabi tadbirlar muhim ahamiyatga ega.
Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 5 oktyabrdagi PF-4848-sonli «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni alohida ahamiyatga ega. Farmonda xususiy mulk egalarining, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari belgilangan, ularning javobgarligi bilan bog‘liq talablar liberallashtirilgan, nazorat organlarining ijroga nisbatan mas’uliyati kuchaytirilgan.
Jumladan, farmonda davlat organlari, nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarga o‘z faoliyatida qonun talablarini hamda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari, qonuniy manfaatlari ustuvorligi tamoyilining so‘zsiz amalga oshirilishini ta’minlash vazifalari yuklatilgan. Tadbirkorlik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik, ularning faoliyatini asossiz to‘xtatib qo‘yganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining qat’iy bajarilishini ta’minlash belgilab qo‘yilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |