Tezlikni o'lchash
Boshqariluvchi yoki nazorat qilinuvchi ob'ekt tezligi va tezlanishi uning siljishi bilan bevosita bog'langanligi sababli, tezlikni o'lchashda siljish o'lchash o'zgartkichlari chiqishidagi signalni differensiallovchi qurilmadan o'tkazish prinsipidan foydalanish mumkin. Bunda analog signalni differensiallashda signal shaklini va talab qilinayotgan o'lchash aniqligini hisobga olgan holda passiv differensiallovchi zanjirlar, transformatorlar (uning chiqishidagi signal magnit oqimi o'zgarishga proporsional) va aktiv differensiallovchi (operatsion kuchaytirgichlar bazasidagi) zanjirlar qo'llaniladi.
Shu bilan bir qatorda aksariyat hollarda chiqish signali bevosita tezlikka proporsional bo'lgan o'lchash o'zgartkichlaridan ham foydalaniladi. Amalda induksion, elektrostatik, pezoelektrik, korrelyatsion, dopler effekti asosidagi, optik, dinamik va boshqa prinsipdagi tezlik o'lchash o'zgartkichlari keng qo'llaniladi.
rasmda korrelyatsion usul asosida lenta tezligini o'lchash sxemasi keltirilgan.
Bir-biridan l masofada ikkita optik tizim joylashtirilgan bo'lib, ularning tarkibiga ikkita yorug'lik manbai 2 va 5 hamda optik o'zgartkichlar 3 va6 kiradi. O'zgartkichlarning chiqish signallari kuchaytirgichlar 4 va 7 yordamida kuchaytiriladi va korrelyator 9 kirishiga beriladi. Bunda kuchaytirgich 4 chiqishidagi signal kechikishi rostlanuvchi blok 8 orqali o'tkaziladi. Tezligi o'lchanishi lozim bo'lgan lenta sirtining bir jinsli emasligi tufayli yorug'lik manbalaridan uning sirtiga tushayotgan nurlar ravshanligi modulyasiyalanadi va optik o'zgartkichlar orqali ularning chiqishidagi elektr signalini modulyasiyalanishiga olib keladi. Ikkala kuchaytirgich chiqishlaridagi signallar o'zaro korrelyasion funksiyasi τ X l /V vaqt mobaynida
maksimumga ega bo'ladi. Bu vaqt lentani birinchi optik tizimdan ikkinchisigacha bo'lgan l masofani bosib o'tishiga ketgan vaqtga teng. Kuchaytirgich 4 chiqishidagi signalni τ X vaqtga tekshirish ekstremal regulyator chiqishidagi signal yordamida boshqariluvchi blok 8 yordamida amalga oshiriladi. τ X kechikish vaqtiga proporsional bo'lgan y kattalik hisoblash qurilmasi 10 ga beriladi. Bu qurilmaning shkalasi lentaning harakat tezligi bo'yicha darajalangan bo'ladi.
Tezlikni korrelyasion usul yordamida o'lchash suv kemalari dengiz tubiga
nisbatan tezligini, poyezdlarni relsga nisbatan tezligini aniq o'lchashda keng qo'llaniladi. O'lchash xatoligi o'rtacha 0,1% ni tashkil etadi.
Samolyotlar, avtomobillar, poyezdlar va boshqa tez harakatlanuvchi ob'ektlar tezligini masofadan turib (distansion) o'lchashda Dopler effektiga asoslangan usuldan foydalanish mumkin. Bu effektga ko'ra agar akustik to'lqin uzatuvchi, qabul qiluvchi yoki uni qaytaruvchi qurilma V tezlikda harakatlanayotgan bo'lsa, u holda qabul qilingan to'lqin chastotasi uzatilayotgan to'lqin chastotasidan V tezlikka proporsional bo'lgan kattalikka farq qiladi. Shuning uchun ham Dopler effektiga asoslangan o'zgartkichning chiqish signali vazifasini uzatilayotgan va qabul qilinayotgan to'lqinlar chastotasining farqi bajaradi. Bu usuldan suyuqlik sarfini o'lchashda ham keng foydalaniladi. Bu usul aniqligi yuqori bo'lishiga qaramay o'lchash sxemalarining murakkabligi sababli ko'pincha faqat ilmiy tadqiqotlardagi o'lchashlarda qo'llaniladi.
Ayrim hollarda faqat ma'lum qiymatli tezliklarni qayd etish lozim bo'ladi. Bu vazifani 4.34 - rasmda keltirilgan prof. Zaripov M.F., dots. G'oziyev A.X. va prof. Mamajonovlar tomonidan taklif etilgan tezlik datchigi yordamida amalga oshirish mumkin. Datchik: gerkon 1; elektromagnitlar 2, 3; chulg'amlar 4, 5; reostat 6; shkala 7; elektr o'tkazgich materialdan yasalgan disk 8; val 9; manba 10 va magnit o'tkazgich 11 dan tashkil topgan. Reostat 6 ning qo'zg'aluvchan kontaktli shkala 7 ga mahkamlangan. Manba 10 o'zgarmas yoki o'zgaruvchan kuchlanish manbai bo'lishi mumkin.
Datchik quyidagicha ishlaydi. Disk 8 harakatlanmagan paytda va elektromagnitlar o'zgarmas kuchlanish manbaidan ta'minlanganda ularda hosil bo'lgan magnit oqimlari diskda EYuK hosil qilmaydi. Bu holatda gerkon 1 ning kontaktlari o'zaro ajralgan holatda bo'ladi. Disk 8 val 9 bilan birga aylanishni boshlaganda diskda elektromagnit induksiya qonuniga binoan EYuK lar hosil bo'ladi. Elektromagnitlar magnit oqimlari diskni turli yo'nalishlarda kesib o'tganligibois diskda hosil bo'lgan EYuKlar ta'sirida bitta uyurmaviy tok Ie2 hosil bo'ladi.
Bu tokning magnit maydoni kuch chiziqlari gerkon kontaktlari orqali birlashadi. Bu magnit oqimning qiymati gerkon kontaktlarini ishga tushirish (ularni tutashtirish) uchun yetarli o'lgan qiymatga yetganda gerkon ishga tushib o'lchash zanjiriga ma'lumot beradi. Reostat 6 ning kontaktini yuqoriga yoki pastga surish, bizga istalgan tezlikni qayd etish imkonini beradi.
Elektromagnitlar o'zgaruvchan kuchlanish manbaidan ta'minlanganda disk harakatlanmagan paytda ham unda transformatsiya EYuK lari hosil bo'ladi. Lekin, elektromagnitlar magnit oqimlari diskni bir-biriga qarama-qarshi yo'nalishlarda kesib o'tganligi va gerkon elektromagnitlardan bir xil uzoqlikda joylashtirilganligi sababli EYuK lardan hosil bo'ladigan toklarning gerkon joylashtirilgan magnit o'tkazgich 11 dagi natijaviy magnit oqimi nolga teng bo'ladi. Disk harakatga kelganda unda elektromagnitlar magnit oqimlaridan o'zaro qo'shiluvchi generator EYuK lar hosil bo'ladi. Bu EYuK lar ta'sirida diskda hosil bo'lgan generator toklar magnit maydoni ta'sirida gerkon kontaktlar o'zaro tutashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |