3. Baho intizomiga rioya qilish yuzasidan tekshirish olib boruvchi davlat boshqaruv idoralari
Rejali iqtisodiyot davrida yagona narx siyosati belgilangan bo’lib, sosialistik mulk munosabatlari va iqtisodiyotning rejaliligi hukmronligi narx-navoni boshqarishda, narxlarni shakllantirishda davlat narx siyosatining asosini tashkil etishni talab qilardi.
Shu tamoyildan kelib chiqqan holda narx-navo sohasida boshqaruvni amalga oshirish tartibi ham belgilangan edi. SSSRning asosiy qonuniga muvofiq holda narx siyosatini belgilash SSR Ittifoqining mutlaq vakolati doirasiga kiritilgan bo’lib, ittifoqdosh respublikalar bunday vakolatga ega emas edi. Bu vakolat SSSR Ministrlar Soveti zimmasiga yuklatilgan bo’lib, u baho belgilash, uni qo’llash bo’yicha boshqaruvni amalga oshirar, sanoat va qishloq xo’jalik mahsulotlarining, baliqchilik, mo’ynali hayvonlarning mo’ynalarini, ovchilik mahsulotlarining, yuk tashish bo’yicha tariflarni, aloqa korxonalarining xizmatlari haqini va boshqa baholarning umumiy miqdorini aniqlar edi. Ayrim mahsulotlar bo’yicha esa hattoki ittifoqdosh respublikalarning hukumatlariga aniq narx belgilagan holda topshiriqlar berar edi.
Maxsus narx-navoni boshqarish bo’yicha davlat organi sifatida SSSR va ittifoqdosh respublikalarda Davlat narx-navo komiteti faoliyat ko’rsatar edi.
Bu organ zimmasiga xalq xo’jaligining barcha tarmoqlarida belgilangan narx-navo va tarifning asosliligini va to’g’ri qo’llanilishi ustidan nazorat olib borish yuklatilgan edi.
Baholarni markazlashgan tartibda bunday belgilanishi xo’jalik yurituvchi subyektlarning erkin harakat qilishiga halaqit qilar, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifatiga e’tiborsizlik, xo’jasizlik muhitini, kelib chiqishiga sababchi bo’lib qoldi.
O’zbekiston mustaqil davlat sifatida bozor munosabatlarini qaror toptirish maqsadida, xo’jalik yurituvchi subyektlarning faoliyatini erkinlashtirish, ularning o’rtasida shartnomaviy munosabatlar ustunligini belgilab qo’ydi.
Shuning uchun ham sobiq ittifoq davridagi markazlashgan rejali boshqaruvdan voz kechildi hamda respublikamizda davlat boshqaruvining yangi tizimi shakllantirildi.
1992 yil 11 fevralda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining "O’zbekiston Respublikasida moliya organlarini boshqarish tashkiliy tuzilmasini va narx belgilash tizimini takomillashtirish to’g’risida"gi Farmoni qabul qilinib, ushbu Farmonga muvofiq kelishilgan yagona moliya, soliq va narx siyosatini amalga oshirish, respublika iqtisodiyotining moliyaviy sog’lomlashuvini ta’minlash, bozor munosabatlari shakllanishi sharoitida narx-navoni tartibga solishning iqtisodiy usullari ahamiyatini kuchaytirish maqsadida:
avvalo respublika xududida narxlarga doir davlat siyosatini o’tkazish vazifalari O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga topshirilib, sobiq ittifoq davrida amalda bo’lgan Davlat narxlar komiteti apparati bilan Moliya Vazirligi apparati birlashtirildi.
Moliya vazirligining zimmasiga:
Respublika hududida yagona moliya, soliq va narx siyosatini shakllantirish hamda o’tkazish, bozor iqtisodiyotiga o’tish sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va aholini ijtimoiy muhofaza qilishning barqaror moliyaviy negizini vujudga keltirish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish, moliya va narx belgilashni boshqarish tizimini takomillashtirishga, qimmatbaho qozog’lar bozorini vujudga keltirishga, davlat tasarrufidan chiqarish va hususiylashtirish dasturlarini amalga oshirishning moliyaviy jihatlariga oid takliflarni ishlab chiqish, shuningdek, narxlar va tariflarning iqtisodiy jihatdan tartibga solish choralarini amalga oshirish, ularni erkinlashtirish yo’lini izchillik bilan o’tkazish vazifasi yuklatildi.
Respublikamizda xo’jalik yurituvchi subyektlar o’rtasida monopoliyaga qarshi davlat siyosatini faollashtirish, raqobatni va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996 yil 15 maydagi 1464-sonli Farmoniga muvofiq dastlab, O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qo’mitasi tashkil etildi. Bu organ zimmasiga boshqa vazifalar bilan bir qatorda iste’molchilarga realizasiya qilinadigan tovarlar hajmi bo’yicha shartnomalarga rioya etilishi ustidan, tovarlar narxini chiqarish hamda narxlarni qo’llash tartibiga rioya etish ustidan nazoratni olib borish vazifasi yuklatildi[9].
Ushbu vazifalarni Qoraqalpog’iston Respublikasi Moliya Vazirligi huzurida Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qo’mitasi, viloyatlar va Toshkent shaxar hokimliklari moliya boshqarmalari huzuridagi monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmalari, tuman va shaharlarda-tumanlar (shaharlar) hokimliklari moliya bo’limlari huzurida monopoliyaga qarshi qonunchilikka va iste’molchilar huquqlarini muhofaza qilish qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish bo’yicha inspektorlar lavozimi joriy etildi[10].
2000 yil 2 avgustda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2676-sonli "O’zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasini tashkil etish to’g’risida"gi Farmoni qabul qilinib, unga asosan O’zbekiston Respublikasi monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasi-raqobatni rivojlantirish, monopolistik faoliyatni cheklash, tabiiy monopoliyalar faoliyatini tartibga solish iste’molchilar huquqlarini muhofaza qilish va reklama faoliyati sohasidagi siyosatni o’tkazish bo’yicha davlat boshqaruvi organi, deb belgilandi.
Ushbu Farmonga muvofiq "O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O’zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasi faoliyatini tashkil etish to’g’risida"gi 2000 yil 2 avgust 300-sonli qarori va unga ilova sifatida "O’zbekiston Respublikasi Monopoliyadagi chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasi to’g’risida"gi Nizom qabul qilindi.
Nizom O’zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasi o’z faoliyati davomida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo’ysunadi va hisob beradi, deb qonunlashtirdi.
Nizom O’zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasining vazifalari, funksiyalarini, huquqlarini, uning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilab berdi. O’zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasi vazifalari ichida iste’mol tovarlari narxlari va xizmatlarga tariflar monitoringini o’tkazish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari bilan birgalikda narxlarning asossiz ravishda o’sib ketishiga, bozorda sifatsiz iste’mol tovarlari sotilishi va xizmatlar ko’rsatilishiga olib keluvchi insofsiz raqobatning oldini olish chora-tadbirlarini ko’rish alohida ahamiyatga ega.
Shu bilan birga qo’mita tovar bozorida ustunlik mavqyeini egallab turgan xo’jalik yurituvchi subyektlar va tabiiy monopoliyalar subyektlarining Davlat reyestrlarini shakllantiradi va yuritadi;
O’zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi bilan birgalikla mintaqalarda kelishilgan dasturlar bo’yicha narxlarning sun’iy ravishda oshirilishi, bozordagi monopol mavqyeini suiste’mol qilish va insofsiz raqobat hollarini aniqlash maqsadida iste’mol bozori konyukturasini tekshiradi;
narx belgilash tartibiga rioya etilishi va tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga narxlar (tariflar) qo’llanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
tabiiy monopoliyalar subyektlari tomonidan iste’molchilarga sotiladigan tovarlar hajmlari bo’yicha shartnomalarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi,... joylardagi davlat hokimiyati organlariga va davlat boshqaruvi organlariga:
erkin boshqariladigan va qayd qilingan narxlarni qo’llash sohasining o’zgarishi to’g’risida tavsiyalar yuboradi.
Shu o’rinda 1999 yil 19 avgustda "Tabiiy monopoliyalar to’g’risida"gi Qonunning yangi tahrirda qabul qilinganligini eslab o’tish lozim.
Mazkur Qonunga binoan O’zbekiston Respublikasi tovar bozorlarida muayyan tovarlar (ishlar, xizmatlar) turlariga bo’lgan talabni qondirishning raqobatli sharoitlarini yaratish mumkin emasligi yoki iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emasligidan kelib chiqib, tabiiy monopoliya sharoitida tovarlar ishlab chiqarish bilan bog’liq bo’lgan xo’jalik yurituvchi subyektlar doirasini aniqlaydi va ularning faoliyati davlat tomonidan tartibga solinishini belgilaydi.
Mazkur sohalarga quyidagilar kiritilgan:
-neft, gaz kondensati, tabiiy gaz va ko’mir qazib chiqarish;
-neft, neft mahsulotlari va gazni quvurlar orqali transportirovka qilish;
-elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish va uzatish;
- temir yo’llarda tashish;
- umumiy erkin foydalaniladigan elektr va pochta aloqasi xizmatlari;
- suv quvurlari va kanalizasiya xizmatlari;
shuningdek, portlar va aeroportlarning xizmatlari.
Bu subyektlarning faoliyati O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va u vakolat bergan organ tomonidan, ya’ni O’zbekiston Respublikasi monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasi tomonidan tartibga solinadi.
Tabiiy monopoliya subyektlari faoliyati bu orgarlar tomonidan quyidagi usullarda tartibga solinadi;
- narxlarning (tariflarni) darajasini belgilash (o’rnatish) vositasida narxlarni tartibga solish;
- xizmatlar ko’rsatilishi shart bo’lgan iste’molchilarni aniqlash va ularni tabiiy monopoliya subyektlari realizasiya qiladigan tovar bilan to’liq hajmda qondirishning imkoni bo’lmagan taqdirda, ta’minlashning eng kam darajasini belgilash orqali Nizomga muvofiq qo’mita o’ziga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida ko’pgina huquqlarga ega.
Ular jumlasiga qo’yidagilar kiradi:
-bozorda ustunlik mavqyeini egallab turgan va monopol faoliyatni amalga oshirilayotgan xo’jalik yurituvchi subyektlarni majburan bo’lish to’g’risida qaror qabul qilish;
tovar va moliya bozorlarida xo’jalik yurituvchi subyektlarning ustunlik mavqyeini belgilash;
o’z vakolatiga muvofiq xo’jalik yurituvchi subyektlarni va ularning rahbarlarini, shuningdek, mansabdor shaxslarni monopoliyaga qarshi qonunchilik, tabiiy monopoliyalar, iste’molchilar huquqlarini muhofaza qilish va reklama to’g’risidagi qonunchilik buzilganligi, shuningdek, monopoliyaga qarshi organning yozma ko’rsatmalari bajarilmaganligi uchun javobgarlikka tortish to’g’risida qaror qabul qilish;
berilgan vakolatlar doirasida ma’muriy huquqbuzarlik to’g’risidagi ishlarni belgilangan tartibda ko’rib chiqish;
shartnomaviy (erkin) narxlar (tariflar) iqtisodiy jihatdan asossiz shakllantirish va ularning oshirilishi, davlat mablag’lari va hukumat kafolatlari ostidagi kreditlar hisobiga mablag’ bilan ta’minlanayotgan qurilish sohasidagi bajarilgan ishlar hajmlariga qo’shib yozilishi natijasida olingan mablag’lar (daromad, foyda)ni olib qo’yish to’g’risida qaror qabul qilish kiritilgan.
Xo’jalik yurituvchi subyektlar tomonidan g’ayriqonuniy olingan mablag’lar (daromad, foyda), shunindek jarimalar O’zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi tomonidan akseptsiz tartibda Moliya vazirligining "Narxlarni boshqarish jamg’armasi" maxsus byudjetdan tashqari hisob raqamiga undiriladi yoki qonunchilikda belgilangan hollarda qaror (yozma ko’rsatma) qabul qilingan paytdan boshlab bir oy davomida tegishli byudjetga o’tkaziladi. Ko’rsatib o’tilgan mablag’larni "Narxlarni boshqarish jamg’armasi"ga hisobga o’tkazish navbatliligi mablag’larni boshqa maqsadli byudjetdan tashqari jamg’armalarga o’tkazishga tenglashtiriladi.
Nizomning 8-bandiga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasining o’z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari va yozma ko’rsatmalari vazirliklari, idoralar, davlat qo’mitalari, joylardagi davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruvchi organlari, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, xo’jalik yurituvchi subyektlar va ularning birlashmalari, mansabdor shaxslar va fuqarolarning bajarishlari uchun majburiy hisoblanadi.
Adabiyotlar:
Do'stlaringiz bilan baham: |