Toshkentning to’rt dahasi
«Daha» so‘zi qadimgi so‘g‘d tilida «deha», ya’ni qishloq ma’nosini bildirib, shaharning bir qismi, ma’muriy bo‘linishi kabi ma’nolarda qo‘llaniladi. Toshkent shahri va rivojlanishi hududi kengayishi natijasida mahallalar soni ham ortib borgan. Natijada shahar XVIII asrning o‘rtalariga kelib, Beshyog‘och (Zangiota), Sebzor (Koffol Shoshiy), Ko‘kcha (Shayx Zayniddin) va Shayxontohur deb ataluvchi to‘rt dahaga bo‘lingan.
Maydoni jihatidan eng yirik daha bo‘lgan Shayxontohur shaharning sharqida, hozirgi Shayxontohur tumani hududida joylashgan. U Shayx Umar Bog‘istoniyning o‘g‘li Shayx Xovandi Tohur (XIV asr) nomi bilan atalgan bo‘lib, Beshyog‘och, Ko‘kcha, Sebzor dahalariga tutash bo‘lgan. Chegarasi shimoldan Jangob arig‘i, g‘arbdan Beshyog‘och-Xadra yo‘nalishi bo‘ylab o‘tgan. Arxiv hujjatlaridagi ma’lumotlarga qaraganda, XIX asrning 70-yillariga kelib, dahaning 46 ta mahallasidagi 3030 ta xonadonda 10200 nafar aholi istiqomat qilgan. Aholisi asosan to‘quvchilik, misgarlik, egarchilik, duradgorlik, bo‘yoqchilik, juvozkashlik, tegirmonchilik, bog‘dorchilik, savdo-sotiq, degrezlik va dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Dahada 570 ta to‘quvchilik, 100 ta egarchilik, 20 ta cho‘yan quyish (degrezlik) va 47 ta duradgorlik korxonasi ishlab turgan. Aholining shahar tashqarisidagi 4370 tanob yerida esa sholi va g‘alla ekilgan.
Shayxontohurlik hunarmandlar sifatli va mustahkam buyumlar yasashgan. Ular tomonidan tayyorlangan buyumlar XIX asrning oxiri XX asr boshlarida Toshkent, Moskva, Peterburg, Parij, London, Vena kabi shaharlarda o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmalarda yuksak baholangan.
Dahada 60 ta masjid va 3 ta madrasa faoliyat ko‘rsatgan. 1458 yilda Xo‘ja Ahror, XVI asrda Ko‘kaldosh madrasasi barpo etilgan. Shuningdek, Eshonquli dodxoh madrasasi, Shayx Zayniddin bobo maqbarasi, mashhur Qo‘ymas, Qo‘qon va Qashqar darvozalari, qadimiy Chorsu bozori, ko‘plab tarixiy joylar, qabriston, maqbara, karvonsaroy, tegirmon, juvozxona, hammom, choyxona va sayilgohlar ham daha hududidan joy olgan. XV asrda Chillaxona, Hazrati Mir va Yunusxon maqbaralari ham qad ko‘targan.
Keyingi yillarda dahadagi egri-bugri, tor ko‘chalar o‘rnida keng va ravon yo‘llar, yangi turar-joy va ma’muriy binolar, sport komplekslari bunyod etildi.
Beshyog‘och qadimiy yozma manbalarda Zangiota dahasi deb ham yuritilgan. Uning chegarasi shimoliy-g‘arbdan quyi Bo‘zsuv bo‘ylab hozirgi Uyg‘ur va Samarqand darvoza ko‘chalari oralig‘idan, sharq tarafdan Beshyog‘och-Xadra yo‘nalishlari bo‘ylab, hozirgi Furqat ko‘chasidan o‘tgan. Daha hududidagi yerlar notekis, chuqur jarlik va tepaliklardan iborat edi. Dahada 1850 yilda Shayx Abdulqosim tomonidan qurdirilgan madrasa, Ko‘kmasjid, Suzukota, Xo‘ja Nuriddin, Zangiota va Xo‘ja Alambardor maqbaralari joylashgan. Toshkentning mashhur o‘n ikki darvozasidan uchtasi — Samarqand, Komolon va Beshyog‘och darvozalari ham shu dahada joylashgan. Afsuski, bu darvozalar chor qo‘shinlari bosqinidan so‘ng buzib tashlangan. Shuningdek, shaharning mudofaa devorlari ham buzilib, uning tuprog‘i yangi qurilishlar va g‘isht quyish uchun ishlatilgan. Bo‘sh qolgan yerlar esa Beshyog‘och maydoni deb atala boshlangan.
«Turkiston o‘lkasi» yilnomasining 1876 yildagi ma’lumotlariga qaraganda, dahadagi 1400 ta xonadonda 12450 nafar aholi istiqomat qilgan. Bundan tashqari, 75 ta masjid, 3 ta madrasa, 32 ta mahalla, ko‘plab hunarmandchilik korxonalari, kulolchilik buyumlari va g‘isht pishiradigan xumdonlar, tandirsozlik do‘konlari bo‘lgan. Beshyog‘ochlik qo‘ligul hunarmandlar tomonidan yasalgan mis buyumlar, o‘ymakor va sernaqsh eshiklar, sandiqlar xalq o‘rtasida mashhur bo‘lgan. Shaharning eng yaxshi bog‘-rog‘lari, uzumzoru olmazorlari ham shu dahada joylashgan. Bu yerda, ayniqsa, aravasozlik juda yaxshi rivojlangan. Rus tadqiqotchisi Gabbin bundan bir asr muqaddam Beshyog‘och dahasi hududi va uning atroflarida yuzga yaqin aravasozlik ustaxonalari bo‘lgangini qayd etadi.
XX asr boshlarida dahaning Chorsu mahallasida 20 ta duradgorlik ustaxonasi bo‘lib, ularda o‘ymakor eshik va darvozalar, ustun, panjara, beshik va sandiqlar yasalgan. Toshpo‘lat Ayubxo‘jaev, Olimxo‘ja Poshoxo‘jaev, Mutal Tursunboev, Madalixo‘ja singari ustalar 1870 yildan 1913 yilgacha turli shaharlarda tashkil etilgan ko‘rgazmalarda qatnashib, oltin, kumush, bronza nishonlari, diplom va yorliqlar bilan taqdirlanganlar.
Mustaqillik yillarida Beshyog‘och maydoni va uning atrofidagi eski binolar ta’mirlanib, yangilari qurildi. Navoiy nomidagi Milliy bog‘, ulkan ko‘prik, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi binosi, qator ma’muriy, madaniy inshootlar, turar-joy binolari, sayilgoh va favvoralar bunyod etildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |