I. BOB. INTELEKTUAL FAOLIYAT NATIJALARI, XIZMAT VA TIJORAT SIRI FUQAROLIK HUQUQINING PRIDMETI SIFATIDA.
1.1.Nomodiy ne’matlarning tarkibiy qismi sifatida intelektual faoliyat natijalari, xizmat va tijorat siri
Moddiy ko‘rinishdagi ne’matlar (ashyolar) bilan bir qatorda nomoddiy ne’matlar ham fuqarolik huquqining obyekti hisoblanadi. Fuqaroga tug ‘ilganidan boshlab yoki qonun bo‘yicha tegishli bo‘lgan shaxsning hayoti va sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmati, shaxsiy daxlsizligi, ishchanlik obro‘si, xususiy va oilaviy siri, nomga bo‘lgan huquqi, tasvirga bo‘lgan huquqi, mualliflik huquqi va boshqa shaxsiy nomulkiy huquqlari nomoddiy ne’matlar hisoblanadi. Ular shaxsdan begonalashtirilishi yoki boshqa birovga o‘tkazilishi (berilishi) mumkin emas. Ayni vaqtda qonunlarda nazarda tutilgan hollar va tartibda marhumga tegishli bo‘lgan shaxsiy-nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy ne’matlar boshqa shaxslar, shu jumladan, huquq egasining merosxo‘rlari tomonidan amalga oshirilishi va himoya qilinishi mumkin. Nomoddiy ne’matlar – qonun tomonidan tan olinadigan, muhofaza qilinadigan moddiy ko‘rinishga ega bo‘lmagan hamda egasi (sohibi)ning shaxsidan ajratish mumkin bo‘lmagan ne’matlar va erkinliklardir.
Nomoddiy ne’matlarning quyidagi turlari mavjud:
intellektual faoliyat natijalari;
xizmat va tijorat siri;
shaxsiy nomulkiy huquqlar.
Nomoddiy ne’matlarning bir qismi, ya’ni intellektual faoliyat natijalari, xizmat va tijorat siri iqtisodiy mazmunga ega bo‘lib, tovar shakliga kiradi va mulkiy muomalada mutlaq huquq obyektlari sifatida namoyon bo‘ladi. Shaxsiy nomulkiy huquqlar esa fuqarolik muomalasida o‘ziga xos tarzda, tovar shakliga kirmagan va iqtisodiy mazmunga ega bo‘lmagan holda namoyon bo‘ladi. Nomoddiy ne’matlarning fuqarolik huquqi obyekti sifatidagi xususiyati shundaki, bunda birinchidan, buzilgan nomoddiy huquq mazmunidan, ikkinchidan, bunday buzilish oqibatlari xarakteridan kelib chiqqan holda fuqarolik huquqlarining himoya qilish usullaridan foydalanadi. Nomoddiy ne’matga nisbatan huquqlarni himoya qilishda ko‘p hollarda sud huquqni qayta tiklash yoki huquqbuzarliklarni to‘xtatishni ta’minlovchi choralar ko‘radi. Nomoddiy ne’matlar orasida shaxsning (yuridik shaxsning ham) sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si alohida o‘rinni egallaydi. Ayni vaqtda nomoddiy ne’matlar shaxsiy huquqlar nomi bilan yuritiluvchi o‘ziga xos huquqlar majmuini ham o‘z ichiga oladi (masalan, nomga, yashash joyini tanlashga, yozishmalar daxlsizligi, ya’ni sir saqlanishiga bo‘lgan huquq kabilar). FKning 99-moddasida nomoddiy ne’matlar huquq sohibiga yo tug ‘ilgandan boshlab tegishli bo‘ladi (yashash huquqi, sog‘-salomat bo‘lishiga bo‘lgan huquq, shaxs sha’ni, shaxsiy daxlsizligi, shaxsiy hayot daxlsizligi, xususiy va oilaviy sirga bo‘lgan huquqlar kabi) yoxud qonunga muvofiq huquq subyektiga tegishli bo‘ladi (masalan, nomga bo‘lgan huquq, erkin ko‘chib yurish huquqi, yashash joyini tanlash huquqi kabi) deb ko‘rsatilgan. Nomoddiy ne’matlar shaxsning o‘zidan begonalashtirilmaydi, biroq ularni amalga oshirish va himoya qilish uchinchi shaxslarga topshirilishi mumkin (masalan, yangi tug‘ilgan chaqaloqqa ism qo‘yish ota-onasi tomonidan amalga oshiriladi). Nomoddiy ne’matning ashyoviy mazmunga ega emasligi, uning sohibi bo‘lgan subyektning shaxsi bilan uzviy bog‘liq ekanligi zarur elementlar hisoblanadi, ba’zan ularning birortasi bo‘lmasligi ham mumkin. Nomoddiy ne’mat o‘z sohibining shaxsini individuallashtiradi, ijtimoiy mavqeini xarakterlaydi. Nomoddiy ne’matlarning amal qilish muddati cheklanmagan.
Ayni vaqtda bu belgilar shartli xarakterga ega, masalan, intellektual mulk nomoddiy ne’mat sifatida qaralsa ham, fuqarolik muomalasida o‘ziga xos tovar sifatida harakatda bo‘lishi mumkin.
Intellektual faoliyat natijalri. Fuqarolik huquqlarining obyekti sifatida intellektual faoliyat natijalari nomoddiy ne’matlarning tarkibiy qismi hisoblanadi. Intellektual faoliyat mahsuli, uning yaralish jarayoni va o‘ziga xos xususiyatlari odatdagi ashyolardan farq qiladi. Shuning uchun ular fuqarolik-huquqiy munosabatlarda. o‘ziga xos obyekt sifatida qaraladi.
Intellektual faoliyat ijodiy faoliyat hisoblanadi. Bu asosan aqliy mehnat kishilari – yozuvchilar, shoirlar, rassomlar, olimlar, injener-texnik xodim kabilar ijodiy faoliyatining mahsulidir.
Bunday faoliyat mahsuli fuqarolik qonun hujjatlari bilan qo‘riqlanishi uchun quyidagi shartlarga javob berishi kerak:
haqiqatda ijod mahsuli bo‘lishi, ya’ni original (o ‘ziga xos) bo‘lishi;
betakror bo‘lishi;
biror-bir obyektiv shaklda ifoda etilishi.
Bu mahsullarning ko ‘pchiligi g‘oyaviy-nomoddiy ko ‘rinishda bo‘ladi. Shu sababli ham ularga nisbatan odatdagi ashyolarga, moddiy obyektga nisbatan qo‘llaniladigan huquq me’yorlarini qo‘llab bo‘lmaydi. FK intellektual mulk obyektlariga:
intellektual faoliyat natijalari;
fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar, ishlar va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalar;
sohaviy qonunlarda nazarda tutilgan hollarda intellektual faoliyatning boshqa natijalari hamda fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalarni kiritadi. Insonning ijodiy tafakkuri bu obyektlar doirasini tinmay kengaytirib bormoqda (qog‘oz kashfiyotidan tortib – bugungi elektron ijod namunalari, nanotexnologiyalargacha).
Xizmat va tijoratsiri. FKning 98-moddasiga asosan xizmat va tijorat siri ham nomoddiy ne’matlar tarkibiga kiradi. Oshkor etilishi O‘zbekiston Respublikasi manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan fan, texnika, ishlab chiqarish va boshqaruv sohasiga doir ma’lumotlar xizmat sirini tashkil etadi (“Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi qonun). Tijorat siri – uchinchi shaxslarga noma’lumligi sababli fan-texnika, texnologiya, ishlab chiqarish, moliya-iqtisodiyot sohalarida hamda boshqasohalarda tijorat qimmatiga ega bo‘lgan, qonuniy asosda erkin foydalanilmaydigan axborot bo‘lib, ushbu axborot mulkdori uning maxfiyligini muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘radi 1(“Tijorat siri to‘g‘risida”gi qonun).
Tijorat siriga doir talablarga ko‘ra:
- uchinchi shaxslarga noma’lumligi sababli o‘z mulkdori uchun haqiqiy yoki potensial tijorat qiymatiga ega bo‘lishi;
- qonun hujjatlariga muvofiq hammaga ma’lum yoki hamma uchun ochiq bo‘lmasligi;
- uning maxfiyligi muhofaza qilish chora-tadbirlari bilan ta’minlangan bo‘lishi; - davlat sirlari va qonun bilan qo ‘riqlanadigan boshqa sir belgilariga ega bo‘lmasligi kerak. Tijorat sirining mazmuni va hajmi uning mulkdori tomonidan belgilanib, mulkdor undan o‘z ehtiyojlari uchun foydalanadi.
O‘zbekiston Respublikasi FKning 98-moddasiga asosan xizmat va tijorat sirlari ham nomoddiy ne'matlar tarkibiga kiradi2. Oshkor etilishi O‘zbekiston Respublikasi manfaatlariga zarar etkazishi mumkin bo‘lgan fan, texnika, ishlab chiqarish va boshqaruv sohasiga doir ma'lumotlar xizmat sirini tashkil etadi (1993-yil 7 - mayda qabul qilingan "Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida"gi qonunning 3-moddasi). Korxonaning tijorat siri deganda, korxonaning ishlab chiqarish, texnologiya axboroti, boshqaruvi, rejalash- tirilishi, moliyalashtirilishi, moliyasi va boshqa faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan hamda e'lon qilish (topshirish, oshkor bo‘lib qolishi) uning manfaatlariga zarar etkazishi mumkin bo‘lgan, davlat siri bo‘lmagan ma'lumotlar tushuniladi.
Xizmat va tijorat sirlari fuqarolik huquqi obyekti sifatida himoya qilinishi uchun quyidagi shartlar mavjud bo‘lishi lozim: birinchidan, xizmat yoki tijorat siri bo‘lgan ma'lumotlar uchinchi shaxslarga noma'lumligi sababli haqiqiy yoki nisbiy tijorat qiymatiga ega bo‘lishi kerak; ikkinchidan, bu ma'lumotlardan uchinchi shaxslarning xabardor bo‘lishga, bahramand bo‘lishga qonuniy asoslari bo‘lmasligi talab qilinadi;uchinchidan, sir hisoblangan axborot (ma'lumot) egasi uning maxfiyligini saqlashga doir choralarni ko‘rgan bo‘lishi zarur. Ushbu shartlardan birortasi mavjud bo‘lmasa, xizmat yoki tijorat sirlaridan foydalanganlik uchun fuqarolik-huquqiy javobgarlik yuzaga kelmaydi. Korxonalar va boshqa sub'ektlarning atrof-muhitni ifloslan- tirayotganligi yoki jamiyatga zarar keltirishi mumkin bo‘lgan boshqa salbiy faoliyatlari haqidagi ma'lumotlar xizmat yoki tijorat siri hisoblanmaydi. Tijorat sirlari egasi ulardan o‘z faoliyatida foydalanishi, shuningdek boshqalarga foydalanish uchun lisenziya shartnomasi asosida ruxsat berishga, sotishga, boshqacha usullarda tasarruf etishga haqli.
Do'stlaringiz bilan baham: |