O‘zbekiston Respublikasi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi. Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi – pensiya ta’minoti tizimidagi boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha majburiy badallar, ajratmalar va to‘lovlarning to‘liq yig‘ilishini ta’minlash, aholini davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy himoya qilish chora-tadbirlarini o‘z vaqtida mablag‘ bilan ta’minlash maqsadida tashkil etilgan.
Jamg‘arma mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmalari ijtimoiy ta’minot tuman (shahar) bo‘limlarining hisob raqamlarida jamlanadi.
Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha majburiy badallar va ajratmalar yig‘ilishini ta’minlashni, shuningdek, ushbu mablag‘larning jamg‘armaga to‘liq tushishi ustidan nazoratni O‘zbekiston Respublikasi soliq organlari amalga oshiradilar.
Jamg‘armaning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
– fuqarolarning ijtimoiy ta’minotga va ijtimoiy sug‘urtaga bo‘lgan davlat tomonidan kafolatlangan huquqlarini amalga oshirish; – qonun hujjatlariga muvofiq pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar, shuningdek, ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha
nafaqalar to‘lashga xarajatlarni mablag‘ bilan ta’minlash.
– davlat ijtimoiy sug‘urtasiga majburiy badallar va ajratmalarni
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmalari, ijtimoiy ta’minot tuman (shahar) bo‘limlarining maxsus maqsadli byudjetdan tashqari hisob raqamlarida jamlash.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga ko‘rsatmalar va uning joylardagi organlari:
– ishlamaydigan shaxslarga, yuridik shaxs bo‘lmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga, shuningdek ular tomonidan ijtimoiy sug‘urta badallari to‘langan taqdirda dehqon xo‘jaligi a’zolariga davlat pensiyalari, ijtimoiy nafaqalar, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish nafaqalari, bola tug‘ilganda beriladigan nafaqalar, dafn marosimi nafaqalarini o‘z vaqtida tayinlaydilar, moliyalashtiradilar va Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan to‘laydilar;
– «Fuqarolarning pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga muvofiq mehnatda mayiblanganlik yoki kasb kasalligi oqibatidagi nogironlik tufayli tayinlangan pensiyalarga to‘langan mablag‘larni aybdor yuridik va jismoniy shaxslardan regress da’volar bo‘yicha belgilangan tartibda undirib oladilar;
Yagona ijtimoiy to‘lov va fuqarolarning majburiy sug‘urta badallari moliyalash manbalaridan qat’iy nazar, soliq ushlanmalarini hisobga olishlarsiz, barcha ish haqi (daromad) turlariga hisoblanadi, bundan quyida ko‘rsatib o‘tilgan to‘lovlar mustasno:
1. Foydalanilmagan ta’til uchun kompensatsiya.
2. Ishdan bo‘shash chog‘idagi ishdan bo‘shash nafaqasi.
3. Moddiy yordam sifatida beriladigan pul nafaqalarining turli
xillari.
4. Kompensatsiya to‘lovlari (xizmat safarlariga oid sutkalik pullar va sutkalik pul o‘rniga to‘lanadigan to‘lovlar, ish bilan bog‘liq shikastlanish yoki boshqa xildagi sog‘liqqa yetkazilgan zarar natijasida ko‘rilgan zararning qoplanishiga oid to‘lovlar).
5. Ayrim toifadagi xodimlarga tekinga beriladigan kvartiralar, kommunal xizmatlar, yoqilg‘i, oylik yo‘l chiptalari qiymati yoki ularni qoplash qiymati.
6. Berilgan maxsus kiyim-bosh, maxsus poyabzal va yakka tartibdagi boshqa himoya vositalari, sovun, yog‘sizlantirish vositalari, sut va davolash-profilaktika ovqatlanishining qiymati.
7. Bepul ovqatlanish qiymati.
8. Tushliklarga oid dotatsiyalar, sanatoriy-kurortlarda
davolanishga, dam olish uylariga yo‘llanmalarning qiymati, stasionar va ambulatoriyada davolanish uchun to‘lovlar.
9. Ishlash uchun boshqa hududga o‘tkazish yoxud ko‘chib o‘tish chog‘ida borish, mol-mulkni tashish va xonani ijaraga olish bo‘yicha xarajatlarning qoplanishi.
10. Doimiy ishi yo‘lda o‘tadigan yoki sayyor tusga ega bo‘lgan yoxud xizmat safarlari munosabati bilan bog‘liq hollarda ish haqiga sutkalik to‘lov puli o‘rniga qo‘shimcha to‘lov va ustamalar.
11. Mehnat uchun taqdirlashlarsiz ishlangan kunlar (shanbaliklar, yakshanbaliklar va sh. k. ) uchun tegishli byudjet yoki hayriya fondlari hisobiga o‘tkaziladigan ish haqi.
12. Ish haqi fondi (mehnatga haq to‘lash fondi) hisobidan o‘tkaziladigan yubiley sanalari, tug‘ilgan kunlar munosabati bilan, uzoq yillik va nuqsonsiz mehnat faoliyati, faol jamoatchilik ishi uchun va boshqa shunga o‘xshash hollarda rag‘batlantirish to‘lovlari (bunga mukofotlar ham kiradi).
13. Musobaqalar, ko‘riklarda, tanlovlar va shu kabilarda sovrinli o‘rinlar uchun beriladigan pul mukofotlari.
14. Korxonalar va tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarishdan ajralgan holda o‘qish uchun yuborilgan o‘quvchilarga to‘lanadigan stipendiyalar.
15. Korxona, muassasa va tashkilotlar hisobidan yosh mutaxassislarga oliy yoki o‘rta maxsus o‘quv yurtini tamomla-ganlaridan so‘ng ta’til vaqti uchun to‘lanadigan nafaqalar.
16. Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar, ishsizlik bo‘yicha nafaqalar, ijtimoiy nafaqalar va pensiyalar.
Doimiy ravishda xorijda istiqomat qiluvchi, mulkchilik shakllaridan qat’iy nazar O‘zbekiston Respublikasi korxonalari (tashkilotlari, muassasalari)da fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar bo‘yicha ishlovchi xorijiy davlatlar fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining daromadlaridan (ish haqlaridan) yagona ijtimoiy to‘lov va davlat ijtimoiy sug‘urtasiga oid majburiy sug‘urta badallari hisoblanmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |