Muammolarni hal qilishda biz qanchalik uddaburon va topqir bo‘lmaylik, bu jarayonga ikkita kognitiv effekt – oldindan paydo bo‘lgan fikr va fiksatsiyalar (regidlik) aralashadi. Muammoni hal qilishdagi asosiy to‘siq bizning g‘oyalarimiz – oldindan paydo bo‘lgan fikr sifatida ma’lum bo‘lgan ko‘rinishni tasdiqlaydigan ma’lumotni topishga intilish hisoblanadi. Rigidlik - muammoni yangi aspektda ko‘rishga loyoqatsizlik, masalani echish yo‘lidagi to‘siqlar namoyon etadi20.
Vazifani hal qilishdagi asosiy to‘siq rigidlik – muammoni yangi burchakdan ko‘ra olishga layoqatsizlik hisoblanadi. Biz muammoni o‘zimiz noto‘g‘ri tasavvur qilishimiz sababli bu tasavvurni o‘zgartirish va muammoga yangicha yondoshishimiz qiyin bo‘ladi. Biz muayyan yechimlarga sababsiz diqqatni jamlamaymiz: o‘tgan safar ish bergan echim ko‘pincha yangi vazifani hal qilishda ham qo‘l keladi. Masalan, quyidagi topshiriqni ko‘rib chiqing:
B-I-U-T-?-?-? oxirgi uchta harf qanday?
Ko‘pchilik odamlar oxirgi uchta harf B(esh), O(lti) va E(tti) ekanini fahmlashga qiynaladilar. Biroq bu topshiriq keyingilarini echishni osonlashtiradi:
YA-F-M-A-?-?-? ushbu ketma-ketlikda oxirgi uchta harf qanday? (Agar bu topshiriq sizga murakkab tuyulsa, o‘zingizdan hozir qaysi oyligini so‘rang).
Garchi avvalgi muvaffaqiyat bizga keyingi topshiriqni bajarishga yordam bersa-da, biroq ba’zida yangi echimni topishda xalaqit qilishi ham mumkin. O‘tgan gal ish bergan echimni takrorlash – bu aqliy shablon deb nomlanuvchi rigidlilik turidir. Mental shablon, idrok etish jarayonidan ko‘ra topshiriqni yechish jarayoniga daxl qilishini istisno qilganda, idrok etish stereotipini eslatadi21.
Ijodiy fikrlashni ta’minlovchi omillar:
Fikr yuritish faoliyatida eng avval hal qilinishi zarur bo‘lgan masala inson tomonidan aniqlab olinishi kerak.
Muammo yoki masalani hal qilish zarur bo‘lgan barcha bilimlarni tatbiq qilish uchun intilish.
Masalaga, muammoga taalluqli gipoteza olg‘a suriladi, bosqichlar taxmin qilinadi, yechim to‘g‘risida farazlar ishlab chiqiladi, turli variantlar hamda variatsiyalar haqidagi mulohaza yuritiladi, o‘zaro xayolan solishtirib, eng samarali alomatlar ajratiladi va hokazo
Muammo oldiga qo‘yilgan farazni tekshirish zarurati tug‘iladi.
Muammoni nazariy jihatdan hal qilish uchun ilgari surilgan gipoteza adekvat emasligi, noto‘g‘ri ekanligi aniqlansa, u fikr yuritish obyektidan siqib chiqariladi va yangi farazlar, o‘ylar taxmin qilinadi yoki o‘ylab topiladi.
Bizning oqilligimiz, uddaburonligimizning ijobiy tomonlaridan biri bu tushunchalarni shakllantirish va ulardan kerakli vaziyatlarda foydalana olish qobiliyatimizdir. Boshqa biri esa, notanish vaziyatlarga tushganda, muammolar bilan to‘qnash kelganda ularni hal qila olish malakamizdir. Ba’zan muammolarni sinash va yanglishish usullari bilan hal qilamiz. Tomas Edison lampochkani qizdirish uchun ishlaydiganini topguniga qadar minglab iplarni sinab ko‘rgan va o‘z oldiga qo‘ygan muammoni echimini topa bilgan. Ba’zi muammolarni echish uchun esa, algoritm, ya’ni kafolatlangan echim beradigan qadamba-qadam jarayonlarga amal qilamiz. Agar bizga SPLOYOCHYG to‘plamidagi barcha harflardan foydalanib (ingliz tilida) so‘z tuzishni taklif qilishsa, biz har bir so‘zni mumkin bo‘lgan barcha joylarga, pozitsiyalarga qo‘yib ko‘ramiz, biroq 907 208 kombinatsiyadan muvofiq so‘z tuzish va tekshirish juda ko‘p vaqtimizni oladi. Madomiki, qadam-baqadam jarayon juda ko‘p vaqt talab qiladigan hamda sermashaqqat jarayon bo‘lganligi uchun biz ko‘pincha muammolarni soddaroq usulda birmuncha yaqin, evristika deb nomlanuvchi usul, yo‘l yordamida eychamiz. Shunday qilib, SPLOYOCHYG to‘plamidagi barcha harflarni qayta qo‘yib chiqish jarayonida ikkita Y harfini yonma-yon joylashgan harflar birikmasiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilamiz. Dastlab taxminiy evristika usulidan foydalanib, keyin esa sinash va yanglishish usullarini qo‘llab biz javob topishimiz, topshiriqni bajarishimiz mumkin22.
Muammo va masalani hal qilish, yechish, olingan natijalarning to‘g‘riligiga qanoat hosil qilish uchun yechuvchi, uni tekshirish bilan tafakkur harakatlarini yakunlaydi. Ijodiy tafakkurning navbatdagi tarkibiy qismlari quyidagicha aks ettiriladi: qo‘yiladigan savollarga javob berish, masalani yechishga yordam beradigan yo‘llar, usullar, vositalar, qoidalar va ko‘nikmalarni qidirish, ularni tanlash hamda mazkur faoliyatda ularni tatbiq qilish va boshqalar23.
Ijodiy tafakkur turi o‘zining samaradorligi va dolzarbligi, universalligi bilan boshqa fikr yuritish jarayonlaridan farq qiladi, yangi-yangi muammolarni o‘ylab chiqish jarayoni bo‘lib, insonning bilish faoliyatida yetakchi rol o‘ynaydi24.
Psixologiya fanida tafakkur realistik va autistik turlarga ajratiladi.
Yirik sobiq sovet psixologlaridan biri Z.I.Kalmikova o‘z tadqiqotlarida tafakkurni produktiv va reproduktiv turlarga ajratib o‘rgangan edi.
Qisqa vaqt birligi ichida yangi original fikrlar yaratish yoki muhim ilmiy, amaliy masalalarni hal qilish bilan belgilanadigan tafakkur produktiv tafakkur deb ataladi. Reproduktiv tafakkur esa passiv, tayyor mulohazalarni o‘zlashtirib olishga va “tayyor holda” undan foydalanishga qaratilgan insonning bilish faoliyati ko‘rinishidir.
Fazoviy tafakkur muammosi atoqli rus psixologi B.G.Ananev va uning shogirdlari tomonidan tadqiq qilingan bo‘lib, keyingi yillarda bu muammo yuzasidan taniqli psixolog
I.S.Yakimanskaya tomonidan kasb-hunar kolleji o‘quvchilarida tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Fazoviy tafakkur deganda narsa va hodisalarning fazoda ratsional joylashishi, zamon va makon munosabatlarini, murakkab bog‘lanishlarini adekvat ravishda aks ettirishdan iborat fikr yuritish jarayoni tushuniladi, tasavvurlar, xotira va xayol tasavvurlari bilan uzviy bog‘liq holda namoyon bo‘ladi.
Ba’zida biz ma’lum bir vazifani hal qilish uchun muayyan, aniq bir strategiyadan foydalanayotganimizni anglamaymiz. Javob bizga o‘z-o‘zidan xayolimizga keladi. Har bir ko‘plab qismdan iborat mozaikaga o‘xshash vazifalarni echimi ustida qanchalik uzoq vaqt o‘ylanganini keyinchalik eslashimiz mumkin. Keyin to‘satdan barcha qismlar birikib, echim yarq etib xayolimizga kelib qoladi. Bunday tasodifiy portlash qobiliyatini psixologlar insayt deb ataydilar. O‘n yoshli Djonni Epplton quruvchilarni bir metr chuqurlikdagissementli devor blokiga tushib ketgan chumchuqsimonlarga mansub sayroqi qushni qanday ozod qilish muammosining yechimida o‘z zakovatini namoyon etgani hayratga soldi. Djonni muammoni quyidagicha yechdi: chuqurga sekin-asta qum sepish kerak, bunda qushning doimiy ravishda ko‘tarilib borayotgan qum uyumining ustiga chiqib olishi uchun vaqt berish kerak (Ruchlis,1990)25.
Bizning hayotimizda insayt oydinlashuv holatining namoyon bo‘lishi ko‘pincha qoniqish tuyg‘usini uyg‘otadi. Murakkab vazifani hal qilib yoki nizoni qanday bartaraf etishni tushunib biz o‘zimizni baxtiyor sezamiz. Hazilning mohiyati analogik tarzda bizning insayt – kutilmagan yakun yoki ikkilamchi mazmunni nogahoniy tushunishga bo‘lgan qobiliyatimizdan iborat bo‘lishi mumkin. Biz professor Smitning hamkasblari bilan talabalarning uning ma’ruzasini bo‘lishlari haqidagi suhbatidagi hikoyada: “Men endigina nimadir demoqchi bo‘lsam, qaysidir talaba gapirishni boshlaydi”, ikkilangan mazmunni topamiz26.
Tafakkur borasidagi psixologik nazariyalar talqini
Tafakkur muammosi xorij psixologiyasida keng doirada tadqiq qilinib, atroflicha bilimlar va ma’lumotlar zahirasi to‘plangan. Aynan keltirilgan ma’lumotlarda tafakkur tushunchasi turli nuqtai nazarlardan tahlil qilinadi.
Ekzistensializmning asoschisi bo‘lmish nemis faylasufi Martin Xaydeger (1889-1978) tushunish uchun o‘z diqqatimizni qarata olsakkina biz fikrlashga o‘rganamiz-deb yozadi. Uning fikricha, narsa va voqealarning mohiyatini tushunish, anglab etish, inson fikrlash jarayonida muhim o‘rin egallaydi. Tushunishni talab qiladigan narsa insonni fikrlashga undaydi. Tushunishni talab qiladigan narsa hech qachon biz tomonimizdan yaratilmaydi.
Xaydegerning fikricha, tafakkur mavjudligining asosiy xislati bu tasavvurdir. Tafakkur haqidagi ta’limotga asosan tasavvur fikrda ifoda etiladi. Shuning uchun ham tafakkur haqidagi ta’limotni logika, mantiq deb ataydi.
K.R.Megrelidzening ta’kidlashicha, insondagi biror ruhiy hodisa ijtimoiy omilni hisobga olmasdan turib, to‘g‘ri tushuntirilishi mumkin emas. Bu narsa birinchi navbatda tafakkurga taalluqlidir. Tafakkurning ijtimoiy hayotning boshqa ko‘rinishlarisiz o‘rganish mumkin emas.
Inson tafakkurining usullari nerv tizimida ham, miyasida ham emas, balki bir davrda mana shunday idrok etishga, o‘ylashga, ishlashga, boshqa bir davrda esa nerv faoliyatini boshqacha ishlashga yo‘llaydigan ijtimoiy sharoitda aks etadi.
Insonlar fikrlari va qarashlari individual tartibda emas, ijtimoiy munosabatlar tufayli sodir bo‘ladi. Bu haqda K.R.Megrelidze shunday yozadi: inson tafakkuri tabiiy va biologik qonunlar bo‘yicha emas, balki ijtimoiy – tarixiy qonuniyatlar yo‘lida harakatlanadi. Insonning fikrlash usuli avvalo ijtimoiy hodisadir. Fikr hech qachon o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi, fikr biror narsa haqida, biror predmet haqida bo‘lishi mumkin. Predmetsiz fikrning bo‘lishi mumkin emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |