1-jadval Markazlashtirilgan manbalar hisobiga amalga oshiriladigan kapital qurilishni moliyalashtirish va kreditlash sxemasi
Bosqichlar
Tadbirlar
Muddatlar
Mas’ullar
1-bosqich
Tasdiqlangan Investitsiya dasturiga muvofiq buyurtmachilar qurilishlarning aniq va titul ro’yxatlarini, kelgusi yillar loyihalash ishlarining aniq ro’yxatlarini belgilab tartibda kelishib oladilar va tasdiqlaydilar
10 yanvargacha
Buyurtmachilar, pudratchilar
2-bosqich
Xizmat ko’rsatuvchi bankda moliyalashtirish boshlanadi
Yanvar
Buyurtmachilar, xizmat ko’rsatuvchi banklar
3-bosqich
Yilning dastlabki ikki oyida teng ulushlarda ishlar qiymatining 30 foizigacha miqdorda avans ajratiladi
Yanvar-fevral
Moliyalashtiruvchi organlar, buyurtmachilar, xizmat ko’rsatuvchi banklar
4-bosqich
Ob’ekt moliyalashtirish va ishlarni bajarish jadvallariga muvofiq berilgan avans hisobga olingan holda ob’ekt qiymatining 50 foiziga miqdorda joriy moliyalashtiriladi
Moliyalashtirish va ishlarni bajarish jadvallariga muvofiq
Moliyalashtiruvchi organlar, buyurtmachilar, xizmat ko’rsatuvchi banklar
5-bosqich
Pudratchi tomonidan qurilish ob’ekti qiymatining qolgan 50 foizini moliyalashtirish uchun xzimat ko’rsatuvchi bankda kredit rasmiylashtiriladi
Moliyalashtirish va ishlarni bajarish jadvallariga muvofiq
Pudratchilar, xizmat ko’rsatuvchi banklar
6-bosqich
Qurilish ob’ektni qiymatining 45 foizi miqdorida haq to’lanadi
Ob’ekt qabul qilingan kundan boshlab bir oy mobaynida
Moliyalashtiruvchi organlar, buyurtmachilar, xizmat ko’rsatuvchi banklar
7-bosqich
Qurilish ob’ekti qiymatining 5 foizi miqdorida haq to’lanadi.
Kafolatli muddat tugagandan keyin
Moliyalashtiruvchi organlar, buyurtmachilar, xizmat ko’rsatuvchi banklar
Tasdiqlangan Investitsiya dasturi bo’yicha kapital qo’yilmalarni moliyalashtirish limitining (avans to’langandan va 50 foizgacha miqdorda joriy moliyalashtirilgandan keyin) qolgan qismi tasdiqlangan limitlar doirasida markazlashtirilgan manbalar hisobiga aniq mo’ljalli qurilishlar ro’yxatlarga kiritilgan ob’ektlarda ishlaydigan pudrat tashkilotlarini kreditlash uchun kredit resurslari hosil qilish manbai sifatida vaqtinchalik asosida, oyma-oy xizmat qiluvchi banklarga beriladi.
Investitsiya loyihasini amalga oshirish qatnashchilari o’rtasidagi hisob-kitoblar ular o’rtasida tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun har oyda, hisobot davridan keyingi oyning 5-kunidan kechikmay, buyurtmachilar tomonidan moliya organiga mazkur Nizomga muvofiq tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga belgilangan shakl bo’yicha markazlashtirilgan kapital qo’yilmalardan foydalanilishi to’g’risida hisobotlar taqdim etiladi.
Ob’ektni foydalanishga tayyor holda qurishda buyurtmachi tomonidan moliya organiga mablag’ bilan ta’minlash jadvaliga muvofiq qiymatining 50 foizi doirasida ob’ekt qurilishiga avans beri shva joriy mablag’ bilan ta’minlash uchun mablag’ ajratishga buyurtmanoma taqdim etiladi. Quyida markazlashtirilgan manbalar hisobiga amalga oshirilayotgan kapital qurilishni mablag’ bilan ta’milash va kreditlash jadvali keltirilgan.
Loyiha oldi izlanishlarining muhim bosqichlaridan biri - bo’lg’usi investitsion loyihani amalga oshirish qiymatini baholash hisoblanadi. Loyiha qiymatini aniqlash uchun asos bo’lib loyihani alohida qismlari (qurilish, texnologik va tashkiliy) bo’yicha va ularni amalga oshirish bo’yicha ishlanmalar xizmat qiladi. Bunday tarzda olingan ishlar va texnologik uskuna harid qilish qiymati loyihaning texnik-iqtisodiy ko’rsatkichlarini hisoblab chiqishga, ularni boshqa shunday turdagi loyihalar bilan taqqoslashga, loyihalashtirishdagi afzalliklar va kamchiliklarni aniqlashga, kapital qo’yilmalarning samaradorligini oshirish bo’yicha asosiy vazifalarni shakllantirishga imkon beradi. Loyiha smeta hujjatlari loyiha byudjetini shakllantirish va uni bajarilishi ustidan nazorat qilishga asos bo’lib xizmat qiladi.
Smeta asosida qurilish ishlari xarajatlari: texnologik, energetik, ko’tarma-transport va boshqa uskunalar, korxona faoliyat ko’rsatishi uchun zarur bo’lgan boshqa asboblar va ishlab chiqarish inventarlari haridi xarajatlari; ushbu uskunalarni o’rnatish ishlari xarajatlari; qurilish maydonini o’zlashtirish xarajatlari; texnik va mualliflik nazoratini amalga oshirish xarajatlari; loyiha hujjatlarini ishlab chiqish xarajatlarini o’z ichiga oluvchi kapital qo’yilmalar hajmi aniqlanadi.
Qurilish-montaj ishlarining smeta qiymati buyurtmachilar va pudratchilar, uskunalar etkazib beruvchilar bilan shartnomalar tuzish va shartnoma bahosini aniqlash hamda ular o’rtasida hisoblashishni amalga oshirish uchun ishlatiladi.
Smeta qiymati ko’rsatkichlari ishlab chiqarish va noishlab chiqarish ob’ektlarini qurish va rekonstruktsiya qilish bo’yicha loyihaviy echimlar variantlarini baholash va ulardan iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofig’ini tanlash uchun zarur bo’ladi. Bundan tashqari, smeta qiymati qurilishni tashkil etish va ishlarni bajarish variantlarini taqqoslash, konstruktiv va bajariladigan ishlar hajmini aniqlash hamda qurilish materiallar va uskunalarni tanlash uchun ishlatiladi.
Qurilishning smeta qiymatini haqqoniy belgilash loyihani o’z vaqtida amalga oshirilishiga xizmat qiladi. Qurilish qiymatini dastlabki hisob-kitobi yiriklashtirilgan me’yorlar bo’yicha loyiha oldi bosqichida texnik-iqtisodiy asosnomani ishlab chiqish davomida amalga oshiriladi. Ishlab chiqarish ob’ektlari uchun iqtisodiyot tarmoqlari va tarmoqning ichki sohalari korxonalari texnologik modellari asosida ishlab chiqilgan qurilish bazis qiymatining yiriklashtirilgan me’yorlari (QBQYM) qo’llanilishi mumkin. Ijtimoiy-madaniy soha ob’ektlari bo’yicha ularning qiymatini joriy va kelgusi narxlarda aniqlash uchun loyihalashtirishning dastlabki bosqichida ob’ekt-namoyondalar asosida ishlab chiqiladigan QBQYM dan foydalanish tavsiya etiladi.
Loyihalashtirilayotgan korxonalar, bino va inshootlar, ob’ektlar, ularning qismlari va ish shaklarining smeta qiymati loyihalar (eskiz loyihalar) va ishchi hujjatlar tarkibida ularni loyihalashtirish jarayonida aniqlanadi. Buning uchun loyihalash va izlanish ishlari smetalarini o’z ichiga oluvchi qurilishning yig’ma smetasi, ob’ekt va lokal smetalar tuziladi.
Yig’ma smeta hisob - korxona, bino va inshootlar qiymatini belgilab beruvchi asosiy hujjat hisoblanadi. U ob’ekt bo’yicha va lokal smetalar hamda ob’ekt bo’yicha va lokal smetalarda aniqlashtirilmagan qo’shimcha xarajatlar bo’yicha smeta hisobi asosida tuziladi.
Qurilishning yig’ma smeta hisobi 12 ta bobni o’z ichiga oladi:
- qurilish maydonini tayyorlash;
- asosiy qurilish ob’ektlari;
- xo’jalik ichidagi yordamchi ishlab chiqarish va xizmat qo’rsatish ahamiyatidagi ob’ektlar;
- energetika xo’jaligi ob’ektlari;
- transport xo’jaligi va aloqa ob’ektlari;
- suv ta’minoti, oqava suvlar va gaz ta’minoti tarmoqlari va inshootlari;
- hududni obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish;
- vaqtinchalik bino va inshootlar;
- boshqa ish va xarajatlar;
- kadrlarni tayyorlash;
- loyihalash va tadqiqot ishlari.
Qurilishning yig’ma smeta hisobida alohida moddada ko’zda to’tilmagan ishlar va xarajatlar uchun mablag’lar zahirasi tashkil qilinadi.
Qurilishning smeta qiymatini aniqlash uchun uchta usuldan foydalaniladi: bazis-kompensatsion, resursli va resurs-indeksli usullar.