3.
Auditor axloqi (etikasi)
Auditor etikasi (axloqi). Yuzaki qaraganda unchalik tanish va odatiy
bo’lmagan so’z birikmasi. Masalan, pedagog yoki vrach etikasi, odatda, hammaga
tanish va hech kimni hayratlantirmaydi. Bular kasb etikasining turlari bo’lib,
kishilarning kasbiy faoliyatlaridan kelib chiqadi va ular o’rtasidagi o’zaro
munosabatlarning ma’naviy-ahloqiy jihatlarini tavsiflaydi. Barcha axloqiy
talablar umuminsoniy negizga ega bo’lishiga qaramasdan, ayrim kasb turlari
uchun ularning o’ziga xos ahloqiy me’yorlari shakllangan. Bunday kasb egalari
sohani ham nazariy, ham uslubiy, ham amaliy jihatdan yuksak professional
darajada bilishlari bilan birga, shakllangan, me’yoriy-huquqiy asosga ega ahloqiy
jihatlari bilan ham boshqalardan ajralib turadi. Auditorlik ham mana shunday
murakkab kasblar qatoriga kiradi.
Shu boisdan, mamlakatimizda «O’zbekiston auditorlarining kasbga oid ahloq
kodeksi » ishlab chiqilib, O’zbekiston buxgalterlar va auditorlarining milliy
assotsiatsiyasi (O’BAMA tomonidan-26.08.2005y.) va O’zbekiston Auditorlar
Palatasi (O’AP tomonidan- 25.06.2005y.) amaliyotga tadbiq etildi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, vrach etikasi, Gippokrat qasamyodi bizga
qadimdan tanish tushunchalar. Auditor bajaradigan ishlarni esa vrach vazifalari
bilan qiyoslash mumkin. Farqi shundaki, vrach bajaradigan xayrli ish inson
organizmi bilan bog’liq bo’lsa, auditor faoliyati «korxona organizmi» ustida,
unga aniq «tashhis» qo’yib, moliyaviy sog’lomlashtirish ustida olib boriladi.
Lekin, ayrim hollarda auditordan «vaziyatni tushunish», «yuz-xotir qilish»,
«ko’zni chirt yumish» kabilar talab qilinadi. Bunday hollarda qanday yo’l tutish
kerakligi «O’zbekiston auditorlarining kasb etikasi kodeksi» loyihasida bayon
etilgan.
Kodeks 18 ta moddadan iborat bo’lib, auditorlar oldiga qo’yiladigan ahloqiy
talablar mazmuni haqida ushbu moddalar orqali tasavvurga ega bo’lish mumkin:
1-modda. Vijdonlilik va obektivlik.
53
2-modda. Ahloqiy nizolarni hal etish.
3-modda. Professional kompetentlilik.
4-modda. Maxfiylik.
5-modda. Soliq amaliyoti.
6-modda. Xalqaro faoliyat.
7-modda. Omma uchun axborotni taqdim etish.
8-modda. Mustaqillik.
9-modda. Kasbiy layoqatlilik va auditor bo’lmagan shaxslardan foydalanishga
bog’liq majburiyatlar.
10-modda. Shartnoma bo’yicha va komission to’lovlar.
11-modda. Auditor amaliyotiga muvofiq kelmaydigan faoliyat.
12-modda. Boshqa auditorlar bilan munosabatlar. Yangi xodimlarni qabul
qilish.
13-modda. Reklama va xizmatlarni taklif qilish.
14-modda. Manfaatlar nizosi.
15-modda. Hamkasblarni qo’llab-quvvatlash.
16-modda. Professional kompetentlilik.
17-modda. Axborotlarni taqdim etish.
18-modda. Intizomiy choralar.
Auditorlik kasbining axloqiy me’yorlari uning tarixiy taraqqiyoti yo’lida
shakllangan: mustaqillik, kompetentlilik (puxta bilimga egalik), halollik,
vijdonlilik, haqqoniylik va maxfiylik (sir saqlash) kabi xalqaro printsiplari
negizida shakllangan. Ushbu printsiplar mazkur loyihaning yuqorida keltirilgan
moddalarida o’z ifodasini topgan. Shu boisdan, bularga batafsilroq to’xtalib
o’tamiz.
Loyihada malakali auditorlarning kasbga oid ahloqiy me’yorlari
mujassamlashgan, auditorlik hamjamiyati muhitida qaror topgan ahloq-odob
qadriyatlari aniqlangan. Umuminsoniy va kasb etikasi me’yorlariga auditorlik
tashkilotining rahbari, har bir auditori va boshqa xodimlari qat’iy rioya qilishlari
zarur.
54
Auditor uchun eng yuqori ahloqiy me’yor har qanday vaziyatda ham qonunni
ustun qo’yish, ishonchga sazovor aniq dilillarga asoslangan auditorlik xulosasi
tuzish, yo’l qo’yilgan xato-kamchiliklarni tahlil qilib, ularni tuzatish yo’llarini
aniqlash, korxona moliyaviy ahvolini yaxshilaydigan tavsiyalar berishdan iborat.
Buning uchun auditorning kasb mahorati vijdon, or-nomus kabi ahloqiy fazilatlar
bilan ham uyg’unlashgan bo’lmog’i lozim.
Auditor hamma vaqt mustaqil bo’lishi kerak. Bu printsip, agar auditorlik
tashkiloti va mijoz-korxona o’rtasidagi munosabatlar (moliyaviy, qarindosh-
urug’chilik yoki shaxsiy tobelik, boshqaruv organlari yoki umumiy loyihalarda
qatnashish, buxgalteriya hisobini yuritish bo’yicha oldindan xizmat ko’rsatish va
h.k.) auditorlik faoliyati natijalariga ta’sir ko’rsatadigan bo’lsa, auditorlik
tashkiloti audit o’tkazish yoki professional xizmat ko’rsatishdan voz kechish
lozimligini bildiradi.
Audit o’tkazish yoki professional xizmat ko’rsatish chog’ida auditor
professional kompetentlilikka rioya qilishi zarur. Audit o’tkazish yoki
professional xizmat ko’rsatish bo’yicha majburiyat olgan auditor mazkur sohada
o’zining kompetentliligiga ishonch hosil qilishi lozim. Xususan, o’z majburiyatini
vijdonan bajarishi, auditorlik xizmatlarini kafolatlay olishi uchun zamonaviy
metodikaga asoslangan va barcha amaldagi me’yoriy hujjatlar qoidalari hisobga
olingan, etarli darajadagi bilim va tajribaga ega bo’lishi lozim.
Auditor o’zining bilim va tajribasi etishmagan, hamda uning malaka
sertifikatiga mos kelmagan hollarda auditorlik tekshiruvlari o’tkazmasligi va
professional xizmatlar ko’rsatmasligi kerak.
Auditorlik tashkiloti murakkab masalalarni hal qilishda auditorga yordam
berish uchun malakali ekspert-mutaxassislarni jalb qilishi mumkin. Ta’bir joiz
bo’lsa, Luqmoni Hakimning o’gli Saronga aytgan: «Bilmagan narsangda ustozlik
qilma» degan nasihatini eslatishimiz o’rinlidir.
Auditorlar buxgalterlik hisobi, soliqqa tortish, moliyaviy faoliyat va fuqarolik
huquqi, auditni tashkil etish va rejalashtirish, qonunchilik, buxgalterlik hisobi va
auditorlik faoliyatining milliy va xalqaro standartlari, hamda normalari sohasidagi
55
o’z professional bilimlarini doimo yangilab borishlari lozim.
Audit o’tkazish yoki professional xizmat ko’rsatishda auditor halol bo’lishi,
barcha vujudga kelgan vaziyatlar va real faktlarni shaxsiy adovatlarga yo’l
qo’ymasdan, xolisona o’rganishi, auditorlik faoliyatining xalqaro va milliy
standartlari talablariga rioya qilishi lozim. Agar u halollikni rad etib, tez boylik
orttirish maqsadida «imzosini sotish» yo’liga o’tib olsa, o’zining kasb mahoratini
yo’qotadi. Natijada, auditorlik xizmati bozorida o’ziga o’rin topa olmaydi va
auditorlik hamjamiyatida beobro’ bo’lib qoladi.
Auditor soliq qonunchiligining barcha jihatlariga qat’iy rioya qilishi lozim.
Soliqqa tortish bo’yicha professional xizmat ko’rsatish chog’ida auditor mijoz-
korxona manfaatlarini himoya qiladi. Lekin u mijoz-korxona soliqni yashirish va
soliq organini aldash maqsadida hujjatlarni qalbakilashtirishga yo’l ko’rsatmasligi
kerak. Soliq hisob-kitoblari va to’lanishi bo’yicha tekshiruv jarayonida
aniqlangan barcha xato-kamchiliklar to’g’risida mijoz-korxona ma’muriyatiga
bildirishi zarur.
Auditor tekshiruv jarayonida olingan mijoz-korxona faoliyati to’g’risidagi
barcha axborotlarni, uning bilan aloqa to’xtatilgan yoki davom etayotganligidan
qat’iy nazar, cheklanmagan vaqt davomida maxfiy saqlashi lozim. Auditor ushbu
axborotlarni o’z foydasi uchun yoki har qanday uchinchi tomon foydasi uchun,
hamda mijoz-korxona manfaatlariga zid ravishda ishlatishga haqli emas.
Auditorlik tashkiloti, auditor yordamchilari hamda boshqa xodimlari maxfiy
axborotlarning saqlanishi uchun javobgar hisoblanadi.
Quyidagi hollarda mijoz-korxonalarning maxfiy axborotlarini chop etish va
boshqa shaklda oshkor qilish professional etikani buzish hisoblanmaydi:
O’zbekiston Respublikasi Auditorlik Faoliyati Milliy standartlariga rioya
qilishda;
Sudlashuv jarayonlarida auditorlarning professional manfaatlarini himoya
qilishda;
Tashkilot, ishtirokchi yoki professional organ tomonidan o’tkazilgan
56
sharhlar sifatining muvofiqligini tekshirishda;
Tashkilot, ishtirokchi yoki tartibga soluvchi organ tomonidan o’tkazilgan
so’rov yoki tergov jarayonida savollarga javob berishda.
Auditorlik tashkiloti o’z professional xizmatlarining shart-sharoitlari va haq
to’lash tartibini mijoz-korxona bilan oldindan kelishib, shartnomada aks ettirishi
zarur. Auditorlik xizmatlari uchun to’lanadigan haq ko’rsatiladigan xizmatlarning
hajmi va sifati bilan aniqlanib, ularning murakkabligi, auditorlarning malakasi,
tajribasi, professional obro’si va mas’uliyatlilik darajasiga bog’liq. Auditorlik
xizmatlarini reklama qilish halol, odob doirasidan chetga chiqmagan, mijozlarni
aldash va adashtirish ehtimolidan uzoq bo’lishi lozim.
Auditorlar hamkasblari bilan yaxshi munosabatda bo’lishlari, ular bilan
auditorlik tajribalarini almashishlari, ular faoliyatini asossiz tanqid qilmasliklari
lozim. Hamkasblarining kamchiliklarini ko’rsatish faqat do’stona va samimiy
tarzda bo’lishi kerak.
Yuqorida ko’rsatilgan ahloq me’yorlariga rioya qilish auditorlarning yuqori
ahloqi va professional mas’uliyatlari jamoatchilik fikrida ushbu kasbga hurmat va
ishonchni saqlashning obektiv zarurligi bilan kafolatlanadi.
Xalqaro amaliyotda «Auditorlarning kasb ahloqi Kodeksi» vaqti-vaqti bilan
yangilanib, ayrim qoidalari yangi tahrirda tasdiqlanmoqda, ularga yangi
tushuntirishlar va izohlar berib borilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |