12.6. Bankrotlik taomillari: kuzatuv, tashqi boshqaruv, sanatsiya, tugatishning o‘ziga xos xususiyatlari
Huquqiy shaxsning bankrotligi to‘g‘risidagi ish ko‘rilayotganda quyidagi taomillar qo‘llaniladi:
Kuzatuv – sud tomonidan qarzdor yuridik shaxsga nisbatan uning mol-mulki but saqlanishini ta’minlash, qarzdorning moliyaviy, ahvoli tahlilini o‘tkazish maqsadida qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza qabul qilingan paytdan e’tiboran keyingi taomilga qadar qo‘llaniladigan taomili;
Sudgacha sanatsiya qilish – qarzdor yuridik shaxsning muassislari (ishtirokchilari) yoki uning mol-mulki egalari, kreditorlar va boshqa shaxslar tomonidan qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklash hamda bankrotligining oldini olish maqsadida ko‘riladigan chora-tadbirlar;
Sudgacha sanatsiya qilish bankrotlik alomatlari yuzaga kelgan taqdirda, qarzdorning rahbari bu haqda qarzdorning muassislariga (ishtirokchilariga), boshqaruv organlariga yoki qarzdorning mol-mulki egasiga yozma shaklda xabar qilishi shart.
Sud sanatsiyasi – sud tomonidan qarzdor yuridik shaxsga nisbatan uning to‘lov qobiliyatini tiklash hamda kreditorlar oldidagi qarzini uzish maqsadida qarzdorning ishlarini boshqarish vakolatlarini sanatsiya qiluvchi boshqaruvchiga o‘tkazmagan holda qo‘llaniladigan taomil;
Sud sanatsiyasi ko‘pi bilan yigirma to‘rt oylik muddatga joriy etiladi, bu muddat majburiyatlarni bajarish ta’minotini bergan shaxslar kreditorlarning talablarini qondirishi uchun sud tomonidan ko‘pi bilan olti oyga uzaytirilishi mumkin.
Kelishuv bitimi – taraflarning sud nizosini o‘zaro yon berish asosida tugatish to‘g‘risidagi bitimi.
Tashqi boshqaruv – sud tomonidan bankrotlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish chog‘ida tayinlanadigan hamda qarzdorning mol-mulkini boshqarish vakolatlarini tashqi boshqaruvchiga o‘tkazgan holda qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklash maqsadida qo‘llaniladigan bankrotlik taomilidir. Sodda qilib aytiladigan bo‘lsa, nochor ahvolga tushgan qarzdorning rahbari o‘rniga shu sohani yaxshi biladigan, iqtisodni, boshqaruv sirlarini chuqur o‘zlashtirgan boshqa kishi muayyan muddatga sud tomonidan rahbar qilib (tashqi boshqaruvchi) tayinlanadi.
Tashqi boshqaruv joriy etilgan paytdan boshlab, qarzdorning rahbari o‘z vazifasidan chetlashtiriladi va uning vakolatlari tashqi boshqaruvchiga o‘tadi. Qarzdorning majburiyatlari bo‘yicha kreditorlarning talablariga, shuningdek penyalarga nisbatan ham moratoriy joriy etiladi (muzlatiladi).
Tashqi boshqaruvchining nomzodini sudga kreditor, qarzdor, mulkdor, vakolatli davlat organi taklif etishi mumkin. Ammo bu nomzodlarni kreditorlar yig‘ilishi ko‘rib chiqadi va ko‘p ovoz olgan nomzodni (bir nechta bo‘lsa) ma’qullashib, so‘ngra ushbu nomzodni tayinlash uchun sudga berishadi.
Tashqi boshqaruvchining nomzodi kreditor, qarzdor, mulkdor, vakolatli davlat organi tomonidan taqdim etilmasa, sud Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qo‘mitasi taklif etgan nomzodni tayinlaydi. Tashqi boshqaruvchi sud tomonidan tashqi boshqaruvni joriy etish bilan bir paytda tayinlanadi va bu haqda ajrim chiqariladi.
Tashqi boshqaruv, o‘n ikki oydan yigirma to‘rt oygacha muddatga joriy etiladi.
Yakka tartibdagi tadbirkorning bankrotligi to‘g‘risidagi ish ko‘rilayotganda quyidagi taomillar qo‘llaniladi:
- kelishuv bitimi;
- tugatishga doir ish yuritish.
Amalda bankrot deb e’lon qilingan korxonalarga nisbatan bir nechta tadbirlar rejasi belgilanadi;
- sanatsiyalash (moliyaviy yordam ko‘rsatish);
- faoliyat yo‘nalishini o‘zgartirish;
- diversifikatsiya (bir emas bir necha nomenklaturada mahsulot ishlab chiqarishga o‘tish);
- ixtiyoriy tugatish;
- majburiy tugatish.
Ataylab qilingan va soxta bankrotlik holatlarida bankrotlik to‘g‘risidagi Qonun hujjatlariga muvofiq xo‘jalik yurituvchi subyektlar rahbarlari noqonuniy harakatlari uchun javobgarlikka tortiladilar.
Bunday g‘ayri qonuniy harakatlarga qarzdor mol-mulkining yoki majburiyatlarining bir qismini yoki hammasini yashirish, qarzdorning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq hujjatlarni yashirish yoki yo‘q qilish, ularni soxtalashtirish, mansabdor shaxslarning yoki qarzdor mulkdorining shaxsiy manfaatlarini, yoxud uchinchi shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab qarzdorning to‘lovga qobiliyatsizligini oshirish, kreditorga zarar yetkazish maqsadini ko‘zlagan holda boshqa har qanday usul bilan qasddan bankrotlikka olib kelish va hokazo.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 180 va 181-moddalariga ko‘ra, soxta bankrotlik hamda bankrotlikni yashirganlik uchun jinoiy javobgarliklarni ko‘zda tutiladi.
O‘zbekiston Respublikasining «Bankrotlik to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq kreditorlarning pul mablag‘lari bo‘yicha talablarini to‘la hajmda qondirishga, shu jumladan soliqlar, yig‘imlar, byudjetga va byudjetdan tashqari fondlarga boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashga qodir bo‘lmagan korxonalar bankrot (iqtisodiy jihatdan nochor) deb hisoblanadi. Bunda bankrotlikni sud e’tirof etgan va qarzdorning o‘zi ixtiyoriy ravishda o‘zini tugatish chog‘ida e’lon qilgan bo‘lishi kerak. Sud qarzdor, kreditor va prokuror taqdim etgan bankrotlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi. Sud bankrotlikni e’tirof etgandan keyin ishonchli (vakolatli) shaxs tugatish komissiyasining kuzatuvi ostida korxonani tugatish, shu jumladan, qarzlarni uzish bo‘yicha zarur harakatlarni amalga oshiradi.
Shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxona bankrotligining o‘ziga xos xususiyatlari. Shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxona bankrotligi to‘g‘risidagi ish, agar qarzdor kreditorlarning pul majburiyatlari bo‘yicha talablarini qondirishga va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha o‘z majburiyatini bajarishga qodir bo‘lmasa, agar tegishli majburiyatlar va (yoki) majburiy to‘lovlar bo‘yicha tegishli majburiyat mazkur majburiyatlar va (yoki) to‘lovlar bo‘yicha mazkur majburiyat boshlangan kundan e’tiboran olti oy ichida bajarilmagan bo‘lsa, basharti qarzdorga nisbatan bildirilayotgan talablar eng kam ish haqining kamida besh ming karrasi miqdorini tashkil etsa, iqtisodiy sud tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.
Shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxona bankrotligi to‘g‘risidagi ish ko‘rilayotganda tegishli mahalliy davlat hokimiyati organi va (yoki) tegishli vazirlik, davlat qo‘mitasi, idora, xo‘jalik boshqaruvi organi ishda ishtirok etuvchi shaxs sifatida e’tirof etiladi.
Shaharni tashkil etuvchi korxonaning hamda unga tenglashtirilgan korxonaning tashqi boshqaruvi iqtisodiy sud tomonidan kreditorlar yig‘ilishining qarori asosida, bunday qaror bo‘lmasa, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organining yoki vazirlik, davlat qo‘mitasi, idoraning va xo‘jalik boshqaruvi organining iltimosnomasiga binoan, ular qarzdorning majburiyatlari yuzasidan ta’minot bergan taqdirda, joriy etilishi mumkin.
Tashqi boshqaruv rejasi shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxona tomonidan mazkur rejani kreditorlar yig‘ilishiga taqdim etishdan oldin mahalliy davlat hokimiyati organi bilan, davlat mudofaa buyurtmasini amalga oshiruvchi korxonalar bo‘yicha esa vazirlik, davlat qo‘mitasi, idora va xo‘jalik boshqaruvi organi bilan kelishib olingan bo‘lishi kerak.
Tegishincha mahalliy davlat hokimiyati organining hamda vazirlik, davlat qo‘mitasi, idoraning, xo‘jalik boshqaruvi organining iltimosnomasiga binoan ular tomonidan qarzdorning majburiyatlarni bajarishi ta’minoti ta’minlangan taqdirda, shu jumladan davlat kafolatlarini berish yo‘li bilan ta’minlanganda, iqtisodiy sud qarzdorning sud sanatsiyasiga o‘tishi to‘g‘risida, agar ilgari bunday taomil qarzdorga nisbatan qo‘llanilgan bo‘lmasa, qaror qabul qilishi mumkin.
Shaharni tashkil etuvchi korxonaning hamda unga tenglashtirilgan korxonaning tashqi boshqaruvi mahalliy davlat hokimiyati organining iltimosnomasi bo‘lgan taqdirda iqtisodiy sud tomonidan uzog‘i bilan bir yil muhlatga uzaytirilishi mumkin.
Shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxona faoliyatiga investitsiya kiritish, xodimlarni ishga joylashtirish, yangi ish joylarini yaratish yo‘li bilan hamda qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklashning boshqa usullari bilan korxonaning moliyaviy ahvolini yaxshilash rejasi tashqi boshqaruvni ushbu moddaning nazarda tutilgan muddatdan ko‘proq muhlatga uzaytirish uchun asos bo‘ladi.
Tegishincha mahalliy davlat hokimiyati organining, vazirlik, davlat qo‘mitasi, idoraning hamda xo‘jalik boshqaruvi organining iltimosnomasiga binoan qarzdorning pul majburiyatlari va (yoki) majburiy to‘lovlari yuzasidan kafillik berish sharti bilan shaharni tashkil etuvchi korxonaning hamda unga tenglashtirilgan korxonaning tashqi boshqaruv muddati besh yilgacha uzaytirilishi mumkin. Bunday hollarda qarzdor va uning kafili kreditorlar bilan hisob-kitob qilishga ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlardan kechikmay kirishishi shart.
Shaharni tashkil etuvchi qarzdor korxona hamda unga tenglashtirilgan qarzdor korxona tashqi boshqaruv chog‘ida kreditorlarning talablarini qondirish maqsadida mulkiy majmua sifatida sotilishi mumkin. Shaharni tashkil etuvchi korxonani hamda unga tenglashtirilgan korxonani sotish tanlov yoki auktsion o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Shaharni tashkil etuvchi korxonani tanlovda sotishning majburiy shartlari quyidagilar hisoblanadi:
- shaharni tashkil etuvchi korxona sotilayotgan paytda unda ishlab turgan xodimlarning kamida etmish foizi uchun ish joylarini saqlab qolish;
- shaharni tashkil etuvchi korxonaning faoliyat sohasi o‘zgartirilgan taqdirda mazkur xodimlarni qayta o‘qitish yoki ishga joylashtirish borasida xaridorning majburiyatlari.
Davlatning mudofaa qobiliyati va xavfsizligi saqlab turilishini ta’minlovchi korxonani tanlovda sotishning majburiy shartlari quyidagilar hisoblanadi:
- davlatning mudofaa qobiliyati va xavfsizligi saqlab turilishini ta’minlovchi korxona mulkiy majmuasining hamda safarbarlik maqsadidagi mol-mulkning belgilangan maqsadi saqlab qolinishini ta’minlash;
- qarzdorning davlat mudofaasiga oid buyurtmalar, davlatning mudofaa qobiliyati va xavfsizligi sohasidagi ehtiyojlarini ta’minlashga doir ishlarni amalga oshirish bilan bog‘liq shartnomalarni bajarish.
Tabiiy monopoliyalarning subyekti bo‘lgan korxonani tanlovda sotishning majburiy shartlari quyidagilar hisoblanadi:
- tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining tartibga solish predmeti bo‘lgan tovarlar yetkazib berish shartnomalari bo‘yicha qarzdorning majburiyatlarini sotib oluvchi o‘z zimmasiga olishga roziligi, ishlab chiqarilayotgan va (yoki) realizatsiya qilinayotgan tovarlardan (ishlardan, xizmatlardan) iste’molchilarning erkin foydalana olishi ta’minlanganligi;
- agar qarzdorning faoliyati litsenziyalanishi lozim bo‘lsa, tegishli faoliyat turini amalga oshirish uchun xaridorda litsenziya bo‘lishi.
Agar shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxona tanlov shartlarida sotilmagan bo‘lsa, korxona auktsionda sotiladi.
Qishloq xo‘jaligi korxonalari bankrotligining o‘ziga xos xususiyatlari. Qishloq xo‘jaligi korxonalarining bankrotligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgunga qadar ularga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudgacha sanatsiya qilish qo‘llanilishi mumkin.
Sudgacha sanatsiya qilish muddati mobaynida tabiiy ofatlar va boshqa fors-major holatlar tufayli qishloq xo‘jaligi korxonasining ishlab chiqarishida pasayish va moliyaviy ahvolida yomonlashish sodir bo‘lgan bo‘lsa, sudgacha sanatsiya qilish muddati o‘n ikki oyga uzaytirilishi mumkin.
Qishloq xo‘jaligi korxonasining bankrotligi to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilayotganida mahalliy davlat hokimiyati organlari ham ishda ishtirok etuvchi shaxslar bo‘lishi mumkin.
Qishloq xo‘jaligi korxonasida kuzatuv, sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruv etishtirilgan tovar qishloq xo‘jaligi mahsulotini realizatsiya qilish uchun zarur vaqtni hisobga olgan holda qishloq xo‘jaligi ishlarining tegishli davri tugagunga qadar bo‘lgan muddatga joriy etiladi. Bunda kuzatuv taomili muddati uch oydan, sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruv taomillari muddati belgilangan muhlatdan oshib ketmasligi lozim.
Sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv muddati mobaynida tabiiy ofatlar va boshqa fors-major holatlar tufayli qishloq xo‘jaligi korxonasining ishlab chiqarishida pasayish va moliyaviy ahvolida yomonlashish sodir bo‘lgan bo‘lsa, sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv muddati o‘n ikki oyga uzaytirilishi mumkin.
Fermer xo‘jaliklariga va yuridik shaxsni tashkil etgan holdagi dehqon xo‘jaliklariga nisbatan tashqi boshqaruv taomili joriy etilmaydi.
Qarzdorning mol-mulkini sotishda (undan o‘zganing foydasiga voz kechishda) sud boshqaruvchisi yoki qarzdorning rahbari qishloq xo‘jaligi korxonasini dastlabki kimoshdi savdosida sotishga mulkiy majmua sifatida qo‘ymog‘i lozim.
Qarzdorning mol-mulkini sotib olishda imtiyozli huquqqa, shuningdek, erga egalik qilish huquqiga qishloq xo‘jaligi mahsuloti etishtirish bilan shug‘ullanayotgan va qarzdorning er uchastkasiga bevosita tutash er uchastkasiga egalik qiluvchi shaxslar ega bo‘ladilar. Sud boshqaruvchisi yoki qarzdorning rahbari mazkur mol-mulkni, shuningdek mulkiy huquqlarni sotishda (ulardan o‘zganing foydasiga voz kechishda) mazkur mol-mulk va mulkiy huquqlar qiymatini baholashdan o‘tkazishni tashkil etishi hamda shaxslarga mol-mulkni baholangan qiymatida taklif etishi shart.
Qishloq xo‘jaligi korxonasi bankrotlik oqibatida tugatilgan taqdirda mazkur korxonaga berilgan er uchastkalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa shaxsga berilishi yoki o‘zga shaxsga o‘tishi mumkin.
Bankning bankrotligining o‘ziga xos xususiyatlari. Bankni bankrot deb topish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish uchun iqtisodiy sud bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya faqat O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qaytarib olinganidan keyin qabul qiladi.
Qarzdor bank kreditorlarning talablarini qondirishga qodir bo‘lmagan taqdirda yuzaga keladigan munosabatlar hamda banklarning bankrotligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishning o‘ziga xos xususiyatlari qonun hujjatlarida belgilangan tarzda tartibga solinadi.
Bankka tashqi boshqaruv joriy etilmaydi.
Sug‘urtalovchining bankrotligi. Sug‘urtalovchining bankrotligi to‘g‘risidagi ishda, vounda nazarda tutilganlardan tashqari, sug‘urta faoliyatini tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi ham ishtirok etuvchi shaxs deb hisoblanadi.
Sug‘urtalovchining mulkiy majmuasini sotish tashqi boshqaruv jarayonida oshirilishi mumkin. Faqat sug‘urtalovchining o‘zi sug‘urtalovchining mulkiy majmuasini sotib oluvchi bo‘lishi mumkin.
Sug‘urtalovchining mulkiy majmuasi tashqi boshqaruv jarayonida sotilgan taqdirda sug‘urtalovchining mulkiy majmuasi sotilayotgan sanadagi sug‘urta hodisasi yuzaga kelmagan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha barcha huquq va majburiyatlar majmuani sotib olgan shaxsga o‘tadi.
Tugatishga doir ish yuritish o‘tkazilayotganida sug‘urtalovchining mulkiy majmuasi sotib oluvchi faqat sug‘urtalovchi bankrot deb topilgan sanaga qadar sug‘urta hodisasi yuzaga kelmagan sug‘urta shartnomalarini o‘z zimmasiga olishga rozi bo‘lganda sotilishi mumkin.
Bankni bankrot deb topish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish uchun iqtisodiy sud bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya faqat O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qaytarib olinganidan keyin qabul qiladi.
Iqtisodiy sud sug‘urtalovchini bankrot deb topgan taqdirda kreditorlarning talablari quyidagi tartibda qondiriladi:
- birinchi navbatda sug‘urta qildiruvchilarning hayotni sug‘urta qilish sohasidagi majburiy sug‘urta shartnomalari bo‘yicha talablari;
- ikkinchi navbatda sug‘urta qildiruvchilarning boshqa majburiy sug‘urta shartnomalari bo‘yicha talablari;
- uchinchi navbatda boshqa sug‘urta qildiruvchilarning (naf oluvchilarning) talablari;
- to‘rtinchi navbatda majburiy to‘lovlarni nazarda tutuvchi to‘lov (ijro) hujjatlari bo‘yicha talablar. Mazkur talablar to‘la qondirilganidan keyin ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha talablar va jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik oqibatida fuqarolarning mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash bo‘yicha talablari qondiriladi;
- beshinchi navbatda sug‘urtalovchining boshqa kreditorlari talablari.
Qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilari bankrotligining o‘ziga xos xususiyatlari. Qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchisining bankrotligi qonunda ko‘zda tutilgan tutilgan shaxslardan tashqari, qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi ham ishtirok etuvchi shaxs deb hisoblanadi.
Qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilarining bankrotligi taomillarining ushbu Qonun bilan tartibga solinmagan o‘ziga xos xususiyatlari, shuningdek qimmatli qog‘ozlar bozorida investorlarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlari qonunda belgilab qo‘yilishi mumkin.
Qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilari bankrotligining oldini olish va ularning to‘lov qobiliyatini tiklashning sudgacha taomillarini o‘tkazish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Kuzatuv joriy etilgan paytdan e’tiboran muvaqqat boshqaruvchi o‘zi tayinlangan paytdan boshlab o‘n kunlik muddat ichida o‘zlariga qarashli qimmatli qog‘ozlarni qimmatli qog‘ozlar bozorining qarzdor professional ishtirokchisiga boshqaruvga topshirgan qimmatli qog‘ozlar bozorining investorlariga bankrotlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilganligi va muvaqqat boshqaruvchi o‘z huquqini amalga oshira boshlaganligi haqida xabarnoma yuborishi shart. Mijozlarning qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchisining tasarrufida bo‘lgan qimmatli qog‘ozlari va boshqa mol-mulki tugatish massasiga kiritilmaydi.
Tashqi boshqaruv yoki tugatishga doir ish yuritish joriy etilgan paytdan e’tiboran mijozlarning qolgan qimmatli qog‘ozlari, agar tashqi boshqaruvchining yoki tugatish boshqaruvchisining mijozlar bilan kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, mijozlarga qaytarilishi lozim.
Qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchisining tashqi boshqaruvi chog‘ida tashqi boshqaruvchi o‘ziga mijozlar tomonidan boshqaruvga topshirilgan qimmatli qog‘ozlarni mijozlarning roziligi bilan va ularning nomidan qimmatli qog‘ozlar bozorining boshqa professional ishtirokchisiga topshirishi mumkin.
Yakka tartibdagi tadbirkor yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxs bankrotligining tartibga solinishi. Yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxsning bankrotligi bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxsni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza iqtisodiy sudga qarzdor yakka tartibdagi tadbirkor yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxs, kreditor, prokuror, shuningdek davlat soliq xizmati organlari va boshqa vakolatli organlar tomonidan berilishi mumkin.
Qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxsni bankrot deb topish to‘g‘risida ariza berish huquqiga kreditorlar ham ega, hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi, alimentlarni undirish to‘g‘risidagi talablar, shuningdek shaxsiy xususiyatdagi boshqa talablar qo‘yadigan kreditorlar bundan mustasno.
Qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxsni bankrot deb topish taomili amalga oshirilayotganda hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi, alimentlarni undirish to‘g‘risidagi talablarni, shuningdek shaxsiy xususiyatdagi boshqa talablarni qo‘yadigan kreditorlar o‘z talablarini taqdim etishga haqli. Mazkur kreditorlarning talablari, agar ular bankrotlik taomili qo‘llanilayotganda bildirilmagan bo‘lsa, qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxsning bankrotligi taomili tugaganidan keyin ham o‘z kuchini saqlab qoladi.
Qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxsning bankrot deb topish to‘g‘risidagi arizasiga qarzlarni uzish rejasi ilova qilinishi mumkin, rejaning nusxalari kreditorlarga va bankrotlik to‘g‘risidagi ishda
Kreditorlarning e’tirozi bo‘lmasa, iqtisodiy sud qarzlarni uzish rejasini tasdiqlashi mumkin, bu esa bankrotlik to‘g‘risidagi ish yuritilishini uzog‘i bilan ikki oygacha muddatga to‘xtatib turish uchun asos bo‘ladi.
Qarzlarni uzish rejasida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
rejani amalga oshirish muddati;
qarzdor yoki uning oila a’zolari iste’moli uchun har oyda qoldiriladigan summa miqdori;
kreditorlarning talablarini qanoatlantirish uchun har oyda yuborish mo‘ljallanayotgan summa miqdori.
Iqtisodiy sud bankrotlik to‘g‘risidagi ishda ishtirok etayotgan shaxslarning asoslantirilgan iltimosnomasiga binoan qarzlarni uzish rejasini o‘zgartirishga, shu jumladan uni amalga oshirish muddatini uzaytirishga yoki qisqartirishga, qarzdor yoki uning oila a’zolari iste’moli uchun har oyda qoldiriladigan summa miqdorini ko‘paytirishga yoki kamaytirishga haqli.
Agar qarzdor yakka tartibdagi tadbirkor yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxs qarzlarni uzish rejasini bajarganligi natijasida kreditorlarning talablari to‘la hajmda qanoatlantirilgan bo‘lsa, bankrotlik to‘g‘risidagi ish yuritish tugatilishi kerak.
Iqtisodiy sudning qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxsni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risidagi qarori hamda undiruvni qarzdorning mol-mulkiga qaratish to‘g‘risidagi ijro varaqasi qarzdorning mol-mulki sotilishini amalga oshirish uchun davlat ijrochisiga yuboriladi. Quyidagilarning mol-mulki, bundan ushbu Qonunga muvofiq tugatish massasiga kirmaydigan mol-mulk mustasno, sotilishi kerak:
qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning barcha mol-mulki;
qarzdor yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxsning avvalgi tadbirkorlik faoliyatidan olingan mol-mulk. Bunda mol-mulkning, jismoniy shaxsning avvalgi tadbirkorlik faoliyati davrida olingan mol-mulkka kirishi-kirmasligi iqtisodiy sud tomonidan belgilanadi.
Tugatilayotgan yuridik shaxsning bankrotligi. Agar qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmaganligi va (yoki) o‘z ustav fondini shakllantirmaganligi munosabati bilan tugatilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan yuridik shaxsning mol-mulki qiymati kreditorlarning talablarini qondirish uchun etarli bo‘lmasa, bunday yuridik shaxs Qonunda nazarda tutilgan tartibda tugatiladi.
Iqtisodiy sud tugatilayotgan yuridik shaxsni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilib, tugatish boshqaruvchisini tayinlaydi.
Tugatilayotgan yuridik shaxsning bankrotligida kuzatuv, sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruv taomillari qo‘llanilmaydi.
Kreditorlar tugatilayotgan yuridik shaxsga bo‘lgan o‘z talablarini tugatilayotgan yuridik shaxsni bankrot deb topish to‘g‘risidagi e’lon chiqarilgan paytdan e’tiboran bir oylik muddat ichida unga taqdim etishga haqli.
Do'stlaringiz bilan baham: |