Rossiyada bankrotlik №127-F3 son bilan qayd etilgan 2002 yil 26 oktyabrda qabul qilingan «Iqtisodiy nochorlik (bankrotlik) to‘g‘risida»gi qonun bilan tartibga solinadi.
Ushbu qonun normalariga ko‘ra huquqiy va jismoniy shaxslar uchun alohida tartiblar belgilangan. Iqtisodiy nochorlik (bankrotlik) holatlarini ko‘rib chiqishda huquqiy shaxslar uchun 300 ming rubldan ortiq va to‘lash muddati 3 oydan oshgan to‘lov majburiyatlar mavjudligi, jismoniy shaxslar uchun 500 ming rubldan oshiq va to‘lov muddati uch oydan oshgan, yakka tadbirkorlar uchun majburiyatlar summasi 500 ming rubldan oshiq va to‘lov muddati 3 oydan oshgan majburiyatlar mavjudligi bankrotlik jarayonlarini boshlash uchun norma qilib belgilangan. Bankrotlikka qarshi quyidagi taomillar belgilangan: kuzatuv; moliyaviy sog‘lomlashtirish; tashqi boshqaruv; bankrotlik jarayoni; kelishuv shartnomasi.
Belorusiyada bankrotlik institutini tashkil etilishi uning mustaqillikka erishishidan keyin boshlangan. 1991 yil 30 mayda “Iqtisodiy nochorlik va bankrotlik xaqida”gi qonun qabul qilingan. Institut faoliyatining rivojlanishi 2000 yillarga to‘g‘ri keladi. Bu davrda “Iqtisodiy nochorlik va bankrotlik xaqida”gi qonun “Iqtisodiy nochorlik (bankrotlik) to‘g‘risida”gi qonun deb qayta qabul qilindi. Mazkur qonun 2012 yilda yangi tahrirda qabul qilindi.
Unda asosiy taomillar sifatida quyidagilar tarkiblangan: himoya qilish muddatini belgilash; konkursli ishlab chiqarishni tashkil etish; kelishuv shartnomasini tuzish.
Konkursli ishlab chiqarish: sudga material tayyorlashni tugallash, sanatsiya, likvidatsiya jarayonlarini o‘z ichiga oladi.
AQShda bankrotlik “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Kodeks bilan tartibga solinadi. Yagona talab bankrotlik ishi ko‘rilayotgan korxona AQSh hududida bo‘lishi lozim. Ixtiyoriy bankrotlik holatlari Direktorlar Kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bankrotlik holati bo‘yicha mahalliy sudga murojat qilinadi. Ushbu sudlar Okrug sudlarining bo‘limlari hisoblanadi. Har bitta shtatda kamida bitta bankrotlik bo‘yicha sud mahkamasi mavjud.
Avstraliyada “Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonun 1966 yilda qabul qilingan. Bankrotlik ishlari faqat jismoniy shaxslarga nisbatan ko‘riladi. Korxonalarga nisbatan bankrotlik holatlari tashqi boshqaruv yoki likvidatsiya jarayoni bilan yakunlanadi. Bankrotlik statusi uch yil davomida saqlanadi.
Kanadada bankrotlik federal qonun bilan tartibga solinadi. Ushbu qonunchilik normalari korxonalarga nisbatan ham, jismoniy shaxslarga nisbatan ham belgilanadi. Bankrotlikning engilanishi va to‘g‘ri yuritilishi bankrotlik bo‘yicha boshqaruvchilar tomonidan nazorat qilib boriladi. Amaliyotda konkursli boshqaruvga muhim ahamiyat qaratiladi.
Niderlandiyada bankrotlik “Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonunlar Kodeksi bilan tartibga solinadi. Mamlakat amaliyotida uch turdagi bankrotlik amaliyoti belgilanadi: bankrotlik; kelishuv va qarzlardan kechish (mazkur tartib faqat jismoniy shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi).