4. Pulning kelib chiqishi, mohiyati va vazifalari
Pul uzoq zamonlardan beri odamlarga ma’lum. Pul qanday paydo bo’lgan va qanday tarixiy yo’lni bosib o’tgan? Pulning kelib chiqishi haqidagi masala turli xil nazariyotchilar tomonidan ayirboshlashning rivojlanish jarayoni bilan bog’liqlikda talqin qilinadi.
Bir tovarning qiymati u boshqa tovarga ayirboshlaganda ma’lum bo’ladi (T-T). Birinchi qarashda ayirboshlash bitimida tovarlar bir xil rol o’ynaydigandek ko’rinadi. Aslida esa ularning roli turlichadir. Bir tovar o’z qiymatini boshqa tovarga nisbatan ifodalaydi. Ikkinchi tovar esa ekvivalent rolida chiqadi, qiymatning ekvivalent shaklini tashkil etadi. Xuddi mana shu erda pulning kurtagi mavjud bo’ladi.
Ayirboshlash rivojining dastlabki bosqichi qiymatning oddiy yoki tasodifiy shakli deb ataladi. Bunda, masalan, boltaning egasi uni 4 qop donga almashtiradi. (1 bolta= 4 qop don).
Bu tenglikda bolta o’z qiymatini 4 qop donda ifodalaydi. 4 qop don esa bolta qiymatining ifodasidir, uning qiymatini ifodalash uchun asos bo’lib xizmat qiladi.
Ijtimoiy mehnat taqsimotining rivojlanishi va ishlab chiqarishning o’sishi natijasida ayirboshlash yanada rivojlandi. Tobora ko’p turdagi va miqdordagi mahsulotlar ayirboshlash jarayoniga jalb etilib boradi.
Bunda hamma tovarlarga ayirboshlash mumkin bo’lgan tovar zarur bo’lib qoldi. Dastlab bunday vazifani turli tovarlar bajarib, ishlab chiqarishning rivojlanish jarayonida bu rol asta-sekin oltinga o’tib borgan.
XIX asrning oxirida mamlakatlar birin ketin oltin valyutaga, ya’ni monemetal tizimiga o’ta boshlaydilar. Bu hol Avstriyada 1892, Yaponiyada 1897, Rossiyada 1898, AQShda esa 1900 yilda sodir bo’ladi. Angliyada oltin pul tizimi XVII asrning oxirida, Germaniyada 1871 yilda, Gollandiyada 1877 yildayoq joriy etilgan edi.
O’zbekiston hududida tarixan bundan ham oldinroq, kumush va mis tangalar muomalada bo’lgan. Shayboniyxon Samarqandni zabt etgandan keyin, 1507 yilda pul islohotini o’tkazgan. Bizgacha Shayboniyxon (1501–1610) va Abdullaxon (1583–1598) zarb etgan tangalar etib kelgan. Abdullaxon davrida tanga (oltin va kumush) zarb qilish davlat poytaxti – Buxoroda markaz-lashtiriladi. 1695–1709 yillarda oltin tanga zarb qilish muntazam tus oladi. Tanga og’irligi 4,8 gramm, sifat sofligi juda yuqori – 958 bo’lgan1.
Qiymat shakllarining rivojlanishiga sabab bo’lgan asosiy omillar kuydagilar:
Mehnat taqsimotining rivojlanishi va chuqurlashuvi;
Ishlab chiqarishning o’sishi;
Mahalliy va milliy bozorlarning vujudga kelishi.
Umumiy ekvivalent rolini nodir metallarga, jumladan oltinga yuklatilishiga sabab quyidagilar:
Sifat jihatdan bir xil o’lchamga keltirish mumkinligi;
Zanglamasligi va uzoq muddat saqlanishi;
Bo’linuvchanligi va uni yaxlit holiga keltirish osonligi;
Tabiatda nisbatan kamyobligi;
Ozgina miqdordagi va og’irlikdagi nodir metallning qiymati ancha yuqoriligi.
Yuqoridagilardan shunday xulosa chiqarish mumkin. Pulning vujudga kelishi tarixiy jarayon, u tovar ayirboshlashning rivojlanishiga asoslanadi, tovar ishlab chiqarish va ayirboshlash ziddiyatlarining keskinlashuvi natijasidir. Oltin (yoki kumush) pul umumiy ekvivalent rolini o’ynovchi maxsus tovardir.
Bulardan xulosa qilib, hozirgi zamon pulining mazmuniga quyidagicha ta’rif berish mumkin: Hamma tovarlarni ayirboshlashda umumiy ekvivalent rolini bajaruvchi, umumko’pchilik tomonidan tan olingan va davlat tomonidan qonunlashtirilgan vositalar.
Pul tovar muomalasi doirasidan tashqarida ham amal qila boshlaydi: pul rentasi, pul soliqlari vujudga keladi, natural majburiyatlar pul majburiyatlariga aylanadi. Hozirgi sharoitda oltin, pul-tovar bo’lishdan to’xtadi. Hozir pul vazifasini nima bajaradi? Bu savolga javob berishdan oldin pulning vazifalarini qarab chiqamiz.
Pul ishlab chiqarish va muomala jarayonida bir qator vazifalarni bajaradi: 1. Qiymat o’lchovi; 2. Muomala vositasi; 3. Boylik to’plash vositasi; 4. To’lov vositasi.
Pul vazifalarining rivojlanish darajasi tovar ishlab chiqarishning rivojlanish darajasiga bog’liq.
1. Tovarning almashuv qiymatini ifodalash va uni aniqlash uchun qo’lda naqd pulga ega bo’lish shart emas. Pulning bu vazifasini ideal pul bajaradi. Tovar egasi fikran ideal ravishda shu tovarning almashuv qiymatini pul bilan ifodalaydi. Tovarning narxi talab va taklif miqdoran mos kelgan taqdirdagina uning qiymatiga muvofiq keladi. Agar talab va taklif mos kelmasa, narx qiymatidan farq qiladi. Demak, tovarlarning narxi tovarlarning qiymatiga, talab va taklifning nisbatiga bog’liq.
Tovar almashuv qiymati va nafliligining pul bilan ifodalanishi uning narxiidir.
Dastlab pul birliklari va ularning nomlari ko’pincha muayyan og’irlikda nodir metallar bilan bog’liq bo’lgan, valyuta tizimlarining nomlari (funt sterling) ham shundan dalolat beradi. Lekin vaqt o’tishi bilan, «vazn» nomi pul birligidan nodir metallarning haqiqiy vaznidan tobora ko’proq farq qila boshlagan. Buning bir qancha sabablari bor, bularning biri shu bilan bog’liqki, tarixan uncha nodir bo’lmagan, umumiy ekvivalent rolini o’ynagan metallar nodirroq, demak, qimmatroq metallar tomonidan siqib chiqarilgan; bunda pul nomlari avvaligicha qolgan. Masalan, funt sterling dastlab bir funt kumushning pul bilan ifodalangan nomi bo’lgan. Lekin oltin qiymat o’lchovi sifatida kumushni siqib chiqargach, avvalgi nom o’z qiymati jihatidan bir funt kumushga teng bo’lgan oltin miqdoriga nisbatan ishlatila boshlagan. Boshqa sabab tangalarni soxtalashtirish bo’lib bunda davlat pul zarb qilinayotganda tangaga talab qilingandan ko’ra kamroq miqdorda pul materiallarini sarflaydi.
Tovar muomalasi jarayonida naqd pul bo’lishi kerak, chunki tovarlarni oldi-sotdi paytida ularning ramziy baholari real pulga aylanmog’i lozim. Bu jarayonda pul muomala vositasi vazifasini bajaradi. Pulning muomala vositasi sifatidagi vazifasi shundan iboratki, u tovarlar muomalasi jarayonida vositachi bo’lib maydonga chiqadi.
Dastlab tovarlarni ayirbosh qilishda pul bevosita kumush yoki oltin quymalar shaklida mavjud bo’lgan. Bu hol ayirboshlash vaqtida qiyinchiliklar tug’dirgan: pul metallni o’lchash, uni mayda bo’laklarga bo’lish, sifatini belgilash zarur bo’lgan. Asta-sekin pul metall quymalari o’rniga monetalar ishlatila boshlagan. Monetalar o’z vazni va sifati jihatidan ma’lum miqdordagi metaladan iborat; uning vazni va sifati davlatning alohida muhri bilan tasdiqlangan bo’ladi.
Oltin pul muomalasi amaliyoti ko’rsatadiki, uzluksiz muomalada bo’lish natijasida oltin tangalar eyilib ketadi, o’z massasining bir qismini yo’qotadi va to’la qiymatli bo’lmagan pulga aylanadi. Shu sababli muomalaga oltin o’rnini bosuvchi pul sifatida to’la qiymatli bo’lmagan qiymat belgilari chiqarilgan.
3. Pul muomaladan chiqarilganda boylik to’plash vazifasini bajara boshlaydi. Har bir tovar ishlab chiqaruvchi o’zini bozor tasodiflaridan ehtiyot qilish uchun va o’z tovarini sota olish olmasligidan qat’iy nazar boshqa tovarlarni sotib olish imkoniyatiga ega bo’lish uchun o’zini ma’lum pul rezervi bilan ta’minlashi kerak.
Natural xo’jalik sharoitida boylik mahsulot jamg’arish shaklida amalga oshirilgan. Tovar xo’jaligining rivojlanishi boylik jamg’arishning pul jamg’arish shaklini keltirib chiqaradi. Tovarlarni cheklanmagan miqdorda saqlab bo’lmaydi, pulni istagan miqdorda saqlash mumkin.
Tovar xo’jaligi taraqqiyotining dastlabki davrlarida pul jamg’arish uni muomaladan chiqarib olish yo’li bilan amalga oshirilgan. Keyinchalik foyda ketidan quvish hukmron ahamiyat kasb etib, bo’sh yotgan pul foyda keltirmasligi sababli pul egalari uni harakatga keltirishga, uni foydali joyda ishlatish yo’lini topishga intildilar.
Shuning uchun pul saqlash uchun banklarga qo’yiladi. Banklar esa, ularni bir joyga to’plab, kredit vositasida foydalanadi.
Boylik to’plash vositasini faqat oltin tangalar emas, balki pul materiallari, oltin buyumlar va boshqalar ham uynay oladi.
4. Tovarlar nasiyaga, to’lov muddati kechiktirib sotilganda, pul to’lov vositasi vazifasini bajaradi. Xaridorlar tovarning pulini to’lov muddati kelgandan keyingina to’laydi. Pulning to’lov vositasi sifatidagi vazifasi tovar muomalasi doirasi bilan cheklanmaydi. Pul qarzga berilganda, renta va soliqlarni to’lashda ham to’lov vositasi vazifasini bajaradi. Nima uchun tovarni sotish bilan unga haq to’lash o’rtasidagi vaqt jihatidan ajralish paydo bo’ladi? Buning eng tub sababi ishlab chiqarish tsikllarining turlicha davom etishidir. Masalan, qishloq xo’jaligida hosil bir yilda bir marta yig’ib olinadi. Lekin dehqonga butun yil mobaynida turli xil tovarlar kerak bo’ladi. Pulning to’lov vositasi sifatidagi vazifasi bu xil qiyinchiliklarni bartaraf etishga va bu bilan xo’jalik oborotini tezlashtirishga imkon beradi. Shunday qilib, qog’oz pullar, veksel va banknotlar – pulning to’lov vositasi sifatidagi vazifasidan kelib chiqdi.
Kredit pullar qog’oz pullar bilan qo’shilib, tovar muomalasiga xizmat qila boshlaydi. Bu bilan oltinni pul muomalasidan siqib chiqarish yo’lida yana bir qadam qo’yiladi.
Kreditning va kredit tizimining rivojlanishi bilan pulning to’lov vositasi sifatida qo’llanish sohasi ancha kengaydi, kredit pullarning paydo bo’lishiga olib keladi. Bir kishi tomonidan boshqa kishiga beriladigan kredit – qarz majburiyatini, vekselni keltirib chiqaradi. Biroq veksellar muomalasi cheklangan, chunki ularga xususiy shaxslar kafolat beradi. Shu tufayli puxtaroq kafolatga ob’ektiv zarurat kelib chiqadi, buning orqasida banknot paydo bo’ladi. Banknot xususiy shaxsning vekseli o’rniga bank tomonidan beriladigan vekseldir. Shunday qilib, banknot pulning to’lov vositasi sifatidagi vazifasidan kelib chiqadi. Banknotlar bilan bir qatorda muomalaning kredit qurollaridan yana bir turi – cheklar ishtirok etadilar. Chek omonat egasi tomonidan o’z hisobidagi puldan chekda ko’rsatilgan shaxsga berish to’g’risida bankka yozilgan buyruqlardir.
Kredit munosabatlarining rivojlanishi naqd pul ishlatmasdan qarz majburiyatlarini o’zaro bir-biriga o’tkazish yo’li bilan qarzlarni uzishga imkon beradi.
Xalqaro iqtisodiy munosabatlarda hisob-kitoblar oltin bilan ta’minlanmagan milliy valyutalarda (dollar, marka, iena va h. k.) amalga oshiriladi.
Muomalaga elektron kredit pullarning (veksel, chek, qimmatbaho qog’ozlar) kirib kelish, ya’ni naqd va naqd bo’lmagan pul va kvota pullarni ishlatilishi natijasida pul massasi iborasi qo’llanila boshlandi.
Pul masasini naqd pulga aylantirish imkoniyati turlicha bo’lib naqd pulni hohlagan maqsadda ishlatish mumkin.
Tez almashish (likvidlik) tushunchasi, hozirgi zamon qog’oz pullarini (so’m, tanga, dollar, lira va h. k.) bevosita sotib olish kuchiga ega ekanligini bildiradi. Tez almashadigan vositalar, demak, osonlik bilan maqsadingizni ro’yobga chiqaradi. Masalan, agar sizda ortiqcha engil avtomashina bo’lsa, bu umuman xohlagan vaqtda uni sizga kerak bo’lib qolgan har qanday buyumga almashtirish mumkinligini bildirmaydi. Agar siz ma’lum miqdordagi pul summasiga (dollar, marka va h. k.) ega bo’lsangiz, siz har doim ularni har qanday kerakli buyumga ayirboshlay olasiz. Nima uchun kredit – qog’oz pullar mutloq tez sarflanish xususiyatiga ega bo’ladi? Biz bu erda hozirgi zamon pulining tabiatiga taalluqli bo’lgan ikkinchi jihatga e’tiborni qaratamiz.
Pul – bu ayirboshlashning umumiy tan olingan vositasi. Bu erda «umumiy tan olingan»1 so’ziga e’tiborni qaratish juda muhim. Pulning qadr - qimmati (qiymati) nima bilan aniqlanadi? Qog’oz pul qiymatga ega bo’ladimi?
Qator iqtisodchi neoklassiklar nuqtai nazariga ko’ra pul shu sababli qadrlanadiki, ular qiymatga ega bo’lgan, «qog’oz» dan qilinadi degan noaniq fikrni bildirishadi. Agar odamlar nimanidir pul deb hisoblashga kelishishsa, ana shu «nimadir» pul hisoblanadi degan noto’g’ri fikrlarni ko’rish mumkin. Demak, pulning qadri uning qiymatdan emas, balki unga bildirilgan ishonchdan kelib chiqadi degan sub’ektiv yondashuvlar mavjud. Hozirgi zamon pulining barqarorligi (xarid qilish layoqatining o’zgarmasligi) umuman oltin zahiralari bilan ham bog’liqdir. Tabiatda oltin cheklangan miqdorda bo’lgani kabi, Markaziy bank ham pul taklifini cheklashi zarur. Agar qog’oz pullar nisbatan cheklanganlik xususiyatiga ega bo’lishdan to’xtasa, bunda ularning qadr – qiymati butunlay yo’qolguncha tushib boradi. Shunday ekan qog’oz pullarning qadri haqidagi masala muomala uchun zarur bo’lgan qog’oz pullar miqdori muammosi bilan uzviy bog’liq.
Shunday qilib, tovar ayirboshlash, ishlab chiqarish va pulning kelib chiqishi hamda tovar – pul muomalasining rivojlanishi bozor va bozor iqtisodiyotining kelib chiqishiga sabab bo’ldi va uning rivojlanishiga shart-sharoit yaratdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |