Bog'liq SSI 50 GURUH TALABASI TOSHKENTOVA DILFUZA IQTISODIYOT NAZARYASI
MAKROIQTISODIY BEQARORLIK: INQIROZ, ISHSIZLIK VA
INFLYATSIYA.
Ishsizlar – bu mehnatga layoqatli bo‘lib, ishlashni xohlagan, lekin ish bilan ta‘minlanmaganlardir. Ishsizlik kelib chiqishining asosiy sababi –ishchi kuchi (mehnat)ning aniq bozorida taklifning unga bo‘lgan talabdan ortib ketishi va buning natijasida iqtisodiy faol aholi bir qismining ish bilan ta‘minlanmasligidir. O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga muvofiq 16 yoshdan boshlab pensiyaga chiqish xuquqini olish yoshigacha ish joyiga va ish haqi (mehnat daromadi)ga ega bo‘lmagan, haqiqatda ish qidirayotgan, mehnat qilishga layoqatli, kasb-korga ega va qayta tayyorgarlikdan o‘tishga tayyor, davlat bandlik hizmati muassasalari maqbul keladigan ishni taklif qilmagan, shaxslar ishsizlar deb yuritiladi. Ishsizlik kelib chiqish sabablariga ko‘ra: friktsion, tarkibiy va tsiklik ishsizlikka bo‘linadi. Friktsion ishsizlikka yangi joyga ko‘chib o‘tishi natijasida asosiy ish joyini vaqtincha yo‘qotgan, lekin faol ish qidirayotganlar kiradi. Bularga quyidagilarni kiritish mumkin: - o‘z xohishi bilan ish joyini o‘zgartirganlar; - ishdan bo‘shatilganligi tufayli yangi ish joyi qidirayotganlar; - vaqtinchalik ish joyini yo‘qotganlar; - birinchi marta ishga joylashish uchun ish qidirib yurgan yoshlar. Bu turdagi ishsizlar u yoki bu sababga ko‘ra ish joyini yo‘qotganlar bo‘lib, har doim mavjud bo‘ladi va mehnat bozorini to‘ldiradi. Friktsion ishsizlik muqarrar hisoblanadi, chunki ko‘pchilik ishlovchilarda kam haq to‘lanadigan ish joyidan, ko‘proq haq oladigan ishga o‘tishga xohish bo‘ladi. Tarkibiy ishsizlik - iste‘molchi talabi va texnologiyadagi o‘zgarishlar oqibati hisoblangan tarkibiy o‘zgarishlar natijasida kelib chiqadi. Tarkibiy ishsizlar maxsus tayyorgarlik qilmasdan, yangi ish turiga ko‘nikma hosil qilmasdan ish topa olmaydilar. Friktsion ishsizlik qisqa muddatli tavsifga ega bo‘lsa, tarkibiy ishsizlik esa uzoq muddatga cho‘zilib jiddiy ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Siklik ishsizlik – iqtisodiy inqiroz fazasi bilan bog‘liq ravishda kelib chiqadi va majburiy ishsizlik hisoblanadi. Masalan, AQShda 1982 yildagi krizis davrida ishsizlik darajasi 9,7%ga ko‘tarilgan, ―Buyuk depressiya‖ davri – 1933 yilda esa tsiklli ishsizlik darajasi 25%ga etgan. 2008 yilgi jahon moliyaviy - iqtisodiy inqirozi natijasida bu turdagi ishsizlik darajasi 5 - 6%ni tashkil qilgan. Ishsizlik namoyon bo‘lish xususiyatiga ko‘ra ixtiyoriy, muassasaviy (Institutsional), texnologik, hududiy, yashirin va turg‘un turlarga bo‘linadi. Ixtiyoriy ishsizlikka – odatda o‘z xohishi bilan ishlamayotganlar kiritiladi. Kishilar ish haqining pasayishi sababli yoki uy xo‘jaligi bilan mashg‘ul bo‘lishi, bola boqish va boshqa sabablarga ko‘ra ixtiyoriy ravishda ishlamasliklari mumkin. Muassasaviy ishsizlik - bu mehnat bozorlarining samarali tashkil etilmasligi natijasida kelib chiqadi. Masalan, vakantli joylar to‘g‘risida ma‘lumot yetarli bo‘lmay kishilar bo‘sh ish o‘rinlaridan xabarsiz qoladi. Texnologik ishsizlik - ishlab chiqarishning texnologik usulini o‘zgarishi, xususan mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish, robotlashtirish va informatsion texnologiyalarning qo‘llash natijasida vujudga keladi. Hududiy ishsizlik - hududiy, tarixiy, demografik, madaniy, milliy va ijtimoiy-ruhiy omillar bilan bog‘liq holda mavjud bo‘ladi. Yashirin ishsizlik – faol aholining ish kuni yoki ish xaftasi davomida to‘liq band bo‘lmagan qismidir. Turg’un ishsizlik - mehnatga layoqatlilarning ish joyini yo‘qotgan, ishsizlik nafaqasini olishdan mahrum bo‘lgan va mehnat faoliyatiga hech qanday qiziqishi bo‘lmaganlar toifasi. Ishsizlik davom etish vaqtiga qarab qisqa va uzoq muddatli turlarga bo‘linadi. Ko‘pgina mamlakatlarda 6 oygacha ishsizlikni qisqa muddatli, undan ortiq muddatga cho‘zilgani uzoq muddatli hisoblanadi. Iqtisodiy faol aholining ish bilan bandligini tahlil qilish maqsadida ishsizlik darajasi aniqlanadi. Ishsizlik darajasi ishsizlar sonining ishchi kuchi umumiy soniga nisbatining foizdagi ifodasidir: Ishsizlik darajasi = ishsizlar soni/ishchi kuchi soni •100% Ishchi kuchi soni=Ishlovchilar yoki band bo‘lganlar + faol ish qidiruvchilar yoki ishsizlar. To‘liq bandlilik ishsizlikning tabiiy darajada mavjud bo‘lishini ko‘zda tutadi va u quyidagicha aniqlanadi. Ishsizlikning tabiiy yoki muqarrar darajasi = friktsion ishsizlar + tarkibiy ishsizlar. Friktsion va tarkibiy ishsizlik muqarrar mavjud bo‘lib turadigan ishsizlikdir. Ishsizlarning bunday tabiiy darajada muqarrar mavjud bo‘lishi, hamma resurslarning zaxirasi bo‘lganligi kabi, mehnat resurslarining ham zaxirasi sifatida qaraladi. Shunga ko‘ra ishsizlar soni tsiklik ishsizlarga teng bo‘ladi. Iqtisodchilarning fikriga ko‘ra ishsizlikning ―tabiiy‖ darajasi 3-5% atrofida bo‘lishi kerak. Lekin bu ko‘rsatkich turli mamlakatlarda o‘zining ob‘ektiv sharoitidan kelib chiqib, farq qiladi. Masalan, AQShda u 7% atrofida, chunki bu mamlakatda ishchi kuchining safarbarligi juda yuqori. Yaponiyada esa ishsizlik 1% atrofida bo‘lsa to‘liq bandlikka erishilgan deb qaraladi. Yaponiyada bir umrlik asosida ishlash keng tarqalgan, demak ish kuchini safarbarligi past. Ishsizlikning ijtimoiy oqibati shunda ko‘rinadiki, uzoq vaqt ishsiz yurish kasbiy malaka va mahoratning yo‘qolishiga olib keladi. Ishsizlik kishilarni ruhan zo‘riqtiradi, ba‘zi hollarda ishsizlar orasida jinoyatchilik keskin ortishi ham mumkin. Amerikalik iqtisodchi A.Ouken ishsizlik darajasi va YaMM orqada qolishi o‘rtasidagi bog‘liqlik orqali uning iqtisodiy oqibatini miqdoriy aniqlagan. Ouken qonuniga ko‘ra ishsizlikning haqiqiy darajasi uning tabiiy darajasidan 1%ga yuqori bo‘lsa, YaMM (YaIM)ning orqada qolishi 2.5%ni tashkil qiladi, ya‘ni ular o‘rtasidagi nisbat quyidagicha bo‘ladi - 1:2.5; 2:5; 3:7.5 va h.k. Ishsizlikning tabiiy darajasidan yuqori bo’lishi natijasida jamiyat tomonidan ma’lum miqdordagi mahsulotning ishlab chiqarilmasligini quyidagicha ifodalash mumkin:
Ingliz iqtisodchisi A.U. Fillips Buyuk Britaniya iqtisodiyotining 1861-1956 yillardagi rivojlanishini tavsiflovchi statistik ma‘lumotlardan foydalanib, inflyatsiya bilan ishsizlik o‘rtasidagi mustahkam bog‘liqlik mavjudligini qayd qilgan. U bu davrda Angliyada ish haqi sekin sur‘atlar bilan o‘sganda ishsizlikning yuqori darajada bo‘lganligini va ish haqi tez o‘sganda esa ishsizlik pasayganligini ko‘rsatib berdi. Buni quyidagicha izohlash mumkin, ishchi kuchiga talab yuqori bo‘lganda tadbirkorlar yangi ishlovchilarni ishga jalb qilish uchun yoki ishlayotganlarni ish joylarida ushlab turish uchun ish haqi stavkasini oshiradi. Ishsizlik ortganda esa, ya‘ni ishchi kuchining taklifi talabdan ancha oshib ketganda,ish haqi stavkalari kamayadi. Ishsizlikning kamayishi narxlar va ish haqining ortishi bilan birga boradi. Boshqacha aytganda, inflyatsiya sur‘atini tezlashtirish hisobiga ishsizlik darajasini pasaytirish mumkin. Keyinchalik Fillips egri chizig‘iga amerikalik iqtisodchilar P.Samuelson va R.Solou o‘zgartirishlar kiritib, ish haqi stavkasini narxlarning o‘sish sur‘ati bilan almashtirdi. Agar davlat ishsizlik darajasini juda yuqori deb xisoblasa, o‘zining fiskal va byudjet-pul siyosati orqali yangi talabni qondirish zaruratini hisobga olib ishlab chiqarishni rivojlantirishga va yangi ish joylarini vujudga keltirishga harakat qiladi. Fillips egri chizig’i Fillips egri chizig‘ida ishsizlik va inflyatsiya o‘rtasidagi bog‘liqlik qisqa davrdagina amal qiladi. Agar inflyatsiya 5 yildan ortiq vaqt davom etsa, ishsizlik darajasi yanada oshib ketishi mumkin. Buni grafikda egri chiziqning o‘ng tomongа siljishida ko‘rish mumkin, bunda stagflyatsiya xolati kelib chiqadi (Stagflyatsiyaning ma‘nosi inflyatsiya davrida ishsizlikning o‘sishidir). Hozirda, nisbatan uzoq davrlar uchun Fillips egri chizig‘i o‘rniga ishsizlikning tabiiy darajasi nazariyasidan foydalanilmoqda. Bu nazariya uzoq davr mobaynida faqat tabiiy ishsizlik darajasidagina inflyatsiyani o‘rtacha sur‘atda ushlab turish mumkinligini bildiradi. Bu nazariya keyingi yillarda AQSh va Angliya xukumatlari tomonidan muvaffaqiyatli qo‘llanilgan va buning natijasida mazkur mamlakatlarda inflyatsiyaning o‘sish sur‘atlarini ancha pasaytirishga erishilgan.