143
ekanligini ko‘rsatamiz, ya’ni «metafora» tushunchasi mazmunini tashkil etuvchi umumiy belgilarni aniqlaymiz.
Ko‘chirma ma’noda ishlatilishi esa, metafora sifatida ishlatilayotgan so‘zning tur belgisi, ya’ni individual belgisi
hisoblanadi. Bu tur belgini yaqin jinsga qo‘shib «Metafora ko‘chirma ma’noda ishlatiladigan so‘zdir», degan to‘la
ta’rif hosil qilamiz. SHu tariqa eng qisqa yo‘l bilan, ya’ni yaqin jinsi va tur belgisini ko‘rsatish bilan tushunchaning
mazmunini aniqlaymiz.
Genetik ta’rifda aniqlanuvchi tushunchaning mazmuni u ifodalagan predmetning kelib chiqishini ko‘rsatish orqali
ochib beriladi. Masalan, «Oksid metallarning kislorod bilan reaksiyaga kirishishi natijasida hosil bo‘lgan kimyoviy
birikmadir», degan ta’rif genetik ta’rifga misoldir. Bu ta’rifning mantiqiy tarkibi yaqin jinsi va tur belgisini ko‘rsatish
orqali ta’riflash bilan bir xildir.
Ta’riflash ma’lum qoidalarga rioya qilishni talab etadi. Ular quyidagilardan iborat:
a) ta’rif teng hajmli bo‘lishi kerak, ya’ni aniqlanuvchi tushuncha hajmi bilan aniqlovchi tushunchalar hajmlari
yig‘indisi teng bo‘lishi kerak. Bu qoida buzilsa, ta’rif yo haddan tashqari keng, yo haddan tashqari tor bo‘lib qoladi.
Masalan, «Mantiq tafakkurni o‘rganuvchi fandir» – haddan tashqari keng, «Mantiq isbotlash tarkibini o‘rganuvchi
fandir» – haddan tashqari tor ta’rifdir;
b) ta’rif aniq bo‘lishi kerak. Buning uchun obrazli iboralar, mazmuni noaniq so‘zlar ishlatilmasligi lozim. Masalan,
«Xayol – uchqur ot», «Davlat dunyoviy ruhning siyosiy jihatdan namoyon bo‘lishidir» (Gegel) degan ta’riflarda bu
qoida talablari buzilgan. Ularda chuqur ma’no bo‘lsa-da, tushunchaning mazmuni aniq ochib berilgan emas;
v) ta’rif aylana shaklida bo‘lib qolmasligi kerak. Ta’rif berishda aniqlovchi tushunchaning mazmunini aniqlash uchun
aniqlanuvchi tushunchaning o‘ziga murojaat etilsa, ta’rifda aylana hosil bo‘ladi. Masalan, «Mantiq to‘g‘ri fikrlash
haqidagi fandir», deyilganda ta’rifda aylana vujudga keladi. CHunki «To‘g‘ri fikrlash nima?» degan savolga, «U
mantiq qonun-qoidalariga rioya qilingan holda fikrlashdir», deb javob berishga to‘g‘ri keladi, ya’ni «mantiq»
tushunchasiga murojaat qilinadi.
Tavtologiya ham shu qoidaning buzilishi natijasida sodir bo‘ladi. Bunda aniqlanuvchi tushunchadan uning mazmunini
ochish uchun foydalanilgan bo‘ladi. Masalan, «Tamagir tamagirlik qiluvchi kishidir», desak, tavtologiyaga yo‘l
qo‘ygan bo‘lamiz.
g) Ta’rif iloji boricha inkor shaklida bo‘lmasligi kerak. Aks holda predmetga xos bo‘lgan belgi o‘rniga unda yo‘q
bo‘lgan belgi ko‘rsatiladi. Masalan, «Ong moddiy emas», degan ta’rif «ong» tushunchasining mazmunini yaxshi
ochib bera olmaydi.
Ta’riflashga o‘xshash mantiqiy usullar
Bilish jarayonida ta’riflashga o‘xshash usullar ham ishlatiladi. Ulardan tushunchani ta’riflashning yuqorida biz ko‘rib
chiqqan turlarini qo‘llash mumkin bo‘lmay qolganda yoki unga zaruriyat bo‘lmaganda foydalaniladi:
a) ta’riflashga o‘xshash usullardan biri tushunchani unga qarama-qarshi bo‘lgan tushuncha orqali ta’riflashdir. Bu
usul bilan odatda kategoriyalar mazmuni ochib beriladi. Masalan, «Ong materiyaning miyamizdagi in’ikosidir»;
v) tasvirlashda tushunchaning mazmuni u aks ettiruvchi predmetning ba’zi tashqi belgilarini ko‘rsatish orqali
aniqlanadi. Badiiy asarlarda tabiat manzaralarini, personajlarning portretlarini chizish, sodir bo‘lgan birorta voqeaning
bayon etilishi tasvirlashga misol bo‘ladi;
s) tavsiflash yordamida predmetning ba’zi bir munosabatdagi muhim tur belgilari ko‘rsatiladi. Bunga misol qilib
birorta shaxsga berilgan tavsifnomani ko‘rsatish mumkin.
Tafovutlash, ostensiv ta’riflash kabi usullar ham mavjuddir.
Do'stlaringiz bilan baham: |