220
Ular o‘rtasidagi farqlar: agar go‘zallik sifatdan olingan qoniqish orqali vujudga kelsa,
ulug‘vorlikning zaminida miqdor tasavvuri yotadi; go‘zallik hamma vaqt jozibali, ulug‘vorlik esa goh o‘ziga
tortadi, goh o‘zidan qochiradi va nisbiy his-tuyg‘ular qo‘zg‘aydi.
CHernishevskiy fikricha, ulug‘vorlik tabiiy hodisalarga ham xos estetik tushunchadir. Masalan,
oddiy shamoldan bir necha yuz marta kuchli bo‘ron ulug‘vordir, pastkash hisob-kitob va intilishlardan yuz
karra kuchli bo‘lgan sevgi ulug‘vordir.
Ulug‘vorlik ko‘lami go‘zallik ko‘lamidek cheksizdir. Tabiatda ulug‘vorlik timsollari: okeanlar,
osmon, dengizlar, sharsharalar, tog‘lar. Ularning umumiyligi-ulkanligida, keng ko‘lamligida. Ulug‘vorlik
quvonch, hayratlanish, tan berish, shuningdek, ba’zida qo‘rquv hissini uyg‘otadi.
Ijtimoiy hayotda ulug‘vorlik qahramonlik va mardlik bilan qo‘shilib ketadi, ularni alohida-alohida
mushohada etish qiyin. Ulug‘vorlikka xos estetik va axloqiy sifatlar mavjuddir. Fidoyilar, qahramonlarning
qiyofalari bir vaqtning o‘zida ham ulug‘vorlikni, ham mardlikni namoyon qiladi.
Ulug‘vorlik va pastkashlik qiymatlari ham o‘zgaruvchan bo‘lishi mumkin. Insonning tabiat ustidan
hukmronligi – yaqin kunlargacha ulug‘vorlik timsoli sifatida in’ikos etilardi. Bunday munosabat ekologiya
buzilishi, Orolning qurishi, kishilar sog‘lig‘ining yomonlashishiga olib keldi.
Tabiat ustidan hukmronlik qilish emas, balki u bilan hamohang bo‘lish, ijtimoiy faol, tashabbuskor,
ijodkor shaxsni shakllantirish – ulug‘vorlik orzusining asosiy mazmuni.
Ulug‘vorlik san’atda har tomonlama ifodalanadi, chunki u san’atning asosiy mavzularidan biridir.
Qahramonlik dostonlari, lirik dostonlar, qahramonlik musiqa asarlari, me’morchilikda ulug‘vorlik turlicha
tasvirlanadi.
Me’morchilikda ulug‘vorlik alohida ahamiyat kasb etadi. Me’morchilikda ulug‘vorlik faqat miqyos
o‘lchovi bilan o‘lchanmaydi. Masalan, ayrim obidalar o‘zlarining keng ko‘lami bilan ulug‘vorlik kasb
etsalar, boshqalari o‘ta nafisligi, nozik ifodasi, hamohangligi, atrof-muhit bilan uzviy qo‘shilib ketganligi
bilan katta ahamiyat kasb etadi. Masalan, Bobil minorasi, Minorai Kalon, Misr piramidalari, Toj Mahal
keng ko‘lami bilan ulug‘vorlik kasb etsa, Amir Temur dahmasi, Shohizinda, Registon maydoni, Mir Arab
mad-rasasi, Ismoil Somoniy maqbarasi o‘ziga xosligi bilan ulug‘vorlik hissini uyg‘otadi.
San’atda ulug‘vorlik ba’zida fojialilik bilan yonma-yon namoyon bo‘ladi. Masalan, Shekspir
asarlari, Shashmaqom, ba’zi me’moriy obidalar bir vaqtning o‘zida ham ulug‘vorlik, ham fojialilik ruhi
bilan sug‘orilgan bo‘ladi. Lekin har doim ham emas. Masalan, Registon – ulug‘vor, lekin fojiali his
uyg‘otmaydi, Makbet xonim fojiali, lekin ulug‘vor emas.
Fojialilik va kulgililik estetik kategoriyalari yordamida hayot ziddiyatlari va to‘qnashuvlari
baholanadi va mushohada qilinadi. Fojialilik va kulgililik ijtimoiy xususiyatga ega tushunchalardir. Ular
yolg‘iz insonga xosdir, faqat ijtimoiy munosabatlar jarayonidagina namoyon bo‘ladi.
Fojialilik va kulgililik o‘zaro bog‘liqligi hayotning murak-kabligi, ziddiyatliligi, harakatchanligidan
kelib chiqib, ularni san-’at yordamida yaxshiroq anglaymiz. San’at asarlarida fojialilik va kulgililik yaxlit
namoyon bo‘ladi. Ko‘p hollarda fojialilik va kulgililikning uzviy chirmashib ketishi ildizlari ijodkor
iste’dodiga borib taqaladi.
Masalan, Shekspir asarlarida fojiali va kulgili tomonlar shu qadar chirmashib ketganki, ularning
birini ikkinchisisiz anglash qiyin.
Fojialilik muammosi har doim, falsafiy va estetik tafakkur e’tiborini o‘ziga jalb qilib kelgan.
Fojialilikda voqeiy hayotning chuqur ziddiyatlari va to‘qnashuvlari hayot va o‘lim, ozodlik va zarurat, aql
va tuyg‘u, qonun va burch, shaxsiy va ijtimoiy xususiyatlar namoyon bo‘ladi.
Shekspir va Sofokl asarlari, Dostoevskiy, SHoloxov ro‘mon-lari, M.SHayxzodaning «Jaloliddin
Manguberdi», «Mirzo Ulug‘bek» sahna asarlari fojia san’atiga misol bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |