164
har bir insonda turlicha namoyon bo‘ladi. Shaxs faoliyatida ijtimoiy qadriyatlar tizimi ustun bo‘lsa, u
ijtimoiy hayotda faol ishtirok etadi, uning dunyoqarashida jamoatchilik tamoyili ustun bo‘ladi. Aksincha
bo‘lsa, inson o‘zining shaxsiy manfaatlarini ustun qo‘yadi, dunyoqarashida individualizm prinsipi ustun
bo‘ladi.
Aslida axloqiy ideallar, tamoyillar va normalar kishilarning adolat, insoniylik, ezgulik, yovuzlik,
ijtimoiy farovonlik haqidagi tasavvurlaridan kelib chiqqan. Bu tasavvurlarga mos keluvchi xatti-harakatlar
axloqiy deb, zid keladigan xatti-harakatlar axloqsizlik deb e’lon qilingan.
Boshqacha qilib aytganda, kishilar fikricha jamiyat va shaxs manfaatlariga mos keladigan, insonlar
uchun foydali bo‘lgan xatti-harakatlar axloqiydir. Albatta, bu tasavvurlar tarixiy taraqqiyot davomida
o‘zgarib borgan, turli sinflar, ijtimoiy guruhlarda turlicha bo‘lgan.
SHuningdek, atoqli faylasuf Erkin Yusupovning: «Umuman, axloq ijtimoiy munosabatlar zaminida
alohida shaxs sifatida mavjud bo‘lgan insonlarning o‘z-o‘zini idora qilish shakllari va me’yori, o‘zaro
muloqot va munosabatlarda ularga xos bo‘lgan ma’naviy kamolot darajasining namoyon bo‘lishidir»-degan
ta’rifi ham diqqatga sazovor.
47
Axloqshunoslik qadimda fizika, metafizika va mantiq bilan birgalikda falsafaning uzviy (uchinchi)
qismi hisoblanar edi. Keyinchalik (Arastudan so‘ng) u alohida falsafiy yo‘nalishdagi fan maqomini oldi. Bu
fikrni quyidagicha kengaytiribroq talqin etish mumkin. Ma’lumki, falsafaning fanlar podshosi sifatidagi
vazifasi barcha tabiiy va ijtimoiy ilmlar erishgan yutuqlardan umumiy xulosalar chiqarib, insoniyatni
haqiqatga olib borishdir. Shundan kelib chiqqan holda, falsafaning predmetini tafakkur deb belgilash
maqsadga muvofiq. Axloqshunoslik axloqiy tafakkur taraqqiyotini, uning nazariy muammolarini tadqiq
etadi va amaliyotda insonni ezgulik orqali haqiqatga olib borishga xizmat qiladi. Shu bois uni axloq falsafasi
yoxud ezgulik falsafasi deb ham atash mumkin.
Bugungi kunda falsafiy fan sifatida uch yo‘nalishda ish olib boradi, ya’ni axloqshunoslik axloqni: 1)
bayon qiladi; 2) tushuntiradi; 3) o‘rgatadi. Shunga ko‘ra, u tajribaviy-bayoniy, falsafiy-nazariy va mezoniy-
me’yoriy tabiatga ega. Qadimgilar uni amaliy falsafa deb ataganlar. Zero, sof nazariy axloqshunoslikning
bo‘lishi mumkin emas. U insoniyat o‘z tajribasi orqali erishgan donishmandlik namunalarini hikmatlar,
naqllar, matal-maqollar tarzida bayon etadi, kishilarni axloqiy qonun-qoidalarga o‘rgatadi, ularga axloqning
mohiyatini tushuntiradi va falsafiy xulosalar chiqaradi. YA’ni axloqshunoslik fanida Aflotun, Arastu,
Epikur, Sitseron, Seneka, Avgustin, Forobiy, Ibn Sino, G‘azzoliy , Nasafiy, Spinoza, Kant, Hegel,
SHopenhauer, Foyerbax, Kirkegaard, Nitsshe, Vl. Solovyov, Losskiy singari buyuk faylasuflar yaratgan
axloq nazariyasiga doir ta’limotlar bilan birgalikda «Panchatantra», «Qutadg‘u bilik», «Qobusnoma»,
Sa’diyning «Guliston», Jomiyning «Bahoriston», Navoiyning «Mahbub ul-qulub», Montenning
«Tajribanoma», Laroshfukoning «Hikmatlar», Gulxaniyning «Zarbulmasal» kabi amaliy axloqqa
bag‘ishlangan asarlari ham o‘z mustahkam o‘rniga ega. Axloqshunoslikning boshqa falsafiy fanlardan farqi
ham, o‘ziga xosligi ham undagi nazariya bilan amaliyotning ana shunday omuxtaligidadir.
Axloqshunoslik va estetika. Axloqshunoslik boshqa ijtimoiy va falsafiy fanlar bilan o‘zaro
aloqadorlikda rivojlanib kelmoqda. Ayniqsa, uning estetika bilan aloqasi qadimiy va o‘ziga xos.
Avvalo, insonning har bir xatti-harakati va niyati ham axloqiylikka, ham nafosatga tegishli bo‘ladi,
ya’ni muayyan ijobiy faoliyat ham ezgulik (ichki go‘zallik), ham nafosat (tashqi go‘zallik) xususiyatlarini
mujassam qiladi. Shu bois Suqrot, Aflotun, Forobiy singari qadimgi faylasuflar ko‘p hollarda axloqiylikni
ichki go‘zallik, nafosatni tashqi go‘zallik tarzida talqin etganlar. Bundan tashqari, ma’lumki, san’at
nafosatshunoslikning asosiy tadqiqot ob’ekti hisoblanadi. Har bir san’at asarida esa axloqning dolzarb
muammolari ko‘tariladi hamda san’atkor doimo o‘zi yashayotgan zamonda erishilgan eng yuksak axloqiy
daraja va unga munosabatni badiiy qiyofalar orqali bevosita yoxud bilvosita aks ettiradi. Ayni paytda, bu
47
Юсупов Э.
Инсон камолотининг маънавий асослари. Т., Университет, 1998, 38-б.
Do'stlaringiz bilan baham: |