4. O’zbekiston xalq xo’jaligining yangi istiqbollari
2019 yil O‘zbekistonda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”, deb e’lon qilindi. Bu borada Davlat Dasturiga muvofiq, mamlakatda biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirish, hududlar, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib holda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash orqali mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga xorijiy sarmoyalarni faol jalb etish masalalari keng o‘rin olganligi istiqbolda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada taraqqiy ettirish vazifasini qo‘ymoqda.
2017 yilda esa ko‘zlangan rejaga muvofiq sanoatni (5440 ta loyihada 131 mingta ish o‘rni bilan), qishloq xo‘jaligini (8430 loyihada 55,8 mingta ish o‘rni bilan) va xizmat ko‘rsatishni (11 mingta loyiha 69,5 mingta ish o‘rni bilan) rivojlantirish bo‘yicha viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklarining faoliyati kuchaytirildi. Kelajakda mamlakatda qishloq xo‘jalik sohasi bilan bog‘liq 25 minga yaqin investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga, 256, 4 mingdan ortiq ish o‘rinlari tashkil etishga erishilishi ko‘zlangan .
Vaholanki, mamlakatda to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay investitsiya muhitini shakllantirish maqsadida iqtisodiyotni liberallashtirish, davlat boshqaruvini isloh qilish, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga aralashuvni cheklash, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-tamoyillarini qisqartirish hamda soddalashtirish maqsadida 2018 yil 1 avgustda “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Prezident Farmoni e’lon qilindi. Farmonda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish, investitsiyalarning bu boradagi davlat siyosatining izchillgiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga asosiy urg‘u berilgan.
Unda shuningdek, qator yillar mobaynida sohadagi dolzarb muammolar ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, ular orasida ayniqsa joylarda, investorlarning qo‘llab-quvvatlanmasligi, bu borada tegishli vazirlik va idoralar faoliyati aniq muvofiqlashtirilmaganligi bilan bog‘liq byurokratik to‘siq va g‘ovlar hali ham mavjudligi, soliq yukini kamaytirish va investorlar uchun soliqqa tortish tizimidagi muammolar hamda ularni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilangan.
Agar raqamlarga murojaat qilsak, 2017 yilgacha 90 dan ziyod mamlakatning xorij mablag‘lari ishtirokidagi 4 mingdan ziyod korxonalari faoliyat yuritgan edi. Har yili jalb qilinayotgan investitsyalarning 20 foizini xorij investitsiyalari va kreditlari tashkil etgan. Masalan, mamlakatimizning investitsion loyihalarni amalga oshiruvchi asosiy chet el hamkorlariga “Djeneral motors” , “Boing” , “Xonevell” , “Eyrbas” , “MAN” , “Klaas” , “Knauf” , “Lemken” , “Nestle” , “Teknip” , “ABB” , “Maksam” , “Isuzu” , “Itochu” , “Mitsibisu” , “Xitachi” , “Marubeni” , “Xyunday” , “Samsung” , “Eldji” , “Lotte kemikal” , “Xuavey” , “Si En Pi Si” , “SITIK” va boshqa ko‘plab kompaniyalar kiradi.
2017 yilgacha O‘zbekiston iqtisodiyoti deyarli olti martaga, aholining real daromadlari esa to‘qqiz martaga yaqin o‘sdi. Aholi jon boshiga ichki yalpi mahsulot ulushi 6,9 martagacha ortdi, bu esa, O‘zbekistonga o‘rta darajadagi daromadli davlatlar qatoriga kirish imkonini berdi.
O‘shanda jahon banki reytingiga binoan iqtisodiy darajasiga ko‘ra, O‘zbekiston 190 mamlakat orasida 63 o‘rinni egalladi. Butunjahon iqtisodiy forum bahosiga ko‘ra, 2014 va 2015 yakuni va 2016-2017 yillar o‘sish prognozlari bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda eng tez rivojlanayotgan beshta davlatdan biri hisoblanishi qayd qilingan. Iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari aholi o‘rtasida daromadlarni nisbatan mutanosib ravishda taqsimlanishini ta’minlagan edi.
O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgach, 2002 yilgacha respublikaga 12 mlrd AQSH dollaridan ortiq investitsiya kiritilgan. YOki xorijlik fuqarolar va tashkilotlar tomonidan tashkil qilingan qo‘shma korxonalarga jalb qilingan investitsiyalar ulushi 2000 yildagi 6,9 % dan 2001 yilda 26,0 % ga, ya’ni 3,7 baravar oshgan. Respublika bo‘yicha 2007-2011 yillarda umumiy investitsiyalar hamjmida xorijiy investitsiyalar ulushi 22-25% ni tashkil qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |