Taqrizchilar:
M.Almardonov – Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti “Soliqlar va sug’urta ishi” kafedrasi professori, i.f.d.
Sh.Qiyosov – Toshkent moliya instituti “Iqtisodiyot, boshqaruv, soliqlar va sug’urta” kafedrasi dotsenti, PhD.
KIRISH
Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari o‘quv jarayonining zarur elementi – ushbu yo‘nalishlar o‘quv rejasida ko‘zda tutilgan asosiy fanlardan kurs ishlarini bajarish hisoblanadi va talabalarda ilmiy izlanishlar olib borish ko‘nikmalarini tarbiyalash, tanlangan mavzuni mustaqil ravishda chuqur o‘rganish, nazariy bilimlarni amaliyot bilan bog‘lash, ilmiy, nazariy va amaliy xulosalarni shakllantirish va pirovardida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyatga ega.
Mazkur ko‘rsatma Oliy ta’limning 5230800 – “Soliqlar va soliqqa tortish” bakalavriat yo‘nalishi o‘quv rejasida ko‘zda tutilgan, ushbu yo‘nalishning asosiy fanlari qatoridagi “Jismoniy shaxslarni soliqqa tortish” fanidan kurs ishlarini bajarish bo‘yicha tavsiyalar va tartib-qoidalarni o‘z ichiga oladi.
Kurs ishini bajarishdan maqsad – talabalar “Jismoniy shaxslarni soliqqa tortish” fani bo‘yicha olgan nazariy va amaliy bilimlarini kengaytirish hamda mustahkamlash, o‘zlashtirilgan bilimlarni tanlangan ixtisoslik sohalariga qo‘llash, ijodiy ishlash va mustaqil fikr-mulohazalarni shakllantirish, o‘rganish maqsadida qo‘yilgan masalaning dastlabki bosqichidan boshlab, uning oxirgi natijalari yuzasidan muayyan qarorlar qabul qilish jarayonida chuqur mas’uliyatni his etish hamda iqtisodiy islohotlar amalga oshirilayotgan sharoitda talabalarning mustaqil ishlashga da’vat etishdan iborat.
Qo‘yilgan maqsadning muvaffaqiyatli bajarilishi uchun kurs ishlarini bajarishga quyidagi talablar qo‘yiladi:
kurs ishida mavzuga taalluqli Oliy Majlis sessiyalari materiallari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, ma’ruzalari va Prezident asarlaridan ma’lumotlar, soliq tizimini boshqarish organlarining, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining qarorlari sharhi o‘z aksini topishi lozim;
kurs ishini yozish jarayonida tadqiq etilayotgan mavzu va o‘rganilayotgan amaliy ma’lumotlarga faoliyat samaradorligini oshirish imkoniyatlarini va zaxiralarini izlab topish va ishlatish, iqtisodiyotni modernizatsiyalash va yangilashning bugungi sharoitida soliq siyosatining turli dastak va vositalaridan foydalanish shakllari va usullarini takomillashtirish nuqtai nazardan ilmiy, ijodiy yondashish zarur;
kurs ishi mazmunini ravon adabiy tilda bayon qilish, tadqiqotlar va izlanishlar natijalarini rasmiy hujjatlarga qo‘yiladigan asosiy talablarga rioya qilgan holda aks ettirish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |