Gidrofil bo‘kuvchi moddalarga tanalbin, tealbin, sanalbinlar kiradi. Bunday moddalardan suspenziya
tayyorlashda ularni quruq holda maydalab olish zarur.
Rp: Tannalbini 4,0
Sirupi simplicis 15 ml
Aq. purif. 180 ml
M.D.S. Ichish uchun.
Тanalbin gidrofil bo‘kuvchi modda — taninni oqsil bilan birikmasi. Bu retseptni tayyorlash uchun 4 g tanalbin
quruq holda yaxshilab hovonchada maydalanadi. Ustiga 15 ml qand sharbati qo‘shib aralashtiriladi. So‘ng oz-ozdan
tozalangan suv qo‘shib yana aralashtiriladi va shisha idishga chayib solinadi.
Gidrofob moddalardan suspenziya tayyorlash
Gidrofob moddalar ikki guruhga bo‘linadi:
a) kuchli gidrofob xossaga ega bo‘lgan;
b) kuchsiz gidrofob xossaga ega bo‘lgan.
Kuchli gidrofob xossani namoyon etuvchi moddalarga kamfora, mentol, timol, oltingugurt kiradi. Kuchsiz
gidrofob xossani namoyon etuvchi moddalarga
sulfanilamid preparatlari, terpingidrat, benzonaftol, fenilsalisilat
kabilar kiradi. Ulardan dispersion usulda suspenziya tayyorlaganda dispers faza suyuqlik
ustiga qalqib chiqib
flokulyatsiyaga uchraydi yoki idish devorlariga yopishib qoladi. Shunday hodisalarni oldini olish uchun bu
moddalarni gidrofillash talab qilinadi. Gidrofillash uchun ishlatiladigan moddalar stabilizatorlar deb ataladi. Ularga
jelatoza (jelatinani chala gidroliz mahsuloti), yelimlar, o‘simliklardan
olinadigan shilimshiq moddalar, kraxmal
kleysteri, polisaxarid komplekslari, MS, KMS, PVP,
poliglyukin, spanlar, tvinlar, bentonit va boshqalar misol
bo‘ladi.
Masalan, stabilizator sifatida jelatoza ishlatsak, 1 g kuchli gidrofob xossaga ega bo‘lgan moddaga — 1 g,
kuchsiz gidrofob xossaga ega bo‘lgan moddalarga — 0,5 g jelatoza qo‘shiladi.
Rp: Sol. Natrii bromidi 0,5%—120 ml
Camphorae 1,0
Coffeini natrii — benzoatis 0,5
M.D.S. 1 osh qoshiqdan 3 mahal.
Yordamchi idishga 112
ml tozalangan suv, 5 ml kofein benzoat natriy eritmasi (1:10), 3 ml natriy bromid
eritmasi (1:5) solamiz. Hovonchada 1 g kamfora 1 ml 90% li etanol bilan maydalanadi. So‘ngra 1 g jelatoza qo‘shib
aralashtiriladi. Ustiga 1 ml tayyorlangan eritmadan qo‘shib mayin pulpa hosil qilinadi va beriladigan idishga oldin
tayyorlab qo‘yilgan eritma bilan chayib solinadi.
Oltingugurt bilan tayyorlanadigan suspenziya o‘ziga xos usulda tayyorlanadi. 1g oltingugurtga 0,1—0,2 g
tibbiyot sovuni (kaliyli sovun) qo‘shish kerak. YuMB larni stabilizator sifatida ishlatish mumkin emas. Chunki ular
oltingugurtning farmakologik ta’sirini kamaytirib yuboradi.
Rp: Sulfuris praecipitati 4,0
Spiritus aethylici 10 ml
Glycerini 15,0
Aq. purif. ad 180 ml
M.D.S. Sirtga.
Hovonchada 4 g oltingugurt, 2 g glitserin bilan maydalanadi. So‘ng qolgan glitserin va suv qo‘shib
shisha
idishga chayib quyiladi. 10 ml 90% li etanol va oxirida suspenziyaga 0,4 g kaliyli sovun qo‘shiladi va yaxshilab
chayqatiladi.
Rp: Extr. Belladonnae 0,15
Phenylii salicylatis 2,0
Aquae Menthae 150 ml
M.D.S. 1 osh qoshiqdan kuniga 3 mahal ichilsin.
Silindrga 150 ml yalpiz suvi, 0,3 g tomchilab quyuq ekstrakt eritmasi solinadi.
Hovonchada 2 g fenilsalisilatni 16—20 tomchi 95% li etanol bilan maydalanadi, unga 1,0 g jelatoza qo‘shib
aralashtiriladi. Uning ustiga 1,5 ml eritma qo‘shib pulpa hosil qilinadi. So‘ng 30 ml eritma qo‘shib
uni shisha
idishga quyiladi. Qolgan eritma oz-ozdan qo‘shib chayib quyiladi.
Rp: Sulfadimetoxyni 2,0
Natrii benzoatis 0,5
Aq. rurif. 100 ml
M.D.S. 1desert qoshiqdan kuniga 3 mahal.
Suspenziyani tvin — 80 va PVS bilan barqarorlash mumkin. Buning uchun 0,2 g tvin — 80, 2 g PVS kerak
bo‘ladi. 10 ml suvda 0,2 g tvin —80 eritib olinadi. Qolgan suvda (85 ml) yordamchi idishda PVS eritiladi.
Hovonchada 2 g sulfadimetoksin 1 ml tvin — 80 eritmasi bilan maydalanadi. So‘ngra unga 25 — 30 ml PVS
eritmasidan qo‘shib yaxshilab aralashtiriladi va beriladigan idishga solinadi. Hovoncha
tagida qolgan poroshokka
qolgan tvin — 80 va PVS eritmasi qo‘shib aralashtiriladi va yana beriladigan idishga quyiladi. Oxirida 5 ml natriy
benzoat eritmasi solinib «Ichish uchun», « Ishlatishdan oldin chayqatilsin» deb yozilgan yorliq yopishtiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: