1
0-MAVZU. FUQAROLIK HUQUQIDA MUDDATLAR VA
DA’VO MUDDATI
Muddatlar tushunchasi va ahamiyati. Muddatlarning turlari.
Muddatlarni hisoblash asoslari va tartibi. Da’vo muddati tushunchasi va
ahamiyati. Da’vo muddatining turlari. Da’vo muddatining oʻta boshlashi.
Da’vo muddati oʻtishining toʻxtatilishi, uzilishi va da’vo muddatining
tiklanishi. Da’vo muddati oʻtishining oqibatlari. Da’vo muddati joriy
qilinmaydigan talablar.
Muddatlar tushunchasi va ahamiyati
Ijtimoiy hayotda vujudga kelgan yangi munosabatlarni huquqiy
tartibga solishda fuqarolik huquqining boshqa institutlari kabi “muddatlar
va da’vo muddati” instituti ham muhim ahamiyatga ega. Aynan muddatlar
orqali fuqarolik huquqida “aniqlik”, “vaqt”, “majburiyatlarni lozim
darajada bajarish”, “sub’ektlarning oʻz huquqlariga e’tiborli boʻlishlari”,
“
xatti-harakatlarni bajarishda kechikmaslik” holatlari e’tiborga ega boʻladi
va har bir fuqarolik-huquqiy munosabatlar uchun zaruriy shartlardan biri
sanaladi. Shu bilan birga muddatlar subyekt va obyektning oʻzaro
bogʻliqligida muhim oʻringa ega boʻlib, shaxsning obyektga nisbatan
huquqlari va majburiyatlari amal qilishining eng koʻp va kam vaqtini
belgilab beradi. Masalan, subyektlarning mol-mulkka nisbatan mulk
huquqi muddatsizligi (FKning 164-moddasi) yoki ijarachining ijaraga
olingan ashyoga egalik qilish muddatining taraflarning roziligi bilan
belgilanishi va hokazo.
Har qanday muddat ham aniq belgilangan (mavhum yoki
belgilanmagan vaqt huquqiy ahamiyatga ega emas) vaqt hisoblanadi.
Vaqtning doimiy harakati muddat oʻtishi boshlanishi va tamom boʻlishini
yuzaga keltiradi. Mantiqiy nuqtayi nazardan qaraganda, muddat
belgilangan vaqtdan oʻta boshlaydi, ma’lum payt (davr)dan soʻng tamom
boʻladi. Aynan shunday vaqt ham muayyan voqea-hodisa yoki sana bilan
belgilangach, oʻta boshlaydi va belgilangan davr (payt)da u tugaydi.
Shuning uchun ham muddat tushunchasi fuqarolik huquqida faqatgina aniq
belgilangan vaqt tushunchasi bilan ayniy hisoblanadi. Ikkinchidan,
boshlanishi va oʻtishi belgilangan huquqiy oqibatlarni vujudga keltiradigan
paytlar va vaqt davrlarigina muddat hisoblanishi, vaqt aniq belgilanishi
1
38
bilan birga, huquqiy oqibatlar vujudga keltirishi lozimligini ifodalaydi.
Masalan, mahsulot yetkazib berish shartnomasiga muvofiq, mahsulot yetkazib berish
payti sifatida 1 mart belgilangan boʻlsa, aynan shu paytdan boshlab mahsulot
yetkazib berishni kechiktirganlik uchun, kechiktirishning har bir kuniga qonunda
nazarda tutilgan miqdordagi penyani toʻlash nazarda tutiladi.
Muddatning oʻtib ketishi ham biror huquqiy oqibatni vujudga
keltirishi lozim. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 895-
moddasiga muvofiq, yuk topshiruvchi ashyolarni qaytarib olishdan bosh tortgan
taqdirda lombard ularni uch oy mobaynida saqlab turishi shart. Bu muddat
oʻtganidan keyin lombardda talab qilib olinmagan ashyoni qonunda belgilangan
tartibda sotish huquqi vujudga keladi.
Mazkur holatlardan kelib chiqib, muddatlar tushunchasini
quyidagicha bayon etish mumkin:
Fuqarolik huquqida muddat deb, aniq belgilangan, oʻtishining
boshlanishi va tamom boʻlishi muayyan huquqiy oqibatlarni vujudga
keltiradigan, fuqarolik huquqlarini amalga oshirish va muhofaza qilishga
qaratilgan paytlar va vaqt davrlariga aytiladi.
Muddat huquqiy oqibat tugʻdirishi, huquq va burchlarni vujudga
keltirish, oʻzgartirish va bekor qilish mumkinligi uchun ham ularni yuridik
fakt deb atash mumkin boʻladi. Muddatlar yuridik faktlar tizimida alohida
oʻringa ega.
Yuridik faktlar fuqarolik huquqiy munosabatlarni vujudga keltirish,
oʻzgartirish va bekor qilishga qaratilgan harakatlar hisoblanadi. Har
qanday harakatlar ham yuridik fakt hisoblanmaydi. Faqatgina yuz berishi
natijasida fuqarolik huquqiy munosabatni vujudga keltirishi, oʻzgartirishi
yoki bekor qilishi mumkin boʻlgan harakatlargina yuridik fakt boʻlishi
mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |