2-bob. Soliq majburiyatining huquqiy asoslari
Ushbu bobda soliq majburiyatini amalga oshirish tartibi; soliq solish obyektlarini hisobini yuritish; Yuridik shaxs tugatilganda va qayta tashkil qilinganda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash tartibi; soliq to‘lovchi vafot etgan, bedarak yo‘qolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan hollarda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash; soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash majburiyati kabi masalalar yoritilgan.
2.1. Soliq majburiyati tushunchasi va amalga oshirish tartibi
Amaldagi qonunchiligimizda soliq to‘lovchining majburiyati va soliq majburiyati kabi tushunchalar mustahkamlab qo‘yilgan. Unga ko‘ra soliq to‘lovchilar o‘z soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘liq hajmda bajarishi, qonun hujjatlariga muvofiq buxgalteriya hisobini yuritishi, moliyaviy va soliq hisobotini tuzishi; davlat soliq xizmati organlariga va boshqa vakolatli organlarga imtiyozlar olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi; soliq tekshiruvlari o‘tkazilayotgan vaqtda davlat soliq xizmati organlariga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblab chiqarish, to‘lash bilan bog‘liq hujjatlar hamda ma’lumotlarni taqdim etishi; davlat soliq xizmati organlarining va boshqa vakolatli organlarning hamda ular mansabdor shaxslarining qonuniy talablarini bajarishi, shuningdek mazkur organlarning, ular mansabdor shaxslarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilmasligi shart.
Yuqorida ko‘rinib turibdiki, soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘liq hajmda bajarish – bu soliq to‘lovchining majburiyati hisoblanadi.
Soliq majburiyati – soliq to‘lovchining soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq yuzaga keladigan majburiyatidir.
|
Soliq majburiyatini bajarish uchun soliq to‘lovchi: Soliq kodeksida belgilangan hollarda davlat soliq xizmati organlarida hisobga turishi; soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bog‘liq obyektlarni aniqlashi hamda ularning hisobini yuritishi; moliyaviy va soliq hisobotini tuzishi hamda uni davlat soliq xizmati organlariga taqdim etishi; soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida hamda to‘liq miqdorda to‘lashi shart. Soliq majburiyatini bajarish bevosita soliq to‘lovchi tomonidan amalga oshiriladi. Yuridik shaxsning alohida bo‘linmalari bo‘yicha soliq majburiyati mazkur alohida bo‘linmalar tomonidan, agar ularga alohida mol-mulk ajratilgan bo‘lsa va ular mustaqil balansga ega bo‘lsa, mustaqil ravishda bajariladi. Mol-mulk ishonchli boshqaruvga topshirilganda boshqaruv muassisi bo‘lgan soliq to‘lovchining soliq majburiyati, agar bu majburiyat unga boshqaruv muassisi tomonidan yuklatilgan bo‘lsa, ishonchli boshqaruvchi tomonidan bajarilishi mumkin. Soliq majburiyati bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda soliq to‘lovchiga nisbatan Soliq kodeksida nazarda tutilgan tartibda uning bajarilishini ta’minlash choralari qo‘llaniladi.
Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha bajarilmagan majburiyatlari bo‘lgan soliq to‘lovchi o‘zining bank hisobvarag‘ida pul mablag‘lari mavjud bo‘lishidan qat’i nazar, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni ushbu Kodeksda belgilangan to‘lash muddatidan kechiktirmay ularni xizmat ko‘rsatayotgan bankka to‘lash uchun to‘lov topshiriqnomasini taqdim etishi shart.
Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash majburiyatlari bajarilishini ta’minlash choralari jumlasiga quyidagilar kiradi:
yuridik shaxslar, shuningdek tadbirkorlik faoliyatiga doir qism bo‘yicha yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun - soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash muddati tugaganidan keyin uch ish kunidan kechiktirmasdan davlat soliq xizmati organi tomonidan ularga yuboriladigan soliq qarzini to‘lash to‘g‘risidagi talabnoma;
jismoniy shaxslar uchun bundan tadbirkorlik faoliyatiga doir qism bo‘yicha (yakka tartibdagi tadbirkorlar mustasno; – soliq majburiyatlarini bajarish muddatlari tugaganidan keyin davlat soliq xizmati organining jismoniy shaxsdan soliq qarzini undirish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi, bundan soliq qarzining summasi undiruvni mol-mulkka qaratish uchun qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdordan oz bo‘lgan hollar mustasno.
Mazkur miqdor O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 27-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2017-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida”gi PQ 2699-sonli qаroriga asosan jismoniy shaxslar uchun eng kam ish haqqining 5 baravari qilib belgilangan.
Soliq majburiyati Soliq kodeksida belgilangan muddatlarda soliq to‘lovchi tomonidan bajarilishi kerak. Soliq to‘lovchi soliq majburiyatini muddatidan ilgari bajarishga haqli. Soliq majburiyatini bajarish muddatlari kalendar sana yoki vaqt davri (yil, yil choragi, oy, o‘n kunlik va kun) o‘tishi bilan belgilanadi. Muddatning o‘tishi kalendar sanadan yoki muddatning boshlanishi belgilab qo‘yilgan voqea yuz berganidan keyingi kundan boshlanadi. Soliq majburiyati bu majburiyatni bajarish muddatining so‘nggi kuni soat yigirma to‘rtga qadar bajarilishi kerak. Agar soliq majburiyatini bajarish muddatining so‘nggi kuni dam olish (ishlanmaydigan) kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, shundan keyingi birinchi ish kuni muddatning tugash kuni hisoblanadi.
Jismoniy shaxsning soliq majburiyati uning vafot etishi bilan va uni vafot etgan deb e’lon qilish to‘g‘risidagi sud qarori qonuniy kuchga kirishi bilan tugatiladi. Yuridik shaxsning soliq majburiyati esa u tugatilganidan keyin hamda u qo‘shib olish (qo‘shib olingan yuridik shaxsga nisbatan), qo‘shib yuborish, bo‘lish va o‘zgartirish orqali qayta tashkil etilganidan keyin tugatiladi.
Davlat soliq xizmati organi soliq davri tugaganidan keyin besh yil ichida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblashi yoki ularning hisoblangan summasini qayta ko‘rib chiqishi mumkin. Soliq to‘lovchi soliq davri tugaganidan keyin besh yil ichida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning ortiqcha to‘langan summalarini hisobga olishni yoki qaytarishni talab qilishga haqli.
Masalan, soliq to‘lovchi ayrim soliq turlarini, jumladan, amalda ko‘p uchraydigan mol-mulk yoki yer solig‘ini ko‘p to‘lab yuborgan va bu haqda soliq davri tugagandan so‘ng oradan 4 yil o‘tib, ma’lum bir holat tufayli aniqlab qolgan. Shunday holatda soliq to‘lovchi shu davr mobaynida ortiqcha to‘lagan soliqlarini qaytarib olishi mumkin. Yoki soliq organlariga ma’lum soliq to‘lovchi bir necha yildan beri soliq to‘lamaganligi aniqlanganda soliq organlari soliq davri tugaganidan keyin besh yil ichidagi soliqlarni undirib olishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |