Sudning hal qiluv qarori – bu nizoni mazmunan hal qiluvchi va
buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlar yoxud qonun bilan
qo‘riqlanadigan manfaatlarni tiklovchi, ishni mazmunan ko‘rish asosida
sud tomonidan qonunda nazarda tutilgan protsessual shaklda qabul
qilinadigan protsessual hujjat hisoblanadi.
Har bir fuqarolik ishi bo‘yicha bitta hal qiluv qarori chiqariladi. Hal
qiluv qarori sud ishlarini yuritish turlarining buyruq tartibida ish yuritish
turidan boshqa barcha turlarida chiqarilishi mumkin. Bular da’vo
tartibidagi ishlar hamda alohida tartibda yuritiladigan ishlardir. Mazkur
sud ishlarini yuritish davomida fuqarolik protsessual qonunda nazarda
tutilgan umumiy qoidalarga rioya qilgan holda hal qiluv qarori chiqariladi.
Lekin shu bilan birga qonunda ushbu toifadagi ishlar uchun ayrim istisno
va qo‘shimcha qoidalarni ham nazarda tutishi mumkin.