Jinoyat-protsessual norma – jinoyat-protsessual huquq va majburiyatlar subyektlarining davlat tomonidan o‘rnatilgan hamda davlat va jamoat ta’siri tizimi orqali ta’minlangan hamda jinoyat ishlari yurituvini samarali amalga oshirishga qaratilgan umummajburiy xulq-atvor qoidalari.
Jinoyat-protsessual normalarning belgilari quyidagilardan iborat:
1) davlat tomonidan o‘rnatilgan, ya’ni davlatning qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiruvchi oliy vakillik organi tomonidan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan;
2) jinoyat-protsessual huquq va majburiyatlar subyektlarining umumiy xulq-atvor qoidalari bo‘lib, muntazam ravishda takrorlanadigan muayyan harakatlarni ko‘zda tutadi;
3) jinoyat protsessi ishtirokchilari uchun majburiy hisoblanadi; norma o‘zining umummajburiy ta’siri orqali protsessning barcha ishtirokchilarini emas, balki u bevosita taalluqli bo‘lgan ishtirokchilarni qamrab oladi;
4) normalar davlat majburlov kuchi orqali ta’minlanadi;
5) jinoyat-protsessual qonun hujjatlari vazifalarini samarali tarzda amalga oshirish maqsadini ko‘zlaydi v.b.
Jinoyat-protsessual huquqiy munosabatlar ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini, jinoyat ish yurituvi bosqichlarini va boshqa ko‘plab tushunchalarni belgilab beruvchi jinoyat-protsessual normalar jinoyat-protsessual huquq tizimini tashkil qiladi. Jinoyat-protsessual huquqning barcha normalari qat’iy tizim va mantiqiy izchillikka ega bo‘lib, ular tizimlashtirilgan va kodifikatsiyalashganligi bilan tavsiflanadi. Chunki, Jinoyat-protsessual kodeksida jinoyat protsessiga taalluqli asosiy qoidalar batafsil bayon etilgan.
Jinoyat-protsessual normalar tizimida jinoyat-protsessual munosabatlar ishtirokchilarining xulq-atvor qoidalarini qat’iy qilib belgilab beruvchi normalar muhim o‘rin tutadi. Mazkur normalarning salmog‘i jinoyat protsessining maqsadi va vazifalaridan kelib chiqadi. Zero, jinoyat protsessi vazifalarini bajarish uchun eng maqbul va oqilona yo‘l tanlanishi lozim bo‘lib, bu mazkur munosabatlar ishtirokchilarining xulq-atvorini qat’iy tartibga solishni taqozo etadi. Biroq, jinoyat protsessiga xos bo‘lgan tortishuv jinoyat protsessida muayyan dispozitiv normalar ham amal qilishini ko‘zda tutadi. Dispozitiv normalar subyektlarga muayyan harakatlarni sodir etish yoki ulardan tiyib turish to‘g‘risida ko‘rsatma bermaydi. Ularning maqsadi shaxsning subyektiv manfaatini qanoatlantirish hisoblanadi. Dispozitiv normalarga asoslangan munosabatlarning vujudga kelishi, o‘zgarishi va tugatilishi manfaatdor shaxsning tashabbusiga bog‘liqdir.
Huquqiy tartibga solish usullariga (ruxsat berish, ko‘rsatma berish, taqiqlash) ko‘ra, jinoyat-protsessual huquq normalari vakolat beruvchi, majburiyat yuklovchi va taqiqlovchiga bo‘linadi. Vakolat beruvchi normalar – protsess ishtirokchilariga ularning ixtiyoriga ko‘ra foydalanishni ko‘zda tutuvchi huquq beruvchi normalar. Majburiyat yuklovchi normalar – muayyan shart-sharoitlarda xulq-atvorning ma’lum turini ko‘zda tutuvchi normalar. Taqiqlovchi normalar – muayyan harakatlarni sodir etishdan tiyilishni talab qiluvchi normalar. Jinoyat-protsessual qonunchilikda taqiqlovchi normalar ko‘plab uchraydi. Ular o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, turlicha shaklda namoyon bo‘ladi. Aksariyat hollarda ularda imperativ tusdagi hokimiyat irodasi namoyon bo‘lib, ular muayyan harakatlarni amalga oshirishni yoxud ularni amalga oshirishdan bo‘yin tovlashni taqiqlaydi.
Jinoyat-protsessual normalar qo‘llanilish sohasiga ko‘ra quyidagicha tasniflanadi:
a) umumiy normalar – barcha jinoyat-protsessual munosabatlar ishtirokchilariga nisbatan barcha jinoyat-protsessual faoliyat jarayonida qo‘llaniladi;
b) maxsus normalar – jinoyat protsessining alohida bosqichlarida yoki alohida protsessual harakatlarni o‘tkazish jarayonida qo‘llaniladi;
v) istisno normalar – umumiy yoki maxsus normalarga qo‘shimcha qiladigan yoki ulardan muayyan bir mustasnolarni ko‘zda tutadigan normalar.
Huquqiy tartibga solish predmetiga ko‘ra, jinoyat-protsessual normalar quyidagilarga bo‘linadi:
a) vakolat yuklovchi, ya’ni jinoyat protsessi ishtirokchilariga muayyan huquqlar taqdim etuvchi normalar;
b) majburiyat yuklovchi, ya’ni jinoyat protsessi ishtirokchilaridan muayyan xulq-atvorda bo‘lishni talab qiluvchi normalar;
v) taqiqlovchi, ya’ni jinoyat protsessi ishtirokchilariga u yoki bu harakatni sodir etishdan tiyilishni talab qiluvchi normalar.
Majburiylik darajasiga ko‘ra, normalar quyidagilarga bo‘linadi:
a) qat’iy (imperativ), ya’ni unda ko‘zda tutilgan xulq-atvor qoidalaridan hech qanday chekinishga yo‘l qo‘ymaydigan normalar;
b) dispozitiv – jinoyat protsessi ishtirokchilarida ushbu normada belgilangan doirada xulq-atvorni tanlash huquqini saqlab qoladigan normalar.
Jinoyat-protsessual huquq normalari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida moddalar ko‘rinishida ifodalangan. Jinoyat-protsessual normalar va ular ifodalangan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi moddalari gipoteza, dispozitsiya va sanksiyadan tashkil topgan. Jinoyat-protsessual normalarning gipotezasi uning ifodalanishining aniqlik darajasiga qarab mutlaq-muayyan va nisbiy-muayyan bo‘lishi mumkin. Ushbu gipoteza turlarining tartibga soluvchi ahamiyati bir xilda emas. Mutlaq muayyan gipotezalar jinoyat-protsessual normaning dispozitsiya va sanksiyasini amalga oshirishning aniq shartlarini ko‘rsatadi. Bunday gipotezaga ega normani qo‘llash uchun gipotezada ko‘zda tutilgan tegishli shartlarni aniq amaliy holatga mos kelishini aniqlash yetarli hisoblanadi. Masalan, Jinoyat-protsessual kodeksining 321-moddasiga asosan, jinoyat sodir etilganligi to‘g‘risida sabab va yetarli asoslar aniqlanganda, jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi shart. Mazkur holatda “jinoyat sodir etilganligi to‘g‘risida sabab va yetarli asoslarning aniqlanishi” (gipoteza) jinoyat ishining qo‘zg‘atilishiga (dispozitsiya) olib keladi. Nisbiy-muayyan gipotezalarda ularning tegishli shartlari qanoatlantirilganda, jinoyat-protsessual norma dispozitsiya yoki sanksiyasini qo‘llash jinoyat ishini yuritayotgan vakolatli organ yoki mansabdor shaxslar ixtiyoriga topshiriladi. Bunday normalar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida “ixtiyoriga binoan”, “ixtiyori bilan” kabi atamalar yordamida ifodalanadi (Jinoyat-protsessual kodeksining 161-, 49710-moddalari). Demak, jinoyat-protsessual normaning gipotezasi uning dispozitsiya va sanksiyasini amalda tatbiq etish uchun sharoit yaratadi.
Jinoyat-protsessual normaning gipotezasi ijobiy yoki salbiy bo‘lishi mumkin – basharti, huquq normasining dispozitsiya yoki sanksiya qismini amalga oshirish uchun muayyan shart-sharoitlar, holatlarning mavjud bo‘lishi talab qilinsa, bu ijobiy yoki mavjud bo‘lmasligi talab qilinsa, bu salbiy gipoteza hisoblanadi. Shuningdek, basharti gipotezada bir holat ko‘rsatilib, huquq normasining amal qilishi uning mavjud yoki mavjud emasligi bilan bog‘lansa, bunday gipoteza oddiy hisoblanadi. Agarda gipoteza huquq normasining harakatini ikki yoki undan ortiq holatlarning bor yoki yo‘qligi bilan bog‘lasa, u murakkab gipoteza hisoblanadi. Basharti, huquq normasining harakati bir necha holatlardan birining bor yoki yo‘qligi bilan bog‘lansa, bunday gipoteza muqobil gipoteza hisoblanadi.
Jinoyat-protsessual normaning dispozitsiyasi jinoyat-protsessual faoliyatni qamrab oladi. Jinoyat-protsessual faoliyat o‘z navbatida maqsadi va vositalariga ega bo‘lgan jinoyat-protsessual harakatlar tizimidan iboratdir. Jinoyat-protsessual normaning dispozitsiyasida jinoyat-protsessual munosabatlar ishtirokchilari xulq-atvori modelini tanlashda qonun yoki faoliyat yo‘nalishiga oid umumiy ko‘rsatma bilan cheklanadi yoxud xulq-atvorni mufassallashtiradi. Bunda dispozitsiyani qanday bayon etish tartibga solinadigan faoliyatning muhimligi, uni amalga oshirishning tez-tez takrorlanishi, jinoyat siyosatining yo‘nalishi, jamiyatdagi huquqiy madaniyat darajasi kabi bir qator omillarga bog‘liq bo‘ladi.
Jinoyat protsessida dispozitsiya protsessual normaning qismi bo‘lib, unda jinoyat protsessi sohasidagi huquqiy munosabatlar ishtirokchilarining munosib xulq-atvorining modeli tavsiflanadi. Protsessual adabiyotlarda ko‘p hollarda protsessual normalarning barcha ko‘rsatmalari tartib-taomil xususiyati kasb etishiga, ular qoida tariqasida moddiy huquq normalarini qo‘llash bo‘yicha hokimiyat vakolatlariga ega subyektlarga yo‘naltirilishiga e’tibor qaratiladi.
Jinoyat-protsessual normalar dispozitsiyasining tartib-taomillarni belgilovchi xususiyati shundaki, ular nafaqat protsess ishtirokchilari harakatlarini tavsiflaydi, balki ularni sodir etish usuli, tartibi, ketma-ketligi, mazkur harakatlar natijalarini qayd etish shakllarini ham mustahkamlaydi.
Jinoyat-protsessual normalar dispozitsiyasining murakkab tuzilishi ular bilan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlarning murakkabligi bilan ham belgilanadi. Zero, birinchidan, protsessual faoliyat ishtirokchilarining ko‘p sonligi bois ular o‘rtasida o‘ziga xos aloqadorlik, o‘zaro bog‘liqlik mavjud bo‘ladi; ikkinchidan, protsessual faoliyat jarayonida isbotlash amalga oshiriladiki, u huquqni qo‘llash jarayonida bilishning o‘ziga xos shakli hisoblanadi.
Jinoyat protsessual normalarning sanksiyasi uning dispozitsiyasiga rioya etmagan holda vujudga keladigan oqibatlarni ko‘rsatadigan huquqiy normaning elementi. U protsessual munosabatlar ishtirokchilarining jinoyat-protsessual normalar talablari bajarilmaganda kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar va davlat majburlovi bilan bog‘liq. Sanksiyalar jinoyat-protsessual normalarning zarur qismi hisoblanadi. Biroq ular jinoyat-protsessual normalar tuzilishida yetakchi o‘ringa egalik qila olmaydilar, chunki davlat majburlovini qo‘llash bilan ta’sir ko‘rsatish protsess ishtirokchilariga davlat tomonidan ta’sir ko‘rsatishning asosiy shakli hisoblanmaydi.
O‘z tuzilishi va tabiatiga ko‘ra, jinoyat-protsessual normalar sanksiyasi turlicha mazmun va maqsadga ega. Ularni o‘zaro farqlashning bosh mezoni bu ular huquqni muhofaza qilishga xizmat qilishi uchun qaratilgan vosita hisoblanadi. Ushbu asosga ko‘ra ularni huquqni tiklovchi, huquqni rad etuvchi, jazolovchi va ahamiyatsiz sanksiyalarga ajratish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |