O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 224-moddasi. Militsiya xodimi, boshqa vakolatli shaxs yoki fuqaro shaxsni qonunga xilof yoki Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasida ko‘rsatilgan asoslarsiz ushlab turganligi yoxud ushlab turish vaqtida ular ushlash vositalari va usullariga, qilmishning hamda uni sodir etgan shaxsning xavflilik darajasiga, shuningdek ushlash sharoitiga butunlay mos kelmaydigan, ushlash zarurati taqozo etmagan holda ushlanayotgan shaxsga qasddan zarar yetkazish ushlash choralari chegarasidan chetga chiqish deb topiladi va bunday holatlar favqulodda hodisa deb qaralib, bunga yo‘l qo‘ygan shaxslarning javobgarlik masalasi qonun doirasida hal etiladi.
Ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida unga yetkazilgan zararning qonuniyligini baholashda, qilmishni sodir etgan shaxsning ushlanishdan qochish maqsadida qilgan harakatlari, ushlayotgan shaxsning kuchi va imkoniyatlari, ruhiy holati va ushlash bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa holatlar hisobga olinadi.
Ushlab turish bayonnomasini tuzish va ushlab turishning asosliligini tekshirish. Ushlab turish bayonnomasi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror tomonidan bevosita shaxs ushlangan joyda yoki u militsiya yoki boshqa huquqni muhofaza qilish organiga keltirilganidan keyin mazkur organ boshlig‘ining ko‘rsatmasiga binoan navbatchi yoki boshqa xodim tomonidan darhol tuziladi.
Ushlab turish bayonnomasini tuzishda Jinoyat-protsessual kodeksining 225-moddasida nazarda tutilgan talablarga qat’iy rioya etilishi lozim.
Militsiya xodimi yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organning xodimi amalga oshirilgan ushlab turish haqida ushlangan shaxs militsiya muassasasiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilgan paytdan boshlab o‘n ikki soat ichida nazoratni amalga oshiruvchi prokurorga yozma shaklda xabar berishi shart
Jinoyat-protsessual kodeksining 225-modda.
Ushlab turishning asosli ekanligini tekshirish, hujjatlarni talab qilish va ko‘zdan kechirish ushlangan shaxs militsiya muassasasi yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilgan paytdan boshlab 24 soatdan kechiktirilmay o‘tkazilishi zarur. Agar bu muddat ichida shaxs asossiz ushlab turilganligi aniqlansa, militsiya bo‘linmasining boshlig‘i yoki boshqa vakolatli shaxs ushlanganni ozod qilish to‘g‘risida qaror chiqaradi. Ozod etilayotgan shaxs ushbu qaror bilan tanishib, unga imzo chekadi. Qarorning nusxasi darhol nazoratni amalga oshiruvchi prokurorga yuboriladi. Militsiya bo‘linmasining boshlig‘i yoki boshqa vakolatli shaxs asossiz ushlab turilgan shaxsdan rasmiy tarzda uzr so‘rab, uning ushlanganligi hamda ozod etilishi sabablarini tushuntirib berishi lozim.
Ushlab turish harakati jinoyat ishi qo‘zg‘atilgunga qadar amalga oshirilgan bo‘lsa, ushlangan shaxsga darhol ushlab turish, jinoyat ishini qo‘zg‘atish, ishda gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb etish to‘g‘risidagi qarorlar e’lon qilinadi. Ayni vaqtda unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 48-moddasidagi huquq va majburiyatlari tushuntiriladi. Ushlangan shaxs yuqoridagi qarorlar bilan tanishganligi va unga gumon qilinuvchining huquq va majburiyatlari tushuntirilganligini tegishli qarorlarga imzo chekish orqali tasdiqlaydi. Qarorlar tanlangan yoki tayinlangan himoyachiga tanishib chiqish uchun taqdim etiladi.
Ushlangan shaxs militsiya muassasasi yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilgan paytdan boshlab yigirma to‘rt soatdan kechiktirilmay so‘roq qilinishi lozim. Ushbu muddatga rioya etilmagan hollarda, ushlangan shaxs ushlanganidan keyin yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay so‘roq qilinishini talab qilish huquqiga ega. So‘roq vaqtida ushlangan shaxsning himoyachisi ham ishtirok etishga haqli.