O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasining 4-bandi.
Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining
94-moddasi, Belarus Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining
108-moddasi 1-qismi, Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 132-moddasi va Moldova Jinoyat-protsessual kodeksining 160-moddasi 1-qismida ham ushlab turish uchun yuqorida sanab o‘tilgan asoslar ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati va Senati a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Qaraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashi deputati, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasi, boshqa sudlar sudyalari, prokuror va prokuratura tergovchisi ushlab turish chog‘ida majburlov chorasini qo‘llash immunitet huquqidan foydalanadilar. Ushlash vaqtida jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxs tomonidan ko‘rsatiladigan qarshilik va jamiyat uchun xavf tug‘diradigan boshqa harakatlar bartaraf etilishi lozim. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining
39-moddasiga binoan ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni hokimiyat organlariga topshirish maqsadida ushlash vaqtida unga zarar yetkazish, agar uni ushlash uchun zarur bo‘lgan choralarning chegarasidan chiqilmagan bo‘lsa, jinoyat deb topilmaydi.
Ushlab turishni amalga oshirayotgan militsiya xodimi, boshqa vakolatli shaxs yoki fuqaro: qurollangan jinoyatchini odamlar gavjum bo‘lgan joyda qurol ishlatmaslikka da’vat etish va uni iloji boricha qurolsizlantirish va harakatlanishini cheklash choralarini ko‘rish; o‘zlarini tanishtirish, ushlanayotgan shaxsning talabiga ko‘ra, shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatish; ushlanayotgan shaxsning ushlash vaqtida barcha harakatlarini sinchiklab kuzatish; zarur hollarda ushlash uchun ko‘makchi kuchlarni chaqirish; tegishli huquqni muhofaza qilish organi bilan aloqa bog‘lash; ushlash jarayoni to‘g‘risida xabar berish; ushlanayotgan shaxsga qanday jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib ushlanganligini bildirib, yaqin oradagi militsiya yoki boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organiga borishni talab qilish; ushlangan shaxs militsiya va boshqa huquqni muhofaza qilish organiga keltirilganda, voqea tafsilotlarini o‘zining yozma arizasi yoki so‘roq bayonnomasida batafsil bayon etish; ushlab turish bayonnomasini tuzishda ishtirok etish kabi majburiyatlarga ega bo‘ladi.
Ushlanayotgan shaxsda qurol borligi yoki u jinoyat sodir etganligini fosh qiluvchi dalillardan qutulish niyatida ekanligini taxmin qilishga yetarli asoslar mavjud bo‘lsa, ushlayotgan vakolatli shaxs uni shaxsiy tintuv qilishi, uning yonidan topilgan narsalarni olib qo‘yishi va bu haqda ushlangan shaxs militsiya muassasasiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilganidan so‘ng xolislar huzurida bayonnoma tuzishga haqlidir. Shaxs jinoyat sodir etilgan joyda daliliy ashyolar bilan qo‘lga tushgan hollarda, uni ushlab turish to‘g‘risida darhol bayonnoma tuzilishi hamda ushbu bayonnomada ushlangan shaxsdan daliliy ashyolar qanday holatda olinganligi aks ettirilishi lozim. Bunday imkoniyat bo‘lmagan hollarda shaxs zudlik bilan militsiya yoki boshqa huquqni muhofaza qilish organiga olib borilib, o‘sha yerda tegishli bayonnoma tuziladi.
Ichki ishlar organi xodimi, boshqa vakolatli shaxs ushlab turilgan shaxsga advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilish yoki xabar berish, himoyachiga ega bo‘lish, ko‘rsatuvlar berishni rad etishga bo‘lgan protsessual huquqlarini tushuntirishi, shuningdek u bergan ko‘rsatuvlardan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning o‘ziga qarshi foydalanilishi mumkinligini bildirishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |