2.3. Odil sudlovning faqat sud tomonidan amalga oshirilishi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19-moddasiga muvofiq fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas.
O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshiriladi (3-modda).
Odil sudlov – sud hokimiyatini amalga oshirishning yetakchi shakli. Shuning uchun odil sudlovning faqat sud tomonidan amalga oshirilishi prinsipining e’lon qilinishi jinoyat-protsessual qonunchiligida ham o‘z aksini topgan.
Jinoyatga oid sud ishlarini yuritishda odil sudlov – bu jinoyat-protsessual qonunida belgilangan va sud qarorlarining qonuniyligini, asosliligini va adolatliligini ta’minlaydigan tartibga qat’iy rioya qilgan holda sud tomonidan, uning vakolati doirasida, jinoyat ishlarini ko‘rish va hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan faoliyatdir.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining
12-moddasida aks ettirilgan ushbu prinsip odil sudlovning tub mazmunini ochib beradi: shaxsni jinoyat sodir etishda aybdor deb topishga hamda ushbu shaxsga jazo tayinlashga faqat sud o‘z hukmi bilan vakolatli. Shaxsga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini, qamoqqa olish va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralarini qo‘llash, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish, ayblanuvchini, sudlanuvchini lavozimdan chetlashtirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishga, murdani eksgumatsiya qilish va pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlashga ruxsat berishga ham faqat sud haqlidir.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining
28-moddasida ko‘rsatilganidek: “O‘zbekiston Respublikasida jinoyat ishlari bo‘yicha odil sudlovni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) sudlari va harbiy sudlar amalga oshiradi”.
Sud majlisida jinoyat ishini ko‘rish va natijalariga ko‘ra jinoyat sodir etishda aybdor deb topilgan shaxsga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida belgilangan jazoni tayinlash yoki ushbu shaxsni oqlash yoxud jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilish jinoyat ishlari bo‘yicha odil sudlovni amalga oshirish usuli sifatida xizmat qiladi.
Shunday qilib, O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat va Toshkent shahar sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari, harbiy sudlar odil sudlovni amalga oshiradilar. Favqulodda sudlar tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |