Konstitutsiyaviy prinsiplar:
Jinoyat-protsessual kodeksining 12-, 14-, 16-, 17-, 18-, 20-, 24-moddalari;
Barcha huquqiy fanlarga oid prinsiplar:
Jinoyat-protsessual kodeksining 12-, 16- moddalari;
Jinoyat protsessining barcha bosqichlariga taalluqli prinsiplar:
Jinoyat-protsessual kodeksining 7-, 18-, 20-, 21-, 22-, 23-, 24-moddalari;
25-, 26-, 27- moddalari;
Jinoyat protsessining ayrim bosqichlariga taalluqli prinsiplar:
Jinoyat-protsessual kodeksining 12-, 13-, 15-, 19- moddalari;
Jinoyat protsessining prinsiplari
(JPK 11-27-moddalari)
Qonuniylik prinsipi – bu davlatning jinoyat ishlarini yuritishda jinoyat protsessida ishtirok etuvchi barcha subyektlardan jinoyat ishlarini tergov qilish, sudda qo‘rib chiqish, jinoyat protsessining sudga qadar va sudda ish yuritish bosqichlarida tergov organlari va sudlar faoliyati ustidan tegishincha prokuror va sud nazoratini amalga oshirishda jinoyat protsessual qonun-hujjatlari normalariga aniq rioya etish va ularning talablarini og‘ishmay bajarish haqidagi talabidir.
Jinoyat ishlarini yuritish maqsadlariga erishish uchun ijtimoiy munosabatlar protsessual qonunlar bilan aniq tartibga solinishi lozim, shu tufayli jinoyat sud ishlarini yuritish ushbu protsessual qonunlarga asoslanadi. Qonuniylik to‘g‘risidagi normalar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 11-moddasida o‘z ifodasini topgan.
Mazkur prinsip ishdagi barcha holatlar to‘la, har tomonlama va xolisona ko‘rib chiqilishini, har bir ish qonunga asosan ko‘rib chiqilishi va hal qilinishini, sud ishlarini yuritish barcha ishtirokchilarining huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini, fuqarolar qonunlarga rioya qilish va ularni hurmat qilish ruhida tarbiyalanishini taminlashga qaratilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumi o‘zining 1997-yil
22-avgustdagi “Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini birinchi bosqich sudida muhokama etish jarayonida protsessual qonunchilikka rioya qilinishi to‘g‘risida”gi 12-son qarorida: “Sudlarning e’tibori jinoyat ishlarini sud muhokamasi jarayonida protsessual qonunchilikka qat’iy amal qilishning zarurligiga qaratilsin, faqat unga aniq va og‘ishmay amal qilish ishning holatini har tomonlama to‘liq va xolisona tekshirishni, jinoyatlarning sodir etilishiga imkon yaratuvchi sharoit va sabablarni aniqlashni va sud jarayonining tarbiyaviy ta’sirini taminlashini e’tiborga olinsin” deb qayd etilgan. Sudlar faoliyatida mavjud bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etishga apellyatsiya, kassatsiya va nazorat instansiyalari e’tiborini qaratib, Plenum o‘z qarorida “ishlarni apellyatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida ko‘rayotganda birinchi bosqich sudlari tomonidan jinoyat-protsessual qonunchiligiga rioya qilinishiga alohida e’tibor qaratish, jinoyat ishlarining sud muhokamasida jinoyat-protsessual qonunchiligini qo‘llashda yo‘l qo‘yilgan xatolarni, birorta qonun buzilish holatini e’tibordan chetda qoldirmasdan, muntazam tahlil qilib borish”5ni tavsiya etgan.
Moddiy va protsessual qonunlarning barcha talablariga, shu jumladan, protsessual faoliyatning prinsiplarini belgilovchi normalarga rioya etish bo‘yicha protsessual faoliyatining har bir ishtirokchisi zimmasiga yuklatilgan majburiyat qonuniylik prinsipi mazmunini tashkil qiladi.
Qonunda yo‘l qo‘yiladigan barcha protsessual harakatlar o‘tkazilishi va protsessual qarorlar qabul qilinishi protsessual normalar bilan aniq tartibga solingan. Jinoyat ishlarini yuritish jarayonida qonuniylik protsessual qonunchilikda belgilangan kafolatlar tizimi orqali ta’minlanadi.
Qonuniylik protsessual huquqning barcha prinsip va normalarida o‘z ifodasini topgan hamda sud ishlarini yuritishning barcha tomonlarini ta’riflaydigan hamma sohani qamrab oladigan, universal prinsip hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |