Jinoyat-protsessual qonunining vaqt bo‘yicha amal qilishi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 3-moddasiga binoan, jinoyat ishlarini yuritish, jinoyat sodir etilgan joydan qat’iy nazar, basharti O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan tuzilgan shartnoma va bitimlarida o‘zgacha qoidalar belgilanmagan bo‘lsa, ish yuzasidan surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi yuritilayotgan paytda amalda bo‘lgan qonun hujjatlariga muvofiq olib boriladi. Jinoyat-protsessual qonun orqaga qaytish kuchiga ega emas.
Jinoyat-protsessual qonunining hudud bo‘yicha amal qilishi. Hududiylik tamoyiliga ko‘ra, jinoyat ishi yurituvi qaysi davlat hududida amalga oshirilayotgan bo‘lsa, o‘sha davlatning jinoyat-protsessual qonun hujjatlari qo‘llanilishini ifoda etadi. O‘zbekiston hududida jinoyat sodir etgan barcha shaxslarga nisbatan jinoyat ishi yurituvi ular chet el davlati fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bo‘lishidan qat’iy nazar faqat O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Jinoyat sodir etilgan joy – keng ma’noda olganda mamlakatning chegarasi bilan belgilangan quruqlik, suv va havo havzasi nazarda tutiladi. Jinoyat ishlarini yuritish jinoyat sodir etilgan joydan qat’iy nazar ish yurituvi amalga oshirilayotgan paytda amalda bo‘lgan qonun hujjatlariga muvofiq olib boriladi.
Basharti, O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan tuzilgan shartnoma va bitimlarida o‘zgacha qoidalar belgilangan bo‘lsa yoxud jinoyat chet elda yoki boshqa davlat manfaatlariga qarshi sodir etilgan bo‘lsa, xalqaro shartnoma yoki o‘zarolik prinsipiga asosan O‘zbekiston Respublikasi hududida jinoyat ishlari yurituvi xalqaro hujjat yoki xorijiy davlat jinoyat-protsessual qonunchiligi talablariga rioya etgan holda amalga oshirilishi mumkin.
Jinoyat-protsessual qonunining shaxslar bo‘yicha amal qilishi. Jinoyat kodeksining 17-moddasida jinoyat sodir etgunga qadar yuridik javobgarlik yoshiga yetgan barcha aqli raso jismoniy shaxslarning javobgarlikka tortilishi belgilangan. Ular nafaqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, balki chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham bo‘lishi mumkin.
Jinoyat protsessida immunitet instituti jinoyat-protsessual qonunining shaxslar bo‘yicha amal qilishini cheklashi mumkin bo‘lib, bu umumiy qoidadan istisno sanaladi. “Immunitet” lot. “immunitatis” – “xalos bo‘lish” degan ma’noni anglatadi. Huquq sohasida immunitet faqat qonun hujjati asosida beriladi va shaxsning yoki muassasa, tashkilotning muayyan vakolatlari to‘siqsiz amalga oshirilishini taminlash zarurligi bois alohida huquqlari, huquqiy afzalliklari, imtiyozlari, ustuvorligi borligini yoxud biror turdagi majburiyatdan xalosligi, ta’sir chorasidan tashqaridaligi va daxlsizligini anglatadi. Har qanday jismoniy shaxs, shuningdek ajnabiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmaganlar O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga, shu jumladan, Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslarining talablariga rioya qilishlari shart. Ammo, ular bu majburiyatlarga nisbatan immunitetga ega, ya’ni bunday majburiyatdan xalos etilgan bo‘lishlari mumkin.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, O‘zbekiston hududida quyidagi to‘rt toifa chet el fuqarolari immunitet huquqidan foydalanishi mumkin: chet el davlatlarining diplomatik vakolatxona xodimlari; chet el davlatlarining konsullik vakolatxona xodimlari; xalqaro hukumatlararo tashkilotlar xodimlari; chet el davlatlarining boshqa vakillari, shuningdek xalqaro shartnomada ko‘zda tutilgan hollarda ularning oila a’zolari.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalarining, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalarining hamda ular xodimlarining O‘zbekiston Respublikasidagi faoliyati to‘g‘risida”gi 2001-yil 8-maydagi 207-sonli qarori 1-ilovaga muvofiq tasdiqlangan “Xorijiy davlatlarning O‘zbekiston Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari to‘g‘risida”gi Nizomga asosan diplomatik vakolatxona boshlig‘i va diplomatik personal a’zolari shaxsiy daxlsizlik huquqlaridan foydalanadilar hamda tintuv qilinishi yoki hibsga olinishi yoki biron-bir shaklda ushlab turilishi mumkin emas hamda O‘zbekiston Respublikasining jinoiy, fuqarolik va ma’muriy yurisdiksiyasidan daxlsizlik huquqlaridan foydalanadilar. Daxlsizlik huquqlari va imtiyozlar konsullik muassasalariga nisbatan ham qo‘llanadi.
Diplomatik vakolatxona xodimlari – O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining shunday maqomga ega ekanligini tasdiqlovchi hujjat berilgan vakolatxona boshlig‘i va vakolatxona a’zolaridir. Vakolatxona shaxsiy tarkibi a’zolari – bu avvalo diplomatik xodimlar, vakolatxonaning ma’muriy texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlari. Diplomatik xodimlar qatoriga, shuningdek diplomatik (maqom) rangga ega bo‘lgan vakolatxona xodimlari kiradi.
Immunitetga ega bo‘lgan shaxslarning huquqiy maqomi masalalariga “BMTning imtiyozlar va immunitetlar to‘g‘risida”gi Konvensiya
4-moddasi 11-bo‘limining “a”, “b” bandlari, 5-moddasi 18-bo‘limining “a” bandi, 6-moddasi 22-bo‘limining “a” – “s” bandlari (1946-yil
13-fevral, Nyu-York), “Birlashgan Millatlar Tashkiloti va turli ixtisoslashgan muassasalar foydalanadigan imtiyozlar va daxlsizlik huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiya III moddasining 4-,6-bo‘limlari, V moddasi
13-bo‘limining “a”, “b” bandlari, 14-bo‘limi, VI moddasi 19-bo‘limining “a” bandi (1947-yil 21-noyabr, Vashington), “Shanxay hamkorlik tashkilotining imtiyoz va immunitetlari to‘g‘risida”gi Konvensiyaning
3-moddasi, 11-moddasining 1-bandi, 17-moddasining 1-bandi,
18-moddasining 1-,2-bandlari (2004-yil 17-iyun, Toshkent) va boshqa xalqaro hujjatlar bag‘ishlangan.
MAVZU BO‘YICHA XULOSALAR
Mazkur mavzuni o‘rganishda talabalar jinoyat ishlari yurituviga oid qoidalarning xalqaro hujjatlarda va tarmoq qonun hujjatlarida mustahkamlanishiga oid masalalarni ko‘rib chiqishlari; qiyosiy-huquqiy tahlil o‘tkazib, jinoyat ishlarini yuritishda protsessual shaklning rolini aniqlashlari, hamda jinoyat protsessual qonunining rivojlanish tarixi va takomilashtirish istiqbollarini yoritishlari lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |