1987-yilgi yevropa Ittifoqining “Jinoyat ishlari bo‘yicha odil sudlovni imkon qadar soddalashtirish to‘g‘risida”gi tavsiyalari.
“Har bir inson unga Konstitutsiya yoki qonun orqali berilgan asosiy huquqlari buzilgan hollarda nufuzli milliy sudlar tomonidan bu huquqlarning samarali tiklanishi huquqiga ega”.
1948 yilgi BMTning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 8-moddasi.
Jinoyatlarning nafaqat ochiq-oydin, balki bilvosita belgilari mavjudligi ham darhol jinoyat ishlarini qo‘zg‘atishni talab etadi. Bu o‘z navbatida, jabrlanuvchilarning va jinoyat protsessida ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishga; jinoyatlar mumkin qadar tez fosh qilinishiga; jinoyat protsessi muddatlarini, shuningdek protsessual xarajatlarni qisqartirishga; moddiy va mehnat resurslarini tejashga; jinoyat ishlarini qo‘zg‘atishni qonunga xilof ravishda rad etish hollarini, rad etishga doir materiallar hajmini, huquqni muhofaza qilish organlari ro‘yxatga olish va hisob yuritishdan yashirgan jinoyatlar sonini kamaytirishga; jinoyat sodir etishga moyil shaxslarga ijobiy ta’sir ko‘rsatishga; huquqni muhofaza qilish organlarining obro‘sini oshirishga imkoniyat yaratadi.
Protsessual muddatlarni hisoblash bilan bog‘liq masalalar Jinoyat-protsessual kodeksining bir qator moddalarida aks etgan. Chunonchi, Jinoyat-protsessual kodeksining 110-moddasiga muvofiq, surishtiruv va dastlabki tergov o‘tkazish jarayonida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi ushlangan, so‘roq qilish uchun chaqirilgan, qamoqqa olingan yoki majburiy keltirilgandan keyin darhol yoki yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay, so‘roq qilinishi kerak. Shuningdek, 227-moddada surishtiruvchi, tergovchi, prokuror gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan ushlab turish tarzidagi, sud esa qamoqqa olish yoki ekspertiza o‘tkazish uchun shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov chorasini qo‘llaganida, bu haqda yigirma to‘rt soatdan kechiktirmasdan uning oila a’zolaridan biriga, ular bo‘lmagan taqdirda esa, boshqa qarindoshlariga yoki yaqin kishilariga xabar berishi, shuningdek bu haqda ish yoxud o‘qish joyiga ma’lum qilishi shart. Kodeksning 226-moddasida esa, ushlab turish muddati ushlangan militsiyaga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilgan paytdan boshlab ko‘pi bilan qirq sakkiz soatni tashkil etadi. Tergovchi yoki prokuror tomonidan zarur va yetarli asoslar taqdim etilganda ushlab turish sudning qarori bilan qo‘shimcha ravishda 48 soatga uzaytirilishi mumkinligi belgilangan.
Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan muddatlar, shuningdek qonunda nazarda tutilgan hollarda surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi bilan tayinlangan muddatlar soatlar, sutkalar va oylar bilan hisoblanadi. Muddatlarni hisoblashda muddatning o‘tishi boshlangan soat, sutka hisobga olinmaydi, ammo bu qoida ushlab turish, qamoqda saqlash va tibbiy muassasada bo‘lish muddatlarini hisoblashga taalluqli emas.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, Qozog‘iston Jinoyat-protsessual kodeksi 54-modda, Qirg‘iziston Jinoyat-protsessual kodeksi 144-modda, Armaniston Jinoyat-protsessual kodeksi 173-modda, Ozarbayjon Jinoyat-protsessual kodeksi 202-modda, Ukraina Jinoyat-protsessual kodeksi 89-modda, Estoniya Jinoyat-protsessual kodeksi 85-modda, Belarus Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 158 – 231-moddalar, Tojikiston Jinoyat-protsessual kodeksi 98-modda, Turkmaniston Jinoyat-protsessual kodeksi 112-moddasiga muvofiq, muddatlar soatlar, sutkalar, oylar va yillar bilan hisoblanadi.
Muddatni hisoblashda ishdan xoli vaqt ham e’tiborga olinadi. Muddatlar sutkalar bilan hisoblanganda muddat oxirgi sutkada soat 24.00 da tugaydi. Tegishli harakat sudda, prokuraturada yoki boshqa davlat muassasasida bajarilishi lozim bo‘lsa, muddat ushbu muassasalarda ish vaqti tamom bo‘lishi bilan tugaydi.
Oylar bilan hisoblanadigan muddat oxirgi oyning muddat boshlangan kuniga to‘g‘ri kelgan sanasida tugaydi, muddatning tugashi tegishli sanasi bo‘lmagan oyga to‘g‘ri kelsa, muddat shu oyning so‘nggi sutkasida tamom bo‘ladi. Muddatning tugashi ishdan xoli kunga (dam olish, bayram kuniga) to‘g‘ri kelsa ushlab turish, qamoqda saqlash va tibbiy muassasada bo‘lish muddatini hisoblash hollaridan tashqari muddat shundan keyingi birinchi ish kunida tugaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |