XIII BOB. HAYVONOT DUNYOSINI MUHOFAZA QILISH VA
ULARDAN FOYDALANISHNING HUQUQIY HOLATI.
1§. Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish huquqiy
holatining tushunchasi va xususiyatlari.
Hayvonot dunyosi - tabiat boyliklarining bir qismi bo`lib, jamiyatda, inson
hayotida katta ekologik ahamiyatga ega.
Hayvonot dunyosining iqtisodiy ahamiyati nuqtai nazaridan muhim tabiiy
resurs, oziq-ovqat mahsulotlari, sanoatbop, texnikaviy va dorivor xom ashyo
hamda boshqa moddiy boyliklar olish manbai ekanligi ma'lum. Shunday ekan uni
huquqiy ekologik muhofaza qilish juda zarurdir. Bu ishda mamlakatimiz
qonunlari, O`zbekiston fuqarolarini hayvonot dunyosiga sohibkorona va insoniy
munosabatda bo`lish ruhida tarbiyalashga, bu bebaho dunyoni muhofaza qilish
hamda samarali va oqilona foydalanishga yordam bermog`i lozim.
Chunki, hayvonlarning O`zbekiston faunasiga xos bo`lgan talaygina turlari
yo`qolib ketish arafasida turibdi, ayrimlari (qulon, turon yo`lbarsi, ola-bula sirtlon
va boshqalari) esa butunlay yo`qolib ketdi. Shu boisdan ham noyob va yo`qolib
borayotgan hayvonlarni huquqiy ekologik asosda muhofaza qilish katta
ahamiyatga ega.
Hayvonot dunyosi yer yuzining hamma joyida mavjud. Quruqlikda
yashovchi hayvonlar butun hayvonlar turining 93 foizini, suv hayvonlari esa 7
foizini tashkil etadi. Umuman olganda, yer yuzida yashovchi hayvonlar turi xatto
o`simliklar turiga qaraganda 4 baravar ko`p bo`lib, taxminan 2 milliondan
ortiqroqdir.
Shuni alohida qayd etish lozimki, butun jonivorlarning 75 foizi
hasharotlarga to`g`ri keladi. Hasharotlardan keyin malyuskalar turadi (8,8 foiz),
ulardan keyin jamiki umurtqalilar turadi (qushlar, baliqlar, quruqda-suvda
yashovchilar, sut emizuvchilar). Umurtqalilar 35600 tur bo`lib, bularning yarmi
baliqlardir. Sut emizuvchilar esa umurtqalilarning 0,1 qismini tashkil qiladi.
Ma'lumotlarga ko`ra, keyingi 100-150 yil mobaynida hayvonlarning ko`plab
turlari yo`qotilib yuborildi. Masalan, 1800 yilgacha sut emizuvchilarning 33 turi,
qushlarning 30 turi yo`q qilingan bo`lsa, undan keyingi 100 yilda 73 tur sut
emizuvchi, 120 tur qushlar batamom yo`qolgan. Keyingi 50 yilda esa hayvonot
dunyosining undan ham qo`proq vakillari o`q qilib yuborilgan.
O`rta Osiyo regioni o`z hayvonot va o`simlik olamining xilma-xilligi va
boyligi bilan ajralib turadi. Masalan, O`zbekistonda 650 dan ortiq umurtqali
hayvonlar, shu jumladan sut emizuvchilar - 99 tur, qushlar - 410 tur, sudralib
yuruvchilar - 57 tur, suvda va quruqlikda yashovchilarning - 3 turi uchraydi.
Ammo, shunisi achinarliki, O`zbekiston "Qizil kitobi"ga umurtqali
hayvonlarning nodir va yo`qolib ketish xavfi ostida bo`lgan jami 63 turi va kenja
turi kiritilgan bo`lib, ular orasida 22 tur sut emizuvchi hayvon, 31 tur qush, 5 tur
sudralib yuruvchi hayvon va 5 tur baliq bor.
O`zbekiston Respublikasida mustaqillikka erishgandan so`ng, iqtisodiy,
ekologik, geografik va milliy xususiyatlarni hisobga olib bir qator yangi qonunlar
qabul qilindi.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, hayvonot dunyosini muhofaza qilish
xususiyati shundan iboratki, ular asosan tabiatning barcha obyektlari, boyliklari
faoliyatining ma'lum mutanosiblikda saqlanishi bilan bog`liq.
Oliy Majlisning e'tiborli faoliyatida qabul qilingan, "Tabiatni muhofaza
qilish" (1992 y.), "Suv va suvdan foydalanish" (1993 y.), "Alohida muhofaza
etiladigan tabiiy hududlar" (1993 y.), "Yer osti boyliklari to`g`risida"gi (1994 y.),
"Atmosfera havosini muhofaza qilish" (1996 y.), "O`simlik dunyosini muhofaza
qilish va undan foydalanish" (1997 y.), "Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va
undan foydalanish" (1997 y.), "Yer Kodeksi" (1998 y.), "O`rmon to`g`risida"gi
(1999 y.) bir qator O`zbekiston Respublikasining qonunlari respublikamizda
ekologik holatni yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Jumladan respublikamizdagi mavjud hayvonot dunyosini muhofaza qilish va
undan oqilona foydalanish maqsadida, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
1997 yil 26 dekabrdagi sessiyasida qabul qilingan "Hayvonot dunyosini muhofaza
qilish va undan foydalanish to`g`risida"gi qonuni katta ahamiyatga ega.
Ushbu qonun quruqlikda, suvda, atmosferada va tuproqda tabiiy erkinlik
holatida yashaydigan, O`zbekiston Respublikasi hududida doimiy yoki vaqtincha
turadigan yovvoyi hayvonlarni, shuningdek ilmiy yoki tabiatni muhofaza qilish
maqsadlarida yarim erkin sharoitida yoki sun'iy yaratilgan yashash muhitida
boqilayotgan hayvonot dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish
sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Qoraqalpog`iston Respublikasida hayvonot dunyosini muhofaza qilish va
undan foydalanish sohasidagi munosabatlar Qoraqalpog`iston Respublikasi qonun
hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
Agar O`zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida hayvonot
dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risidagi qonun
hujjatlaridagidan boshqacha qoidalar belgilangan bo`lsa, xalqaro shartnoma
qoidalari qo`llaniladi.
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risidagi
qonun hujjatlarining vazifasi hayvonot dunyosining yashash sharoitlarini
ta'minlash, ularning xilma-xil turlarini hamda tabiiy galalari butligini va yashash
muhitini saqlash maqsadida hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan
foydalanish, uni tiklash va takror yetishtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga
solishdan iborat.
Mazkur "Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish
to`g`risida"gi qonunning 3-moddasida "Hayvonot dunyosiga nisbatan mulkdorlik"
masalasi ko`rsatilgan. Jumladan unga asosan:
Hayvonot dunyosi davlat mulki - umummilliy boylik bo`lib, undan oqilona
foydalanilishi lozim va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
Shunday ekan, hayvonot dunyosi obyektlariga nimalar kirishini bilib olish
zarur. Ushbu qonunning 4-moddasida quyidagicha ta'riflangan.
Hayvonot dunyosi obyektlari quyidagilardan iborat:
kelib chiqishi hayvonlarga mansub bo`lgan organizmlar - sut emizuvchilar,
parrandalar, sudralib yuruvchi hayvonlar, ham quruqlikda, ham suvda yashovchi
hayvonlar, baliqlar, umurtqasizlar va ularning populyatsiyalari;
yovvoyi hayvonlardan tashkil topadigan tabiiy hayvon galalari yoki ularning
har qanday tudalari;
yovvoyi hayvonlarning kamyob yoki yo`qolib ketish xavfi ostida bo`lgan
turlari;
yovvoyi hayvonlar yashash faoliyatining mahsulotlari.
Ta'kidlash o`rinliki, amaliyotda har doim ham hayvonot dunyosini muhofaza
qilishga, undan oqilona estetik maqsadda foydalanishga e'tibor berilmaydi.
Shuning uchun ham hayvonot dunyosini muhofaza qilishning quyidagi tadbirlarini
amalga oshirish maqsadga muvofiqdir. Ushbu holat qonunning 30-moddasida
quyidagicha ko`rsatilgan.
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish:
hayvonot dunyosi obyektlarini muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanish
va ularni takror yetishtirish qoidalari va normalarini belgilash;
hayvonot dunyosidan foydalanishda cheklashlar va taqiqlar belgilash;
hayvonot dunyosidan o`zboshimchalik bilan foydalanishning va undan
foydalanish borasida belgilangan tartibni boshqacha buzishlarning oldini olish;
hayvonlarning yashash muhiti, ularning urchishi shart-sharoitlari va ko`chib
yurish yo`llari muhofaza qilinishini tashkil etish;
xo`jalik va boshqa faoliyatni amalga oshirish, transport vositalaridan
foydalanish paytida hayvonlar nobud bo`lishining oldini olish;
alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar barpo etish;
kamyob va yo`qolib ketish xavfi ostida turgan hayvon turlarini tutqunlikda
urchitish;
hayvonlar kasallikka chalinganda, ularning tabiiy ofatlar va boshqa sabablar
oqibatida nobud bo`lishi xavfi tug`ilganda ularga yordam berish;
hayvonot dunyosini muhofaza qilish tadbirlarini asoslashga qaratilgan ilmiy-
tadqiqotlarni tashkil etish;
hayvonot dunyosini muhofaza qilish bo`yicha boshqa tadbirlarni o`tkazish
yo`li bilan amalga oshiriladi.
Hayvonot dunyosidan foydalanuvchi subyektlar yuridik va jismoniy
shaxslar, fuqarolar hamda jamoa birlashmalari hayvonot dunyosini hamda uning
yashash muhitini muhofaza qilish sohasida ham e'tiborli huquq va majburiyatlarni
amalga oshirishlari zarur. Jumladan fuqarolar va jamoat birlashmalari:
hayvonot dunyosini va uning yashash muhitini muhofaza qilish tadbirlarini
amalga oshiradilar;
hayvonot dunyosini muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlari ruyobga
chiqarilishiga ko`maklashadilar;
ekologiya sohasida jamoatchilik ekspertizasini o`tkazadilar;
jamoatchilik nazoratini amalga oshiradilar;
hayvonot dunyosini muhofaza qilish sohasidagi axborotni qonun xujjatlarida
belgilangan tartibda oladilar;
hayvonot dunyosiga va uning yashash muhitiga yetkazilgan zararni qoplash
masalasini qo`yadilar;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquq va majburiyatlarni amalga
oshiradilar.
Shu bilan birga hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish
sohasida davlat boshqaruvini olib borilishi ham katta ahamiyatga ega.
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasida davlat
boshqaruvi
O`zbekiston
Respublikasi
Vazirlar
Mahkamasi,
O`zbekiston
Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish ko`mitasi, O`zbekiston Respublikasi Davlat
o`rmon ko`mitasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ularning
vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
Zero, hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish ustidan
davlat nazoratini olib borish ham ushbu muammo bilan bog`liq ko`pgina
masalalarni hal etishga yordam beradi.
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish ustidan davlat
nazorati mahalliy davlat hokimiyati organlari, O`zbekiston Respublikasi Tabiatni
muhofaza qilish davlat ko`mitasi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan
tartibda amalga oshiriladi.
Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish ustidan irodaviy,
ishlab chiqarish va jamoatchilik nazorati qonun hujjatlariga muvofiq amalga
oshiriladi.
2§. Hayvonot dunyosidan foydalanish huquqi va turlari. Foydalanish
huquqining paydo bo`lish asoslari.
Hayvonot
dunyosidan
foydalanish
huquqi,
hayvonot
dunyosidan
foydalanuvchilarning qonuniy huquq va majburiyatlarini amalga oshirishlari, unga
amal qilishlari, hayvonot dunyosi davlat mulki -umummilliy boylik sifatida undan
oqilona foydalanishlari va davlat tomonidan muhofaza qilish ishlariga bo`ladigan
munosabati tushuniladi.
Hayvonot dunyosidan foydalanuvchilar bo`lib yuridik va jismoniy shaxslar
hisoblanishi mumkin. Foydalanuvchilar hayvonot dunyosi obyektlaridan
foydalanish borasida o`zlariga tegishli huquqni qonun hujjatlarida belgilangan
shartlar va tartibda amalga oshirishlari lozim.
Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish umumiy va maxsus
foydalanish tartibida amalga oshiriladi.
Hayvonot dunyosi obyektlaridan umumiy foydalanish jismoniy shaxslar
tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartib va miqdorda bepul amalga
oshiriladi.
Hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish O`zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilangan tartibda beriladigan ruxsatnomalar
asosida haq evaziga amalga oshiriladi.
Hayvonot dunyosidan foydalanuvchilar qonunda ko`rsatilgan huquq va
majburiyatlarini talab darajasida amalga oshirishlari shart. Ana shunday holatlar
"Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida"gi 1997 yil
26 dekabrda qabul qilingan qonunning 16-moddasida aniq ko`rsatilgan.
Jumladan, hayvonot dunyosidan foydalanuvchilar: hayvonot dunyosi
obyektlaridan ularni berib qo`yish shartlariga muvofiq foydalanish;
tutib olingan hayvonot dunyosi obyektlariga va ulardan olingan mahsulotga
nisbatan mulkdorlik huquqiga egadirlar.
Ov qilish yoki baliq ovlash xo`jaligini yurituvchi yuridik shaxslar:
yuridik shaxslarga hayvonot dunyosi obyektlaridan belgilangan normalar
doirasida foydalanish uchun ruxsatnomalar berishga;
yuridik va jismoniy shaxslar hayvonot dunyosi obyektlaridan ov qilish
maqsadida belgilangan normalar doirasida foydalanishi uchun ular bilan
shartnomalar tuzishga;
ov va baliq mahsulotini qayta ishlash hamda hayvonot dunyosi
obyektlaridan buyumlar ishlab chiqarishga;
hayvonot
dunyosi
obyektlaridan ishlab
chiqarilgan mahsulot va
buyumlardan foydalanish hamda ularni sotishga;
sun'iy ravishda yetishtirilib, tabiiy yashash muhitiga chiqarib yuborilgan
hayvon turlaridan foydalanishga haqlidirlar.
Hayvonot dunyosidan foydalanuvchilar:
hayvonot
dunyosidan
foydalanishning
belgilangan
normalari
va
muddatlariga rioya etishlari;
hayvonot dunyosining muhofaza qilinishini ta'minlashlari;
hayvonot dunyosidan tabiiy galalarining butligi buzilishiga yo`l
qo`ymaydigan va foydalanishga berib qo`yilmagan hayvonlarning saqlab
qolinishini ta'minlaydigan usullar bilan foydalanishlari;
hayvonlarning yashash muhiti buzilishiga yo`l qo`ymasliklari;
hayvonlar miqdorini hamda ulardan foydalanish xajmlarini hisobga olishlari;
hayvonot dunyosini tiklash va takror yetishtirishga qaratilgan tadbirlarni
amalga oshirishlari shart;
hayvonot dunyosidan foydalanuvchilar qonun hujjatlarida belgilangan
boshqa huquq va majburiyatlarga ega bo`lishlari mumkin.
Shuningdek, hayvonot dunyosidan foydalanish turlari va usullarini huquqiy
holati hayvonot dunyosidan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilishga katta
yordam beradi.
Hayvonot dunyosidan quyidagi maqsadlarda belgilangan huquqiy normalar
asosida foydalaniladi:
1) Hayvonot dunyosidan ilmiy, madaniy- ma'rifiy, tarbiyaviy va estetik
maqsadlarda foydalanishga hayvonot dunyosi obyektlarini ularning yashash
muhitidan ajratib olib va ajratib olmasdan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda
yo`l qo`yiladi.
2) Hayvonlarning foydali xususiyatlaridan - tuproq hosil qiluvchilardan, muhitning
tabiiy sanitarlaridan, o`simliklarni changlatuvchilardan, shuningdek hayvonot
dunyosi obyektlarining boshqa xususiyatlaridan foydalanish ularni yashash
muhitidan ajratib olmasdan va ularga yoki ular yashaydigan muhitga zarar
yetkazmasdan amalga oshiriladi.
3) Hayvonlardan ularning mahsulotlarini olish maqsadida foydalanishga hayvonot
dunyosi obyektlarini yashash muhitidan ajratib olmasdan va ularni nobud
qilmasdan, shuningdek ular yashaydigan muhitni buzmasdan qonun hujjatlarida
belgilangan tartibda yo`l qo`yiladi.
Shuningdek "Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish
to`g`risida"gi qonunning 24-moddasiga asosan: hayvonot dunyosi obyektlarining
miqdorini tartibga solish kvotalar asosida amalga oshiriladi. Kvotalar O`zbekiston
Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi tomonidan hisobga olish
ma'lumotlari va O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosalari
asosida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
Hayvonlarning ayrim turlarini muhofaza qilish maqsadida O`zbekiston
Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosalari asosida O`zbekiston Respublikasi
Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi tomonidan ana shu turdagi hayvonlardan
foydalanishga yoki foydalanishning ayrim turlariga cheklashlar yoxud taqiqlashlar
belgilanishi mumkin.
Aholi sog`lig`ini saqlash, qishloq xo`jalik mollari va boshqa uy hayvonlari
kasalliklarga chalinishining oldini olish, yuridik va jismoniy shaxslarga zarar
yetkazilishining oldini olish, hayvonot dunyosining turlari bo`yicha xilma-xilligini
saqlab turish maqsadida yovvoyi hayvonlar ayrim turlarining miqdorini tartibga
solish tadbirlari o`tkaziladi.
Ayrim turdagi hayvonlar miqdorini tartibga solish tadbirlari hayvonlarning
boshqa turlariga zarar yetkazilishini istisno etadigan va ularning yashash muhit
saqlanib qolishini ta'minlaydigan usullar bilan O`zbekiston Respublikasi Fanlar
akademiyasining xulosalarini hisobga olib hamda yer, suv va o`rmon zahiralarini
muhofaza qilishni amalga oshiradigan tegishli davlat organlari bilan kelishgan
holda amalga oshirilishi lozim.
Miqdori tartibga solinishi lozim bo`lgan hayvon turlari va ularning
miqdorini tartibga solish tadbirlarini o`tkazish qonun hujjatlarida belgilanadi.
Ushbu masalaga, "Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan
foydalanish to`g`risida"gi qonunning 17-moddasiga quyidagicha e'tibor berilgan.
Unga ko`ra hayvonot dunyosidan foydalanish turlari quyidagilardan iborat:
ov qilish;
baliq ovlash;
hayvonot dunyosidan ilmiy, madaniy-ma'rifiy, tarbiyaviy va estetik
maqsadlarda foydalanish;
hayvonlar faoliyatining foydali xususiyatlaridan foydalanish;
hayvonlardan ularning faoliyati mahsulotlarini olish maqsadida foydalanish.
Qonun hujjatlarida hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlari ham
nazarda tutilishi mumkin.
Hayvonot dunyosidan foydalanish hayvonot dunyosi obyektlarini ularning
yashash muhitidan ajratib olmasdan amalga oshirilishi mumkin.
Hayvonot olamidan foydalanish huquqi mustaqil tartiblar majmui
hisoblanib, u ekologik huquqning bir qismidir.
Demak, hayvonot dunyosini huquqiy ekologik muhofaza qilish va undan
foydalanish deganda qonunda belgilangan va keng o`rin olgan uning ekologik
ahamiyatini saqlashga, jamiyatning iqtisodiy, ilmiy, madaniy, estetik, tabiiy,
tarbiyaviy va boshqa ehtiyojlarini qondirishga yo`naltirilgan davlat va ijtimoiy
huquqiy ekologik tadbirlarning uyg`unligi tushuniladi.
Yana shuni ham ta'kidlash lozimki, fikrimizcha hayvonot dunyosini
huquqiy-ekologik muhofaza qilish va foydalanishda, noyob hayvonlarni kelajak
avlodga saqlab qolish va ko`paytirish uchun xorijiy mamlakatlar, ayniqsa, AQSH,
Kanada, Angliya, Yaponiya, Fransiya, Shveysariya va boshqa mamlakatlar
tajribasidan foydalanishimiz maqsadga muvofiqdir.
3§. Ov qilish va baliq ovlashni huquqiy tartibga solish.
Hayvonot dunyosidan foydalanish turi sifatida ov qilish va baliq ovlashni
huquqiy tartibga solish katta ahamiyatga ega.
"Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida"gi
qonunning 18-moddasida ov qilish bilan bog`liq masalalarning huquqiy izohi
ko`rsatilgan. Jumladan unga asosan:
tabiiy erkinlik holatida yashaydigan yovvoyi hayvonlarni tutish maqsadida
izlash, iziga tushish va quvlab borish, tutishga intilish yoki tutish (otish, tutib olish)
ov qilish deb hisoblanadi.
Ov sanoat, havaskorlik va sport maqsadida olib borilishi mumkin,- deb
ko`rsatilgan.
Shuningdek, qonunda baliq ovlash masalasiga ham katta e'tibor qaratilishi
lozim.
Baliq va umurtqasiz suv hayvonlarini tutish baliq ovlash deb hisoblanadi.
Baliq ovlash sanoat, havaskorlik va sport maqsadida olib borilishi mumkin.
Ta'kidlash joizki, har qanday vaziyatda ham ov qilish va baliq ovlash uchun
yuridik va jismoniy shaxslarga belgilangan huquqiy normalar doirasida tegishli
ruxsatnomalar bo`lishi, yana ov qilish va baliq ovlash uchun belgilangan normalar
doirasida foydalanish uchun ular bilan tegishli shartnomalar tuzishi, ov va baliq
mahsulotlarini qayta ishlash hamda hayvonot dunyosi obyektlaridan buyumlar
ishlab chiqish va tegishli joylarga topshirish majburiyatlarini o`z zimmalariga
olishlari zarur.
Ta'kidlash lozimki mazkur qonunda ov qilish va baliq ovlashning man
qilingan usullari ham yoritilgan.
Ov qilish va baliq ovlashda umumxavfli qurollar va usullarni qo`llash man
etiladi.
Falokatga uchragan va o`zi uchun notabiiy sharoitda turgan hayvonlarni ov
qilish man etiladi (20-modda).
Shunisi e'tiborliki ov qilish va baliq ovlash xo`jaligini yuritish uni faoliyatini
qonuniy takomillashtirish lozim.
Mazkur qonunning 25-moddasiga binoan ov qilish va baliq ovlash
xo`jaligini yuritish yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan:
ov qilinadigan va baliq ovlanadigan yer-suv maydonlari loyihalarining
davlat ekologiya ekspertizasi;
hayvonlar miqdorini hamda ov qilinadigan va baliq ovlanadigan maydonlar
holatini hisobga olish materiallari;
hayvonot dunyosidan foydalanish huquqini beradigan kvotalar va
ruxsatnomalar, hayvonot dunyosi obyektlarini va ular yashaydigan muhitni
muhofaza qilish, ulardan foydalanish, ularni takror yetishtirish tadbirlarini
o`tkazish to`g`risidagi shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
Ov to`g`risidagi hamda ov qilish va baliq ovlash xo`jaliklarini yuritish
to`g`risidagi nizom O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan
tasdiqlanadi.
Qonun ov qilish va baliq ovlanadigan maydonlarni loyihalashda ham
ekologik holat va vaziyat inobatga olingan holda davlat ekologik ekspertizasidan
o`tkazilishi maqsadga muvofiqdir. Ushbu qonunga asosan quyidagilar davlat
ekologik ekspertizasidan o`tkazilishi lozim:
barcha turdagi qurilishlar uchun maydon tanlash materiallari, amalga
oshirilishi hayvonot olamining holatiga yoki uning yashash muhitiga ta'sir
ko`rsatishi mumkin bo`lgan rejadan oldingi, loyihadan oldingi va loyiha hujjatlari;
ov qilinadigan va baliq ovlanadigan maydonlarni tashkil etish loyihalari;
hayvonlarni yangi iqlimga moslash va duragaylash ishlarining loyihalari;
hayvonot dunyosi va uning yashash muhiti uchun xavfli bo`lgan
o`simliklarni himoya qilish vositalari.
Hayvonot dunyosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish
sohasidagi davlat ekologik ekspertizasi O`zbekiston Respublikasi Tabiatni
muhofaza qilish davlat qo`mitasi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan
tartibda amalga oshiriladi (7-modda).
Demak yuqoridagi barcha holatlar ov qilish va baliq ovlashni to`g`ri qonuniy
yo`lga qo`yishga yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |