Boysun tumani — Surxondaryo viloyatidagi tuman. U 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan (1962 yil 24 dekabrda Sherobod tumani bilan birlashtirilgan. 1965 yil 29 dekabrda qayta tuziddi). Boysun tumani viloyatning gʻarbida joylashgan. Shimoli-sharqda Sariosiyo, sharqda Qumqoʻrgʻon, janubida Qiziriq, Bandixon tumanlari, janubi-gʻarbda Sherobod tumani bilan, shimoli-gʻarbda Qashqadaryo viloyatining Qamashi va gʻarbda Dehqonobod tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 3,72 ming km². Aholisi 79 ming kishi (2000). Boysun tumanida 1 ta tumanga boʻysunuvchi shahar (Boysun), 7 qishloq fuqarolari yigʻini (Avlod, Boysun, Darband, Machay, Rabot, Sayrob, Qurgʻoncha) bor. Markazi – Boysun shahri.
Tabiati. Boysun tumani hududining shimoliy va gʻarbiy qismini Hisor togʻ tizmasi tarkibidagi Boysuntogʻ va uning tarmoqlari (Belovti, Xoʻjaboʻzbarak, Chol togʻi, Xoʻjagurgurota, Gaurli, Sariqil, Kentala Machay togʻlari, Ketmonchopti, Sarimas, Suvsiztogʻ, Kulbatogʻ va boshqalar) egallagan. Janubi va sharqi togʻ oldi va adirlardan iborat. Togʻlar orasidagi soyliklar, togʻ oldilari oʻzlashtirilgan. Ukonit, keramzit, karbid, ohaktosh qazilma boyliklari topilgan. Iqlimi quruq subtropik iqlim. Oʻzbekistonning boshqa togʻli tumanlaridan issiklik resurslarining ancha balandlikkacha yuqoriligi bilan ajralib turadi. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 850 m balandlikda 2°C, 3200 m balandlikda – 6°C, iyulniki 830 m balandlikda 30°C. Oʻrtacha yillik yogʻin miqdori 500–1200 m balandlikda 150–400 mm, 1200 m dan balandda 450–800 mm. Vegetatsiya davri 230—240 kun. Mahalliy shamollar, afgʻon shamoli esadi. Boysun tumani togʻlaridan juda koʻp daryo va soylar boshlanadi. Ularning eng muhimlari: Sheroboddaryo va uning irmoqlari Machaydaryo (Oʻrmoncha, Jakandi, Olchasoy), Shurob, Xoʻjabulgansoy, Panjob, Laylagansoy; Xoʻjaipok daryosi va uning irmoqlari: Qoʻrgʻonchasoy (Xoʻjaboʻzbarak, Qizilsoy, Chindon, Oʻrtanago soylari qoʻshiluvidan hosil boʻlgan), Halqajar (Olachopon va Qayroqsoy). Bulardan tashqari Hangaronsoy (Boysun), Pulhakimsoy va boshqa bor. Boysun tumanida qadimiy qalʼashaharlar koʻplab topilgan. Eng yiriklari: Poykoʻrgʻon, Qozimullatepa, Saribandtepa, Yalangtoʻshtepa, Darband, Munchoqtepa, Boʻyrachi, Qiziljartepa, Mullatepa, Kallaqoʻrgʻon. Ibtidoiy odamlar yashagan gʻorlar, manzillar: Teshiktosh, Machay, Katta Suluvkamar, Doʻkonxona, Amir Temur, Iskandarxon va boshqa Sayrob chinori (Sayrob qishlogʻida), Temir darvoza (Darband qishlogʻida), Teshiktosh gori (Machay qishlogʻida), Dinozavr izlari, Bibishox shotisi, Boybuloq gʻori (Qoʻrgʻoncha qishlogʻida), Poyonqoʻrgʻon (Rabot qishlogʻida) kabi tarixiy obidalar bor.
Tuproqlari boʻz tuproq, chimli, qoʻngʻir va och qoʻngʻir togʻ tuproqlari, sho’rxok tuproqlar. Yovvoyi oʻsimliklardan shoʻra, yantoq, jinchak, qizgʻaldoq, boychechak, yaltirbosh, noʻxatak, togʻrayxon, kiyikoʻt, gulxayri, shuvoq; dorivor oʻsimliklardan alkor, hartol, zanjovul, oʻlmasoʻt, qontepar, oqshair; archa, yovvoyi mevali daraxtlar va boshqa o’sadi. Jayron, togʻ echkisi, yovvoyi choʻchqa, silovsin, sugʻur, boʻri, tulki, chiyaboʻri, qoʻngʻir ayiq, jayra, qushlardan kaklik, kalxat, burgut, lochin, qarchigʻay, boyoʻgʻli, olashaqshak, chil va boshqa yashaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |