Bakteriologik tekshirish. Mikrobiologiya amaliyotida infeksion kasalliklarni aniqlash, suvni, oziq-ovqat mahsulotlarini va boshqa manbalarni tekshirish uchun mikroskopik tekshirish bilan bir qatorda bakteriologik tekshirish usuli keng qoʻllaniladi.
Bakteriologik tekshirishning vazifasi-mikroorganizmning sof kulturasini ajratib olish, uning xossalarini aniqlashdir, shuning natijasida infeksion kasalliklarning aniq diagnozi qoʻyiladi va ayrim muhitlarga shu mikrob yuqqanligi bilib olinadi.
Bakteriologik tekshirish quyidagi bosqichlardan iborat:
1) tekshiriladigan manbani ekish;
2) oziqli muhitlarda mikroblarning oʻsish xususiyatlarini oʻrganish;
3) toza kulturani ajratib olish;
4) toza kulturaning xossalarini oʻrganish va uning qaysi turga mansub ekanligini aniqlash.
Tekshirishning birinchi kunida tekshiriladigan manba agarli 2-3 likopchaga ketma-ket ekiladi. Bir qancha hollarda tekshirilayotgan manba bevosita suyuq muhitlarga ekiladi, masalan, venadan steril sharoitda olingan qon bulyonga ekiladi. Manba ekilgan muhitlar termostatda 18-24 soat saqlanadi. Manba ekilgan vaqt, bemorning familiyasi, laboratoriya jurnalidagi analiz nomeri likobchaning tubiga mum qalam bilan yozib qoʻyiladi.
Ikkinchi kun. Ekilgan mikroblar termostatda undirilgach tekshirila boshlaydi. Mikroblar qalin oʻsib chiqqan dastlabki likobchalar tekshirishga yaramaydi, mikroblar ayrim-ayrim koloniya holida oʻsgan likobcha esa tekshiriladi. Koloniyalarni lupada yoki mikroskopning kichik ob’ektivi bilan sinchiklab tekshiriladi. Koloniyalarning tashqi koʻrinishi, kattaligi, shakli, konsistensiyasi, chetlarining xarakteri, tiniqligi, pigmenti-bu belgilarning hammasi mikroblarning ayrim turlarini ta’riflash uchun diagnostika nuqtai nazaridan katta ahamiyatga egadir. Belgilangan shubhali koloniyalardan surtmalar tayyorlab, Gram usulida boʻyaladi. Mikroblarning morfologik xususiyatlarini, harakatchanligini oʻrganiladi. Boshqa koloniyalarga tegib ketmaslik uchun ehtiyot boʻlib, ma’lum bir tur mikroblarning toza kulturasini ajratib olish maqsadida .qiyshiq agarga shubhali koloniyadan qovuzloq bilan olib ekiladi. Ekilgan mikroblarni yana termostatga qoʻyiladi.
Uchinchi kuni. Qiyshiq agardagi mikroblar termostatda undirilgandan keyin ularning toza kulturadagi oʻsish xususiyatlarini oʻrganiladi va ajratib olingan kulturada begona mikroblar bor-yoʻqligini tekshirib koʻriladi, buning uchun surtma tayyorlab, Gram usulida boʻyaladi.
Baktariyalar turini aniqlash (identifikatsiya) uchun ularning biokimyoviy (farmentativ) faoliyatini oʻrganish muhim ahamiyatga egadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |