Anaerob bakteriyalarni undirish. Anaerob bakteriyalarni undirish uchun tegishli oziqli muhitlar va harorat optimumidan tashqari, kislorodsiz sharoit tugʻdirish kerak, buning uchun turli usullar tatbiq etiladi.
1. Oziqli muhitga havo kirishini mexanik yoʻl bilan toʻxtatish. Bulyon yoki 1% li yarim suyuq qandli agar baland ustun shaklida quyiladi va mikrob ekilgandan keyin ustidan steril moy (vazelin) quyiladi, shu bilan muhitga kislorod kirishi tamomila toʻxtaydi. Bunda mikroblar oziqli muhitning ichkarisida koʻpayadi.
Anaerob bakteriyalar agarga quyidagicha ekiladi. Avvalo agar suyultiriladi, 50°C gacha sovitiladi, soʻngra tekshiriladigan manba kiritiladi va avaylab aralashtiriladi. Agar qotadi. Probirka termostatga qoʻyiladi. Probirkaning ichkarisida anaerob bakteriyalar oʻsib unadi.
2. Mikroblarni indifferent gaz (N2, CO2) atmosferasida yoki vakuumda undirish. Anaeroblarni undirish uchun maxsus yasalgan va termostatlarga oʻxshaydigan asboblar-anaerostatlar vakuumda undirish tamoiliga asoslanib qurilgan.
3. Reduksiyalaydigan (qaytaradigan) moddalar: glyukozani yoki organlarning parchalarini muhitga qoʻshish.
Anaeroblarni undirish uchun Kitt-Tarossi muhiti koʻproq qoʻllaniladi, bu muhitda 0,5% glyukoza qoʻshilgan bulyon va hayvonlarning yangi organlaridan olingan parchalar (yoki goʻsht qiymasi) boʻladi. Mikrob ekilgach, muhitning ustiga moy quyiladi.
4. Anaeroblarni undirish uchun qoʻllaniladigan biologik usul shundan iboratki, kislorodga oʻch aeroblar va anaeroblar zich oziqli muhitga bir vaqtda ekiladi.
Bunda likobchadagi agarning oʻrtasidan steril skalpel bilan kesilib ikki pallaga ajratiladi. Likobchaning bir tomonidagi agarga kislorodga oʻch aerob (Bac. prodigiosum), ikkinchi tomonidagi agarga esa anaerob ekiladi. Likobchaga parafin yoki mum quyib, termostatga qoʻyiladi. Avval aerob mikroblar oʻsadi. Likobchadagi kislorod tamom boʻlgach anaerob bakteriyalar oʻsa boshlaydi.
Odatda suyuq muhitlar anaeroblar ekishdan oldin erigan kislorodni yoʻqotish uchun suv hammomida 30 minut qaynatiladi (muhitlarni reGeneratsiyalash).
Anaerob bakteriyalarning toza kulturalarini ajratib olish bir qadar qiyin, chunki ular bilan bir vaqtda aerob bakteriyalar ham mavjud. Anaerostatlar boʻlmasa, manbani fiziologik eritmada suyultiriladi va aerob bakteriyalarni yoʻq qilish uchun 80°C da 20 minut qizdiriladi. 1-2% goʻsht-pepton agarini eritib va 50°C gacha sovutib, probirkalarga ustun qilib quyiladi. Yakkalangan koloniyalar olish uchun, manbani tomizgichda bir probirkadan ikkinchisiga ketma-ket ekiladi. Manbani suyultirish uchun koʻpincha 12 tagacha probirka ishlatiladi. Mikroblar termostatda 1-2 sutka undirilgach, agarning ichkarisida oʻsib chiqqan ayrim shubhali koloniyalar Kitt-Tarossi muhitlaridan bir nechtasiga (bular hamma anaeroblar uchun elektiv muhitdir) olib ekiladi. Bu muhitlar termostatda 1 sutka turgach anaerob bakteriyalarning kulturalari oʻsib chiqadi. Aerob bakteriyalar kabi, anaerob bakteriyalar ham morfologik, kultural, biokimyoviy xususiyatlariga, ekzotoksin chiqarishiga va patogenligiga qarab aniqlanadi. Laboratoriyada anerostat yoki mikroanaerostatlar boʻlsa, anaeroblar ustida ish olib borish ancha osonlashadi. Manba Petri likobchalariga quyilgan oziqli muhitlarga ekiladi; anaeroblarning toza kulturalarini ajratib olish uslubiyoti aerob bakteriyalarning toza kulturalarini ajratib olish uslubiyotiga (yuqorida tasvirlangan) oʻz bosqichlari jihatdan deyarli oʻxshaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |