Bakteriya hujayrasining oʻsishi. Mikroorganizmlar ham oʻsadi, ham koʻpayadi. Oʻsish deganda, hujayradagi butun kimyoviy moddalarning (oqsil, RNK, DNK va boshqalar) bir-biriga mutanosib tarzda koʻpayishi tushiniladi. Oʻsish natijasida hujayraning kattaligi va massasi oshadi. Hujayraning kattaligi ma’lum darajaga etgandan soʻng, u koʻpaya boshlaydi.
Koʻpayish deb, mikroorganizm hujayra sonining oshishiga aytiladi. Koʻpayish koʻndalangiga boʻlinish yoʻli bilan, ba’zan esa kurtaklanib yoki spora hosil qilib amalga oshadi. Umuman, prokariotlarning koʻpayishi jinssiz binar boʻlinib koʻpayishdir. Koʻpayish jarayoni hujayraning uzayishidan, nukleoidning ikkiga boʻlinishidan boshlanadi. Nukleoid-superspirallashgan, zich joylashgan DNK molekulasidir (u replikon ham deyiladi). Mikroorganizmlarda ham DNKning replikasiyasi DNK-polimeraza fermenti orqali amalga oshadi. DNK ning replikasiyasi, bir vaqtning oʻzida, qarama-qarshi yoʻnalishda ketadi va u ikkilanib qiz hujayralarga oʻtadi. Qiz hujayrada ham DNK ketma-ketligi ona hujayranikidek boʻladi. Replikasiya bakteriya hujayrasining koʻpayishiga ketadigan vaqtning 80% ni egallaydi.
DNK replikasiyasidan soʻng, hujayralararo toʻsiq hosil boʻladi. Bu murakkab jarayondir. Avvalo hujayraning ikki tomonidan sitoplazmatik membrananing ikki qavati oʻsadi, soʻngra ular orasida peptidoglikan (murein) sintezlanadi va nihoyat toʻsiq hosil boʻladi. Toʻsiq ikki qavat sitoplazmatik membrana va peptidoglikandan iborat. DNK replikasiyasi davomida va boʻluvchi toʻsiq hosil boʻlishi vaqtida hujayra uzluksiz oʻsadi. Bu vaqtda hujayra devorining peptidoglikani, sitoplazmatik membranasi, yangi ribosomalar va boshqa organellalar, birikmalar, xullas sitoplazmadagi birikmalar hosil boʻladi. Boʻlinishning oxirgi bosqichida hujayralar bir-biridan ajraladi. Ba’zan esa boʻlinish jarayoni oxirigacha bormay, bakteriya hujayralarining zanjiri hosil boʻladi.
Bakteriyalarning spora hosil qilishi. Tayoqchasimon bakteriyalarning ba’zi turlari rivojlanish bosqichining ma’lum davrida spora hosil qiladi. Bunda mikroorganizmlarning vegetativ hujayrasi ichidagi sitoplazmaning hammasi yoki bir qismi quyuqlashib, shar yoki ellips shaklga kiradi. Bu spora deb aytiladi.
Hujayra poʻsti spora hosil boʻlishida ishtirok etmasa ham undagi harakatlanish organlari-xivchinlar qisqa vaqt ichida oʻz vazifasini bajaraveradi. Bitta ona hujayrada bittagina spora hosil boʻlganligi sababli bu hodisani bakteriyalarning koʻpayish jarayoni deb tushunish hatodir. Sporalar mikroorganizmlarning noqulay sharoitga qarshi turishi uchungina xizmat qiladi(4-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |