Fuqarolik huquqining asosiy tamoyillari - Fuqarolik huquqining asosiy tamoyillari (prinsiplari) - bu barcha fuqarolik qonunlari mazmuniga singdirilgan asosiy, boshlang`ich qoidalardir. H.R.Rahmonqulov fuqarolik huquqi tamoyillari haqida o`z fikrini bildirar ekan, huquqning alohida sohasi sifatida xususiy huquq tarkibida bo`lgan fuqarolik huquqi tamoyillari uning predmetini tashkil qiluvchi ko`p qirrali mulkiy, mulk bilan bog`liq va mulk bilan bog`liq bo`lmagan shaxsiy va tashkiliy-huquqiy munosabatlarning xususiyatlari bilan ifodalanishini ta'kidlaydi3. Fuqarolik huquqining asosiy tamoyillari jumlasiga quyidagilar kiradi: 1) Fuqarolik-huquqiy munosabatlarda ishtirok etuvchi taraflarning teng huquqliligi. Bu tamoyil O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida va FKning 1-moddasida o`z ifodasini topgan. Fuqarolik qonunlarida ushbu konstitutsiyaviy tamoyildan kelib chiqib, barcha fuqarolar uchun teng hajmda huquq layoqati, ularning huquq va muomala layoqatlari cheklanishiga yo`l qo`yilmasligi belgilab qo`yilgan. Taraflarning teng huquqliligi nafaqat fuqarolarga, balki boshqa subyektlarga ham taalluqlidir va u yuridik shaxslarning u yoki bu tarini tartibga soluvchi qonunlarda ham o`z aksini topgan; 2) barcha mulk shakllarining tengligi va huquqiy tomondan bab-baravar muhofaza qilinishi. Mazkur tamoyil O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasi va O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 166-moddasida bevosita mustahkamlab qo`yilgan; 3) mulkiy munosabatlarning mafkuraviy munosabatlardan ajratilganligi. O`tmishda iqtisodiy, shu jumladan, mulkiy munosabatlarni tartibga solishda har xil mafkuraviy qoliplar va aqidalardan kelib chiqilgan edi. “Iqtisodiy maqbullikdan siyosiy konyunkturaviy manfaatlarning ustun kelishi sobiq Ittifoq xalq xo`jaligi parokandalik yoqasiga, iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlarning jiddiy buzilishiga, ishlab chiqarishning texnika jihatdan qoloqligiga olib keldi”4. Xuddi shu sababli ham O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 12-moddasida hech qanday mafkura davlat mafkurasi sifatida o`rnatilishi mumkin emas, deb ko`rsatildi; 4) qonunda nimaiki ta'qiqlanmagan bo`lsa, ruxsat beriladi. Bu tamoyil fuqarolik-huquqiy munosabatlar ishtirokchilarining erkinligi, tashabbuskorligini kafolatlaydi. Qonunda nimaiki ta'qiqlanmagan bo`lsa, ruxsat berish tamoyili fuqarolik huquqi subyektlarining nafaqat qonunda ko`rsatilgan harakatlarni amalga oshirish, balki qonunda belgilangan bo`lsa ham, lekin qonun bilan ta'qiqlanmagan har qanday harakatni amalga oshirishlari imkonini beradi. Lekin shu o`rinda bunday harakatlarning ahloq me'yorlariga ham zid kelmasligi lozimligini aytib o`tish joiz. Fuqarolik kodeksining 8-moddasiga muvofiq, fuqarolik huquqining subyektlari nafaqat qonunda nazarda tutilgan shartnomalar va boshqa bitimlarni, lekin unga zid bo`lmagan shartnomalar hamda boshqa bitimlarni ham tuzishlari mumkin. Fuqarolik huquqida bunday tamoyil (qonunda nimaiki ta'qiqlanmagan bo`lsa, ruxsat beriladi) ning mavjudligi fuqarolik-huquqiy munosabat ishtirokchilariga erkinlik va tashabbus berish bilan birga, iqtisodiyotning rivojlanishiga xizmat qiladigan yangi huquqiy munosabatlarni, qolaversa, huquqiy institutlarning vujudga kelishini ta'minlaydi;
Do'stlaringiz bilan baham: |