III BOB. DARIY TILI GRAMMATIKASINING HOZIRGI HOLATI
XXI asrda Afg‘onistonda yaratilgan grammatik asarlar tahlili
1965- yilda Аfg‘оnistоn Коnstitutsiyasidа dariy tili, pashtu tili bilan bir qatorda, Afg‘onistonning rasmiy ikki tilidan biri sifatida belgilab qo‘yilgan. Ма’lumki, rasmiy davlat tili maqomiga ko‘tarilish uchun til bir qator talablarga javob berishi shart. Bu, birinchi navbatda, tilning hozirgi zamon fan-texnika, ilm, siyosat, madaniyat, adabiyot taraqqiyotiga mos bo‘lishi, boshqacha qilib aytganda, mazkur sohalarni ifodalash darajasida rivojlangan va lug‘at fondi hamda ifoda vositalariga ega bo‘lishi bilan bog‘liq. Shuningdek, rasmiy statusga ega bo‘lgan til, albatta, mamlаkat aholisining mutlaq ko‘pchiligi tomonidan tushunilishi, ular o‘zlarining kundalik turmushlarida, ijtimoiy faoliyatlarida undan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishlari talab etiladi. Ikki yoki undan ortiq til rasmiy davlat tili maqomiga ega bo‘lgan hollarda ularning haqiqiy maqomi turlicha bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. Bunga Afg‘onistondagi pashtu tilining rasmiy va haqiqiy holatini misol qilish mumkin. Pashtu tili mamlakatdagi eng ko‘p sonli elat tili bo‘lib, u Konstitutsiyada birinchi o‘rinda rasmiy til sifatida belgilangan bo‘lsa-da, aslida ijtimoiy sohada ham, rasmiy ish yuritish, madaniy sohalarda ham dariy tili yetakchi mavqeni egallab kelmoqda.
Biroq til tadqiqi bilan bog‘liq ishlar masalasida hozirgi Afg‘oniston sharoitida asosiy e’tibor pashtu tiliga qaratilgani e’tirof etiladi. Bugungi Afg‘onistonda dariy tiliga fors tilining lahjasi sifatida qarash68, yozma nutqda klassik matn yoki hozirgi fors tiliga adabiy me’yor sifatida yondashish69 kuzatiladi. Quyida 2000- yildan keying nashrlar tavsif va tahlil qilindi.
2001- yilda nashr etilgan Muhammad Akbar Sano G‘aznaviyning “دستور زبان دری” Dastur-e zabân dari (“Dari tili grammatikasi”) asaridir70. Kitobda har bir harf, harakatlar va belgilar haqida ma’lumotlar berilgan. Muallifning grammatik qarashlarida arab tili grammatikasiga ko‘ra yondashishi sezilib turadi. Bu asarda so‘z turkumlari, ularning turlari, strukturasi, bog‘lovchilar, yuklamalar, yordamchi so‘zlar haqida qoidalar keltirilgan. E’tiborli jihati muallif misollarni nazmning turli namunalaridan keltirgan hamda har bir mavzudan keyin mavzuni mustahkamlash uchun savollar berilgan.
Akbar Sano G‘aznaviy so‘z turkumlarini 9 taga ajratgan: ot (اسم esm), son (عدد adad), sifat (صفت sefat), olmosh (ضمیر zamir), fe’l (فعل fe’l), ravish (قید qayd), undov (صوت soôt), noaniq olmosh (مبهم mobham), yuklama (حروف horuf). Muallif o‘zidan oldin yaratilgan asarlardan farqli ravishda sifat va olmoshni ism guruhida o‘rganmaydi. Muallif so‘z turkumlarini tasniflashda duch kelinadigan qiyinchiliklar haqida so‘z yuritmagan. So‘z turkumlarini qoidalar asosida tushuntirgan.
Muhammad Husayn Yaminning “دستور زبان” Dastur-e zabân (“Til grammatikasi”) kitobi71 2008- yilda chop etildi. Kitob fonetika va morfologiyaga bag‘ishlangan. Morfologiya qismida so‘z turkumlari tasnifi yordamchi so‘zlardan boshlanadi. Muallifning yordamchi so‘zlarga o‘zidan ilgari yozilgan kitoblardan farqli ravishda qo‘shimcha (affiks – وندها)larni ham kiritadi. Mustaqil so‘zlari uch guruhga taqsimlangan: ismiy guruh (گروه اسمیه goruh-e esmeya), ravishlar (قیود qoyud) va fe’l guruhi (گروه فعل goruh-e fe’l). U ismiy guruh ichida ot (اسم esm), sifat (صفت sefat), olmosh (ضمیر zamir) va son (عدد adad)ni ko‘rib chiqadi. Ravishlarning o‘nta turini ajratadi. Boshqa grammatik asarlarda ravishlarning ko‘pi bilan oltita turi ajratilgan edi. Husayn Yamin ham kitobida hech qanday muammoli holat mavjudligini qayd etmagan.
2012- yilda Ahmad Oryoning “فارسی مبادی دستور زبان دری” Mabâdi-ye dastur-e zabân-e dari (“Forsiye-dariy tili grammatikasining asoslari”) kitobi72 chop etildi. Ushbu kitobda muallif faqat so‘z turkumlari haqida qisqa ma’lumot bergan. O‘zidan oldingi grammatik asarlardan farqli jihati muallif so‘zlarni mustaqil va yordamchi so‘zlarga ajratmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tasnifga o‘tib ketgan. U ot (اسم esm), sifat (صفت sefat), fe’l (فعل fe’l), ravish (قید qayd), old va ort ko‘makchilar (پیشوند و پسوند pêšwand wa paswand), undov (اصوات oswât) so‘zlarga ajratgan. Muallif olmosh va son so‘z turkumlari haqida hech qanday ma’lumot keltirmagan.
2013- yilda Muhammad Nasim Neghat Saidiyning “دستور معاصر زبان دری” Dastur-e mo’âsser-e zabân-e dari (“Hozirgi dariy tili grammatikasi”) kitobi qayta nashrdan chiqarildi. Bundan ma’lum bo‘ladiki, mazkur kitob oradan yarim asr o‘tsa ham o‘z qadrini yo‘qotmagan. M.N. Neghat Saidiyning mazkur kitobi o‘ziga xos asar hisoblanib, bu asar tilga olinayotgan an’anaviy yozma grammatika asarlari orasida va til grammatikasiga oid nazariy manbalar asosida nomlanadi. Shunday bo‘lsa-da, muallif bir necha yozuv va til dasturlari jihatidan o‘z zamondoshlaridan ajralib turgan.
Kitobda gap (گپ gap), gap bo‘laklari (قسمتها یا ارکان جمله qesmathâ yâ erkân-e jomla), so‘z turkumlari tasnifi (انواع کلمه ها anwâ’hâ-ye kalemahâ), mustaqil so‘zlar (کلمه های مستقل kalemahâ-ye mostaqel), fe’l (فعل fe’l), fe’l negizi (ریشه فعل rêša-ye fe’l), fe’l zamonlari (انواع فعل از نگاه زمان anwâ’-ye fe’l az negâh zamân), fe’lning ma’no jihatdan turlari va yasalishi (انواع فعل از راهگذر معنی و ساختمان anwâ’-ye fe’l az râhgozar ma’ni wa sâxtemân), fe’l mayllari (وجوه فعل wojuh-e fe’l), ega (نهاد nehâd), ismiy so‘z turkumlari (اسمیه ها esmeyahâ), ot (اسم esm), taqlid so‘zlar (اسم صریح esm-e sarih), olmosh(ضمیر zamir), olmoshning turlari (انواع ضمیر anwâ’-ye zamir), vositali va vositasiz to‘ldiruvchi (مفعول مستقیم maf’ul-e mostaqim), ravish (قید qayd), ravishning ma’no jihatdan turlari (انواع قید از رهگذر ساخت کلمه anwâ’-ye qayd az rahgozar-e sâxt-e kalema), son (عدد adad) , miqdor va tartib son (مقدار و ترتیبی عدد adad-e meqdâr wa tartibi), ot va sifat chegarlari (حدود اسم و صفت hodud-e esm wa sefat), yordamchi so‘zlar (کلمه نامستقل kalema-ye nâmostaqel), bog‘lovchi (کلمه های عطف و ربط kalemahâ-ye ’atf wa rabt), old va ort ko‘makchilar (پیشینه ها و پسینه ها pêšinahâ wa pasinahâ), affikslar (وندها wandhâ), yuklamalar (ادوات adwât), undovlar (کلمه های صوت kalemahâ-ye soôt), belgilar (نشانه ها nešânahâ), qo‘shma so‘z turlari (ساخت و انواع کلمه ی مرکب sâxt wa anwâ’-ye kalema-ye morakkab), so‘z birikmasi tuzilish va turlari (ساختمان و اقسام عبارت sâxtemân wa aqsâm-e ebârat), so‘z (گفته gofta), gapning turlari va strukturasi (ساختمان و انواع جمله sâxtemân wa anwâ’-ye jomla), qo‘shma gaplar va uning turlari (جمله مرکب و انواع جمله مرکب jomla-ye morakkab wa anwâ-ye jomla-ye morakkab) haqida to‘liq ma’lumot berilgan.
Muallif kitobida quyida fikrlarni bildirgan:
Bugungi kunda yozuvchilar va tilshunoslar til dasturiga 4 ta bo‘limni kiritdilar:
A) Fonetika
B) Sarf – Marfologiya
S) Sintaksis
D) Semantika.
Yangi fonetika dariy tilida 8 ta unlini 3 qismga ajratadi:
Cho‘ziq unlilar:
آ (â)
او (u)
ای (i)
Qisqa unlilar:
-a
-e
-o
Ikki diftong:
Majhul wâw ( ô)
Majhul yoy (â)
Bugungi Eron fors tilida yuqorida tilga olingan oxirgi ikki diftong mavjud emas.
Faqatgina Movarounnahrdagi fors – tojik tili bu 2 diftongni saqlab qolgan. Bugungi Eron fors tili bilan Afg‘oniston fors tili o‘rtasidagi boshqa tafovut Afg‘oniston lahjasida g‘,v,q undoshlarning saqlanishidir.
Ya’ni Afg‘oniston va O‘rto Osiyo bu ikki tafovutni ayro holda kiritib foydalanadilar, vaholanki, bugungi eronliklar har ikkala manbaga ham tayanadilar.
Tilshunoslik kitoblarida ham tilning ikki tarafini گفتراری و نوشتاری :goftâri va naweštâri “og‘zaki va yozma” bir- biridan ajratilgan.
Go‘yo نوشتار naweštâr گفترار goftârga o‘xshash bo‘lib, zamondoshlik hosil qilgan. Har qanday holda ham M.N. Neghat Saidiy “خوسته یی” ni ishlatib “e “ni so‘zni o‘rtasida va oxirida keladi va o‘sha harfni yoki yozilish shaklini yoy-e majhul “ی” deb ataydi va bugungi kunda yozuv shakllarini ishlatadi. Tovushning yozilgan shaklini harf yoki belgi deydi.
Fors yozuvida belgi bilan harfning farqi shundaki, harflar gorizontal yozuvda bog‘lanish zanjiri bilan birga yoziladi. Belgilar esa harflarning ustida yoki ostida yoziladi. Belgilarni mukammal alifboga bo‘luvchilar ro‘yxat tuzganlar. Fors alifosi 33 harf va 9 belgidan iborat.
Bir yarim asr oldin ya’ni hijriy XIII asrning ikkinchi yarmida fors tili gramatikasiga oid mustaqil kitoblar yozildi va dastur yozishda yangi davr boshlandi. Ushbu kitob mualliflarini tilshunoslar 4 ta guruhga bo‘ladilar:
birinchi guruh olimlari arab tiliga o‘xshatib fors tilidagi so‘zlarni ham fe’l, ot va yordamchi so‘zga taqsimlagan;
ikkinchi guruh olimlari fors tilidagi so‘zlarni 3 ga bo‘lish yetarli deb hisoblamagan va ularni 10 taga ajratganlar: ot, sifat, olmosh, kinoya, fe’l, buyum fe’li (egali ism, to‘ldiruvchili ot), (ravish va ism), yordamchilar (qo‘shimchalar va asoslar), bog‘lovchilar ( bog‘lovchi harflar va izofali harflar), undovlar.
uchinchi guruh olimlari Yevropa tillariga xususan, fransuz tiliga taqlid qilib, fors tilidagi so‘zlarni 9 qismga bo‘ldilar va fors tilida fransuz tilidagi singari “Articl” yo‘q, sifat va otning hisobidan sonni sanadilar(9 ta qismga bo‘lganlari to‘g‘ri chiqishi uchun). Ular quydagilar : ot, sifat, kinoya, son, fe’l, ravish, izofa, yordamchi so‘z, bog‘lovchili yordamchi so‘z va undovlar.
to‘rtinchi guruh olimlari fors tilidagi so‘zlarni 10 taga yoki 9 taga bo‘lishni mantiqsiz deb hisoblaydilar va arab tili uchun xos bo‘lgan 3 qismga bo‘lishni ham fors tili uchun mos emas deydilar hamda 4 qismga ajratish sonini 3 dan ortiq va 9 dan kam deb hisoblaydilar. J. Humoiy so‘zlarni 6 qismga bo‘lgan: ot, sifat, fe’l, otli fe’l yordamchi so‘z va undovlar. Keyin otli fe’lni chiqarib 5 ta deb hisoblagan.
Rus dariyshunos olimi V.I. Mikolaychik hozirgi dariy tili holati haqida quyidagi fikrlarini bildirgan: “Dariy tilining adabiy til me’yori adabiy an’ana va jonli og‘zaki tilning o‘zaro ta’siri natijasida shakllandi. Fors tili ham bu jarayonga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatadi. Dariy tili bilan fors tilining o‘zaro munosabatini bir nechta afg‘on tilshunoslari bir tilning ikki adabiy shaklining o‘zaro munosabati deb hisoblaydilar73. Lekin u yoki bu til egalari va tadqiqotchilarining nuqtai nazarlaridan xoli ravishda dariy tilining og‘zaki adabiy tili shakllanishida kobul lahjasining o‘ziga xosliklarining aks etishini ko‘rish mumkin. Ko‘plab olimlar klassik matnlardagi yozma nutqni, ba’zilar esa hozirgi fors tilini adabiy etalon qilib oladilar. Shuning uchun ham hozirgi afg‘on badiiy adabiyoti namunalari va davriy matbuot nashrlari materiallarining anchagina qismi o‘zida ham yozma, ham og‘zaki uslubni saqlab qolgan milliy adabiy tilning haqiqiy me’yorini muhokama qilishga qodir ishonchli manba bo‘la olmaydi.
Hozirgi yozma materiallarning bir qanchasida kobul lahjasidan chiqish va adabiy og‘zaki dariy tili uchun me’yorga aylanish, munazarali holatlar ko‘p uchraydi. Shu bilan birga, hatto badiiy adabiyotda ham kobul lahjasiga yot bo‘lgan, lekin Erondan kirib kelgan, og‘zaki dariy tiliga xos so‘zlarni ko‘rish mumkin. Bunday hollarda hozirgi adabiy dariy tilining asosi yozma nutq shakli emas, balki og‘zaki adabiy til bo‘lishi lozim, chunki aynan og‘zaki til Kobul aholisining ziyoli qismining so‘zlashuv tili, qolaversa, uning me’yorlari allaqachon yetarlicha barqarorlashgan. Aynan mana shu til hozirgi dariy tilining rivojida asosiy tendensiyani yaqqolroq aks ettiradi va uning grammatik xususiyatlarini o‘rganish uchun ishonchli manbaga aylanishi mumkin”74.
Do'stlaringiz bilan baham: |