3. Grammatik asarlarning vujudga kelishi
Fors tili grammatikasiga yangicha qarash Abdulkarim Irvoniy nomi bilan bog‘liq. N. Muhamedovaning aytishicha, A. Irvoniy o‘z o‘g‘liga fors tilini o‘rgatish maqsadida grammatikani sof amaliy misollar bilan izohlagan. Muallif bir vaqtda arab va fors tillariga to‘g‘ri baho berishga harakat qilgan. Ko‘pincha arabcha misollar forscha so‘zlar bilan almashtirilgan, fors tilidagi grammatik qoidalar esa bir necha asrlik tarixga ega arab tilidagi grammatik qoidalarni izohlash an’anasi ta’sirida qolavergan. Bunga ko‘ra so‘zlar uchta so‘z turkumiga ajratilgan: اسم esm ‒ ot, فعل fe’l ‒ fe’l, حرف harf ‒ yordamchi so‘zlar. Grammatika esa morfologiya (صرف sarf) va sintaksis (نحو nahv)ga bo‘lingan46.
XVIII asrda Hindistonda chop etilgan ikki kitob mavjud. Ulardan biri -Eronning Shushtar shahridan chiqqan Jamoliddin Husayn Said Nurulla Mar’ashiye Shushtariyning “میزان فارسی یا بعضی قانونات فارسی” Mizān-e fārsi yā ba’zi qānunât-e fārsi (“Fors tili qonunlari yoki fors tilining ba’zi qoidalari”) kitobidir47. Bu kitob Hindistonning Azimobod shahrida 1751- yilda nashr etilgan. Ikkinchi kitob - Kamtapurshodning “هفت گل” Haft gol (“Yetti atirgul”) kitobi48. Ushbu kitob Loknau shahrida 1789- yilda chop etilgan bo‘lib, unda fors tili grammatikasining asoslari she’riy tarzda yoritib berilgan.
XIX asrda Hindistonda o‘ndan ortiq kitob chop etildi: 1800- yilda Raushanali Huknaiyning “قواعد فارسی” Qavāid-e fārsi (“Fors tili qoidalari49”), 1828- yilda Kalkutta shahrida Atoulloning 80 betli “Grammer” (“Grammatika”), 1844- yilda Loknauda Muhammad Faiq G‘ulom Husaynning 182 betdan iborat “مخزن القواید یا خزنت الاسول” Maxzan ul-qavāid yo xazanat ul-usul (“Foydali maslahatlar va usullar ombori’),1866- yilda Loknauda 159 betli Vajid Alixonning “مطله العلوم و مجموع الفنون” Matla al-‘olum va majmua’ al- fonun (“Fanlarni bilish va yig‘ish ibtidosi”), 1870- yilda Bombeyda Said Ashrafali Gulshanobodiyning “مصدر الافعال” Masdar-e af’āl (“Fe’l masdarlari”), 1877- yilda Agra shahrida Abdulla Sahrvardiyning 85 sahifadan iborat “دستور پارسی آموز” Dastur-e pārsi āmuz (“Fors tili grammatikasi”) kitoblari nashr etilgan50.
Abdurahim Humoyun Farruxning “دستور جامع زبان فارسی” Dastur-e jāme’ zabān-e fārsi (“Fors tilining to‘liq grammatikasi”) kitobini51 muallifning o‘g‘li Rukniddin Humoyun Farrux chop ettirgan. U kitobning muqaddimasida yuzdan ortiq grammatik ta’riflarni keltirib o‘tgan. Bu muqaddimada eronlik olimlar Irojam Afshar, Xonbobo Mushavvar va Rukniddin Humoyun Farruxlarning ishlari sanab o‘tilgan. Bundan shu narsa ayon bo‘ladiki, fors tili grammatikasi haqida yozilgan kitoblar Hindistonda (Loknau, Bombey, Kalkutta, Azimobod, Lahur, Agra, Allohobod shaharlarida) XVIII asrdan boshlab chop qilingan ekan. Lekin bu ma’lumot undan ham oldinroq grammatik kitoblar chop etilgan degan fikr yuritishga mone’lik qilolmaydi.
Bundan tashqari, Istanbul, Bag‘dod, Qohira, Tbilisi va boshqa shaharlarda turli tillarda fors tili grammatikasi haqida asarlar yozildi: Abdulhaqning “فارسی ضوابت” Davābet-e fārsi (“Fors tili qoidasi”) asari52 urdu tilida, Shayx Murod Afandining “قواعد الفارسیه” Qavāid ul-fārsiya (“Forscha qoidalar”) asari53 va Mirzo Habib Isfahoniyning “دستور چه ” Dasturči (“Qisqa dastur”) asari54 turk tilida yozilgan.
N.A. Muhammedova Hindistonda XX asrning birinchi yarmida fors tilida fors tili grammatikasi bo‘yicha asarlar yaratish davom etib, Muhammad Husayn Mirzo Qotil “نحر فساخت” Nahr-e fasāxat (“Notiqlik daryosi”) kitobi, shuningdek, 1922- yilda Bombeyda Sayfiddin Mahallatining 432 sahifadan iborat “قند فارسی” Qand-e fārsi (“Fors tili jozibasi”) kitobi chop etilgani haqida ma’lumot keltirgan55.
Afsuski, mazkur asar bizgacha yetib kelmaganligi sababli ularning yutuq va kamchiliklari haqida ma’lumot yo‘q.
Lekin shuni ta’kidlash joizki, mazkur asarlar Hindistonda yaratilgan bo‘lsa-da, mualliflari eronlik olimlardir.
Eronlik olim J. Humoiy XIX asrning o‘rtalarida va ikkinchi yarmida yaratilgan eronlik olimlarning grammatik asarlarini aytib o‘tgan56. Bular Abdulkarim bin Abi Al-Qosim Irvoniyning “صرف و نحو فارسی قواعد” Qavāid-e sarf –o nahv-e fārsi (“Fors tili morfologiya va sintaksisi qoidalari”) kitobi (Tabriz, 1846), Xoji Muhammad Karimxon ibn Ibrohim Kermoniyning “صرف و نحو فارسی” Sarf-o nahv-e fārsi (“Fors tili morfologiya va sintaksisi”) kitobi (1858), “تنبیح السابیان” Tahbih us-sābiyān (“Yoshlarga nasihat”) kitoblari (Istanbul, 1880)dir.
Mehri Boqeriy va Jalol Humoiy fors tili grammatikasi XX asrgacha taqlidiy xarakterga ega bo‘lgan, chunki arab tili grammatikasi qoidalari va terminologiyasi asosida fors tili grammatikasi shakllantirilgan edi, deb ta’kidlashadi. Bundan tashqari ular birinchi bo‘lib arabcha qoidalardan voz kechib, mustaqil ravishda fors tili grammatikasini shakllantirgan olim deb Mirza Habib Isfahoniyni e’tirof etadilar57. Isfahoniy yaratgan grammatika til haqida salmoqli ma’lumotlar berib, Eronda yaratilgan o‘zidan keyingi grammatik asarlar uchun asos bo‘lib xizmat qilgan. Ushbu kitob XIX asr oxirlarida Istanbulda ikki jilddan iborat kitob shaklida chop etilgan: “دستور سخن” Dastur-e soxan (“So‘z grammatikasi”) va “دبستان فارسی” Dabestān-e fārsi (“Fors tili boshlang‘ich kursi58”) kitoblari. U o‘nta so‘z turkumini ajratib ko‘rsatgan: ot, sifat, olmosh, noaniq olmosh, fe’l, fe’l shakllari, fe’l atributlari, yuklamalar, yordamchi so‘zlar va undov so‘zlar59. Isfahoniy birinchi bo‘lib grammatikani دستور deb atagan. Isfahoniy arab, turk va bir nechta yevropa tillarini yaxshi bilgan va bu bilimlaridan fors tili grammatikasini yaratishda samarali foydalangan.
XIX asr oxiri, ya’ni 1896- yilda Mirzo Hasan bin Muhammad Tagi Talagoniyning “لسان العجم” Lisān ul-’ajam (“Fors tili”) nomli grammatik asari60 chop etildi. Bu asarda so‘z turkumlari arab tiliga taqlidan uch guruhga bo‘lingan: ism (اسم esm), fe’l فعل) fe’l( va yordamchi so‘zlarحروف) horuf).
1899- yilda Mirzo Ali Akbarxon Nozim Al-Atebbaning “زبان آموز فارسی” Zabān āmuz-e fārsi (“Fors tili darsligi61”) nashr etildi. Muallif tibbiyotga oid asarlar muallifi, mashhur olim, filolog, yozuvchi Said Nafisiyning otasi bo‘lgan.
Navbatdagi grammatik asar Mirzo Abdulazimxon G‘arib Gurgoniyning “دستور زبان فارسی به اسلب السنیی مغرب زمین” Dastur-e zabān-e fārsi be uslub-e as-sani mağreb zamin (“G‘arbiy tillar metodi yordamida fors tili grammatikasi”) kitobi62. Tuzulishi jihatdan Isfahoniy grammatikasiga o‘xshash, so‘z turkumlari yevropa tillaridagi kabi to‘qqiztaga ajratilgan.
Mazkur kitob va Tehron universitetining besh nafar professori A. G‘arib, M. Bahor, B. Foruzanfar, J. Humoiy va R. Yosamiy tomonidan yaratilgan grammatik kitob63lar Eronda maktab darsligi sifatida keng tarqalgan.
Abdurrasul Xayyompurning “دستور زبان فارسی” Dastur-e zabān-e fārsi (“Fors tili grammatikasi”) va oliy o‘quv yurtlari talabalari va mutaxassislarining 1957- yilda Tehronda nashr etilgan “دستور جامع زبان فارسی” Dastur-e jāme’ zabān-e fārsi (“Fors tilining to‘liq grammatikasi”) kitoblari64 nisbatan mukammal grammatik asarlar hisoblanadi. X. Farruxning grammatik asari ming sahifadan iborat bo‘lib, uzoq yillik tadqiqotlarining natijasi hisoblanadi.
Muhammad Javod Mashkurning “دستورنامه” Dasturnāme (“Grammatika”) kitobi 1968- yilda Tehronda chop etilgan bo‘lib, u fors tili grammatik qurilishni puxta va mukammal ta’riflagan eng yaxshi grammatik asarlardan biri sanaladi. Muallif ushbu kitobida Eron olimlarining arab tili va adabiyoti ustida ko‘p yillar ortiqcha g‘ayrat bilan ishlaganliklarini eslab o‘tgach, “…Afsuslar bo‘lsinkim, nega endi o‘sha paytda, o‘z ona tilini nazarda tutgan holda, sanoqli she’riy kitoblardan tashqari fors tili grammatikasi haqida biron-bir kitob yozishsa bo‘lmasmidi?” – deydi. Yana quyidagilarni ilova qiladi: “…Agar oxirgi ikki asr ichida Hindistonda, Turkiyada, Fransiyada fors tili grammatikasi haqida bir necha kitob yozishgan bo‘lsa, Eronning o‘zida keyingi ellik yildan tashqari bu fanni o‘rganishni xohlovchilarga kerakli bo‘lgan kitob yozilgani yo‘q”65,-deydi.
Firdavsiy mukofoti sovrindori, mashhur olim, jamoat arbobi Parviz Notel Xonlariyning “دستور زبان فارسی” Dastur-e zabān-e fārsi (“Fors tili grammatikasi”) kitobi66 nashrdan chiqdi. P.N. Xonlariy o‘zidan oldin yozilgan grammatik asarlarni eski an’anaviy metod (ya’ni oldin so‘z turkumlari haqida gap yuritilib, so‘ngra gap haqida ma’lumotlar keltirilgan)da yozilgan deb tanqid qilgan. Muallif o‘zining “yangi metodi” (“روش تازه”) - har bir mavzuni o‘rganishda keyingi mavzuga mantiqiy bog‘lab o‘zlashtirish mantiqiy va ilmiy izchillikni ta’minlaydi, deb hisoblaydi.
Salmoqli ishlar ichida mashhur olim Muhammad Muyinning “طرح دستور زنان فارسی” Tarh-e dastur-e zabān-e fārsi (“Fors tili grammatikasi haqida ocherk”) asari67ni aytib o‘tmaslikning iloji yo‘q. Ushbu asar to‘rtta broshyura sifatida chop etilgan: “اضافه” Izāfe (“Izofa”), “اسم مصدر، حصل مصدر” Esm-e masdar, hāsel-e masdar (“Harakat nomi, chalg‘ituvchi otlar”) (1963), “مفرد و جمع” Mofred-o jam’ (“Birlik va ko‘plik son”) (1962), “اسم جنس. معرفی و نگره” Mo’arrefi va nakara. Esm-e jens (“Predmet otlari. Aniq va noaniq otlar”) (1958). Muallif ushbu broshyuralarni bir nom ostiga jamlab, fors tilidagi nasr va nazmda yozilgan matnlarni o‘rganish asosida tilning turli bo‘limlarini mukammal va mufassal o‘rganish yo‘li bilan fors tili grammatikasiga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |