Kurs ishining tuzilishi va hajmi. Kurs ishi kirish, to’rtta rejani o’z ichiga olgan asosiy qism, xulosa hamda foydalanilgan manba va adabiyotlar ro’yxatidan iborat.
`
I bob. Arab adabiyoti: yuzaga kelishi, tarixi, johiliyat davrida adabiyot, mumtoz va yangi davr adabiyoti
Yangi davr arab adabiyoti. Falastin adabiyoti
Arab adabiyoti arab tilida yozilgan asarlar, xoh u sheʼr, xoh nasr boʻlsin o’z ichiga oladi. Arab adabiyotining ildizlari Arabiston yarim oroli hududidagi qabilalarning ogʻzaki adabiyotiga yetib boradi. Arabiston hamda Suriya janubidagi qoyatoshdagi yozuvlar qadimgi arab tilining yozma yodgorliklari bo’lib, ular milodning I asriga tegishli. V–VII asrlarda yaratilgan asarlar mumtoz arab tilida bo’lib, islomdan avvalgi she’riyat deb ataladi. Qadimgi arab she’riyati og‘zaki bo‘lib, bizgacha yetib kelgan qadimgi arab nasriga oid afsonalar, masallar, maqollar, xotobalar ham, va yozuvlarda aks etgan qadimgi arab she’riyati ham og‘zaki bo‘lgan. Chunki qadimgi arab shoirlarining ijodi og‘zaki bo‘lib, ular she’riy badihago’ylik iste’dodi bilan shuhrat qozonganlar. Qadimgi arab adabiyotidagi o’ziga xosliklardan biri shundaki, she’r yozish san’ati avloddan avlodga o‘tib kelgan. Shoir qabilasining an’analarini kuylagani, uni she’rlari orqali saqlagani uchun jamiyatda yuksak maqomga ega bo‘lgan. U she’ri bilan o‘z sha’nini himoya qila olgan va kinoya, hajv bilan dushmanga “tashlana” olgan. Shuning uchun ham shoirlar qadimgi davrlarda podsholiklar tarafidan o‘z mavqelarini mustahkamlash uchun poytaxtlarga-podshih saroylariga jalb qilinganlar. Bu davrdagi she’riy asarlar shakliy jihatdan mukammalligi bilan farq qiladi, bu she’riy doimo rivojlanish jarayonida bo’lganligini ko’rsatadi. Asarlarda sheva xususiyatlari bo‘lishiga qaramay, islomgacha bo‘lgan davr she’riyati tili yagona sanaladi va johiliya davridagi she’riy uslubining o‘ziga xos jihati lo‘ndalik va kinoyadir, va xususan, shoirlar ko‘pincha tashbihdan foydalanganlar. Bu davrda ko’zga tashlangan asosiy ikki yo‘nalish badaviylik she’riyati deb, ikkinchisi saroy she’riyati deb atalgan va keyinchalik arab she’riyatida ko‘p asrlar mobaynida saqlanib qolgan. Ma’lumki, qadimgi arab she’riyatining shuhrat qozongan, shu bilan birga arab adabiyotini ham shuhratini yoygan asarlar “Mu’allaqot” (“ipga tizilgan”) lar bo’lgan.
Mumtoz arab adabiyoti xalifalikning arab madaniyatini yaratish jarayonida gullab yashnadi. Bu davrdagi o’ziga xoslik, nasr va nazmning barcha janrlarining rivojlanganligidir. Arab adabiyotida nazm yetakchi bo’lib, mehnat qoshiqlari, ov qoʻshiqlari, allalar yaratilgan. Shu bilan birga she’rda fahr (maqtov), sa’r (qasos qoʻshigʻi), risa’ (aza qoʻshigʻi), shuningdek, nasib (ishq) va vasf (tavsif) elementlari shakllangan. Bu davrga oid 125 ga yaqin islomgacha boʻlgan shoirlarning nomlari va ijodi saqlanib qolgan. Badiiy nasrning asoslari ham qadimgi davrlarga borib taqalib, notiqlikka oid matnlar hamda qabila janglari haqidagi hikoyatlar “Ayyam al-arab” qadmgi nasrning namunalari sanaladi.
O‘rta asr arab she’riyatida saroy, madhiya xususiyatlari bilan bir qatorda qabilaviy she’riy an’analarning ta’siri kuchli bo‘lgan. Bu davrdagi nasr ham qadimgi arab nasri singari og‘zaki bo’lgan.
Islom dini sababli arab adabiyotiga yangi tushunchalar kirdi. Islom arab tilini yangi so’zlar bilan boyitdi. Qur’oni Karim nafaqat arab tiliga, balki adabiyotiga ham ta’sir ko’rsatdi. Yangi dinning tarqalishi, yangi davlatning shakllanishi she’riyatda o‘z aksini topdi. Din ta’sirida she’riyatning tashqi umumiy xususiyati asosan o‘zgarmasa ham, she’riyatga yangi mavzu kirib keldi. Endilikda diniy madhiyalar yozila boshlandi. Dinini yoyishda arab madaniyati o’raloq adabiyot ham qo‘llab-quvvatlandi. Umaviylar arab madaniyatining sofligini saqlash yo’lida badaviylarning she’riyatdagi an’analarini tiklashga intildilar. Buning natijasi islomgacha bo‘lgan she’riyat ma’jusiy she’riyat sifatida boshqa siquvga olinmaganligida ko’rindi. VIII asrdan XII asrgacha o‘rta asr arab adabiyoti tarixida eng samarali davr. Shu davrdan arablar tomonidan zabt etilgan, ularning tilini qabul qilgan xalqlar ham arablar deb atala boshlanib, arablashgan aholi madaniyat rivojida faol ishtirok etdi. Arablar fani va adabiyotining jahon maydoniga chiqishi hamda jahon madaniyatining rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatishi ham shu davrga to’g’ri keladi. Arab madaniyati va adabiyotining markazlari faqat Iroq, Suriya va Misr kabi sharqiy viloyatlar emas, xalifalikning shimoliy-g‘arbiy chekkalari – arab Ispaniyasining shaharlarida ham bo‘lgan. Arablar o‘zlari bilan Ispaniyaga arab tili hamda madaniy an’analarni olib kirdilar. Tub aholisi, qisman arablashgan holda, arablarning tilini qabul qildi. Arablar bilan birga Ispaniyaga adabiyot ham kirib keldi. Andaluziya adabiyoti tom ma’noda arab-ispan adabiyotiga aylandi. Andalusiya she’riyatida an’anaviy arab janrlari saqlanib qolgan, Arab-ispan adabiyotining tanazzulga uchray boshlashi XIII asrga to’g’ri keladi.
Turklar hukmronligi davri arab xalqlari tarixida qorong‘u davrlardan bo‘lgan. Usmoniylar imperiyasi davrida arab viloyatlarining madaniyati tanazzulga uchragdi. Shunday sharoitda ham, arab adabiy an’anasi batamom uzilmagan. Bu XIX asrda yangi davr arab adabiyoti yuzaga kelishida o’z aksini ko’rsatdi. Arablarning siyosiy va madaniy jihatdan yuksala boshlashi XIX asrning dastlabki yillariga to‘g‘ri keladi va shu davrdan arab xalqlarida mustaqillik uchun uzoq muddatli kurash boshlandi. Bunday siyosiy, ijtimoiy sharoitda shakllangan yangi adabiyot esa zamon bilan chambarchas bog‘liq edi.
Arab adabiyoti yangi davr bo‘sag‘asida sust taraqqiyot bosqichini boshdan kechirib, Yevropa adabiyotining bosib o’tgan yo’lidan yurishga majbur bo‘ldi. Yangi davr bosqichida adabiyot rivojlanishida Misr, Suriya va Livan mamlakatlari alohida rol o‘ynadi. Aksariyat holda bugungi arab mamlakatlari adabiyotiga yagona adabiyot sifatida qaraladi. Mahalliy o‘ziga xosliklar va farqlarni nazarda tutgan holda «Misrdagi Livandagi, Tunisdagi singari) arab adabiyoti» atamasi qo‘llansa, Misr, Suriya so‘zlari esa, odatda, janr bilan bog‘liq holda ishlatilinadi. Ular orasida etnik yaqinlik, umumiy tili, ko‘pgina mamlakatlar uchun umumiy bo‘lgan islom dini, birdamlik g‘oyasi bor. Bular orqali arab adabiyotini birlashadi. XX asr Misr adabiyoti Yevropa tajribalarini boshqa arab mamlakatlari orasida yoyishda vositachi vazifasini o‘tadi. Bu davrning eng muhim xususiyati ham Yevropa ta’siri, rivojlanish bosqichiga ko’tarilish edi. Arablar bu davrni “Uyg‘onish”, “Ko’tarilish” (“An-Nahda”) deb atadilar. Bu davr arablarning siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalaridagi shon-shuhrati va qudratini tiklash davri bo’ldi. Bu davr mafkurachilari uyg‘onishning birdan bir yo‘li xalqning qoloqligini yengish, ma’rifatni yoyish, diniy ixtilof va bid’atlarni yo‘qotish, shuningdek, iqtisodiy islohatlarda ko’rdilar. Bu jarayonning ikinnchi tomoni esa Yevropa taraqqiyoti, ilm-fandagi yutuqlarini o‘zlashtirish masalasini ham ko’zda tutdi. Rivojlanish hamma joyda bir xilda, bir paytning o’zida kechmaganidek, ma’rifatparvarlik harakati ham o‘z taraqqiyoti va tarqalishida hamma joyda bir xil bo’lmadi. Maqsad va vazifalar yagonaligiga qaramay, ma’rifatparvarlik harakatida Yevropa ta’siriga qarshilik, arab tili sofligini saqlash, millat madaniy merosini ommalashtirish ham, milliy an’ana, manbalarini inkor etib, hayotning barcha sohasida G‘arbga taqlid qilish targ’ib qilish ham, yo bo’lmasa arab madaniyati va Yevropa fani taraqqiyotini, uning adabiyotining uzviy qo‘shilishi g’oyalari ko’zga tashlandi. Birinchi mustaqil janr sifatida bu davrda publisistika rivojlanib, uning asosi bo’lib navqiron notiqlik sa’nati hizmat qildi. Publisistika orqali adabiyot mazmun maydoni kengaydi, zamonasining dolzarb muammolari ko’tarildi. Bu davrda shakl emas, mazmun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. Yangilanish g‘oyasida til va badiiy ijod tamoyillari ham mujassam edi. Rivojlanish jarayonlarida arab mumtoz an’analarini qayta tiklashga urinishlar, Yevropa adabiyoti tajribalarini o‘zlashtirishga intilishlar kuzatildi. Ba’zi mamlakatlarda ma’rifatparvarlik tez rivojlanganini, boshqalarida bu jarayon, ma’lum sabablarga ko‘ra sekin kechganini ko’rish mumkin. Ma’lum bir mamlakatlarda islohatlar sezilarli o‘zgarishlarga olib kelgan bo‘lsa, boshqalarida jamiyat tuzilishi va adabiyotga birozgina o‘zgarishlar kirita oldi. Ma’rifatparvarlik adabiyotini tadqiq qilish orqali zamonaviy adabiyotning ilk manbalarini aniqlash imkoni paydo bo’ladi. XX asr boshlaridagi arab adabiyotida ko‘proq nasr taraqqiy etgan bo’lsa, poeziyada ko‘pincha an’anaviy lirika ustun bo’lib qoldi. Sababi arab she’riyatida mumtoz an’analar kuchli bo‘lganligi bilan izohlanadi. Ammo qasida shakli yangi mazmun bilan: vatanparvarlik, ozodlik harakatiga da’vat va jamiyatning boshqa dolzarb muammolarga yechim izlashga da’vat bilan boyidi. XIX - XX asrlarda sharq adabiyoti Yevropa adabiyoti bosib o‘tgan bosqichlardan o‘tganiga qaramasdan, o‘ziga xoslikni saqlab qola oldilar.
Falastin adabiyoti falastinliklar tomonidan yaratilgan arab tilidagi romanlar, qisqa hikoyalar va she'rlarni bildiradi. Arab adabiyotining bir qismini tashkil etuvchi zamonaviy Falastin adabiyoti bosqinchilikka qarshilik, surgun, judolik, vatanga muhabbat va sog‘inch unsurlari bilan o’ziga xoslikka ega. Misr adabiyoti Misrda, Iordaniya adabiyoti Iordaniyada paydo bo’lgani, rivojlangani, o’ziga xoslikka ega bo’lgani uchun ham shunday, shu joy nomi bilan nomlangan. 1948-yilgacha arablar va Isroil o'rtasida urush bo'lgan bo'lib, 1948-yil falastinliklar chiqib ketgan bo’lsa-da, falastin millatiga mansub shoir yozuvchilar tomonidan yozilgan asarlar ularning yashash joyidan qatʼi nazar “Falastinliklar tomonidan yozilgan adabiyoti” hisoblanadi. Falastinliklar hudud bilan bog’liq shaxsiyat muammosi mavjud. Arab mamlakatlaridagi repressiv sharoitlar tufayli dunyo bo'ylab surgunda yashashni tanlagan ko'plab arab yozuvchilar bor, lekin ko'plari falastinliklardan farqli o'laroq o'zlarining mamlakatlarida yashaydilar.
“An-Nahda” harakati yuzaga kelib, ma’rifatparvarlik g‘oyalari rivojlangan XIX asr oxiri XX asr boshlarida, Misr, Livan, Suriyalardan farqli o’laroq Falastinda adabiyot sust va sekin rivojlanib, asarlar deyarli yaratilmadi. Krachkovskiy ta’biriga ko’ra Falastin Suriya bilan yaqin madaniy aloqada bo’lganiga qaramay, uning ijtimoiy, siyosiy hayotidagi voqealar natijasida adabiyot rivojlanishiga, yirik namoyondalar yetishib chiqishiga imkoniyatlar yetarli bo’lmadi. Shunga qaramay ma’rifatparvarlar milliy adabiyotni rivojlantirish yo’lida ter to’kdilar. XX asr oʻrtalariga qadar arab adabiyotining bir qismi boʻlgan Falastin adabiyotining rivojlanishiga asosan milliy matbuotning paydo bo‘lishi va rivojlanishi yordam berdi. Nashriyot ishlari, tarjimonlik faoliyatining rivojlanishi yangi yozuvchi, shoirlar, san’at, adabiyot arboblari yetishib chiqishiga turtki bo’ldi. 1908-yilda ilk adabiy jurnal “an-Nafois al-Asriya” ( النفائس العصرية)paydo boʻldi, uni Falastin novellasiga asos solgan Xalil Beydas1 nashr ettirdi. 1930-yillarda shoir Abu Salma tomonidan Quddusda asos solingan “Qalam assotsiatsiyasi” Falastindagi birinchi ta’lim tashkiloti hisoblanadi. 20-yillarda dramaturgiya dunyoga keldi. Milliy ozodlik kurashi boshlanishi bilan 1950- 1960-yillar boshidagi pessimistik tuyg‘ularga to‘la “nola adabiyot” o‘rnini “qarshilik adabiyoti” egalladi. 1966-yilda Mahmud Darvish, Samih al-Qosim, Tavfiq Ziyod kabi shoirlarni oʻz ichiga olgan “Sheʼriy qarshilik maktabi”, Falastin inqilobi shoirlari maktabi yuzaga keldi. 1980-yillar boshida esa Falastin adabiyotida qahramonona qarshilik mavzusi yetakchi o’rinni egallab, fuqarolik, vatanparvarlik mavzulari, tarixiy lahzaning yuqori tuyg'usi ushbu davr adabiyotiga xos bo'ldi. XX asr 2-yarmida hikoyanavislik murakkab yo’lni bosib o’tdi. Bunga sabab Falastin va Isroil o’rtasida uzoq vaqtdan buyon davom etayotgan notinch munosabatlari, urushlar sabab bo’ldi. Tabiiyki mamlakat hayotidagi notinch vaziyat boshqa sohalar singari adabiyotga ham o’z hukmini o’tqazmay qolmadi. Iordaniyada yashayotgan falastinlik yozuvchilar (Mahmud Sayfiddin al-Iraniy), iordaniyalik yozuvchilar (Muhammad Adib al-Amiriy) iordan hikoyanavisligining rivojlanishiga hissa qo’shdilar. Falastin ijodkorlari ijodida o’ta hissiyotga berilish unsurlari keng ko’zga tashlanadi. Hikoyanivislikda bosh mavzusini o’z-o’zidan vatanparvarlik- Falastin muammosi, mustaqillik muammosi, arab va yahudiylar o’rtasidagi mojarolar tashkil etadi. Bularga qo’shimcha tarzda mamlakatdagi qashshoqlik, nochorlik, ayollarning haqlari , ularning nafaqat oila balki jamiyatdagi o’rni, jamiyatda ko’zga tashlanadigannaxloqiy nuqsonlar,inson qadri, adolatsizlik, tengsizlik, dehqonlar hayoti singari mavzularga ham ko’plab murajaat qilinadi. Bu singari an’anaviy mavzular oldiga Falastin ijtimoiy hayotiga xos bo’lgan qochoqlik, muhojirlik, o’z vatandan kechishga majburlik singari noana’naviy mavzular ham qo’shildi. 1948-yildan to 1967-yilgacha bo’lgan o’zaro kelishmovchiliklar, urushlar, nizolar natijasida, Falstin hududlarining Isroil tomonidan egallanishi oqibatida minglab falastinliklar o’z ona yurtlarini, o’z yerlarini tashlab chiqib ketishga majbur bo’ldi, tazyiqlar oqibatida qochoqqa aylandi. Buning oqibatida bir joyda jamlangan madaniyat va adabiyot tarqalib ketdi. Ba’zi yozuvchilar bosib olingan hududlarda qolgan bo’lsalar, ayrimlari qo’shni mamlakatlarga, ba’zilari Forz ko’rfazidagi arab mamlakatlariga, yana bir qanchasi Yevropa mamlakatlariga ketishga majbur qoldilar. Buning natijasida Falastin adabiyoti uch mustaqil adabiyot sifatida rivojlana boshladi: Falastinning bosib olingan hududidagi yozuvchilar ijodidan iborat adabiyot, arab mamlakatlarida muhojirlikda yashab ijod qilayotgan falastinliklar ijodidan iborat adabiyot hamda Yevropa manlakatlaridagi falastin yozuvchilari ijodidan tashkil topgan adabiyot. Bu adabiyotlarda farqli va mushtarak jihatlar ko’zga tashlanadi. Bosib olingan hudud hikoyanavis yozuvchilari ijodida Najib Mahfuz, Zakariya Tamer singari yozuvchilar ijodining ta’siri seziladi. Falastinlik yozuvchilar ularning mahoratlarini o’rgangan holda ijod qildilar. Bu yerdagi hikoyanavislikning o’ziga xosligi simvolizmning ustuvor ekanligida ko’rinadi. Isroilliklar tazyiqi sabab erkin fikr, mulohaza huquqidan mahrum bo’lgan falastinlik yozuvchilar o’z ijodlarida, xossatan, hikoyalarida ramziy va majoziy tasvirni yuqori pog’onalarga ko’tardilar. Ko’plab ijodkorlar orasida Mahmud Darvesh ham mamlakatining isroilliklar tomonidan egallanganligi, vatandan kechishga majbur bo’lish, vatanga muhabbat singari mavzular doirasida ramziy, majoziy asarlar yaratdi. Yozuvchi Tavfiq Fayodning “Sariq ko’cha” to’plamiga kirgan barcha hikoyalar ham ramziy usulda yozilgan. Boshqa arab mamlakatlarida, shu bilan birga Yevropa mamlakatlarida yashab, ijod bilan shug’ullangan falastinlik adiblar ijodida ham Falastinning ozodligi uchun kurashish g’oyasi yetakchi pog’onalarda turadi. Arab mamlakatlaridagi muhojir falastinliklar asarlarida m alamli, achchiq vatan sog’inchi, iztiroblar, muammolarni tasvirlashga alohida urg’u beriladi. Falastin muhojirlari adabiyotining bosh mavzularini yurtining milliy ozodligi, arab-isroil urushi oqibatlari, qochoqlar hayoti, sionizm oqimiga qarshi qaratilgan g’oyalar tashkil qiladi.
Ko’rinib turganidek, Falastin adabiyoti murakkab adabiy jarayonni bosib o’tgan. Bugungi kunda ham Falastin adabiyoti shunday murakkab bosqichlardan o’tmoqda. Vatandan quvilish, vatan ozodligi hanuzgacha yetakchi bo’lib turibdi.
1987-yildan Falastinda qarshilik harakati yangi bosqichga ko’tarilib, she’riyatda mustaqil Falastin davlatini barpo etish uchun kurash mavzusi oldingi o’rinlarga chiqdi. Xossatan, Mahmud Darvish sheʼriyati Falastin xalqi kurashining bayrogʻiga aylandi: uning she’riyati vatanga boʻlgan oʻtkir sogʻinch, surgun qilingan xalq taqdiri dardi bilan ajralib turadi. Falastin zamonaviy adabiyoti rivoji nasrda yirik yozuvchi va dramaturg Hasan Kanafoniy, she’riyatdagi rivoji esa Abu Salma, Mahmud Darvesh va Muin Bsisu nomlari bilan bog‘liq. 1948-yilda falastinliklar qochib ketgandan keyingi davrlardan boshlab Isroilning arab fuqarolari bo'lgan falastinliklar orasida she'riyat siyosiy faollik vositasiga aylandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |