1-rasm. (Manyoushyu asarining rus tilidagi tarjimasi)
butun to’plam holiga keltirilganligi ma’lum emas, ammo unda oxirgi tilga olingan sana 759 yildir. Yodgorlikning asosiy tuzuvchisi undan oldin har xil odamlar tomonidan yig‘ilgan qo’shiqlarni va oilaviy to’plamdagi qo’shiqlarni birlashtirib, ularga o’zining she’riy to’plamini qo’shgan shoir Otomo Yakamochi (718-785 yillar) deb tahmin qilinadi. 759 yilning Yangi yilida Ivami provinsiyasida uning yozgan she’ri “Manyoshu”dagi oxirgi she’r hisoblanadi. Yodgorlik 20 ta kitobdan iborat, ularda 4516 ta qo’shiq va she’rlar bor.
Bu yerda yapon she’riy janrlaridan tyoka yoki nagauta2, tanka3 ko’rsatilgan. Tanka har xil lirik kayfiyatni ifoda etadi va har xil she’riy turlarga mos keladi. Bu xilma-xil she’riy sintaksis, she’rning ichki ohangi va har xil leksik vositalar yordamida amalga oshiriladi. Antologiyada sedoka – oltilik, baliqchilar qo’shig‘i ham uchraydi: eng qadimgi nusxasi savol-javob yoki qo’shiq-dialog shaklida. Barcha bu janrlar umumiy vazn qonunida, ya’ni ma’lum miqdorda va bo’g‘inlarning almashinuvida quriladi. Nagautada qiyin beshlik va yettilik she’rlaridagi qiyin almashinuv qo’shiqning oxirida 7 bo’g‘indan tashkil topgan qo’shimcha alohida satr bilan mustahkamlanadi. Tankaning beshligi quyidagi bo’g‘in tuzilishiga ega: 5-7-5-7-7. Ammo “Manyoshu”da u tuzilishga har doim ham rioya qilinmagan. Sedokaning oltiligida odatda bo’g‘inlarning to’g‘ri almashinuvi saqlangan: 5-7-7-5-7-7. “Manyoshu”dagi 4516 qo’shiqdan 265 tasi nagauta, 4194 tasi tanka va 57 tasi sedokadan iborat.
Shunday qilib, “Manyoshu”dagi Nara davrining buyuk shoiri Kakinomoto Hitomaroning to’plamidan 15 ta qo’shiq, Takahasi Musimaroning to’plamidan 32 ta qo’shiq, Tanabe Sakimaroning to’plamidan 31 ta qo’shiq, tuzuvchisi noma’lum bo’lgan “Qadimgi qo’shiqlar to’plami” (“Kokasyu”) dan qo’shiqlar kiritilgan. Boshqa yodgorliklardagi qo’shiqlar ham uchraydi – bular “Kodziki”, “Nihongi”, “Fudoki”, chegara soqchilari qo’shiqlari to’plami.
“Manyoshu”dan oldingi to’plamlar har xil viloyatlarda xizmat qilgan amalda shoirlar tomonidan yig‘ilgan. Balki ular xitoy amaldorlariga o’xshab xalqning kayfiyati, urf-odatlari haqida fikr yuritish uchun qo’shiqlar yig‘ishga majbur bo’lishgan bu haqida “Manyoshu” antalogiyasining o’zida so’z yuritiladi.
VIII asrning hamma yozma yodgorliklari uchun saylanma asarlar to’plamini yaratish xos bo’lgan. Extimol, bunda xalq urf-odatlarining ta’siri bo’lgandir, chunki birlashish qadimgi jamiyatning ijtimoiy tuzilishiga xos bo’lgan.
“Manyoshu”ning xususiyatlaridan biri undagi she’rlarning oddiyligi va samimiyligidir, biroq Otomo no Yakamochi (718-785)ning “Manyoshu”ga kiritilgan 426 ta tankasi, 46 ta uzun she’rlari diqqatga sazovar.
Yuqorida ta’kidlanganidek, “Manyoshu”ning to’liq kitob holiga kelishi 759 yillarga to’g‘ri keladi. Ayni o’sha davrda Yaponiya millat sifatida shakllana boshlagan. Yaponiyaning g‘arbidagi Nara shahri poytaxt hisoblangan va o’zining kuch-qudrati bilan va ma’daniyat markazi sifatida nom chiqargan.
O’sha davrda Yaponiya ma’daniy jihatdan Xitoyga qaram bo’lgan. Shuning uchun ham she’rlar Xitoy usulida 20 ta kitobga bo’lingan va yana kitobning nomi “o’n ming” ligi shu bilan bog‘liq. O’n ming raqami Xitoy tilida “man” yoki “ban” so’zi bilan ifodalanadi va u o’ziga xos ma’noga ega bo’lib, cheksizlikni bildiradi. Masalan, “banzai” so’zi “o’n ming yil” ya’ni “Imperatorga uzoq umr” ma’nosini bildiradi.
VIII asrning eng yaxshi shoirlar asarlari va xalq qo’shiqlari yozuvlaridan, har xil to’plamlardan tashqari “Manyoshu”ga mushoiralarda to’qilgan qo’shiqlar va she’rlar, juda ko’p va har xil qo’shiq-maktublar, sayyohlarning lirik kundaliklari, hamda yodgorlikning oxirgi to’rtta kitobini egallagan Otomo Yakamochining lirik kundaligi kiritilgan.
Antologiyaning qo’shiq va she’rlarida o’sha zamon Yaponiya hayotining har xil tomonlari, tabiati, turmushi, qadimgi urf-odatlari, udumlari, tarixiy voqealar aks ettirilgan, lekin asosiy boylik – antalogiyani yapon adabiyotining durdonasiga aylantirgan she’riy shoh asarlar to’plamidir.
“Manyoshu”ning katta xronologik diapazoni ma’lum badiiy tuzilishning yaratilishiga olib kelgan. Yodgorlikda xalq og‘zaki ijodi ham, adabiy she’riyat ham o’zaro ta’sir, o’zaro aloqa va taqqoslashda ko’rsatilgan, ya’ni adabiy she’riyat shakllanishining qiyin jarayoni aks ettirilgan.
Tanka ya’ni “qisqa qo’shiq” yoki “qisqa she’r” (beshlik); o’rta asrlar yapon lirikasida hamma biladigan va yaxshi ko’radigan janrdir. Bu yodgorlik o’zida hajviy she’rlar, lirik qo’shiqlar, ishqiy she’rlar, marosim qo’shiqlari, laparlar va romanslarni birlashtiradi. Tankada bo’g‘inlar sonining ketma-ketligi 5-7-5-7-7 tarzda ifodalanib 31 bo’g‘indan iborat. Lekin “Manyoshu”da bu shakl qat’iy emas, 5-7-6-7-7 va 5-7-5-7-8 turidagi she’rning bandlari ham bor. X asrdagi klassik tankada uchinchi satrdan keyin musiqiy pauza keladi. “Manyoshu” qo’shiqlarida ko’pincha birinchi ikki satrdan keyin, hamda oxirgi satrdan oldin musiqiy pauza uchraydi. Tanka biror bir boshqa tilga tarjima qilinganda uning 31 bo’g‘inli xususiyati yo'qaladi, shunga qaramasdan uni 31 bo’g‘inli qilib tarjima qilish mumkin.
Tanka tarixi, “Manyoshu” bilan boshlanuvchi va 905-1439 yillar orasidagi 20 shox asarlarni o’z ichiga oluvchi asarlar to’plami nafaqat yapon tarixiga balki jahon tarix va madaniyatiga ta’sir ko’rsatgan. Ba’zi qadimiy she’rlar mashhur tarixiy shaxslar og‘zaki ijod namunalari mahsulidan iborat. Masalan, antalogiyadagi tanka janrida yozilgan asarlardan biri bu Yaponiyaning 16- imperatori Nintokuning rafiqasi imperator ayol Iva no Hime tomonidan yozib qoldirilgan asarni misol qilib ko’rsatish mumkin. Afsonaga ko’ra u o’z erining ishlaridan norozi bo’lgan.
2-rasm (Otomo Tabito 665-731 yillar)
Tanka she’rlari VII asrda imperator saroyiga tegishli bo’lgan shaxslar tomonidan ham yozilgan. Ulardan biri qirolicha Nukata bo’lgan. 668 yil 5 may kuni Imperator Tenji tomonidan saroyda tashkil etilgan “Dorivor o’simliklarni yig‘ish” ma’rosimida qatnashgan qirolicha o’zining birinchi tanka janridagi she’rini bitadi. U Imperator Tenjining rafiqalaridan biri bo’lgan, lekin u she’rida o’sha marosimda qatnashgan sobiq turmush o’rtog‘i shaxzoda Oamaga murojaat qiladi. U o’zining ikkinchi she’rini Imperatorga bag‘ishlagan.
Mumtoz tankaning aksariyat qismi tarixiy voqea-hodisalar bilan bog‘liq. Misol tariqasida, shaxzoda Otsu (663-686 yillar) va uning opasi Oku (661-701 yillar)lar bilan bo’g‘liq voqeani ko’rsatish mumkin. U hufyona jinoyat qilishda noto’g‘ri ayblanadi va 686 yil 3 oktyabr kuni Ivare ko’li qirg‘og‘ida qatl etiladi. Oku ukasining o’limidan oldin va o’limidan keyin ukasiga atab tanka she’rlarini yozgan. Shaxzoda Otsu hibsga olinishidan oldin Iseda imperator huzuridagi Buyuk Maqbarada xizmat qilayotgan opasini ko’rishga boradi. Lekin, opasi uni orqaga poytaxt Yamatoga qaytarib yuborishga majbur bo’ladi va Otsu o’sha yerda qatl etiladi. Bu voqaedan so’ng Oku ukasining jasadini Futakami tog‘iga dafn ettiradi.
Sevishganlar o’rtasidagi ayriliq va o’lim har doim tanka janrining asosiy mavzusi hisoblangan. Kakinomoto no Hitomaro mahalliy hukumat a’zosi sifatida ishlash uchun o’z sevgilisini Ivami provinsiyasida qoldiradi va o’zining sog‘inchini birinchi tanka she’rida ifodalaydi. U o’z rafiqasining o’limidan so’ng ham bir qancha she’rlar yozgan.
Mansabdor shaxslar ham tanka janrida ijod qilib ancha muvaffaqiyatlarga erishishgan. 728 yilda Otomo no Tabito (665-731 yillar) o’z rafiqasidan ayrilgandan keyin rafiqasiga bag‘ishlab she’r yozadi. O’sha paytda u Dazaifuning hokimi bo’lgan. 730 yili u bosh maslahatchi lavozimini egallash uchun poytaxt Naraga qaytadi.
Tankaning ilk rivojlanish davrida ko’pgina ayollar o’z samimiy sevgilarini izhor etishda tanka janridan foydalanganlar. VIII asrda Sakanoedagi Saho daryosi yaqinida yashab ijod qilgan Otomo no Sakanoe shulardan biri hisoblanadi. U Manyoshuda ayollik hislarini kuchli ifodalab bera olgan.
Yana bir ayol, VIII asrda ijod qilgan shoira Sano no Chigami, uning eri Nakatomi no Yakamori, ularning nikohi qonunga hilof bo’lganligi uchun Echizen provinsiyasiga badarg‘a qilinganda, Chigami o’zining ehtirosli tankasini bitadi. Undan keyin ularga nima bo’lganligi noma’lum, ammo Yakamori hukumatda ishlashga chaqiriladi va 763 yilda lavozimi oshiriladi.
Tanka janrining rivoji buddizm bilan bog‘liq. Masalan, Yamanoe no Okura buddizm, konfusianchilik va xitoy adabiyotini yaxshi bilgan. Uning tanka janrida yozilgan she’rlari bolalar, kambag‘allik, yosh o’tishi yoki qarilik, o’lim va ayriliq kabi ijtimoiy muammolarga bag‘ishlangan.
Shuningdek, “Manyoshu”da Yaponiyaning janubiy qismini himoya qilayotgan chegara himoyachilari tomonidan bitilgan tankalarni uchratish mumkin. Ular o’z she’rlarida Vatanga sodiqlik va asosan uyda ularni kutayotgan ota-onalari, rafiqalariga bo’lgan tuyg‘ularini ifodalaganlar.
VIII asrning mashhur “beshligi”dagi4 shoirlardan biri, yapon she’riyati Nara davrining ijodkori Otomo-no Tabito bo’lgan. Shoirning ijodiy merosidan eng mashhuri 13 ta mustaqil qo’shiqdan tashkil topgan “Sharobga madhiya” to’plami bo’lib, “Manyoshu”ning uchinchi kitobiga kiritilgan.
Bu to’plam yapon olimlari tomonidan turlicha talqin qilinadi. Odatda tadqiqotchilar uning yaratilishini, hamda mazmuni va xarakterini Xitoyning ta’siri deb tushuntiradilar5. Tabitoning fikrlari bilan Lao-tszi va Chjuan-tszi6 qarashlarida ko’p umumiylik bor, chunki Tabito dunyoqarashi xitoy faylasuflari ta’sirida shakllangan. Masalan, Xaga Yaitining aytishicha, Tabitoni sharobni maqtab yozgan qo’shiqlari Xitoyda Lyuchao davrida7 mashhur bo’lgan.
Qizig‘i shundaki, XVII asrdayoq filolog Tatibana Moribe, Tabito qo’shiqlaridagi sharob faqatgina konfutsiylik va buddaviylikni ayblovchi vosita, degan fikrni bildirgan. Xuddi shunday fikrni zamonaviy adabiyotshunoslardan biri Tsugita Dzyun bildirgan, u Tabito qo’shiqlaridagi buddaviylik va xitoy kitoblaridan olingan sitatalari bilan konfutsiylik va buddaviylik kitobshunoslarini tanqid qilgan, deb hisoblaydi.8
Boshqa bir zamonaviy olim Takeda Yukiti, bu qo’shiqlarni Tabitoning shaxsiy fojeasidan kelib chiqib taxlil qiladi. Uning ta’kidlashicha, “Sharobga madhiya” sevimli ayolini yo’qotgan va sharob bilan taskin topishga harakat qilayotgan muallifning chuqur qalb iztiroblarini yashiradi.9 Gomi Masuhide ham Tabito qo’shiqlarini xuddi shunday taxlil qiladi.10
Ammo bizning fikrimizcha, Tabito qo’shiqlarining bunday baholash uning she’rlarining saviyasini pasaytiradi. Tabitoning shaxsiy biografiyasidagi aniq tarixiy sharoit va dalillar shoirning fikrlarini yanada kengroq taxlil qilishga yordam beradi.
Bu qo’shiqlar to’plami xitoy namunalariga, xitoycha g‘oyalarga o’xshatma, degan fikrga ham qo’shilib bo’lmaydi, Tabito yapon she’riyatidan aniqrog‘i, o’zi yashagan sharoitdan kelib chiqqan holda bu masalaning mavzuning yechimini ko’rsatadi.
Tabito hayoti 665-731 yillar orasiga to’g‘ri keladi. U taniqli Otomo sulolasidan kelib chiqqan bo’lib, ajdodlari harbiy xizmat va harbiy san’at bilimlari bilan mashhur bo’lgan va avloddan avlodga harbiy boshliq lavozimini egallab kelganlar. Otomo sulolasi yapon ma’lumotlariga qaraganda Tabito ajdodlari xizmat qilgan afsonaviy imperator Dzimmu davriga borib taqaladi. Bu avlod vakillari saroyda bir necha marta hukmronlik qilgan. Shoirning o’zi saroyda yuqori lavozimlarda xizmat qilgani ma’lum. 718 yilda u ikkinchi davlat maslahatchisi lavozimini egallaydi. Birmuncha keyinroq, 720 yilda u jazo ekspeditsiyasi boshlig‘i bo’lib tayinlanadi va hayato qabilasi qo’zg‘alonchialrini bostirish uchun Kyusyu oroliga yuboriladi. Poytaxtga qaytgandan keyin, 726 yilda (boshqa ma’lumotlarga ko’ra 728 yilda) Tabito Kyusyudagi Dadzaifu okrugining general gubernatori qilib tayinlanadi. U yerda u rafiqasini yo’qotadi va o’limidan bir yil oldin birinchi davlat maslahatchisi lavozimini egallab, poytaxt Naraga qaytib keladi va 70 yoshlar atrofida vafot etadi. “Manyoshu” to’plamiga kiritilgan ko’p qo’shiqlar (sharob haqidagi qo’shiqlar ham); Tabitoning Kyusyu orolida bo’lgan davrlariga to’g‘ri keladi. Uning poytaxtda yashaydigan do’sti bilan she’riy yozishmalari va boshqa qo’shiqlari, Tabitoning Kyusyuda istiqomat qilishi, uni poytaxtdan quvg‘in va surgun qilishgan, deb o’ylashga imkon beradi. Shu bilan birga ma’lumki, o’sha davrlarda imperatorga qarshi chiqqan shaxslarni eng ko’p tarqalgan – poytaxtdan surgun qilish bilan jazolashgan.
Buni biz uning do’sti bilan yozishuvlaridagi quyidagi qo’shiqda ko’rishimiz mumkin:
竜の馬も tatsu-no ma mo
今も得てしか ima mo eteshi ka
あをによし ao-ni yoshi
奈良の都に Nara-no miyako-ni
行きて来むため11 ikite komu tame (V-806)12
Chopqir bo’lsaydi hozir,
Ajdarhoga o’xshagan,
Maysa kabi yam-yashil
Go’zal poytaxt Nara sari
Yo’l olmoq uchun.
Do’stining javobi:
竜の馬を tatsu-no ma-o
我は求めむ are-va motomemu
あをによし ao-ni yoshi
奈良の都に Nara-no miyako-ni
来む人のために13 komu hito-no tame-ni (V-808)
Bir chopqir, densiz ajdari kabi,
Men senga izlab topay,
Sening qaytishing uchun
Maysa kabi yam-yashil
Nara poytaxti sari.
Yoki Tabitoning boshqa yo’llanmasi:
現には utsutsu-ni va
逢ふよしもなし afu yoshi mo nashi
ぬばたまの nubatama-no
夜の夢にを yoru-no ime-ni o
継ぎて見えこそ14 tsugite mie koso (V-807)
O’ngimda sen bilan
Uchrashishga umid yo’q,
Lekin tushda bo’lsa ham,
Qora tunda, tut mevasi kabi,
Sen menga ro’baro’ kel!
Do’stining javobi:
直に逢はず tada-ni yuvazu
あらくも多く araku mo o:ku
しきたへの shikitae-no
枕去らずて makura sarazute
夢にし見えむ15 ime-ni shi miemu (V-809)
Sen bilan yuzma-yuz uchrashmoqning yo’q iloji,
Nazarimda, ayriliq bo’ladi yiroq,
Na qilay, tushlaringga kiraman,
Sening hayolingga ajralmay,
Mayin ipaklar bilan qoplangan.
Do’stining birinchi xatidan ko’rinib turibdiki, u Tabitoning poytaxtga qaytishi uchun yelib-yugurgan.16 Ikkinchi xat esa, bu yelib-yugurishlar behuda ekanligini ma’lum qiladi.
Tabitoning imperator marhamatida emasligini va uning majburan Kyusyu oroliga kelishini shoirning boshqa qo’shiqlarida, qadrli joylarga, poytaxt Naraga sog‘inch qayg‘u bilan yonma-yon ekanligini ko’rishimiz mumkin.
我が盛りvaga sakari
またをちめやも mata o chimeyamo
ほとほとに hotohoto-ni
奈良の都を Nara-no miyako-o
見ずかなりなむ17 midzu ka narinamu (III-331)
O, mening kuchga to’lgan paytim!
Nahot boshqa qaytmas!
Nahot endi hech qachon
Poytaxt Narani
Endi menga ko’rish nasib etmas?
忘れ草 vasuregusa
我が紐に付く vaga himo-ni tsuku
香具山の Kaguyama-no
古りにし里を furinishi sato-o
忘れむがため18 vasuremu ga tame (III-334)
Oh, esdan chiqar, unut
Eski qishloqni
Kaguyama tog‘i oldidagi
Tabitoda Kyusyu orolida mutlaq erkin harakatlanish imkoniyati bo’lmagan, deb taxmin qilish mumkin. Bo’lmasa nimaga u Kyusyuning janubi-g‘arbiy qirg‘oqlarida joylashgan, o’zining chiroyi va go’zalligi bilan mashhur bo’lgan orolni ko’ra olmadi.
人皆の hito mina-no
見らむ松らの miramu Matsura-no
玉島を Tamashima-o
見ずてや我は midzute ya vare-va
恋ひつつをらむ19 kohitsutsu oramu (V-862)
Matsura yurtida
Yam-yashil orol bor,
Uni hamma ko’radi,
Nahotki, men uni ko’rmay,
Umrim qayg‘uda o’tadi?
Shuni yodda tutish kerakki, Tabitoning Kyusyu orolidagi yashash davri, buddizimning ashaddiy muhlisi va davomchisi, imperator Syomu boshqaruv yillariga to’g‘ri kelgan. U buddizim diniy ta’limining va xitoy ta’limoti keng tashviqotining tarafdori bo’lgan, Tabito esa o’zining qo’shiqlarida bunga qarshiligini ko’rsatadi.
Hamma keltirilgan dalillar shuni ko’rsatadiki, sharobni maqtash Tabito uchun saroyning ichki siyosatiga qarshi tanqidiy fikrlar bildirish uchun sabab bo’lgan.
Shubhasiz, “Sharobga madhiya” to’plamining 13 qo’shig‘idan har biri shoir tomonidan alohida mustaqil yaratilgan va u o’z g‘oyasiga ega. Shu bilan birga bu qo’shiqlar bekorga bir to’plamga birlashtirilmagan, ularni bir badiiy butunlik sifatida ko’rish lozim, ularda Tabitoning o’zi yashayotgan davrga nisbatan qarashlari aks ettirilgan.
Tabitoning she’riyatida tanqid ovozi kuchli yangragan va uning tanqidiy qarashlariga xitoy falsafiy qarashlari, xitoy donishmandligi katta ta’sir ko’rsatgan.
Birinchi qo’shiq butun to’plamga “kirish” qismi hisoblanadi. Tabito, avvalo, konfutsiy va buddizm tarafdorlari yoqlagan g‘oyalarga o’zining qarshiligini ko’rsatgan.
験なき sirusi naki
物を思はずは mono-o omovadzu va
ひとつきの hitotsuki-no
濁れる酒を nigoreru sake-o
飲むべくあるらしい20 nomu beku aru rasi (III-338)
Bekorchi narsalar haqida o’ylagandan ko’ra,
Qadah to’ldirilgan ko’pikli sharobni olib,
Hech narsa o’ylamasdan, uni oxirigacha
Ichgan yaxshiroq
“Sirusi naki” yapon sharxlovchilari tomonidan “foydasiz, bekorga, bo’m-bo’sh”, “belgisi yo’q, tashqi belgisi yo’q”; “sirusi naki mono” – “foydasiz narsalar, tashqi belgisi yo’q bekorchi narsalar” tarzida talqin qilinadi.
Takeda Yukitining tahmini bo’yicha, bu qo’shiq – shoirning o’lgan rafiqasini unutish uchun sharob ichganligiga bag‘ishlangan. Umuman, to’plamdagi qo’shiqlar mazmunidan va adabiyotshunos olim Tatibana Moribening talqinidan kelib chiqqan holda, shuni aytish mumkinki, Tabito qo’shiqlarida konfutsiy va buddizm tarafdorlarining bekorchi g‘oyalariga nisbatan tanqid nazarda tutiladi.21
“Nigoreru sake” ya’ni “hira sharob” deganda, sharobning o’zgacha tozalanmagan navi ya’ni tozalanmagan guruchli sharob nazarda tutiladi. Keytyu22 ning “Manyoshu”sida aynan shu hira ko’pikli sharob haqida xitoylik shoir Tao Tsyan ham o’z vaqtida yozgan edi. Bu bilan olim shu mavzu Tabito she’riyatiga xitoy she’riyati ta’siri ostida kirib kelganligini ta’kidlamoqchi bo’lgan. Biz, qo’shiqlarda yashiringan ma’noni, o’sha davrda urf bo’lgan Tabitoning behuda gaplarga salbiy munosabatida ko’rish mumkin.
Ikkinchi qo’shiqda muallif zamonaviy diniy ta’limotning tarafdorlari ustidan kuladi. Qo’shiqning matnida shunday deyiladi: “Sizlar bekoraga o’zingizning falsafangizdan donolikni qidiryapsiz, donolik – sizlarda emas sharobda,– deb donolar qadimda to’g‘ri aytishgan”.
酒の名を sake-no na-o
聖と負せし hijiri to ohoseshi
古の inisie-no
大き聖の ohoki hijiri-no
言の宜しさ23 koto-no yorosisa (III-339)
Sharobga nom berib,
“Hijiri” yoki “Dono” deb,
Qadimda yetti buyuk dono
Shu so’zning jozibasini tushunishgan.
“O:ki hijiri” – “buyuk donolar”, ya’ni III asrda yashagan yetti buyuk xitoylik faylasuflari, “bambukli chakalakzordagi yetti dono” deb tanilgan donishmand va shoirlar: Tszi Kan, Yuan Tszi, Shan Tao, Lyu Lin, Yuan Syan, Syan Syu, Van Junlar nazarda tutilgan. Rivoyatda aytilishicha, Tszin davrida yetti buyuk donishmand bambukli chakalakzorda holi qolib, she’riyat bilan shug‘ullanganlar va sharob ichib rohatlanganlar. Bu qo’shiqda Tabito “Vey chji” (“Vey qirolligining tasviri”) xitoy yodgorliklarida bitilgan afsonaga ishora qilgan, unda aytilishicha, Veylik xitoy imperatori Tay-tszun guruchli sharobni ichishni taqiqlaganda, uni berkitib ichishgan, bunda tozalanga sharobni “muqaddas” (ochiq ichilgan) deb, tozalanmaganini (yashirin ichilgan) “donishmand” deb ataganlar.
Uchinchi qo’shiqda Tabito yana yetti buyuk donishmandga murojaat qiladi. Va oldingi qo’shiqdagi fikrni davom ettirib, qadimda nafaqat so’zning chiroyini tushunganlar, balki sharobda donolikni ko’rib, uni yuqoriga ko’targanlar, deydi. Ya’ni uning nazarida yetti buyuk donishmandning bekorga sharob ichkisi kelmagan:
古の inisie-no
七の賢しき nana-no sakasiki
人たちも hitotachi mo
欲りせしものは horisesi mono-va
酒にしあるらし24 sake-ni si aru rasi (III-340)
Qadim zamonda
Hatto u buyuk donishmandni ham
Sharob ichkisi kelgan!
Keyingi qo’shiqda shoir o’zining hayotga bo’lgan munosabatini budda va konfutsiy falsafasiga qarama-qarshi qo’yadi.
賢しみと sakasimi to
物言ふよりは mono iu yori va
酒飲みて sake nomite
酔ひ泣きするし ruihinaki suru si
優りたるらし25 masaritaru rasi (III-341)
O’zini donishmand qilib ko’rsatgandan ko’ra,
Ko’p marta sharob ichib,
Mastlikdan yosh oqizgan yaxshiroq
“Sakasimi to” – aqlli ko’rinish bilan, “ruihinaku, ruihinaki suru” – mast holda yig‘lash. Bu fe’l Tabito tomonidan sharob haqidagi qo’shiqlar to’plamida bir necha marotaba qo’llangan. Takeda Yukitining fikricha, Tabito sevimli rafiqasini yo’qotganini va buni sharob ichib unutishni xohlaganini nazarda tutadi. Biroq bu to’plam matnida Tatibana Moribening bildirgan fikri ko’proq ishonarli, u qo’shiqni budda va konfutsiy tarafdorlari ustidan kulgandek ko’rib chiqadi.
Beshinchi qo’shiq oldingilarida ifodalangan fikrlarni davom ettirishga qaratilgan
言はむすべ ivamu sube
せむすべ知らず semu sube siradzu
極まりて kivamarite
たふときものは tafutoki mono-va
酒にしあるらし26 sake-ni siaru rasi (III-342)
Agar sen nima qilish,
Nima deyishni bilmasang,
Dunyoda hammasidan
Faqat bitta narsa qadrli, -
Bu o’tkir sharob
Agar biz Tabitoning Kyusyu oroliga quvg‘in qilinganini hisobga olsak, bu qo’shiq uning hayot haqidagi achchiq o’ylari bo’lib yangaraydi. Uning holatini na xitoy ta’limoti, na buddizm falsafasi yengillashtira oladi, faqat sharobgina achchiq haqiqatni unutishga yordam beradi.
Oltinchi qo’shiqda o’zining fikrini davom ettirib, o’zining boshi berk ko’chaga kirib qolganligidan o’ksinadi:
なかなかに nakanaka-ni
人とあらずは hito-to aradzu va
酒つぼに sakatsubo-ni
成りにてしかも narinite shi kamo
酒に染みなむ27 sake-ni siminamu (III-343)
Bunday maqsadsiz yashagandan ko’ra,
Men sharob uchun
Qadah bo’lib qolishni xohlar edim,
O’zimga sharobni singdirish uchun
Tsugita Dzyunning fikricha, bu qo’shiqning mazmunida Chjen Tsyuan o’limidan oldin uning jasadini kulolning uyi orqasiga ko’milishi so’ralgani yashiringan, u o’limidan keyin tuproqqa aylanib, bu tuproqdan sharob uchun idish yasalishini xohlagan.
Takeda Yukitining aytishicha, darhaqiqat u o’z ayolini yo’qotganidan keyin juda tushkunlikka tushib qolgan va bu g‘amdan qutilish uchun sharob ichgan va she’riy misralar bitgan. Bundan tashqari Tabitoning quvg‘inlikka uchrashi ham uning dunyoqarashida inqilobiy o’zgarishlar yuz berishiga sabab bo’lgan. Undagi bu noroziliklar va inqilobiy qarashlar uning she’riy misralarida o’z aksini topgan. Ularda esa barcha g‘am tashvishlarni unutishning yagona yo’li sharob ichib ularni unutishdir, degan g‘oya yotadi.
Yettinchi qo’shiqda Tabito xitoy urf-odatlariga taqlid qiladigan, ma’lumotini xitoy falsafasi, konfutsiy va buddizmni bilishi bilan asoslaydigan mansabparastlarni tanqid ostiga olib, saroydagi nosamimiy muhitni qoralaydi va ularning aksariyatini ochib tashlashga harakat qiladi:
あな醜 ana miniku
賢しらをすと sakasira o su to
酒飲まぬ sake nomanu
人をよく見ば hito-o yoku miba
猿にかも似る28 saru-ni kamo niru (III-344)
Muallif tarjimasi: O’zini donishmand qilib ko’rsatib,
Sharob ichmaydiganlar menga yoqmaydi.
Ularga yaxshilab qara,
Hammasi maymunga o’xshaydi.
Tsugita Dzyunning fikricha, Tabito sharob ta’mini bilmaydiganlarni donishmand deb hisoblamaydi. Moribening fikricha, Tabitoning she’rlarida asosiy gap konfutsiy va buddizm tarafdorlari haqida ketyapti, deb hisoblaydi. Biroq bu kirtilgan she’rlar orasida mayning, sharobning bebaho qimmati haqidagi misralar, ularning har qanday boylikdan afzalligi kuylanadi. She’rlarda, bizningcha, shoir o’zi qarshi bo’lgan o’zgacha g‘oyalarning tashviqotidagi asosiy ikki kuchni, ya’ni buddizm va xitoy madaniyati bilan haddan tashqari qiziqishga ishora qiladi. Qo’shiqlar tuzilishi jihatdan ham mazmuni jihatdan ham bir-biriga o’xshydi, boshlanishi va oxiri qo’shiqning ifodali va emotsional tuzilishini begilaydi, ualr quyigagilar:
価なき atahi naki
宝といふとも takara to ifu tomo
ひとつきの hitotsuki-no
濁れる酒に nigoreru sake-ni
あにまさめやも29 ani masame yamo (III-345)
Oh, mayli menga
Bebaho boyliklar haqida gapirishsin
Lekin hech qanday boylik
Bir qadah ko’pikli sharob bilan
Teng kela olmaydi.
“Atahi naki takara” – bebaho boyliklar. Keytyu, Takeda Yukiti, Omodaka Hisataka va boshqa yapon olimlari bu ibora Hokkekyo30 budda sutrasidan olinganligiga ishora qiladilar. Bu obrazda Tabito budda diniy ta’limotining hamma afzalliklarini birlashtiradi.
夜光る yoru hikaru
玉といふとも tama to ifu tomo
酒飲みて sake nomite
心を遣るに kokoro-o yaru-ni
あに及かめやも31 ani sikame yamo (III-346)
Oh, mayli menga
Kechani yorituvchi
Nefrit haqida gapirishsin,
Sharob yuragimni yoritsa,
U bilan nefrit teng kela olmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |