1-BOB. INVESTITSION MUHITNING NAZARIY-ILMIY JIHATLARI
Investitsiyalarning milliy iqtisodiyotdagi o’rni va ahamiyati
Uzoq yillar mobaynida rejali iqtisodiyot davrining iqtisodiy adabiyotlarida investitsiya va kapital qo’yilmalar tushunchalari tor ma’noda va bir xil mazmunda talqin qilinib kelingan. Aslida esa, investitsiya tushunchasi o’z mazmuni jihatidan ancha kengroqdir.
Investitsiyalar aslida nemischa “investition”, lotincha “investio” so’zidan olingan bo’lib, asosan, ishlab chiqarishga uzoq muddatli qo’yilmalar sarfi, ya’ni xarajatlar yig’indisi deb talqin etilgan.
Investitsiya deganda, kelgusi foyda (daromad) olish yoki ijtimoiy samaraga erishish maqsadida iqtisodiyotning turli tarmoqlariga investorlar tomonidan uzoq muddatga qo’yiladigan barcha turdagi mulkiy, moliyaviy va intellektual boyliklar tushuniladi.
Kapital qo’yilmalar deganda esa, yangi ob’yektlarni qurish, amalda faoliyat yuritayotgan korxonalarni ta’mirlash, texnik qayta jihozlash va kengaytirish hamda mashina va uskunalar, instrumentlar sotib olish, loyiha-qidiruv ishlari bilan bog’liq xarajatlar yig’indisi tushuniladi.
Kapital qo’yilmalar orqali asosiy fondlar yangilanishiga, korxonaning mehnat unumdorligi oshishiga erishish mumkin. Kapital qo’yilmalar tushunchasi investitsiya tushunchasiga nisbatan torroq tushuncha, kapital qurilish tushunchasiga nisbatan esa kengroqdir. Kapital qo’yilmalar faqat qurilishga sarflanmasdan, balki yangi texnologiyalar, ya’ni asosiy vositalar sotib olish uchun ham yo’naltiriladi. Kapital qo’yilmalar investitsiyaning tarkibiy qismi bo’lib, to’g’ridan-to’g’ri asosiy fondlarni takror ishlab chiqarish uchun yo’naltirilgan qismini tashkil etadi.
Kapital qo’yilmaning tarmoq, hududiy, texnik va takror ishlab chiqarish tarkiblari mavjud.
Kapital qo’yilmaning tarmoq tarkibi ularning tarmoqlar bo’yicha taqsimlanishini anglatadi. Hududiy tarkibi esa kapital qo’yilmani alohida hududlar bo’yicha taqsimotini belgilaydi. Texnik tarkibi kapital qo’yilmani xarajat elementi bo’yicha taqsimlanishi anglatadi. Ular qurilish-montaj ishlari uchun yoki texnologiya sotib olish uchun va boshqa xarajatlarga taqsimlanishi mumkin. Takror ishlab chiqarish tarkibi esa kapital qo’yilmani yangi ob’yektlarni qurishga, texnik qayta jihozlashga yoki ta’mirlashga yo’naltirilishini bildiradi.
O’zbekiston Respublikasida investitsiya xususida qonuniy hujjatlar 1991- yildan boshlab qabul qilindi va o’tgan vaqt ichida ular ancha takomillashtirildi. Investitsiya to’g’risida O’zbekiston Respublikasida qabul qilingan qonunda ko’rsatilishicha, investitsiya bu iqtisodiy samara (foyda, daromad) olish yoki ijobiy ijtimoiy natijaga erishish uchun sarflanadigan pul mablag’lari, banklarga qo’yilgan omonatlar, paylar, qimmatli qog’ozlar (aktsiya, obligatsiyalar), texnologiyalar, mashinalar, asbob-uskunalar, litsenziyalar va samara beradigan boshqa har qanday boyliklardir. Bu iqtisodiy ta’rif investitsiyaning bozor iqtisodiyoti sharoitida to’laligicha faoliyat ko’rsatishini aniq tasdiqlaydi. Jumladan, unda, birinchidan, investitsiyaning o’ziga va investitsiya faoliyatining ob’yektlariga keng ta’rif berilgan; ikkinchidan, investitsiyaning bevosita iqtisodiy va ijtimoiy samara olishga muqarrar bog’liqligi ta’kidlab o’tilgan. Demak, investitsiyaga bozor munosabatlaridan kelib chiqib berilgan ta’rifning o’zidayoq investitsion jarayonning hajmi, asosiy bosqichlari, ya’ni jamg’armalar (resurslar), qo’yilma mablag’lar (sarf-xarajatlar), samara (daromad, foyda) aniq va ravshan ko’rsatib o’tilgan. Xuddi shu kabi yondashuv investitsion faoliyatning bozor munosabatlariga o’tishi uchun zamin yaratadi, bu esa, moliyaviy, moddiy va aqliy boyliklarni qayta taqsimlashning vertikal va gorizontal usullaridan bir xilda foydalanishni ta’minlab beradi.
Iqtisodiy kategoriya sifatida investitsiya quyidagicha tasniflanadi:
Birlamchi (avaylangan) jamg’arilgan kapitalni ko’paytirish maqsadida kapitalni tadbirkorlik ob’yektlariga joylashtirish;
Investitsion loyihalarni amalga oshirish jarayonida investitsiya faoliyati ishtirokchilari o’rtasida vujudga keladigan iqtisodiy munosabatlardir.
Asosiy fondlar va aylanma mablag’larga investorlar tomonidan qo’yiladigan barcha turdagi boyliklar real investitsiya deb tushuniladi.
Real investitsiyalar orqali ishlab chiqarish korxonalari quriladi, harakatdagi korxonalar texnik qayta qurollantiriladi va, umuman, asosiy fondlar takror ishlab chiqariladi.
Moliyaviy (portfel) investitsiyalar deb, qimmatli qog’ozlar (aksiya, obligatsiya) sotib olishga va bank depozitlariga uzoq muddatga jalb qilingan qo’yilmalar tushuniladi.
To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar – xorijiy davlat rezidentlari tomonidan boshqa mamlakat real aktivlariga mablag’ kiritish, uni tasarruf etish va ularning ishlatilishi ustidan nazorat o’rnatish. Iqtisodiy hamkorlik va rivojlantirish tashkiloti tavsifiga ko’ra, aksiyalarning kamida 10 foiziga egalik qilish.
Investor portfelli (moliyaviy) investitsiyani amalga oshirish orqali qimmatli qog’ozlaridan (aksiya, obligatsiyalar) daromad (dividend) olib, o’z moliyaviy kapitalining o’sishiga erishadi.
Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonining rivojlanib borishi bilan qimmatli qog’ozlar bozori taraqqiy etib, moliyaviy investitsiyalar qo’yish jarayoni faollashadi. Shuningdek, mulkni xususiylashtirish va moliyaviy bozorning rivojlanishi respublikamizga chet el investiyalarning katta hajmda kirib kelishiga imkoniyat yaratadi.
Intellektual investitsiyalarga mutaxassislarni tayyorlash, tajriba, ilmiy tekshirish, litsenziya berish, mualliflik huquqi va boshqalar kiradi.
Shved iqtisodchi olimi K.Eklund investitsiya tushunchasi tarkibiga ta’lim va ilmiy tekshirishdagi xarajatlarni ham qo’shish kerak, degan fikrni ilgari surib, u intellektual investitsiyalar ahamiyatini yuqori baholaydi. Umuman olganda, ishlab chiqarishda fan va texnikaning ta’siri kuchayib borishi bilan intellektual investitsiyaning ahamiyati yanada oshib boradi.
Investitsiyalar kim tomonidan kiritilishiga qarab 2 turga bo’linadi:
Ichki investitsiyalar.
Tashqi investitsiyalar.
Ichki investitsiyalar – bu mamlakat hududida ichki investorlar tomonidan amalga oshiriladigan investitsiyalar hisoblanadi.
Tashqi investitsiyalar – bu foyda olish maqsadida chet el investorlari tomonidan boshqa davlat iqtisodiyotiga qo’yiladigan investitsiyalardir.
Investitsiyalar iqtisodiy kategoriya sifatida qator funksiyalarni bajaradiki, ularsiz har qanday davlatning iqtisodiyotni normal rivojlantirish mumkin emas.
Investitsiyalar makrodarajada:
Ishlab chiqarishni kengaytirish siyosatini amalga oshirishda;
Ilmiy-texnika taraqqiyotini jadallashtirish, milliy mahsulotlar raqobatbardoshligini ta’minlash va uning sifatini oshirishda;
Sog’liqni saqlash, madaniyat, ta’limni yanada rivojlantirish va boshqa ijtimoiy muammolarni yechishda;
Ishsizlik muammosini yechish yoki yengillashtirishda;
Harbiy-sanoat kompleksini konversiya qilishda;
Davlatning harbiy qudratini ta’minlashda va boshqa muammolarini yechishda asos bo’lib xizmat qiladi.
Investitsiyalar mikrodarajada esa:
Ishlab-chiqarishni rivojlantirish va kengaytirish;
Asosiy fondlarni jismoniy va ma’naviy eskirishiga yo’l qo’ymaslik;
Ishlab chiqarishning texnik darajasini oshirish;
Korxona mahsulotining raqobatbardoshligini ta’minlash va uning sifatini oshirish;
Qimmatli qog’ozlar sotib olish va boshqa korxona aktivlariga o’z mablag’ini sarflash maqsadlariga erishish uchun zarurdir.
Demak, yuqoridagilardan ko’rinib turibdiki, investitsiyalar iqtisodiy kategoriya sifatida makro va mikro darajada muhim rol o’ynaydi.
Mamlakatda investitsiya faoliyati ahvolini quyidagi ko’rsatkichlar dinamikasi xarakterlaydi:
Investitsiyalarning umumiy hajmi.
Yalpi ichki mahsulotda investitsiyalarning ulushi.
Investitsiyalarning umumiy hajmida real investitsiyalarning ulushi.
Real investitsiyalarning umumiy o’sishi.
Asosiy kapitalga yo’naltirilgan real investitsiyalarning ulushi va boshqalar.
Bundan tashqari, investitsiya faoliyatining qanday holatda ekanligi asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkichlarning o’sish darajasi bilan ham xarakterlanadi:
Milliy daromad;
YaIM va yalpi milliy mahsulot (YaMM);
Sanoat ishlab chiqarish hajmi;
Sanoat mahsulotlarining alohida turlarini ishlab chiqarish;
Ishlab chiqarish hajmi va boshqalar.
Investitsiya faoliyati deganda, investitsiya faoliyati sub’yektlarining investitsiyalarni amalga oshirish bilan bog’liq bo’lgan harakatlari majmuasi tushuniladi.
Investitsion faoliyatni yo’lga qo’yishda har bir mulk egasi, birinchi navbatda, o’z manfaatini ko’zlab yagona bir maqsadga, ya’ni foyda olishga yoki ijtimoiy samara olishga intiladi.
Investitsiya faoliyatida investitsiya sub’yekti, investitsiya ob’yekti, investor, emitent, investitsiya resurslari kabi tushunchalar mavjud.
Investitsiyaning ob’yekti bo’lib, mablag’lar, ya’ni boyliklarni safarbar etayotgan ob’yektlar tushuniladi. Ular yangi korxonalar yoki amaldagi korxonalar, qimmatli qog’ozlar, bank depozitlari bo’lishi mumkin.
Investitsiya sub’yekti bo’lib, investitsiyani amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar tushuniladi. Ular: xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat boshqaruv organlari, turli mulkchilik shaklidagi korxona va tashkilotlar, mulk egasi bo’lgan fuqorolar bo’lishi mumkin.
Investorlar – o’z kapitalini investitsiya faoliyati ob’yektlariga investitsiyalashni amalga oshiruvchi investitsiya faoliyati sub’yektidir.
Emitent – qimmatli qog’ozlarni muomalaga bosib chiqaruvchi yuridik va to’lovga qobiliyatli jismoniy shaxslar.
Reinvestitsiyalar – investorlar tomonidan korxonalar faoliyatidan olingan foydani ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida uni shu korxonaga qayta kiritishdir.
Investitsiya resurslari – bu investitsion faoliyatni amalga oshirishda ishtirok etadigan har xil ko’rinishdagi mablag’lardir. Bular jumlasiga quyidagilar kiradi:
Pul va boshqa moliyaviy mablag’lar (kreditlar, paylar. aksiyalar, qimmatbaho qog’ozlar).
Ko’char va ko’chmas mol-mulklar (binolar, inshootlar, uskunalar va boshqalar) hamda ularga doir huquqlar.
Tajriba, ishlab chiqarish, nou-xau.
Yerga va boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqi.
Yalpi investitsiyalar – bu ishlab chiqarish vositalarining iste’mol qilingan qismini qoplash hamda ularni qo’shimcha o’sishi maqsadida ishlab chiqarish jamg’armalari va aholi mablag’lari qo’yilmalaridir. Boshqacha so’z bilan aytganda, yalpi investitsiyalar o’z ichiga amortizatsiya va sof investitsiyalarni qo’shadi. Sof investitsiyalarni aniqlash uchun yalpi investitsiyalardan amortizatsiya ajratiladi.
Yalpi investitsiyalar va amortizatsiya o’rtasidagi nisbatga qarab iqtisodiyotning ahvoli qanday ekanligini, ya’ni yuksalish yo turg’unlik yoki pasayish davrini boshidan kechirayotganligini aniqlash mumkin. Agarda yalpi investitsiyalar amortizatsiyadan ortiq, ya’ni sof investitsiya yuqori bo’lsa, iqtisodiyot yuksalishda bo’ladi, chunki uning ishlab chiqarish quvvatlari o’sadi.
Yalpi investitsiya va amortizatsiya bir-biriga teng bo’lgan chog’da iqtisodiyot turg’unlik holatida bo’ladi. Bu vaziyatda sof investitsiyalar nolga barobar va iqtisod shu yilda qancha kapital iste’mol qilgan bo’lsa, uni qoplash uchun shuncha ishlab chiqaradi.
Bir davlatdan boshqa davlatga daromad olish uchun yo’naltirilgan har qanday shakldagi mulkni to’la qonli xorijiy investitsiya deyishimiz mumkin. Ammo shunday mulk shakllari borki, biz ularni xorijiy investitsiya deya olmaymiz. Masalan, elchixona chet davlat mulki hisoblanadi yoki xorijiy fuqaro shaxsiy uy sotib olsa, bu xorijiy shaxs mulki hisoblanadi, lekin xorijiy investitsiya bo’la olmaydi.
Xorijiy investitsiyalar – bu chet el investorlari tomonidan yuqori darajada daromad olish, samaraga erishish maqsadida mutlaq boshqa davlat iqtisodiyotining, tadbirkorlik va boshqa faoliyatlariga safarbar etadigan barcha mulkiy, moliyaviy, intellektual boyliklaridir. Xorijiy investitsiyalar ichki investitsiyalardan farqli holda tashqi moliyalashtirish manbaiga kiradi. Xorijiy investitsiyalarning ichki investitsiyalardan farqi shundaki, ularda investor boshqa mamlakat fuqarosi bo’ladi. Iqtisodiy mazmuniga ko’ra, xorijiy investitsiyalar ssuda kapitali (ya’ni qarz va kredit), hamda bevosita va portfel investitsiyalarga bo’linadi. Investitsiyalar nimaga yo’naltirilganligi ularning qaysi xorijiy investitsiya turiga kirishini belgilaydi.
Xorijiy investitsiyalar qo’shma korxonalarda o’z hissasi bilan qatnashib, xorijiy investorlarga to’liq tegishli bo’lgan korxonalarni yaratish, xususiylashtirishda qatnashish, xorijiy sheriklar bilan bank tuzish, qimmatbaho qog’ozlarni sotib olishi, yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanish huquqiga ega bo’lishi, erkin iqtisodiy hududlarda faoliyat olib borishlari mumkin.
Xorijiy investitsiyalarga, asosan, 2 guruh omillar ta’sir ko’rsatadi:
Iqtisodiy omillar:
ishlab chiqarishning rivojlanishi va iqtisodiy o’sish sur’atlarining bir maromda ushlab turilishi;
jahon va alohida mamlakatlar iqtisodiyotida chuqur tarkibiy siljishlarning amalga oshirilishi (ayniqsa, fan-texnika taraqqiyoti yutuqlari va jahon xizmatlar bozori taraqqiyoti ta’siri ostida olib borilishi);
ishlab chiqarishning xalqaro ixtisoslashuvi va kooperatsiyalashuvining chuqurlashuvi;
jahon iqtisodiyotini transmilliylashtirilishning o’sib borishi;
ishlab chiqarishning baynalminallashuvi va integratsiya jarayonlarining chuqurlashib borishi;
xalqaro iqtisodiy munosabatlar (XIM)ning faol rivojlanishi va boshqalar.
Siyosiy omillar:
kapital eksporti (importi)ni erkinlashtirish (Erkin iqtisodiy hududlar (EIH), offshor hududlari va boshq.);
rivojlanayotgan mamlakatlarda sanoatlashtirish siyosatini olib borish;
iqtisodiy islohotlarni olib borish (davlat korxonalarini xususiylashtirish, xususiy sektorni va kichik biznesni qo’llab-quvvatlash);
bandlik darajasini ushlab turish siyosatini olib borish va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |